Fatvo

Tarjimai hol
03.03.2014
50 йиллик юбилей – 2012
12.03.2014

Andijondagi Dukchi Eshon qo‘zg‘olonining 100 yilligiga bag‘ishlanadi.

XIX asrning 90-yillari. Turkiston.

 

Kiprigi qaqshagan osmonning,

Ko‘zyoshi qurigan osmonning,

Gardishi qoraygan qabog‘in,

Asar yo‘q nuridan osmonning.

Rutubat yog‘ilgan kunlarning

Astari — tunlarda alam bor.

Devorlar tinglagan unlarning

Bag‘rida ko‘karar qancha zor.

Muzlagan loy yo‘llar qasirlab,

Hurkitar ovozsiz zorlarni.

Har tuynuk

Xiyonat qulog‘in siylab,

Oyog‘in titratar yerlarni.

Qirq yilmi, ellik yil bog‘ida

Mevasi pishmagan zaminning,

Hovur ham qolmagan ohida,

Tilini tishlagan zaminning

Vujudi ayozdan titraydi,

Qalbida bir isyon uxlaydi.

Sovuqdan uvushgan qo‘llarin

Izg‘irin shamollar “kuh”laydi.

Hayqirar sukunat,

Sukunat —

Muazzin Habashiy  ovozi.

Tom bitgan quloqlar teshilar,

Boshlanur nolalar parvozi…

Kiprigi qaqshagan makonning,

Ko‘zyoshi qurigan makonning,

Kunidek qoraygan dili ham,

Asar yo‘q nuridan makonning…

 

1897-yil. Kech kuz. Mingtepa.

 

Tun…

Yamlab yotar ko‘hna qishloqni

Tishlaridan uchqunlar sachrab,

Kulbalarning tuynuklariga

Miltiragan cho‘g‘larin tashlab.

Shamol kabi uvlagan sukut

Ko‘chalarning yalab tuprog‘in,

Ostonalar ostiga mudrab

Munglig‘-munglig‘ bosar yonog‘in.

Yurak yutib biror-bir oyoq

Uyqusini buzmasligi rost.

Kulbalarda jonli va jonsiz

Sukut sasin tinglaydi, xolos…

 

***

 

Bir xonaning sarg‘ish devori

Moychiroqdan sarg‘ayar badtar,

Uqalanib ko‘char suvog‘i

Goho-goho sezgandek xatar.

O‘nggan ko‘rpa yopilgan sandal,

Allaqachon sovigan o‘ti.

Sandal uzra ochilgan kitob

Shiftning dardin yotadi o‘qib.

Chiroq tili titrar,

Xavotir

Isyon bilan tillashar tinmay.

Uy ko‘ksiga yopishgan alam

Hasrat bilan ellashar tinmay.

Valiyona o‘ksik bashorat

Devorlarga bitilar go‘yo,

To‘rt tik devor nega ishorat,

Tutqun holin suvratimi yo?!

Silkinadi havo bezovta,

O‘t nafasdan uchgani kabi.

Ko‘zi qaro, gardishi sariq

Darichaning terlaydi labi.

Qaylargadir uchgisi kelar,

Otilgisi vazmin havoning.

Torlik qilar isyonlariga

Og‘ushlari o‘ksik ma’voning.

 

1898-yil. Erta bahor. Andijon.

 

Qal’a devorining bo‘ylari baland,

Sonsiz yelkalarga solar yukini.

Maydonga yastangan uzun soyasi

Ko‘zlardan yashirar Vatan ko‘kini.

Minglab yarog‘larning shaqir-shuquri

Yog‘iyning begona tiliga o‘xshar.

To‘zg‘igan yeridek notanish so‘zlar

Ulkan devorlarga suyanib yashar…

Devor yig‘lasinmu?!

Devor yig‘laydi,

Shu azim tuproqqa esh bo‘lganidan.

Qani,

Pompeyona larzalar qani?

Tik tutgan loylari ko‘chsa tanidan.

