Go‘zal ismlar madhi (Asmai husna)

Гўзал исмлар мадҳи (Асмаи ҳусна)
13.11.2014
Чўлпон ҳақида икки китобли янги роман — “Тегирмон”
14.11.2014

Bismillahir rohmanir rohiym

1

Yo Rahiym, shafqating yomg‘irday yog‘ar,

Yomg‘irda erigan tuproqman o‘zim.

Karam ummonida baliqman magar,

“Karam qayda?”, degan gumrohman o‘zim.

Yo Rahiym, yo Rahiym, yo Rahiym, Olloh!

2

Yo Rahmon, izzatu ikrom odamga,

Rizq bergan, barchaga shaklu shamoyil.

Zohirbinlar butkul unutgan damda

Sen foniy ne bo‘lsa, berursan, qoyil.

Yo Rahmon, yo Rahmon, yo Rahmon, Olloh!

3

Yo Malik dunyoyu oxirat uzra,

O‘n sakkiz ming olam yoritar charog‘.

Tuproqqa bosh urib, go‘dakday bo‘zlab,

Ismingga to‘ladi har nafasim, oh.

Yo Malik, yo Malik, yo Malik, Olloh!

4

Yo Aziz, bu shirin jon qadar aziz,

Jonimning egasi avvalu oxir.

Foniy nigohlarga nihondir hargiz,

Har jonli, jonsizda qudrati zohir.

Yo Aziz, yo Aziz, yo Aziz, Olloh!

5

Yo Quddus, zoti borki, aybdan xoli,

Ey, ko‘kda quyoshni yaratgan oftob.

Sen Arshdan esguvchi rahmat shamoli,

Nuqsonlar ahliga benuqson xitob.

Yo Quddus, yo Quddus, yo Quddus, Olloh!

6

Yo Salom, olamlar mehvarin toji,

Ko‘ngulga ilmi hol jolagan olim.

Faxri koinotning tanho me’roji,

Nafasim poklagan ismi halolim.

Yo Salom, yo Salom, yo Salom, Olloh!

7

Yo Jabbor, jabringdir jahannam jabri,

Jom tutgan johillar jabringdan g‘ofil.

Dilga g‘assol o‘lsa hidoyat abri,

Hamisha quloqda suri Isrofil,

Yo Jabbor, yo Jabbor, yo Jabbor, Olloh!

8

Yo Mu’min, nabiylar keltirgan payg‘om,

Kiprikda billurday titragan sog‘inch.

Sen uqbo tasdig‘i va dunyo yolg‘on —

Odamning boshida o‘ynagan qilich,

Yo Mu’min, yo Mu’min, yo Mu’min, Olloh!

9

Yo Muhaymin, ayon zohiru nihon,

Haddan kuzatguvchi, hardan ogoh U.

Qibla bo‘lganda ham, ayo, to‘rt tomon,

Har yaproq, har maysa ko‘zi beuyqu.

Yo Muhaymin, yo Muhaymin, yo Olloh!

10

Yo Mutakabbir, o, tanho kibriyo,

Jamolda toqginam, Arshusi yuksak.

Alhol kibr titmish yo qilmish riyo

Odamni aylagay nafsiga eshak,

Yo Mutakabbir, yo Ollohu Akbar!

11

Yo Holiq, tutmish dil ishqing bayotin,

Shu ishqda keturmiz jismi adamga.

Zikringda qalbni mahv etmas hayotin,

O‘zing yaratguvchi, sohib odamga,

Yo Holiq, yo Holiq, yo Holiq, Olloh!

12

Yo Boriy barorim, haqqul mustaqiym,

Sharafli ayladi Uning bir dami.

Tufroqni o‘ziga qilgandi yaqiyn

Odami Atoni yaratgan dami,

Yo Boriy, yo Boriy, yo Boriy, Olloh!

13

Yo Musavvir, olamga shakl va surat,

Bergan jamolidan oqar tajalliy.

“Iqro”dek hayotbaxsh “Bo‘l” degan sur’at

Va “bo‘l”dek Qazoi Qadar azaliy.

