Insoniyat dunyosida Xudoning mavjud yoki mavjud emasligi haqidagi bahs-munozara azaldan bo‘lgan. Bu hol to‘rt ilohiy kitob yuborilganiga qaramay, mudom davom etmoqda. To‘g‘ri, aslida bahs ham, munozara ham deb atash nojoiz mazkur jarayon, avvalo, har bir odam qalbida, shuurida pinhona kechadi va nima sababdandir u tug‘yonga kelgandagina tashqariga chiqadi hamda ko‘ngil qatlarida yashirinib yotgan ishtibohlarni uyg‘otib, gohida dunyoni larzaga solgan voqea-hodisalarga sabab bo‘ladi.
Har bir narsa o‘z mazmun-mohiyati, moddiyligi va asliyati bilan muayyan qimmatga ega. Basharning turfa dinlarga mansub jamiki olimu ulamosi cog‘-nocog‘, mast yoki rost holda shu haqda bosh qotirib, aslida Xudo emas, o‘zining mavjudligini isbotlashga uringan. Zotan, har bir odam dunyoga, boringki, atrof-muhitga hamisha o‘z ahvoliga munosabat bildiradi. Bundan ortig‘ini kutish odamzodga begona fazilatlarni tirkash bilan barobar. Shuning uchun unga Xudo kerak, zarur! Aks holda, odam bolasi o‘zi kabi ongli boshqa biron mavjudotning, hatto Xudoning-da “xayoli”ga kelmagan (ifoda nojo‘ya chiqqan bo‘lsa, O‘zi kechirsin!) yovuzliklarni, o‘zbekona-sharqona aytganda, noma’qulchiliklarni qilishga qodir.
Qarang, Rim prokuratori Pontiy Pilat (imperatorning noibi, ya’ni ishonchli kishisi) o‘z taxtida o‘tiribdi, boshi og‘riqdan yorilay deyapti, fikri-yodi — shu azobdan forig‘ bo‘lish. Shu tobda uning oldiga mahbus olib kiriladi. Prokurator uni hukm qilishi kerak. Ammo mahbus qurg‘ur boshqacharoq chiqib qoldi: uni “saxovatli (balki yaxshi) odam” deb atadi. Shunaqasi ham bo‘ladimi? Axir, odatda, mahkumlar yolvoradi, shafqat so‘raydi, boshqa jinoyat qilmaslikka so‘z beradi. Bu esa hadeb o‘z gapidan qolmaydi — hammani “saxovatli odam” atayveradi. Hatto yuzini pachaqlab tashlagan kallakesar Kalamushkushni ham. Bunday olijanoblikni, ezgulikni kim bag‘piga sig‘dira oladi? Xudo yoki uning elchisi — paygambar-da! Prokurator qarshisidagi pajmurda mahbusning hamon “saxovatli odam” deyotganiga, o‘lgudek azob berayotgan boshog‘rig‘i ariganiga, tegrasida qaldirg‘och ucha boshlaganiga, sho‘rlik mahbusga chin dildan yaxshilik qilgisi, uni avf etgisi kelganiga, ro‘parasida xuddiki payg‘ambar turganiga qaramay, uni qatlga hukm etdi.
U bor-yo‘g‘i Rim davlatidagi ko‘pxudolikni inkor qilib, adolatli jamiyat haqida gapirgan edi. Bu da’vat esa uning qalbiga Xudoning izni bilan kirgan…
Moskvaning Patriarx ko‘li bo‘yida issiqdan jizg‘anak bo‘lib o‘tirgan shoir bilan muharrir Iso alayhissalom haqida bahsga kirishgan. O‘sha on ro‘paralarida “ajnabiy odam” paydo bo‘ladi. U ingliz, nemis, fransuz, polyak, hatto o‘ris bo‘lib ko‘rinadi. Hamma tillarni bilishi-chi! Shoiru muharrir Xudo yo‘q, Iso alayhissalom ham bo‘lmagan, deydi. Xudo bo‘lmasa, bu dunyoni, hayotni kim boshkaradi? Albatta, insonning o‘zi-da, deydi bilag‘onlar pinak buzmay. Axir, dunyoni boshqarish uchun hech yo‘q “ming yillik” reja kerak-ku?! Odam bolasi esa, o‘z umrini rejalashtirish tugul bir soatdan keyin nima bo‘lishini ham bilmaydi. Alqissa, muharrir Annushka to‘kkan moyga sirg‘alib ketib, tramvay ostida qoladi — kallasi cho‘rt uziladi.
