“13”

Qovun
15.10.2015
Yalpizli kecha
“Yalpizli kecha”, she’rlar.
21.10.2015

Azali bir joyga borsam, xotinni yetaklab yurish odatim yo‘q ediyu, orada ba’zi bir ishlar bo‘lib o‘tganligi uchun hamma narsaga mehrli ko‘z bilan qaraydigan bo‘lib qoldim. Shuningdek, xotinimga ham. Kinoteatrga yaxshi film kelgan ekan, bir xudo yorlaqab, xotinim va o‘n uch yashar o‘g‘limni yetaklab, o‘sha yoqqa yo‘l oldik. Chunki bugun dam olish kuni edi-da. Kinoteatr kassasidan bilet xarid qilib, nihoyat zalga kirdik. Joyimiz nechanchi qatorda ekan, deya biletga qaradim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, “13-13” soni turibdi. O‘n uchinchi qator, o‘n uchinchi joy. Tanim muzlab, yuragimga nimadir sanchilganday bo‘ldi…

Uyga qanday qaytganimni bilmayman. “Volidol”ni yutib, bir stakan suv ichgach, o‘zimga keldim.

— O‘n uch…

Ochig‘ini aytsam, bu ishlarga ancha bo‘lgan. U paytlar tuzukkina “kirimi” bor bir do‘konchaning mudiri edim. Do‘kon desam, darrov feodalga yo‘ymangu, kattaroq magazinda ishlardim. Kunlarning birida ishdan kelib, endigina o‘tiruvdimki, telefon jiringlab qoldi. Olsam, Eshxon akamlar. U kishi salom-alikdan so‘ng darrov maqsadga ko‘chdilar:

— Madalbek, o‘n uchinchi iyulda do‘koningizga reviziya komissiyasi boradi. Ehtiyot bo‘ling!..

Shu bilan xayrlashdik.

Komissiya kelishiga necha kun bor ekan, deya kalendarga qaradim. Vo ajab, “13-iyul” axir ertaga ekan-ku! Obbo, Eshxon aka-ey, rosa qovun tushirdik-ku. Nega ertaroq xabar qilmadi ekan-a? Axir u kishi bilan oramizdan qil tugul tovush to‘lqini ham o‘tmasdi-ku. Bir-birimizni yarim so‘z bilan, hatto yarim qarash bilan anglardik-ku. Bu yog‘i necha puldan tushdi? Endi nima qilsam ekan-a?..

O‘sha kuni telefon qilmagan magazinimiz xodimiyu telefon qilib, “madad kuchlari” so‘ramagan kiroyi tanishlarim qolmadi…

Ertalab nonushta ham qilmay ishga bordim. Barcha xodimlarim o‘zimizning odamlar edi. Ular bilan kelishib, bir ish qilgunimizcha obed ham bo‘libdi. Soat roppa-rosa 13:00da magazin oldiga ikkita “Jiguli” kelib to‘xtadi. Undan papka qo‘ltiqlagan savlatligina to‘rt kishi tushib, magazinga kirishdi. Ular bilan so‘rasharkanman, dunyoda borki ishlatmagan yaxshi so‘zlarim qolmadi. Shunchasidan qutulganman, bularni ham eplayman. Yo‘q, bular anchagina jiddiy kishilarga o‘xshashadi. Ey-y, har qandayining jiddiyligi ilashguncha-da. Kim bo‘pti bular? Meni Madalbek deydilar-a! Axir mashoyixlar aytishgan-ku: “Buzoqning yugurgani somonxonagacha”, deb…

Shu desangiz, tekshir-tekshir boshlanib ketdi. Men ham neki “hunarim” bo‘lsa, ishga soldim. Ammo bulari avvalgilariga sira ham o‘xshamas ekan. O‘n uch kun deganda tekshiruvni tugatib, o‘n uch mingni bo‘ynimga ildi. O‘n uch xil vedmostlarimni fosh qildi. Bunisi ham mayli-ya, izimga “Xalq kontroli” ham tushgan ekan. Bozorlarda sanqigan o‘n uch chayqovchimni qo‘lga olishibdi. Avvalgi o‘n uch reviziyadan xiyla va pora bilan qutulganim ayon bo‘ldi. E, qo‘yingki, ishning dumi chiqdi. Na sarflagan “o‘n uch-o‘n uchlarim” foyda berdi, na suyangan o‘n uch akaxonim bosdi-bosdi qila oldi. Hamma-hammasi fosh qilinib, ish sudga oshirildi. Oxirgi marotaba magazindan chiqishimda nimadir bo‘lib, magazin nomeriga ko‘zim tushib qoldi. Yo rab, hech e’tibor bermagan ekanman, magazinim nomeri ham “13” ekan. Shu-shu sudgacha o‘n uch kun isitmalab yotdim. Ishqilib bu yog‘ini ham o‘n uch yilga kesishmasaydi, deb qo‘rqaman. Sud ham bo‘lib o‘tdi. Yo‘q, haytovur, o‘n uch yil emas, uch yil berishdi…

Ana shunaqa, qamoqdan keldim hamki, “13” sonini ko‘rsam yoxud eshitsam, asabim qaqshab, jinni bo‘laman…

O‘g‘limning shovqini xayollarimni to‘zg‘itib yubordi.

— Dada…

— Nima? — dedim istamaygina.

— Maktabimizda o‘n uchinchi mart kuni…

— Ix-x…

Arxivdan.

1982-yil, iyun, Hirot.