Yo Musavvir, yo Musavvir, yo Olloh!

14

Yo G‘affor, nafsga g‘arq bo‘lmagan g‘oziy,

Mudom kechirguvchi o‘zingsan ko‘p bor.

Kechirgan qo‘llaring yuksak parvozi,

O‘shal parvozlarga umrimiz xumor.

Yo G‘affor, yo G‘affor, yo G‘affor, Olloh!

15

Yo Qahhor, g‘ofilga qahri beadad,

Ko‘ngil ko‘zlariga ko‘ringuvchi nur.

To Mahshar kunida berajak madad —

Ko‘ngilni, ey odam, hasanotga bur.

Yo Qahhor, yo Qahhor, yo Qahhor, Olloh!

16

Yo Vahhob, ko‘ngilga quyilguvchi g‘ayb,

Koinot undan bir tengsiz kashfiyot.

Bandasi sergunoh, u yolg‘iz beayb,

Hurmati Mustafo — mo‘‘jiza hayot.

Yo Vahhob, yo Vahhob, yo Vahhob, Olloh!

17

Yo Razzoq, shukringda shokir aylagil,

Mardi Xudolarga bo‘lolsam yovuq.

Ruhi ilohiydir, jismi obu gil,

Inson parhezkor gar manzili ulug‘.

Yo Razzoq, yo Razzoq, yo Razzoq, Olloh!

18

Yo Fattoh, tog‘lari bulutday suzgan,

Xayru saxovatda mutlaq sobit zot.

Dunyoyu uqboning rejasin tuzgan,

Himmati bemisl tanho obid zot.

Yo Fattoh, yo Fattoh, yo Fattoh, Olloh!

19

Yo Olim, bilguvchi har narsani to

Tuproq zarrasidan yulduzlar qadar.

Ilmu hikmatlari mangu beado,

Ummul Kitob bergan ilohiy xabar,

Yo Olim, yo Olim, yo Olim, Olloh!

20

Yo Qobiz, hukmingda Hazrati Ajal,

Ruhimiz eltguvchi ozod ma’voga.

Ko‘zida yosh ila Rumoyu Ajam

Ismingni zikr etib solgan navoga,

Yo Qobiz, yo Qobiz, yo Qobiz, Olloh!

21

Yo Bosit, ruhlantirib ruhi-la bizni,

Ruh va jon ahliga aylagan dohil.

Еrda xalifalik bu Uning izni,

Ruhul tajalliyga asos Ul oqil.

Yo Bosit, yo Bosit, yo Bosit, Olloh!

22

Yo Hofiz, berguvchi insonga davlat,

Farovon qilguvchi ham hayotini.

Baxsh etib sarbaland uylar va savlat,

Еrga qoriguvchi darajotini.

Yo Hofiz, yo Hofiz, yo Hofiz, Olloh!

23

Yo Rofiy, gadoy etgay, qalandar ham,

Еr tirnab yashagay garchi fanoda.

Voh, Ajr kunida ko‘rsatib karam,

Tirnoqlarin hurlar yuvar xinoda.

Yo Rofiy, yo rofiy, yo Rofiy, Olloh!

24

Yo Muizz, so‘rganga berguvchi avlod,

Dunyoda siymu zar, obro‘-e’tibor.

Ham nasib aylagay ikkinchi hayot,

Jannatda vasliga etgay sazovor.

Yo Muizz, yo Muizz, yo Muizz, Olloh!

25

Yo Muzill, U istadi, bo‘ldi haqir,

Gar istasa, kelguvsi nochorlik ham.

Ayo, baland-pastdir ilohiy taqdir,

Jannatdan quvilmish sharafli Odam.

Yo Muzill, yo Muzill, yo Muzill, Olloh!

26

Yo Samiy, tinglagan botin so‘zimni,

Oshkora zikrimdan ogoh hamiyda.

Kitobday o‘qigan yoshli ko‘zimni,

Men g‘ofil qolganni bilmish fariyda.