“— … mamlakatlaring qanaqa o‘zi, nimani so‘rasang — yo‘q!..”
Avvalroq esa “Iblis ham yo‘q deng?” deb so‘ragan edi ajnabiy. Ikkovlon Iblisni ham inkor qilgan edi. Aslida esa Iblis ularning qarshisida professor Voland qiyofasida turardi. Odamzod uni ko‘rib turibdiyu, yana inkor etyapti. Qizig‘i, hatto Iblis ham Xudo bor, uning payg‘ambari Iso alayhissalom chindan bo‘lgan, deya e’tirof etyapti. Lekin odamzod ishonmayapti bunga. Shundan so‘ng Voland — Iblis xudosizlardan uch ola boshlaydi. Biroq yomonlik qilaman deb yaxshilik qiladi, ya’ni ularning asl niyatini ro‘yobga chiqaradi…
Mixail Bulgakov o‘z davrining (voqealar XX asr 30-yillari sobiq SSSR hududida kechadi) chinakam manzaralarini, fojialarini bor-boricha chizib beradi. Xudosizlik, xiyonat, chaquv, ochlik, qatag‘on avj olgan tahlikali davrda yashab, uni haqqoniy yoritish tom ma’noda jasorat edi. Umuman, yozuvchining romanlari, qissa va hikoyalari, pesalari, hatto maqolayu feletonlarini o‘qib, hayratlanmay iloj yo‘q: ularda realizm ham, fantastika ham, yumor va satira ham, dunyoviy va diniy falsafa ham bor. Shu ma’noda, goho o‘sha davrda bizning adabiyotimizda nega bunday asarlar yozilmagan, deya o‘kinganim rost. Axir, bizda ham ne-ne iste’dodli qalamkashlar bor edi-ku?! Demak, hammasi (jasorat ham) odamning (ijodkorning) ichida ekan-da…
Bulgakov “Usta va Margarita”ni o‘n ikki yil mobaynida yozgan. (Romanning ruschasini ham o‘qiganman.) Umrining oxirgi kunlarigacha ayoli yordamida tuzatishlar qilgan, deyishadi. Qiziq, yozuvchi yana besh yoki o‘n yil yashaganida, roman qay ahvolga kelar edi? Asarda syujet, fikr shu qadar quyma va betakrorki, bironta detalni ortiqcha deyish qiyin. Buning ustiga, romanda bosh qahramonning o‘zi yo‘q, to‘g‘rirog‘i, personajlarning har biri bosh qahramon; ular qusurlari, fazilatlari bilan tirik odamlar darajasiga ko‘tarilgan.
O‘rislar bu yozuvchini (romanini ham) bejiz mistik (ilohiy) xislatlarga doxil, deyishmaydi. Chunki u XX asr dunyo adabiyotiga Xudoning chinakam in’omi edi.
Buyuk Bulgakovni shuning uchun ham qadrlaymiz-da!
