Assalomu alaykum, hurmatli do‘stim

“300 секунд”, АТВ, 2011 йил
18.09.2016
Ассалому алайкум, ҳурматли дўстим
19.09.2016

Assalomu alaykum, hurmatli do‘stim, muxlisim, tanishim yoxud notanishim!

Taraqqiyotning eng zamonaviy namunasi bo‘lmish Internet orqali Siz bilan ko‘rishib turganimdan mamnunman. Qarangki, yo tavba, shu kunlarga ham yetdik.

Hozir kitob chiqarish qiyin (kimgadir oson). Umuman, kitobga munosabat ham o‘zgardi. Endi biz bilgan Tolstoyning, Gorkiyning va hokazo… Oybekning, P.Qodirovning jild-jild asarlarini bir boshdan varaqlab o‘tirgan odamga ishonish qiyin. Internetning esa o‘z ohangjamasi bor — bu axir Internet!..

Unda muharrir bilan hisoblashmaysan (go‘yoki), neki yozgan bo‘lsang (har holda yozuvchi yoki shoir, deb tan olingach), barini e’lon qilishga imkonlisan. Umuman, xuddi kitob kabimi, kim seni o‘qishni istasa, saytingni izlaydi, unga kiradi.

Xush kelibsiz, aziz (ha-ha, aziz) do‘stim, muxlisim!

Ortiqcha gapga na hojat?!

Shu yo‘lga kirganim rost shekilli — nimalardir qoraladim, yozdim. Faqat ustozlarim (hech qanday ta’masiz) Xayyom, Mashrab, Cho‘lpon, Bulgakov, Xeminguey, Gorkiy, Pirimqul Qodirov, Vladimir Visotskiy, Rauf Parfi, Tohir Malik, Erkin A’zam, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf ekanligini aytib qo‘yishim kerak. Ular mening ustozlarim, lekin men emas, men ular bo‘lolmayman ham!

Men, Nabi Jaloliddin (Jalolov), mahallamni, qishlog‘imni, yurtimni, Vatanimni, demakki, millatimni (haqiqatan ham) sevaman. Bir umrga ularga xizmat qilishga, hech yo‘q, tanilishga va duosini olishga urindim. Agar zig‘ircha ularning e’tiborini qozongan bo‘lsam, baxtiyorman.

(Ushbu saytning ochilishida va faoliyat yuritishida menga ko‘mak bergan o‘g‘lim Boburjonga o‘z minnatdorligimni bildiraman.)

Xullas, assalomu alaykum va barakotuhu!