Qani,

Bulut quvgan ilog‘iy nafas,

Daryolar zabtiga sololgan to‘g‘on?

Naqshband tariqi begona emas,

Ulug‘lar loyidan tikdir bu qo‘rg‘on.

Osmon to‘kiladi ko‘k kosasidan,

Zanglatar yarog‘lar tig‘in yomg‘irlar.

Xo‘rsingan qal’aning ostonasida

G‘animga do‘st bo‘lgan halovat yig‘lar.

Qal’a devorlari qutquga panoh,

Qal’a devorlari qasosga qalqon.

Qal’a devorlari yutar qancha oh,

Qal’a devorlari tuflar qancha qon?!

 

***

 

Yashil bog‘lariga chang qo‘ngan shahar

O‘yidek chirmalgan jinko‘chalari.

Shom kabi quyilar har subhi-sahar,

Quyoshga yopinchiq xor kechalari.

Qaydadir qo‘pchiydi qurigan tuproq

Zaxcha nigohlarga to‘lguday bo‘lib.

Bir lahza tuproqni qo‘zg‘atgan oyoq,

Poyloqchi ko‘zidan yashirar yo‘lin.

Pichirlab-pichirlab qo‘yar bir jur’at

Tunda sajdadagi so‘fiylar misol.

Yumilgan ko‘zlari ochilsin faqat,

Ochilsa, har posbon bo‘ladi poymol.

Tungi shamollarda kelar bir umid

Qirlarni yopingan chekka makondan…

Qal’ada yarog‘lar shaqir-shuqiri,

Ilinj bor,

Ilinj bor otguvchi tongdan…

 

1898-yil. Shavvol. Mingtepa.

 

Dukurlab uradi xonalar qalbi —

Dukurlab tebranar uylarda beshik.

Qimtilib qotgandek ko‘rpalar labi,

Ochiqdek turadi berkingan eshik.

Har hovli-chorbog‘da chetlik etigi

Toptagan ko‘katlar ko‘taradir bosh.

Teraklar har yona boqar entikib,

Qabr qo‘zg‘alganday qo‘zg‘alar har tosh.

Masjidlar tomida uchar tavallo,

Kuffor peshobidan devori bo‘zlab.

Bir nafas qilganday Qodiri Olloh —

Tebranib ketadi kulbalar yuzlab…

Tomma-tom, yo‘lma-yo‘l, eshikma-eshik

Kezar payg‘ambardan qolgan e’tiqod.

Uchar payg‘ambardan meros hur iymon,

Sajdalar qo‘zg‘alur o‘ralib faryod.

Qiyiq ko‘zlar,

Bo‘rtgan yonoqlar,

Mast-alast so‘zlardan qulog‘i bezgan.

Kechaning peshini himarar asta

Shamollar — devorlar ostini kezgan.

Ketmonu panshaxa poygakda qotgan —

Yog‘iy qadamini ko‘taroq posbon.

Ulkan yelkalarin suyashib yotgan

Adirlar boshida oqarar osmon.

Bir ulug‘ xitobga shaylangan og‘iz —

Qishloq nafasini ichiga yutgan.

Bu tun jur’at tanho,

Xudodir yolg‘iz,

Ulug‘ iymon fayzi borliqni tutgan.

 

***

 

Oppoq salla,

Cho‘ziq nurli yuz,

Mosh-guruch soqollar silkinar mayin.

Dunyoga parvosiz yumilgan juft ko‘z

Lablarga izmini bergani tayin.

Zikri Xudo bilan tebranar vujud,

Tasbehda sirg‘alar ozg‘in barmoqlar.

Asrdek yastangan lahzalik sukut

Bag‘rida qatlangan larzani yoqlar…

Ruhlar saltanati qo‘zg‘ala qolgin,

Tilingda aytilsin eng oliy hukm.

Muborak qonlarni to‘kmasdan oldin,

Dillarni poklasin osmoniy rukn!

 

***

 

Boshi egik,

Qaddi dol

Tug‘ilmagan axir yurt.