Yo Samiy, yo Samiy, yo Samiy, Olloh!

27

Yo Basiyr, har joyda qutlug‘ nazari,

Yaxshi-yomonlarni ko‘rguvchi Uldir.

Zikrullohdan ruhlar borar tozarib,

Zikr ko‘ngullarda ochilgan guldir.

Yo Basiyr, yo Basiyr, yo Basiyr, Olloh!

28

Yo Hakam, hukmida hokimdir mutlaq,

Hatto payg‘ambarga buyrug‘i vojib.

Aslida odamzot bir tomchi alaq,

Lek jumla mavjudot bo‘ldi gultoji.

Yo Hakam, yo Hakam, yo Hakam, Olloh!

29

Yo Adl, sohibi adolat U yolg‘iz,

Har ishda munosib ajru hukmi bor.

Hiro tog‘idagi so‘zdir bir og‘iz,

Hazrati Jabroil keltirgan asror.

Yo Adl, yo Adl, yo Adl, Ollohu Akbar!

30

Yo Latif, lutf va ehsonda yagona,

Komil bandasiga bergan ma’rifat.

O‘lmasdan o‘lganlar ahli mardona,

Nafasi lutfiga uyg‘undir albat.

Yo Latif, yo Latif, yo Latif, Olloh!

31

Yo Xobir, yurakdir asli boxabar,

Botinu zohirni bilguvchidir U.

Bilishin bilganlar tonguvsi samar,

O‘zi sohib erur ruhlarga mangu.

Yo Xobir, yo Xobir, yo Xobir, Olloh!

32

Yo Haliym, “Xudoning zotidan o‘zga

Jamiki narsalar bo‘lguvsi halok.”1

Ular azoblarni ilmaydi ko‘zga,

U kunni cho‘zasan, sen ey, zoti pok.

Yo Haliym, yo Haliym, yo Haliym, Olloh!

33

Yo Aziym, buyuksan, bilursan o‘zing,

Bandasi ojizdir anglamoqqa boz.

Jumla koinotu kecha-kunduzing

Buyuk ijodingdan bir parcha xolos.

Yo Aziym, yo Aziym, yo Aziym, Olloh!

34

Yo G‘ofur, istasa, gunohlar hechdir,

Savobim mo‘l, degan oh-vohlar hechdir.

O‘zi hisobchidir, o‘zi kechguvchi,

Еrdan unib chiqqan ilohlar hechdir.

Yo G‘ofur, yo G‘ofur, yo G‘ofur, Olloh!

35

Yo Shokir, siylaguvchi o‘zing oxir,

Kichik amalimni ziyoda sanab.

Ayo, qalbimdagi mangu javohir,

Zikringda zokirman men rahmat talab.

Yo Shokir, yo Shokir, yo Shokir, Olloh!

36

Yo Oliy, Arshudan sohib jamolim,

O‘zga anglayolmas buyuk kamolim.

Sifati hisobsiz, qamrovi behad,

O‘zi javobimdir, o‘zi savolim.

Yo Oliy, yo Oliy, yo Oliy, Olloh!

37

Yo Kabir, boru bor, vujudul vujud,

Mavjudlar ichinda yagona mavjud.

Nabiylar, valiylar, sohibi hollar

Isming zikridan ham bo‘lg‘anlar behud.

Yo Kabir, yo Kabir, yo Kabir, Olloh!

38

Yo Hafiz, asragay jumla jahonni,

Osmonni qulashdan,Yerni cho‘kishdan.

Quritmayin suvni, to‘smay havoni,

Saqlagay Quyoshning shamin o‘chishdan.

Yo Hafiz, yo Hafiz, yo Hafiz, Olloh!

39

Yo Muqit, U rizqlar yaratgan, sochgan,

Saxiy qudratiga qilgan egalik.

Himmat eshigini baralla ochgan,

Sonsiz hotamlarning egasi Malik.

Yo Muqit, yo Muqit, yo Muqit, Olloh!