Qiziq-da, odamzod aql topib belgilagan shartli yigirma asr, ya’ni ikki ming yildan ortiqroq muddat hammamizni asir etgan. (Agar musulmon taqvimida hisoblasangiz, bu yanada oz – o‘n besh asr.) Ushbu muddat mobaynida qovrilamiz, yonamiz, aql-tafakkurimizga o‘zimizcha, posangilar qo‘yamiz, tarixdagi kimlardandir ibrat olamiz, kimlardandir nafratlanamiz, xullas, zamonaga qarab, o‘zimizga ham (har xil qirovu qorlardan saqlovchi) “po‘stin” bichamiz, hech yo‘q shunga urinamiz…
Diniy, dunyoviy, hatto ba’zi tasavvufiy olimlarning bitiklarini o‘qisangiz, xuddiki o‘tmishda odamlar emas, nuqul farishtalar yashagandek. Go‘yo bobolarimizning barchasi oqilu dono va faqat Xudo bilan “gaplashganday” tuyuladi. Diniy-tasavvufiy ilmlardan boxabar bir marum shoir hazil aralash aytgan edi: “Falonchi (buyuk alloma) olim-mutafakkirimizda, aslida, hozirgi o‘ninchi sinf bolasining (o‘n yil oldingi gap bu) ham bilimi yo‘q edi”. Filhaqiqat o‘sha davrda ham, undan oldinu keyin ham hamisha o‘zimiz singari odamlar, oddiy odamlar yashagan, shuni unutmasligimiz kerak.
Deylik, Umar Xayyomni (hozirgi TVsiz, Internetsiz ham) butun dunyo xalqlari o‘qigan, o‘qiydi. Xayyom ruboiylari har yili dunyoning ko‘plab tillarida millionlab nusxada chop etiladi, u haqda ilmiy, badiiy asarlar yaratiladi. Bizningcha, agar u oddiy odamlik, ya’ni bandalik borasida gapirmay, biron din, mazhab, til yoki qaysidir tabaqa manfaatini ko‘zlaganida, nomi ming yil osha yashamas edi. Bizningcha, Forobiy ham, Xorazmiy, Beruniy ham, Navoiy yoki Bobur, boringki, Mashrab ham oddiygina odam edi va ehtimol, oddiygina odamga nisbatan buyuk ishlar qilgandir.
Ba’zilar (ayniqsa, bizda) Xayyomni ilohiylashtirishgacha borib etmoqda. Go‘yo XI asrda oddiy shoir, olim emas, ilohiyotchi imom, hozirgi davr tilida aytganda, qori-mulla yashagandek. To‘g‘ri, u o‘z davrida diniy ilmlarni chuqur egallagan, forsiy, arabiy, turkiy tillarda so‘zlay olgan, shuningdek, dunyoviy sohalarda ham hanuz qimmatini yo‘qotmagan kashfiyotlar qilgan inson edi. Lekin uni butun dunyo, eng avvalo, ruboiylari orqali biladi, sevadi. Birovlar bu ruboiylar Xayyomniki emas, deydi, kimlardir uni dahriyga yo‘yadi, boshqasi salkam avliyo, payg‘ambar darajasiga ko‘taradi… Biroq ko‘pincha Xayyomning oddiy odamlikka intilgani chetlab o‘tiladi. Ochiq aytay, XIV asrdan keyin paydo bo‘lgan tasavvufiy istilohlarni (jom — ko‘ngil, may — ishq, yor — Olloh) ham unga tirkay boshlashdi.
“Ilohiyot ilmin o‘rgat”, dedi dil.
Agar o‘zing bilsang, menga bayon qil.
“Alif” degan edim, “bas”, dedi menga.
Bir harf ham etadi kim bo‘lsa oqil.
Yoki:
Ulkim, go‘zallarga xandon lab bermish.
Dard ahliga jigar qonin zap bermish.
Qismatimiz shodlik bo‘lmasa, ne g‘am.
Shodmiz, chunki g‘amni ming-minglab bermish.
Yana:
Tuproqni toptaydi nodon oyog‘i.
Bilmaski, bu jonon yuzin tuprog‘i.
Saroy gungirasin bezagan har g‘isht —
Sulton kallasi yo vazir barmog‘i.
Endi mana bunisiga quloq tuting:
Ka’bayu butxona — qullik xonasi,
Butxona zangi ham shum taronasi.
Mehrobu kaliso, tasbehu salib —
Barchasi qullikning bir nishonasi.
Buyuk mutafakkirning o‘zi aytib turibdi — u din, millat degan tushunchalardan yuqori ko‘tarilib, mutlaq erkni istagan, odamzod turli qonun-qoida, ahkomlar, boringki, odatlarni kashf etaborib, o‘zi beixtiyor ana o‘shalarning quliga aylanib qolishidan iztirob chekkan.
