2005-yilning 13-may tongi qishlog‘imizda ham tahlikali otdi. Ertalabdanoq ko‘chada vahimali gaplar aylanib qolgandi: shaharda (Andijon shahrida) otishma, urush bo‘layotgan emish. Bu gapni eshitgan ayolimning birinchi aytgan so‘zi «o‘g‘limiz» bo‘ldi. Chunki katta o‘g‘limiz Bo‘ston dahasidagi akademik liseyda o‘qirdi. Lisey esa (keyinroq eshitganmiz) tunda jangarilar tomonidan buzib kirilgan qamoqxonaga yaqin. Qancha ashaddiy jinoyatchilar chiqib ketgan axir.
Mashina yollab, shaharga yo‘l oldim. Xayolim o‘g‘limda. Afsuski, olimpiya zaxiralari kolleji oldida yo‘l to‘sib qo‘yilgandi. Mashinani qoldirib, piyoda yo‘lning narigi betiga o‘tdim. Yonimga qizil «Damas» kelib to‘xtadi. Ichida odamlari bor. Chiqdim. Eski shahar sari boryapmiz-u, haydovchi tinmay gapiradi. U bo‘layotgan ishlarni yoqlardi va goho «pul bermasanglar ham mayli», deb qo‘yardi. Xayolim o‘g‘limda bo‘lganligi uchun terrorchilar targ‘ibot-tashviqot ishlarini ham boshlab yuborganliklarini keyinroq tushundim.
Eski shahar to‘polon edi. Viloyat drama teatri, A.Bakirov nomidagi kinoteatr binolari lovullab yonardi. Viloyat hokimligining oldi tumonat odam. Bo‘ston sari piyoda yo‘lga tushdim. Navoiy shohko‘chasida faqat odam oqardi. Bir necha joyda yoqib tashlangan mashinalar, jangarilarning murdalari yotibdi. Bu mudhish manzaralarni ko‘rib, Afg‘on urushida ko‘rganlarim yodimga tushdi. Nahotki mening Vatanim ham urush olovi ichra qolsa, degan savol bag‘rimni yoqdi. Chunki o‘tgan tunda nima bo‘lganini, voqealarning qamrovini hali bilmasdim…
Lisey eshiklari berk edi. O‘qituvchilar o‘quvchilarning xavfsizligi uchun shunday qilishgandi. Ikki o‘rtadagi so‘rab-surishtiruvlardan so‘ng o‘g‘limni olib chiqib berishdi. Qaytishda shahar markazini aylanib o‘tdik: o‘g‘lim boyagi manzaralarni ko‘rmasin, dedim. Shunday qilib, uyga yetib keldik.
Ertasi kuni tushdan keyin meni viloyat hokimligidan chaqirishayotganligi, «Andijonnoma» gazetasi tahririyatiga (unda men bu yerda ishlamasdim) borishim lozimligini aytishdi. Bosh muharrir betob ekan. Kechga tomon uning mashinasida aylanma yo‘llar bilan tahririyatga yetib keldik. Tahririyat huvillab yotardi. Hademay o‘sha paytda viloyat hokimligida kotibiyat mudiri bo‘lgan Nazirjon Saidov, tashkiliy nazorat guruhi rahbari Anvar Mo‘minov (marhum), matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i Abdug‘ulom Sultonov, bosh muharrir o‘rinbosari Abdumutal Abdullayev, mas’ul kotib Halimjon Tohirov va men jam bo‘ldik. Gazeta chiqarish borasida maslahatlashdik. Keyin dizayner Rustamjon Eshonov, kompyuterchilar Omadxon Nurmatova, Gavharoy Ahmadjonova olib kelindi.
Qorong‘u tushdi. Xavfsizlik idoralari vakillari xonalarning chiroqlarini yoqmaslikni tayinlashdi. Nimqorong‘ida ishlashga to‘g‘ri keldi. Birinchi sahifaning asosiy maqolasini men yozadigan bo‘ldim. Bo‘lib o‘tgan voqealardan qalbim tom ma’noda iztirobda edi. Notinchlik keltirgan vayronagarchilik, insonlarning halok bo‘lishi yurak-bag‘rimni ezardi. Shuning uchun satrlar quyilib kelaverdi. Maqolani ko‘zlarimda yosh bilan yozdim.
