Yuraklar

Юраклар
13.10.2015
Қовун
15.10.2015

Yuraklar bor — misli bir daryo.

Yuraklar bor — tun kabi go‘yo.

Muallif

1

1916-yil. Chillai zimiston…

Sovuq bo‘lishiga qaramay, bozor ancha gavjum. Hammaning fikri yodi bir xil, biror yegulik topib, uyida ochlikdan tinkasi qurigan bolalariga olib borish. Hozir pulning ham qadri yo‘q. Puling bo‘lgani bilan unga yegulik topib olishning o‘zi qiyin…

Har xil baqiriqlar, so‘kinishlar, aravakashlarning “po‘sh-po‘sh”lari bozorni tutgan. Paranji yopingan ayollar ro‘zg‘oridan yulib olib chiqqan, ancha uringan buyumlarini sotmoqchi bo‘lishadi…

Bozorning bir chetida qator o‘tirishgan kosiblar o‘zlaricha xirgoyi qilib, sovuq va ochlikni unutish uchun qiziqroq gap topib, kulishga urinishadi. Ba’zilari esa zamondan nolishadi.

Halitdan buyon gapga qo‘shilmay, o‘zicha bir nimalarni pichirlab o‘tirgan Umrzoq ota oldiga paranji yopingan bir ayol keldi.

— Hormang, ota! — ayolning ovozi horg‘in va siniq edi.

— Bor bo‘ling, qizim! Keling, xizmat? — chol tomirlari bo‘rtib chiqqan, ozg‘in qo‘llari sovqotdi shekilli, bir-biriga ishqaladi.

— Kechagi etikka kelgandim…

— Ey, ha-a… Bola bechora ko‘chaga chiqolmay o‘tirgandir?.. — Umrzoq ota orqasidagi xurjun ichidan eski, ranglari o‘chib ketgan kichkina etikchani olib, ayolga uzatdi: — Mana, qizim… Ey, bu zamon norasidalarni rosa chinqiratdi-da. Ishqilib omon bo‘laylik, yo parvardigor!

Ayol etikni oldi-yu, cholning qo‘liga ikki tanga tashlab, “rahmat, ota!” degancha orqasiga burilib, odamlar orasiga kirib ketdi. Chol ayol ortidan bir nafas tikilib turdi-da, “ey parvardigor, marhamatingni darig‘ tutma!”, deya yana ishga tutindi…

Kun ham peshindan og‘di. Bozor ancha siyraklashib qoldi. Kechki izg‘irin asta-sekin kuchga kirib, tanani zirqirata boshladi…

Umrzoq ota ishini to‘xtatib, “yo pirim” degancha qiynalib o‘rnidan turdi. Uvishib qolgan oyoqlarini karaxt qo‘llari bilan bir-ikki uqaladi-da, narsalarini yig‘ishtirishga tushdi. Buyumlarini xurjunga solib, endi ketishga shaylangandi, attorlik do‘koni oldida diydirab o‘tirgan bolaga ko‘zi tushdi…

Bolaning egnida eski — qirq yamoq chopon, boshida “quloq”lari osilib, junlari to‘kilgan telpak, oyog‘ida eski choriq. Yuzlari anchadan buyon yuvilmaganidan ham sovuqdan ko‘karib ketgan, ko‘zlari horg‘inlikdan, ochlikdan qovoqlari ichiga botgan. Qo‘llarini choponining uzun englariga tiqqanicha qalt-qalt titrardi. Yoshi o‘n ikkilarda edi.

Umrzoq ota bir muddat bolaga tikilib qoldi. Bolaning ham ko‘zlari tuyqusdan cholga tushdi. U go‘yo iltijo qilganday boqib turardi. Ota og‘ir-og‘ir qadam tashlab, uning tepasiga keldi.

— Bu erda nima qilib o‘tiribsan, bolam? — Bunday yetim-yesirlarning shu kundagi ahvolini bilsa ham, nima deyishni bilmay so‘radi chol.

— Yotarga joy topolmadim… — sovqotganidan bolaning tili arang so‘zga kelardi.

Cholning bolaga rahmi keldi, lekin uyidagi ahvolni o‘yladiyu, ne qilarini bilmay qoldi. Uyida kampiri, ota-onasidan yetim qolgan ikki nabirasi bor. SHunday ham kunlari zo‘r-bazo‘r o‘tyapti…

Cholning bolani tashlab ketishga ko‘ngli bo‘lmadi.

— Bo‘lmasa, yur men bilan!..

Bolaning ko‘zlari chaqnab ketdi. Necha kunlardan buyon iliq so‘z eshitmagan qalbiga qandaydir harorat kirdimi, ma’yus ko‘zlarida yosh aylandi. Bazo‘r o‘rnidan turdiyu, dovdirab otaga termildi.

— Oting nima, bolam? — chol chap qo‘lini bolaning yelkasiga ohista tashlab, yo‘lga boshladi.

— O‘lmas… — uning ovozida sevinch, bu mehribon kishiga cheksiz hurmat sezilardi…

Umrzoq ota O‘lmasni darvoza oldiga olib keldi-yu, uyga qanday olib kirishni o‘ylab qoldi. Axir kampiri och qolgan bolalarini mehri, shirin so‘zi bilan arang ovutyapti-ku…

Darvozadan ichkari kirdi. Pastak kulbasining eshigini ochdi-yu, charx yigirib o‘tirgan kampirining yuziga qarolmay, xurjunni burchakka qo‘yarkan gapirdi:

— Kampir, mehmon olib keldim.