40

Yo Hasib, boshimda hamisha qoyim,

Bilguvchi tirnoqdan sochimga qadar.

Sening hukming ila qorilgan loyim,

Demak, bir nafasim ketmagay badar.

Yo Hasib, yo Hasib, yo Hasib, Olloh!

41

Yo Jalil, ulug‘dir, ulug‘dan ulug‘,

Zarrada aks etgan sohib jalolat.

Alhol, yuraklarni yondirgan ul cho‘g‘,

Samodan yog‘ilgan boqiy adolat.

Yo Jalil, yo Jalil, yo Jalil, Olloh!

42

Yo Karim, talabsiz, sababsiz qulga

Ikrom, ehsonini yog‘dirguvchi U.

Barchamiz hijratda chiqqanmiz yo‘lga,

Yo‘ldamiz, yo‘ldamiz, yo‘ldamiz mangu.

Yo Karim, yo Karim, yo Karim, Olloh!

43

Yo Raqib, muhofizsan o‘zing boqiy,

Yaratguvchi, kuzatguvchi ma’budim.

Ko‘nglimga qulamish samolar toqi,

Zikrida gul ochib ketar tobutim.

Yo Raqib, yo Raqib, yo Raqib, Olloh!

44

Yo Mujib, turibman qoyim duoda,

O‘zing qabul etgin uni ziyoda.

Munojot aylagan xokka qorilib,

O‘zim o‘shal qulman foniy dunyoda.

Yo Mujib, yo Mujib, yo Mujib, Olloh!

45

Yo Vasiy, ilmi mo‘l, ilmi beadad,

Odamga samodan yog‘ilgan madad.

Hayratlar tug‘ilar hikmatlaridan,

Jannat iforlarin sochguvchi da’vat.

Yo Vasiy, yo Vasiy, yo Vasiy, Olloh!

46

Yo Hakim, hikmatdan mavjud bevujud,

Hukmi adolatli oliy haqiqat.

Sirli saltanati bilmagan hudud,

Uning amridadir har bir daqiqa.

Yo Hakim, yo Hakim, yo Hakim, Olloh!

47

Yo Vadud, afu etgay, Rahiym o‘zi,

Ham shafqat, rahmatim darig‘ tutmagay.

Sag‘ir amallarni Arsh qadar cho‘zib,

Himmat eshigini hech berkitmagay.

Yo Vadud, yo Vadud, yo Vadud, Olloh!

48

Yo Majid, ikromi mo‘l, shoni yuksak,

Shoni yuksaklarda sharaflangan zot.

Oyga boqib imdod so‘raydi har sak,

Ne ko‘yda jannatdan tushgan odamzot?

Yo Majid, yo Majid, yo Majid, Olloh!

49

Yo Ba’is, tiriltirgay oxir kuni,

Ham qabrdan daraxtday o‘sadi odam.

Hazrati Iysoda ko‘rsatgan buni,

Nabiy nafasidan o‘lik turgan dam.

Yo Ba’is, yo Ba’is, yo Ba’is, Olloh!

50

Yo Shohid, ogoh erur har narsadan,

Shohidligi kitobida barqaror.

Ona rahmidagi tomchi nutfadan

Ruhsiz jasadgacha o‘zi xabardor.

Yo Shohid, yo Shohid, yo Shohid, Olloh!

51

Yo Haq, eshiklarning eshigi tavba,

Sen tomon qaytishdir, qaytish sen tomon.

Sen mutlaq Haqiqat, yagona haybat,

Yuraklarga qo‘rquv solguvchi chunon.

Yo Haq, yo Haq, yo Haq, Ollohu Akbar!

52

Yo Vakil, yaratgan jumla jonzotni,

Bitirguvchi ham ularning ishlarin.

Imtihonga joy qilgan bu hayotni,

Almashtirgan yozini ham qishlarin.

Yo Vakil, yo Vakil, yo Vakil, Olloh!

53

Yo Qoviyy, misli yo‘q kuchu qudratin,

Mahshar maydonida bo‘lurmiz qoyim.

