Qovun

Қовун
15.10.2015
“13”
15.10.2015

Yangi yil arafasida Soddali bozorga tushmoqchi bo‘ldi. Bayramda xotini va bolalarini xursand qiladigan biror narsa sotib olmoqchi edi. Rastalarni aylanib yurar ekan, faqat bir joyda peshtoqiga terib qo‘yilgan “qirqma” qovunlarga ko‘zi tushdi. “Agar shundan olsam, — o‘yladi u, — xotinjonim yangi yilda bir erir edi-da”. Xullas, sakkiz so‘mga katta bir qovun oldi. Endi bozor eshigiga kelgan ediki, bir do‘stiga ro‘para keldi.

— Ha, Soddavoy, astoydilsan? — so‘radi ko‘risharkan do‘sti.

— Yangi yilga tayyorgarlik-da, og‘ayni.

— I-ya, qovunni qayerdan olding? — shunday deya do‘sti qovunni qo‘liga oldi.

— Hov anovi muyulishdagi do‘kondan.

— Shu desang, menam qovun olmoqchiydim…

— U yerda hali ko‘p, boraver.

— Shundaymi?.. — U cho‘ntaklarini kovlagan bo‘ldi. — Obbo-o, pul uyda qopti-ku…

— Mana, menda bor, — Soddali do‘stiga o‘n so‘m chiqarib berdi.

— Ey, rahmat, do‘stim! Albatta, qaytaraman. Xo‘p, bo‘lmasa, men tezroq boray

— Xo‘p…

Soddali bekatda avtobus kutib turgan edi, Ali quruq xalloslab kelib qoldi.

— Hay, shu yerdamiding, Soddaqul?.. Salom, —  u shoshib qo‘l berdi.

— Salom-salom…

— Uf-f, puldan ber, birodar.

— Nima, sendan qarzim bormi?

— Ha endi, do‘stim… Hozir bozorga kirib, qovun olmoqchiydim. Nega desang, jiyanimning xotini homilador edi. O‘sha shu paytda qovunga bosh qorong‘i bo‘libdi. Shu ayollarga ham hayronsan, shuni kuzning boshrog‘ida o‘ylashsa, asakalari ketarmikin?.. Shu gap, lekin pul yo‘q, og‘ayni.

— Unday bo‘lsa, ma, ol.

Soddali bunga ham o‘n so‘m berdi.

— He baraka top-ey, o‘rtoq!..

Soddali qovunni tizzasiga qo‘yib, avtobusda ketyapti. Shu payt navbatdagi bekatda qaynonasi chiqdiyu uni ko‘rib qoldi. U avtobusni boshiga ko‘tarib, javray ketdi:

— Voy, kuyov bola, qaysi go‘rdan kelyapsiz?

— I-ye, keling, oyi. Qani, o‘tiring…

Kampir o‘tirdi va qovunga qarab:

— Ha, qovun yegilari keldimi?

— Ha endi…

— Qovun yeguncha boshqa narsalarni yemaysizmi. Kuyov bo‘lib, qaynonaga ham ilinasizmi o‘zi? Ha, bilaman, gulday qizim qo‘yningizda bo‘lsayu, men qari kampir xayolingizga kelarmidim!..

— Odamlar qarashyapti, oyi.

— Qarashsa, qarashaversin. Ha, bilib qo‘ysin kimligingizni.

— Hazilni qo‘ying, oyi. O‘zi bu qovunni qizingizdan sizga bervormoqchiydim.

Soddali kampirni aldamoqchi bo‘ldi.

— Voy, bolajonim-ey, shunday demaysizmi. Keling, qizim ham ovora bo‘lib yurmasin, menga bera qoling. — Kampir kuyovining holatiga e’tibor bermay, qovunni oldi. — Voy-bo‘, namuncha og‘ir… Yashang, bolam, o‘lmang!..

Soddali xomush endi darvozaga yetib keluvdiki, qo‘shnisi chaqirib qolib, to‘xtashga majbur bo‘ldi.

— Assalomu alaykum, Soddali aka!

Soddali indamadi.

— Akaxon, xafa bo‘lmasangiz, malol kelmasa, o‘n so‘m berib tursangiz. Shu…

— Ha, qovun yegilari keldimi? — Soddali jinni bo‘lganday qaltirab qo‘shnisiga o‘shqirdi.

— Nimalar deyapsiz, Sod…

— Qovun yeguncha boshqa narsalardan yemaysizmi?

— Jinni bo‘ldingizmi?

— Balkim onangiz qovunga bosh qorong‘idir, balki sigiringizning ko‘ngillari qovun tusagandir?..

— E bor-e!.. — Qo‘shni g‘udranib uyiga kirib ketdi…

Arxivdan.

1983-yil, yanvar, Hirot.