Endi gazetaning to‘rt sahifasini maqola bilan to‘ldirish kerak edi. Birovning oldiga borib yoki tahririyatga taklif qilib intervyu olishning, gaplashishning iloji yo‘q. Shunday tunda birov ko‘chaga chiqarmidi (tunda Chorguzar tarafda otishma bo‘ldi). Xullas, Abdumutal aka va Halim aka uchovimiz o‘zimiz ishongan, fikrlarimizni rad etmaydigan kishilar nomidan maqolalar tayyorladik. (Bu sir edi, endi aytsak bo‘laversa kerak.) Shunday qilib, bo‘lib o‘tgan mudhish voqealardan keyingi birinchi gazeta dunyo yuzini ko‘rdi. Keyin har kuni gazeta chiqarildi, lekin birinchi baribir birinchi-da. O‘sha tunda hatto tamaddi qilishga ham imkon topolmaganmiz.
Ushbuni yozishdan murod kimnidir maqtash yoki o‘zimni ko‘rsatish emas. O‘sha fojeali kunlarda ham qo‘rqmasdan, hech yo‘q o‘z xizmat joyida yurt koriga yarashga intilgan odamlar bo‘lganligini eslatib o‘tmoqchi bo‘ldim xolos. Chunki birrov ko‘zga tashlanib, so‘ng g‘oyib bo‘lgan yoki hodisalarning nima bilan tugashini kutgan odamlarni ham bilamiz.
U qora kunlar dunyoga ovoza bo‘ldi. Andijon voqealari haqida gapirmagan odamning o‘zi qolmadi. Ayniqsa, chet ellardagi muxoliflarimizga xudo berdi — jag‘lari yirtilguncha sayrashdi. Olam ahli ko‘z o‘ngida O‘zbekistonni yomon otliq qilishga urinishdi. Ammo uddasidan chiqolmadi. Muhtaram Yurtboshimizning uzoqni ko‘zlab, oqilona ish tutishi, xalqimizning og‘ir-bosiqligi, fitnalarga ergashmaganligi terrorchilar ustidan g‘alaba qozonishimizga olib keldi. Chindan ham andijonliklarning matonati, mustaqillikka, tinchlikka sadoqati tahsinga loyiq. Axir sho‘x, tomoshaga ishqiboz, aldanishga moyil yoshlarimiz buzg‘unchilarga ergashishi mumkin edi-ku! Lekin ergashmadi. Demak, yoshlar tarbiyasi borasida ham to‘g‘ri yo‘l tanlagan ekanmiz.
May voqealari haqida hali kitoblar yoziladi, kinofilmlar ishlanadi (dastlabkisi ishlandi ham). Fikrimcha, ularda albatta, xalqning sabr-matonatini, terrorchilarga imkon qadar zarba bera olganini tasvirlash, e’tirof etish kerak.
«Yomonning jazosini xudo beradi», deydilar. Bu gap rost ekan: o‘z eli tinchini buzganlar va ularga ergashganlarning bir qismi, siyosiy nayranglarga uchib, chet ellarga chiqib ketgan edilar. Taqdirning hukmini qarangki, ayrimlari xor-u zor bo‘lib, yurtga bosh egib keldilar. Ularni xalq, Prezident kechirdi, yana bag‘riga oldi. Ba’zilari esa yuzi qoraligi tufayli hamon g‘animlarimiz tegirmoniga suv quyish bilan ovora.
U kunlar o‘tdi-ketdi. Ammo zahmi yaqinlaridan bevaqt judo bo‘lgan kishilar dilida mudom yashamoqda. Bizlar esa tinchlik naqadar ulug‘ ne’mat, farovonlikning asosi ekanligini yana bir bor anglab yetdik. Ilohi, bugungi nurli kunlarimiz boqiy bo‘lsin!
Andijonliklar hayotning murakkab sinovidan yorug‘ yuz bilan o‘tdilar va muhtaram Yurtboshimizning tashakkuriga, mehriga sazovor bo‘ldilar. O‘zlarini «akromiylar» deb atagan kimsalarning esa Vatanga xiyonatini tarix aslo kechirmaydi, yuzi qarolar qoraligicha qoladi.