Mudom cho‘zar ekan sinov muddatin,

Odam istig‘forga kelmaydi doim.

Yo Qoviyy, yo Qoviyy, yo Qoviyy, Olloh!

54

Yo Matin, abadiy sog‘u salomat,

Mevalar yaratib, aylagan turfa.

Buloq suvlariga bergan barokat,

Jonzotga tanu jon qilolgan tuhfa.

Yo Matin, yo Matin, yo Matin, Olloh!

55

Yo Valiy, vahmidan vujud vayrona,

Sodiq do‘stlariga ko‘rsatur karam.

Tongan bandalardan ki U ham tonar,

Mardi Xudo bo‘lar ahlulloh Eran.

Yo Valiy, yo Valiy, yo Valiy, Olloh!

56

Yo Hamiyd, maqtovlarga o‘zing loyiq,

Madh hamda olqishlar senga, yo Olloh.

Joying samolardan izlar xaloyiq,

Vale yuraklarga tashlamay nigoh.

Yo Hamiyd, yo Hamiyd, yo Hamiyd, Olloh!

57

Yo Muhsiy, yo‘llagan payg‘ambarlarni,

Zarrayu kurrada hikmati zohir.

Gunohu savobli jamg‘armalarni,

Hisob-kitobini qilguvchi oxir.

Yo Muhsiy, yo Muhsiy, yo Muhsiy, Olloh!

58

Yo Mubdi, yo‘qdan bor bo‘lmas, dedilar,

Bordan yo‘q bo‘lmaydi, deganlari rost.

Vale bir zotni unutmish edilar,

Yo‘qdan bor qilguvchi U edi xolos.

Yo Mubdi, yo Mubdi, yo Mubdi, Olloh!

59

Yo Mu’iyd, bizning qurb, quvvat ustida

Bir qudrat yashirin, misli yo‘q qudrat.

Samolar toqida — Arshu Kursida,

Tavbamiz kutgancha cho‘zadi muddat.

Yo Mu’iyd, yo Mu’iyd, yo Mu’iyd, Olloh!

60

Yo Muhyiy, hayotsizga berar hayot,

Jami jonzot joni unga uzviydir.

Go‘zal bandalarning ruhlari obod,

“Yuzlarida qolgan sajda izidir”.2

Yo Muhyiy, yo Muhyiy, yo Muhyiy, Olloh!

61

Yo Mumiyt, “har kuni ish amaldadir”3,

Ajal sharobini ichirguvchi U.

Gar nafsi shaytoniy xos qamaldadir,

Qazo-la vasliga etkazar mangu.

Yo Mumiyt, yo Mumiyt, yo Mumiyt, Olloh!

62

Yo Hay, mangu boru abadiy tirik,

Omon istaganga bo‘lguvchi panoh.

Kuchu qudratiga topilmas sherik,

Va isboti “La ilaha illalloh”.

Yo Hay, yo Hay, yo Hay, Ollohu Akbar!

63

Yo Qoyyum, nafsi o‘zgarmagay, nafsi yo‘q,

Hech kimga ehtiyoj sezmagan Qodir.

Tillarga, dillarga zikri solgan cho‘g‘,

Hech erda ko‘rinmas, har erda sodir.

Yo Qoyyum, yo Qoyyum, yo Qoyyum, Olloh!

64

Yo Vajid, hukmida titraydi har barg,

O‘zi bilguvchidir istaganini.

Barchasi izmida — tiriklik va marg,

Bandasi ololmas qistaganini.

Yo Vajid, yo Vajid, yo Vajid, Olloh!

65

Yo Majid, dengizlar chayqalar, dovul

Va to‘fonlar tursa, chaqsa yildirim,

Karami oldida bir uchquncha, bil,

Ehsoni barini qo‘yar tindirib.

Yo Majid, yo Majid, yo Majid, Olloh!

66

Yo Vohid, misli yo‘q, yo‘qdir qiyosi,

Har nedan voqif ul yagona iloh.

Dunyoning jilvasi, hayot jilosi —

Do‘zax istig‘nosi, ishvai gunoh.