Goho Xayyomni dahriylikda, Ollohga isyon qilishda ham ayblashadi. Yo‘q, shoir Yaratguvchining chinakam oshig‘i, uni joni-jahoni bilan sevgan. Ammo ruboiylarida “hammasi sening izmingda ro‘y beradi”, “hammasini o‘zing bilasan, bilasanu, nega meni jazolaysan yoki so‘roqqa tutasan” mazmunidagi fikrlarni aytarkan, inson naqadar ojiz, aylanib-o‘rgilib yana Yaratguvchiga muhtoj bo‘ladi, aks holda, uning ahvoli xarob demoqchiki, bu zinhor Ollohga emas, odamzodning o‘ziga isyonidir.
Xayyom haqida so‘z borganda, qanday davra bo‘lishidan qat’i nazar, albatta, may, ya’ni mast etuvchi ichimlik borasida ham gapiriladi. Mayxo‘rlar (ayniqsa, o‘rislarda va Fapb xalqlarida) uning ruboiylaridan o‘qib, qadah ko‘taradi. Aslida, kishining ichish yoki ichmasligiyoq bir narsani hal qilmaydi. (Atrofimizda yashayotgan, qolaversa, dunyodagi buyuk shaxslarning fe’l-atvori, nuqsonlari qadimda ham odam — odam bo‘lganini yana bir bor yodimizga soladi.) Bu borada ham Hazratning o‘ziga murojaat qilaqolaylik:
Hushyor bo‘lsam, mendan xushnudlik yiroq,
Mast bo‘lsam, aqlimdan ajrayman biroq.
Mastligu hushyorlik oralig‘i bor —
Hayot shu, unga qul bo‘lsang yaxshiroq.
Yana:
Men mayni quvnamoq uchun ichmayman,
Shodlik deb odobu dindan kechmayman.
Maqsadim — o‘zlikdan ketib bir nafas,
Orom olsa, bexush bo‘lib jonu tan.
Bunisi-chi!
Bir qo‘lda Qur’onu bittasida jom,
Ba’zida halolmiz, ba’zida xarom.
Firuza gumbazli osmon tagida
Na chin musulmonmiz, na kofir tamom.
Xo‘sh, bu erda shoirning isyoni kimga, deb o‘ylaysiz? Aslo Yaratganga emas! O‘z manfaati yo‘lida ming bir tusda tovlanayotgan, o‘ziga har qancha turfa fazilatlar tirkamasin, inson baribir gunohu xatodan xoli bo‘lolmasligiga — ojizlikka qarshi isyon bu!
Ayting-chi, marosimlarda dunyoyu oxiratdan va’z aytib, so‘ngida sohibi xonadonning “ko‘kish” kaftiga qarab turgan yoki Ollohning sabr-bardosh, nafs haqidagi yo‘riqlarini so‘zlab bo‘lib, ikkinchi yosh xotinining qo‘yniga shoshilgan. uch-to‘rt so‘m pul uchun o‘n olti yoshli qizchani ellik-oltmish yashar kishiga nikohlab qo‘ygan qori domlaning gunohi ko‘chada shirakayf holda qo‘shiq yoki Qur’on oyatlarini xirgoyi qilib ketayotgan odamnikidan kammi?! U yog‘i Xudoga ayon. Bu borada ham shoirning o‘zi ochiq-oydin aytib qo‘ygan:
Mastni ta’na qilma, ichmasang sog‘ar,
G‘iybat — doston qilma, bo‘lma hiylagar,
Kekkaya ko‘rma hech may ichmayman, deb,
Sening qilmishlaring bundan beshbattar.
Matematika, geometriya, astronomiya, falsafa kabi fanlarda buyuk kashfiyotlar qilgan, Qur’on va Hadis ilmining peshqadami, benazir shoir Umar Xayyom butun dunyo xalqlari uchun birdek sevimli — shuning o‘zi unga berilgan yuksak bahodir. Chunki u hech bir ta’ma va iddaolarsiz haqiqiy inson maqomiga ko‘tarila oldi.