Unda ham bordir jamol,

Tomoni bor, axir, to‘rt.

Ul tarafda Quyoshi,

Bul tarafda Oyi haq.

Og‘zida tuzu oshi,

Qozonida moyi haq.

Olislardan taralgan

Mug‘anniyning nolasi,

U g‘amlardan yaralgan

Armonlarning bolasi.

Toshu tuprog‘i hikmat,

Nigohu ohi isyon.

Kunu tunida mehnat,

Chumoli qavmi misol.

Qadim So‘g‘diyonaning

Qatlarida shoni bor,

Cho‘kkan har vayronaning

Tegar bo‘lsang, joni bor.

Cho‘qqiga esh salaflar

Suzib yurar ko‘kida.

Bulutlarni quvlasang,

Karomatlar to‘kilar.

Qadim Rim osmonida

Taralgandek na’ralar,

Ko‘hna Sharqning bag‘rida

Chiqdi mardi-saralar.

Non, osh bergan yarog‘lar

Tig‘dir yog‘iy ko‘ksiga.

Qo‘par alanga misol

Har dil bunda o‘ksigan.

Adirlar-qirlar osha,

Bir xalq daryodek tosha,

Yulduz so‘rar tinmayin 

Osmoniga yarasha.

O‘tgan mardlar nomidan,

Qasos so‘rgan qonidan,

Xos fatvoni kutadi

Kechmoq bo‘lib jonidan…

 

***

 

O‘sha devor,

Sarg‘imtir devor,

Xontaxtada ochilgan kitob.

Donalari tasbehning bedor,

Sir aytadi bunda mohitob.

Qo‘zg‘aladi mudragan jur’at,

Tavalloning ko‘z yoshlarida,

Manov nurdir — o‘shal haqiqat,

Nelar tutgan o‘z boshlarida.

Bir so‘z kutib qancha dil tirik,

Bir kalima shunchalar og‘ir.

Shu bir fatvo unga qilko‘prik,

Undan so‘ngra borar yo‘l zohir.

Qanisan, til?

Omin de, axir!

Qanisan, qo‘l?

Suril yuzlarga!

Chaynalguvchi andisha taxir,

Qalqiyotir zahri ko‘zlarga.

Bir damgina o‘chgandek chiroq

Devorlardan oqdi qarolig‘

Va yorishdi hammayoq oppoq,

Ko‘zni tildi nurdin bitmish tig‘.

Xontaxtada yopildi kitob,

Tasbehga ham tushdi sukunat.

Bir sir aytib o‘shal moxitob,

Qoya yanglig‘ qo‘zg‘aldi jur’at.

 

1898-yil. Javzo. Mingtepa.

 

Haq so‘z keldi samodan,

Ul Qodiri Xudodan,

Omin!

O‘v, mudragan xor zamin,

Totgil isyonning ta’min,

Omin!

Qo‘psin mulki nabotot,

Aytsin erkka salovot,

Omin!

Yurt shamoli, turaqol,

Qirlar uzra zabting ol,

Omin!

Turgil, ulug‘ sukunat,

Sen ham o‘zingni ko‘rsat,

Omin!

Ketmon, beshlik — yarog‘lar,

Sizni qo‘llar so‘rog‘lar,

Omin!

Hey, bulut-ey, jon bulut,

Sen-da samoni unut,

Omin!

Yopril yog‘iy boshiga,

Tushov bo‘l bardoshiga,

Omin!

Sizda ulug‘ qudrat bor,

Hey, adirlar purviqor,

Omin!

Qo‘zg‘alsangiz bo‘lmasmi,

Yanching g‘animni — kasni,

Omin!

Uyg‘on, g‘ofil ko‘ngillar,

Necha yillik sen qullar,

Omin!

Suyanchingiz Haq bo‘lsin,

Izingizga nur to‘lsin.

Omin!

Omin, mulki mazlum-ey,

Omin, mahzun ko‘zlum-ey,

Omin, hurkak so‘zlum-ey,

Omin!

Omin!

Omin-ey!..

 

1997-yil