Kampir ishdan to‘xtab, so‘lg‘in ko‘zlarini O‘lmasga bir muddat tikib qoldi. So‘ng:

— Voy, kel, bolam, kel! Bu yigitchani qayoqdan topdingiz, chol? Voy, bo‘ylaringdan o‘zim aylanay!.. — deya so‘zlay boshladi. Birdan sandalning narigi burchida shirin uxlayotgan bolalari esiga tushdi-da, uyg‘otib yuborishdan qo‘rqib, ovozini pasaytirdi. O‘rnidan bazo‘r turib, yerga boqqancha turgan O‘lmasning yelkasiga ohista qo‘lini qo‘yib, sandalga yetakladi. O‘lmas ancha sovib qolgan sandalga kirarkan, otaga qaradi. Ota mayin jilmayib turardi…

O‘lmasni yuvintirishdi, ota eski choponini va bir necha yamoq etigini berdi.

— Boriga baraka, kiyaver, bolam!..

Kampir ertalik uchun olib qo‘ygan qattiq zog‘ora nonni bo‘lib, yarmini O‘lmasning oldiga qo‘ydi.

— Ol, bolaginam!..

2

— Hoy, yashshamagur, o‘tin qildingmi? — shang‘illadi ayol sigir tagini tozalayotgan bolaga qarab.

— Hozir, aya, hozir… — bola qo‘rquv bilan “iflos” ketmonni bir chekkaga qo‘ydi-da, ayolga yaqinlashdi. — Sigirning tagi juda iflos bo‘lib ketgan ekan, shunga… O‘tinni esa endi qilaman, — u aybdorday boshini xam qildi.

— Shu arzimagan ishniyam bir kun qilasan. Juda ayyor bo‘lib ketyapsan, bola! Sovuqni qara! Kecha o‘tin qilmagan ekansan, ko‘mir ham tugab qoldi, kechasi bilan qunushib chiqdik… Bor, o‘tin qil! He, serraymay o‘l! — ayol shahd bilan burilib, uyga kirib ketdi.

Bola o‘tinxonaga o‘tdi. Sovuq badanni igna sanchganday zirqiratardi. Tunov kuni yoqqan qor oyna kabi yupqa parda hosil qilgan, oyoq tegishi bilan qisirlagan ovoz chiqaradi.

Ertalab azonda turgan Erkin nonushta qilgan bo‘ldiyu, kecha ayasi tayinlagan ishlarni qilish uchun tashqariga chiqdi. Hali hech kim uyqudan uyg‘onmagan edi. O‘shandan buyon na ovqat yeydi, na uyga kirib isinadi. Bechoraning qo‘llari va oyoqlari sovuqdan uvushib qolgan…

Erkinning dadasi transport halokatiga uchradi… Onasi esa og‘ir kasallikdan vafot etdi. SHo‘rliklar yakkayu yolg‘iz farzandlarining ham orzu-havaslarini ko‘risholmadi.

Erkinni tog‘asi panohiga oldi. Tog‘asi so‘kib, ba’zida xotinining gapiga kirib, kaltaklasa ham, xo‘rlamaydi. Lekin tog‘asi ishga ketishi bilan ayasi kun bermaydi. Nahotki ayol ham shunchalar bo‘lsa! Axir u — ona-ku! Nahotki zarracha mehr-shafqat bo‘lmasa?!

Erkin endigina o‘n uchga qadam qo‘yayotgan bo‘lsa ham, kattalarcha fikr yuritadi. Hayoting qancha og‘ir bo‘lsa, uni shuncha yaxshi idrok etasan kishi…

Erkin qiynala-qiynala bir talay o‘tin qildi. Ust-boshini qoqib, uyga kirdi. Hali pechkaning oldiga bormay, ayasi yana o‘dag‘ayladi:

— Ha, qilib bo‘ldingmi?

— Ha!.. — Erkin qo‘rqa-pisa javob berdi.

— Endi qo‘lingni tozalab yuvib, novvoydan non olib kel! Sen iflosga aytmasdimu, Nosirjon uxlayapti, — ayol bir so‘m pulni Erkinga uzatdi…

Bola yana tashqariga chiqdi. Qunushib novvoyga jo‘nadi. Ayasining “iflos”, “Nosirjon uxlayapti” degan so‘zlarini esladi-yu, beixtiyor ko‘ziga yosh keldi. Bu o‘kinch yoshlari edi…

Erkin qaytganida tog‘asi uyda edi. Bugun dam olish kuni bo‘lgani uchun tog‘asi ertalab “Moskvich”ida qayoqqadir ketgandi.

— Assalomu alaykum… — Erkin uyga kirarkan, tog‘asiga salom berdi.

Tog‘asi kichik o‘g‘li Nodirni tizzasida olib o‘tirardi. Erkinga bir qaradi-da, boshini qimirlatib, alik oldi. Nodir Erkinni ko‘rib, dadasining quchog‘idan o‘zini unga otdi.

— Eykin aka, Eykin aka! O‘ynating!

Erkin bolani endi ko‘tarmoqchi edi, uydan chiqib kelgan ayasi baqirdi:

— Hoy Nodir, osilma unga! Bit-miti bo‘lsa, o‘tib qoladi, — shunday deya Nodirni olarkan, yana Erkinga o‘dag‘ayladi: — Bor, sigirga yem berib kel!

Erkin yana tashqariga chiqdi. U unsiz yig‘lardi. Ochiqqanidan kechki izg‘irin avzoyi badanini chimchilardi. U bostirmaga yetmay, holsizlanib yerga cho‘kkalab qoldi. Boshini qo‘llari orasiga olib mungli ingradi:

— Oyijon!..

Arxivdan.

7-10-fevral, 1980-yil, uy-internat.