Xalqimiz shoir ruboiylarini atoqli xayyomshunos va mutarjim Shoislom Shomuhamedov tarjimalari orqali bildi, o‘qidi. U kishining ruhiga duolarimiz bisyor. Ammo Xayyom ruboiylarini yanada mukammal o‘girish payti allaqachon kelgan.
Hazrat bunday yozadi:
Ko‘plar donishmand deb bildilar o‘zni,
Xudoning zotidan ochdilar so‘zni.
Hech biri bilolmay azal sirlarin,
Aljirab-valjirab yumdilar ko‘zni.
Men ham ushbuni aljirab-valjirab tugallayotgandekman…
Bundan o‘n-o‘n besh yillar ilgari olimu yozuvchilarimiz Alber Kamyuni (Kafkani ham) rosa “bayroq” qilishdi Shu bahona uning ba’zi asarlari o‘zbek tiliga o‘girildi.
Shaxcan menga Kamyuning “Begona”, “Vabo” kabi shov-shuv qilingan asarlari yoqavermaydi. Turgan-bitgani rutubat, zulmat. Ehtimol ulardagi “buyuk fikrlar”ga kaminaning aqli etmac. Ammo “Kaligula” pesasi hayratga solgani rost.
Kamyu bu asarni 32 yoshida yozgan ekan. Men esa uni 38 yoshimda bir oy ichida ona tilimizga o‘girdim va u “Jahon adabiyoti” jurnalining 2013 yil noyabr-dekabr sonlarida (Kamyuning 100 yilligiga) bosilib chiqdi. Ha, Kamyu kimu sen kim, bu erda yoshning nima aloqasi bor demoqchisiz-da?.. Haqsiz. Ammo aql-tafakkur va uning mahsulini ifoda etish borasida, menimcha, yoshning ahamiyati bordek (garchi “Aql yoshda emas, boshda” bo‘lsa-da).
Avvalo, Kamyudek bir necha yirik romanu qissa, hikoyayu esse yozgan odam nega endi “Kaligula”ni pesa “qilib quyaqoldi”? Nima, u romanga yoki qissaga arzimasmidi? Arzirdi, albatta. Lekin muallif dunyo va inson haqidagi fikrlari, iztiroblarini bir o‘zanga tizib chiqishni istagani uchun ham shu janrni tanlaganday tuyuladi. (Aslida, qadimgi Rim imperatori Kaligula — tarixiy shaxs, biroq Kamyu Kaligulasi undan farq qiladi. Tarixdagi Kaligula, yozishlaricha, tom ma’noda yovuz, vahshiy va axloqsiz bo‘lgan. Kamyuning Kaligulasiga bu sifatlarni tirkab ko‘ring-chi!)
Kaligulaning ba’zi gallarini yodingizga solsam: u sahnaga birinchi pardaning uchinchi ko‘rinishida egni-boshi iflos, loyga belangan, ayanchli bir ahvolda kirib keladi. Gelikon undan qaerda bo‘lganini so‘raydi.
“Kaligula: Topish mushkul bo‘ldi.
Gelikon: Nimani topish?
Kaligula: Izlagay narsamni.
Gelikon: Neni izlaganding?
Kaligula: Oyni.
Gelikon: Nechun?
Kaligula: Shunchaki. … U menda yo‘q narsalarning biri”.
U — imperator, istagan narsasi muhayyo. Unda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. O‘ylab qarasa, faqat “shaxsiy oyi” yo‘q ekan.
U aytadi: “Nazarimda, mavjud narsalarning tartibotlari butunlay yaroqsizdir… Bu olamni shundayligicha qabul qilib bo‘lmaydi. Shuning uchun menga oy kerak, yoki baxt, yoki abadiy hayot, mayli, qanaqadir aql bovar qilmas narsami, zarur, faqat u mana shu olamdan bo‘lmasa bas”.