Yo Vohid, yo Vohid, yo Vohid, Olloh!

67

Yo Somad, kechalar Oy, kunduzi Quyosh,

Avvali nur erur, oxiri ham nur.

Hojatini so‘rab egar bo‘lsa bosh,

So‘rguvchi har banda talabin olur.

Yo Somad, yo Somad, yo Somad, Olloh!

68

Yo Qodir, istasa, istagin bajo

Aylaguvchi aslida boqiy mukammal.

Tomchiga odamni qila olgan jo,

Har ne mushkullarni etguvchi ham hal.

Yo Qodir, yo Qodir, yo Qodir, Olloh!

69

Yo Muqtadir, erda ilk bor qarg‘adan

O‘rgangandi jasad ko‘mishni Qobil4.

“Bo‘l!”, deya olamni Olloh, daf’atan

Mashaqqat, zahmatsiz yaratolgan, bil.

Yo Muqtadir, yo Muqtadir, yo Olloh!

70

Yo Muqaddim, “dunyo dor og‘ochidir”5.

Martaba, boylik, husn — barchasi jazo.

Sinovlar fanoning oppoq sochidir,

U oldga o‘tkazar va berur qazo.

Yo Muqaddim, yo Muqaddim, yo Olloh!

71

Yo Muaxxir, xohlasa, ortga surar

Va qoldirar to‘lguncha paymonasi.

Bibi Maryam Olloh karamin ko‘ra

Bo‘ldi ulug‘ payg‘ambarning onasi.

Yo Muaxxir, yo Muaxxir, yo Olloh!

72

Yo Avval, yaralmagan Uning zoti,

Ibtidosi, avvali yo‘qdir mangu.

Jannat huzuriyu do‘zax azobi —

Mehr va qahridan quvonchu qayg‘u.

Yo Avval, yo Avval, yo Avval, Olloh!

73

Yo Oxir, buyukligin yo‘q oxiri,

Har narsa, hodisot adosi o‘zi.

Jumla bokirlarning sohib bokiri,

Odamga jon oziq bo‘lgandir so‘zi.

Yo Oxir, yo Oxir, yo Oxir, Olloh!

74

Yo Zohir, har erda mavjud yagona,

Sonsiz dalillarda borlig‘i oshkor.

“U buyukdir”, degan o‘shal mardona

Demoqchi — “Ikkinchi yana kimdir bor”6.

Yo Zohir, yo Zohir, yo Zohir, Olloh!

75

Yo Botin, ilg‘amas odam idroki,

Borlig‘i yashirin tasavvurlardan.

Qalbimda naqshin ul nomlarning poki,

O‘zi ozodroqdir jami hurlardan.

Yo Botin, yo Botin, yo Botin, Olloh!

76

Yo Valiy, har jonli, jonsizning o‘zi

Ishin bitirguvchi hojatbarori.

Odamzot umrining bahaq kunduzi,

Ikki dunyoda ham najotbaxsh yori.

Yo Valiy, yo Valiy, yo Valiy, Olloh!

77

Yo Mutaalo, a’lolardan a’lo,

Ul buyuk zotini bilguvchi zoti.

Zikrida qoyimga kelmagay balo,

Iymon huzuridir hayotning toti.

Yo Mutaalo, yo Ollohu Akbar!

78

Yo Barr, deganlar “Faqrlik — mening faxrim”7,

Hazrati risolat Rasuli Akram.

Me’roj kechasida Arshuning sahnin

Faqrlikning nuri yoritgan ekan.

Yo Barr, yo Barr, yo Barr, Ollohu Akbar!

79

Yo Tavvab, tavbamiz etguvchi qabul,

Karam, rahmatida yarlaqaguvchi.

Fanoda qulligin anglamagan qul

O‘zi yonar o‘tga o‘t qalaguvchi.

Yo Tavvab, yo Tavvab, yo Tavvab, Olloh!

80

Yo Muntaqim, u jinoyat ahlidan

Adolat hukmi-la olar intiqom.