Kaligula cheksiz-chegarasiz erkidan, hayotidagi mislsiz sazovorliklardan zerikkan. Odamlarning yolg‘onga, xushomadga mukkasidan ketgani, qullikka ko‘nikib, uni baxt kabi qabul etishi joniga tekkan. Odamzodning umri mantiqdan yiroq yoki mantiqqa butunlay bo‘ysunmaydi.
U shunday farmon beradiki, barcha boylar, mulkdorlar o‘z farzandlarini merosdan mahrum qilsin. Shundan so‘ng merosxo‘rsiz qolgan otalarni turli usullarda o‘ldirib yuborish ko‘zda tutiladi. “Boshqarish — talash demakdir, — deydi Kaligula, — bu hammaga ayon. Faqat turli usullari bor. Men esa oshkora talayman. Bu quyi tabaqani ozod etadi”. Yana deydi: “Va nihoyat men hokimiyatga nedan naf kelishini tushundim. U imkonsiz narsalarga allaqanday imkoniyatlar beradi. Bugun va kelajak barcha zamonlarda mening erkim chegarasizdir”. Yana: “Men adabiyotchilarni yoqtirmayman, ularning yolg‘onlariga toqat qilolmayman. Ular o‘zlarini tinglamaslik uchungina gapiradi. Agar ular o‘zini tinglaganida edi, naqadar tuban ekanliklarini tushunardi va unlari o‘chardi. Bas, etar. Men yolg‘onchilardan nafratlanaman”.
“Odam bo‘lmoq naqadar og‘ir va achchiq”.
Ana, endi Kaligulaning qalbi ochiladi: “Agar men dunyo tartibotlarini o‘zgartirolmas, toki quyoshni Sharqqa botadigan, toki qayg‘u-azoblar yo‘qolib, odamlarni o‘lmaydigan qila olmas ekanman, menga qattiqqo‘llikningu bu misli ko‘rilmagan qudratning ne keragi bor?”
Endi “Usta va Margarita” romani epigrafini eslang:
Kimsan, ayt!
— Men hargiz yomonlik tilab —
yaxshilik qilguvchi kuchning bir qismi”.
Gyote, “Faust”.
Bu — Voland, ya’ni Iblisning tutumi, g‘oyasi.
Qarang, Kaligula dunyoni o‘zgartirish, odamlarga boqiy umr va baxt tuhfa etish uchun shuncha vahshiylikpar qilayotgan ekan. Agar shu ezgulik bo‘lsa… Kaligula “Xudoning ishi”ga aralashmayaptimi, sizningcha?
Qullik insonni ayanchli, jirkanch ahvolga solganidek, cheksiz kuch-qudrat ham uni yovuzlikka etaklaydi.
Kaligula bunday deydi: “Men osmon va dengizni aralashtirib, go‘zallikni rasvolik bilan qorishtirib, azobdan kulgining parchalarini ajratib olmoqni istayman”.
Kaligula xudolik da’vo qilayotgandek, odamlar o‘lmasligi va baxtli bo‘lishi uchun ularga bir murabbiy kerak, deb o‘ylaydi hamda o‘z timsolida ana o‘sha murabbiyni ko‘radi. Qadimgi Misrda Fir’avn shu tarzda paydo bo‘lgan edi
Kaligula — bag‘oyat kuchli aql-tafakkur sohibi. Agar u imonli ham bo‘lganda, aslo shakkoklik qilmasdi, ehtimol, avliyo maqomiga noil bo‘lardi. Uning fojiasi — yo‘lni yo‘qotishni yo‘l deb bilishidadir.
Shu o‘rinda Hazrati pir — Bahouddin Naqshbanddan iqtibos zarur ko‘rinadi: “Bu qavm ulug‘larining so‘zlaridanki, bu yo‘lda yurguvchi o‘z nafsini Fir’avnning nafsidan yuz marta battar deb bilmasa, demak, bu yo‘lda emas”.
Kaligula yana bunday deydi: “Men yashayapman, men o‘ldiryapman, men ma’budlar qudrati uning oldida ojiz bir taqlid bo‘lib qolguvchi buzg‘unchining favqulodda bir qudratiga egaman. Mana shu — baxtiyorlik degani. Aql bovar qilmas xo‘rlik, olamdagi borki narsadan, atrofdagi qon va nafratdan jirkanish, bir nigoh bilan butun hayotini qamrab olguvchi insonning mislsiz yolg‘izligi, jazoga tortilmagan qotilning adoqsiz quvonchi, inson umrini… majaqlab tashlaguvchi beshafqat mantiq — mana shuning o‘zi baxt”.
Kaligula o‘layotib bunday deya hayqiradi: “Men hali tirikman!”
Kaligula — hali tirik!
“Kaligula”ni o‘qisangiz, men aytolmagan gaplar ham ko‘p. Uni o‘zbek sahnasi ham kutayotir.
“Chol va dengiz” kichkinagina qissa, lekin… kattagina she’rga o‘xshaydi. Bir nafasda yozilganday. Shu qadar samimiy, shu qadar dilga yakin.
Cholning tushlari. Kambag‘al, qurib-qaqshagan, hech kimi yo‘q cholning tushlari naqadar go‘zal! Bolakayning unga bo‘lgan mehri-chi? Mana shu cholga ham havas qilguvchi, uni sevguvchi bor-a! Yozuvchi bunga ishontira olgan.
Ustoz Xeminguey dengizda ko‘p bo‘lgan, ov qilgan. Adib bu qissa syujetini balki dengizda yurganida kashf qilgandir. Men esa dengizni hatto ko‘rmaganman. Ammo yozuvchi tasvirlari… Bepoyon dengiz. Qayiqda yolg‘izsan. Atrof — suv, suv, suv… Dengizning ulug‘vorligi, kimsasizlik yurakka vahm soladi. Qartaygan chol dengiz — hayot bilan yuzma-yuz. U bir umr orzu qilgan ulkan balig‘ini tutdi, lekin qirg‘oqqa etguncha uning ustixoni qoldi, xolos. U maqsadiga erishdi, biroq quruq qo‘l bilan qoldi. Insonning umri ham shu-da.
Cholning tushlari esa yashayveradi…
Bu qissa o‘ris tilida ham, o‘zbek tilida ham sho‘ro davrida nashr etilgan. Nega uni pessimistik — tushkun asar deyishmagan? (Nobel mukofoti berilgani uchunmi?) Balki deyishgandir. Mabodo, ushbu asarni o‘shanda menga o‘xshagan o‘zbek adibi yozganda syujet quyidagicha bo‘lardi: ixcham soqol-mo‘ylov qo‘ygan, boshiga do‘ppi qo‘ndirib, egniga chakmon ilgan chol (balki hojidir) suv bo‘yida duo o‘qib o‘tiribdi. Shu payt tilla baliq paydo bo‘lib, undan ahvol so‘raydi. Chol katta baliq tutmoqchi ekanini aytadi. Tilla baliq borib katta baliqni boshlab keladi. Chol uni ushlab oladi va niyatiga etib, xursand bo‘ladi. Katta baliqni uyga olib kelib pishiradi va bola-chaqasi bilan maza qilib eydi. Ortganini xudoyi qilib, oxirida hech yo‘q (kommunistik) partiyaga rahmat aytadi. Tilla baliq esa rahmatsiz qoladi… Obbo-o, yana tushkunlashib ketdi-ku!..
Ustoz Xeminguey urush ko‘rgan. Odamzod ruhiyatini, fe’lini yaxshi bilardi… Men “Chol va dengiz”ni takror-takror o‘qiyman.
“Ehtimol, sizda ham shunday hollar bo‘lgandir: tun yarmidan oqqanda birdan uyg‘onib ketasiz… Shunday paytda ko‘z o‘ngimda to‘satdan onam paydo bo‘ladi. Qorong‘i xonaning bir burchagidan chiqib keladi-da, ma’yus jilmaygan ko‘yi boshim ustiga egiladi. Yillar zahmatidan dag‘al tortgan barmoqlari bilan peshonamni silagandek bo‘ladi…
O‘pkam to‘lib, o‘zimni tutolmayman. Birdan tush kabi uzuq-yuluq xotiralar yopiriladi, yuragim gursillagancha o‘rnimdan turib ketaman”.