Makkatulloh degan Olloh shahridan

Olamga taraldi muslimiy maqom.

Yo Muntaqim, yo Muntaqim, yo Olloh!

81

Yo Afuv, avvalo shafqat egasi,

Eshiklarin ochar har istig‘forga.

“Dengiz ko‘pigi — dunyo”8, uning kemasi —

Ollohning so‘zidir to‘kilgan g‘orga9.

Yo Afuv, yo Afuv, yo Afuv, Olloh!

82

Yo Rauf, shafqati buyukdan buyuk,

Osiy ham, muslim ham karamiga zor.

Iymonda to‘kilar vujuddan har yuk:

Va unda ochilar mangu chamanzor.

Yo Rauf, yo Rauf, yo Rauf, Olloh!

83

Yo Malikul mulk, har olamga sohib,

Tilagi yo‘q tilak, hijronli visol.

Mansuri Xallojdan qolgan dil ohi,

Yuuyuklikka timsol asli betimsol.

Yo Malikul mulk, yo Ollohu Akbar!

84

Yo Zul jalali val ikrom, fazli mo‘l,

Yo buyuk, yo buyuk, buyukdan buyuk.

O‘ziga borodir har bir to‘g‘ri yo‘l,

U — suyuk, u — suyuk, suyukdan suyuk.

Yo Zul jalali val ikrom, yo Olloh!

85

Yo Muqsit, mazlumlar haqqini zolim

Zotlardan olguvchi Haqqul Adolat.

Ko‘ngildek ma’voni yaratgan olim

Va komil dillarga solgan halovat.

Yo Muqsit, yo Muqsit, yo Muqsit, Olloh!

86

Yo Jamiy, tilaging tilagi unda,

Ko‘nglingda har kechgan istakdan voqif.

Kunduzga orzumand bo‘lsang sen tunda,

Olamni yoritar Oy, yulduz yoqib.

Yo Jamiy, yo Jamiy, yo Jamiy, Olloh!

87

Yo G‘aniy, U juda badavlat, g‘olib,

Mustag‘iydir har kimsadan manguga.

Shaytoni la’inni jannatdan olib,

Odamzot qonidan joy bergan unga.

Yo G‘aniy, yo G‘aniy, yo G‘aniy, Olloh!

88

Yo Mug‘niy, kimki ne istasa bergay,

Mol-davlatga ko‘mar tanlaganini.

Tafakkur kishisi hikmatlar tergay,

Eslab Fir’avndan qolgan ma’nini10.

Yo Mug‘niy, yo Mug‘niy, yo Mug‘niy, Olloh!

89

Yo Maniy, to‘sqinlik qilmagay aslo

Bunyod bo‘lishiga narsaning biror.

Bir qarang, ul sun’iy yurak va hatto

Ajal urug‘iday qurollar ham bor.

Yo Maniy, yo Maniy, yo Maniy, Olloh!

90

Yo Zorr, qamashtirar dunyo ko‘zlarni,

Olov yondiradi, to‘ydiradi suv.

Dahrning yarmi foyda, ziyonli yarmi,

Buyuk muvozanat sohibidir U.

Yo Zorr, yo Zorr, yo Zorr, Ollohu Akbar!

91

Yo Nafiy, bir boqsa gulga to‘ladi,

Tog‘lar giyohlarga burkanar, e voh.

Gar yaqin yo‘lasa ost-ust bo‘ladi,

Me’yorni aylagay bizlarga panoh.

Yo Nafiy, yo Nafiy, yo Nafiy, Olloh!

92

Yo Nur, olamlarni qorigan nurga,

Mavjud erur har narsada shu’lasi.

Nurni anglagan aylanur hurga,

Tunga to‘laverar ko‘r dil kulbasi.

Yo Nur, yo Nur, yo Nur, Ollohu Akbar!

93

Yo Mu’ti, bir g‘am qilsa g‘amlarini11,

O‘zga g‘amin agar unutsa odam,

Bartaraf etajak bor kamlarini,

Behojat bo‘lajak hur va baxtli ham.