Bunaka holat menda ham ko‘p bo‘lgan. o‘n yoshimda bu yorug‘ olamni tark etib, uni zimiston qilib ketgan onajonimni takror-takror eslayman…
“Dunyoning ishlari” dastlab e’lon qilinganda biz o‘smir, boring, ana, maktab bitiruvchisi edik. Maktab-internatimizda, aniqrog‘i, sinfimizda otasiz, onasiz yoki ikkisidan ham judo bo‘lgan bolalar ko‘p edi. Bu asarni yig‘lab-yig‘lab, qayta-qayta o‘qiganmiz, bir-birimizga taassurotlarimizni, sog‘inchlarimizni jo‘shib so‘zlaganmiz… Qissa judayam dilga yaqin edi, xuddi bizning, mening kechmishlarimni yozgandek tuyulardi. Masalan, bolaligimda men ham ba’zan onamning (biz buvi derdik) oldiga borardim-da, “Buvi, tikan qo‘lingiz bilan elkamni qashib qo‘ying”, deya yoniga dum tushib yotib olardim. (Otasiz edik, men yolg‘iz o‘g‘il, balki meni boshqacha suyarmidi, doim aytganimni bajo qilardi.) Onam maykamni qayirib, elka va kuraklarimni shunchaki silardi, lekin kaftu barmoqlari etimni tirnagandek bo‘lardi Buni yillar o‘tib tushunganman — qo‘llari mehnatdan yorilib ketgan ekan-da… O‘tkir Hoshimovning yozganlariga o‘xshaydi, a?..
Yoki mana bu voqeani oling: etti-sakkiz yoshlarda bo‘lsam kerak. Kech kuz edi. Sharros yomg‘ir yog‘yapti. Sovuq. Shamollaganman shekilli, isitmam ko‘tarilib, alahsiray boshlabman (u paytda buni o‘zim tushunmaganman). Onam bechora meni opichib, ustimizdan dadam rahmatlining choponini yopinib, ambulatoriyaga chopib ketgan. Do‘xtirxonagacha ikki kilometr bor edi.Yetib borgan, do‘xtir menga dastlabki muolajani qilgan. Keyin, mundoq qarasa, onam yalangoyoq turganmish. Shunday sovuqda bolasini, ya’ni meni o‘ylab hatto kalish kiyishni unutgan ekan. Bu ham “Dunyoning ishlari”da bor, a?..
Hozir ham goho kayfiyatim tushib, dunyo ko‘zimga qorong‘i ko‘rinib, vujudimni sog‘inch va faqat sog‘inch qamraganda… Bu holga hatto bolalarim ham dosh berolmay, ko‘zimga mo‘ltirab boqishadi. Men esa, qayda o‘tirmayin — uydami, so‘ridami. erdami — o‘sha erda qolaman. So‘fiylar xufya zikrida “Olloh, Olloh”, deganday faqat “buvi, buv, buv, buv!…” deya takrorlayveraman. Bu hol beixtiyor kechadi va to holdan toygunimcha davom etadi. Shunday qilibgina men ertasi kuni yashay olaman…
“Dunyoning ishlari”ga o‘xshatib nimalardir yozgim keladi (hatto qoralaganman ham), ammo uddasidan chiqolmayman. Ustoz O‘tkir Hoshimov qoyillatib yozib qo‘ygan. O‘tkir aka bu asari bilan onalarga, o‘zbek onalariga haykal qo‘ydi. Chunki u tom ma’noda o‘zbek yozuvchisi edi.
Adabiyotning birinchi talabi, fikrimcha, samimiyatdir. Har qanday eksperiment-tajriba ham, falsafa yoki fikr ham samimiy bo‘lsagina, o‘quvchiga singadi, uni ortidan etaklaydi, hayratga soladi.
O‘tkir Hoshimov samimiy yozuvchi edi.
Ilova. Kitobdan yaxshiroq hamsuhbat yo‘q, deydilar. Bular — kitob bilan adoqsiz suhbatlarimdan atigi bir shingil…