Yo Mu’ti, yo Mu’ti, yo Mu’ti, Olloh!

94

Yo Hodiy, maysalar qoyim zikrida,

Dov-daraxt shovullar unga hamd aytib.

Yirtqichlar na’ralar tortur shukrida,

Inson hidoyatga kelurmi qaytib?

Yo Hodiy, yo Hodiy, yo Hodiy, Olloh!

95

Yo Badi’, ruh haqda so‘rdilar alhol,

Deding: “Ruh o‘ziga ayondir xolos”.

Ilon zahar yig‘ar, ari to‘plar bol,

Sen mislsiz narsalar yaratguvchi, rost.

Yo Badi’, yo Badi’, yo Badi’, Olloh!

96

Yo Boqiy, miltirab ko‘rinar yulduz,

Ne yillik yo‘l — Olov Sayyora ismi.

Mana shu masofa, o‘zing qiyos tuz,

Mangulikning behisobdan bir qismi.

Yo Boqiy, yo Boqiy, yo Boqiy, Olloh!

97

Yo Voris, ezilgan bir don ostida

Chumoli holi ham o‘ziga ayon.

Mahshar kuni qoyim yolg‘on-rostida

O‘z jismin izlaydi har bir foniy jon.

Yo Voris, yo Voris, yo Voris, Olloh!

98

Yo Rashid, na kerak dalilu irshod,

Aniq ko‘rguvchidir har nimarsani.

Mazmun-mohiyatga ega yolg‘iz zot,

Nohaq hukm etmagay biron kimsani.

Yo Rashid, yo Rashid, yo Rashid, Olloh!

99

Yo Sobur, sabrimga sohib sarvarim,

Zikrida tunlari bedor quliman.

Bir kam dunyo axir, ko‘ngil ham yarim,

Dunyo — armon, bino bo‘lgan kunidan.

Yo Sobur, yo Sobur, yo Sobur, Olloh!

100

Yo Olloh, asmai husna madhida

Bir-ikki so‘z aytganim bordir.

Nelar bitgan bo‘lsam nelar haqida,

Balki eng go‘zali ushbu ash’ordir.

Yo Olloh, yo Olloh, yo Buyuk Olloh!

Ushbuning savobini aziz ota-onamning tabarruk ruhlariga ehtirom ila baxshida etdim. Ollohu Akbar!

2001-yil, sentyabr-dekabr

1. Qur’oni Karim, “Qasos” surasi, 77-oyat.

2. “Ularning yuzlarida sajda izidan (qolgan) belgi — alomatlari bordir”. Qur’oni Karim, 48-sura, 29-oyat.

3. “U zot har kuni ish — amaldadir”. Qur’oni Karim, 55-sura, 29-oyat.

4. Odam alayhissalomning o‘g‘li.

5. Hazrati Rumiy so‘zi.

6. Hazrati Rumiy so‘zi.

7. Me’roj kechasida Olloh taolo o‘z Rasuliga yuqoriga qaramoqlikni buyuradi. Payg‘ambar alayhissalom yuqoriga qarab, ko‘zni qamashtiradigan nur dastasini ko‘radi. “Bu nima?”, deya Ollohdan so‘raganida, “Bu faqrning haykali”, degan nido keladi. Shundan so‘ng Hazrati Payg‘ambar alayhissalom ushbu hadisni aytgan ekan.

8. Hazrati Rumiy so‘zi.

9. Hazrati Payg‘ambarga Qur’onning ilk oyatlari nozil bo‘lgan Hiro tog‘idagi g‘or nazarda tutilmoqda.

10. Eslang. Olloh taolo Fir’avnga tuganmas boylik, qudratli hokimiyat berdi. Oxir-oqibat u o‘zini Xudo deb e’lon qildi, mulkning haqiqiy egasini unutdi.

11. Hadis. To‘laligicha quyidagicha: “Agar inson bircha g‘amlarini bir g‘am qilsa, Olloh uning qolgan qayg‘usini bartaraf etadi.