Arafa (Aksilichkilikbozlik turkumidan)

Kino
17.04.2015
Andijonliklarning yuzi hamisha yorug‘
10.05.2015

Direktor Leninning haykaliga bir pas tikilib qoldi. Haykal va u o‘rnatilgan supa juda g‘arib ko‘rinardi. “Axir indinga yigirma ikkinchi aprel-ku!..”, o‘yladi direktor. U o‘z xonasiga yo‘nalarkan, bir o‘qituvchiga maktab xo‘jalik mudirini topib kelishni buyurdi. O‘zi esa xonasiga kirib o‘tirgach, oradan birozgina vaqt o‘tmay, oldiga xo‘jalik mudiri kirdi.

— Indinga yigirma ikkinchiligini bilasizmi? — deya g‘o‘ldiradi direktor.

— Ha-a… — Xo‘jalik mudiri xo‘jayinining maqsadini tushunolmay hayron edi.

— Nega bo‘lmasa, shu paytgacha haykalni to‘g‘rilab qo‘ymadiz?

— Qaysi haykalni?

— Maktabimizda nechta haykal bor o‘zi? Lelin1ni-da…

— Hm-m… — Xo‘jalik mudiri shoshib o‘ziga keldi. — Xo‘p-xo‘p, darrov to‘g‘rilab qo‘yamiz.

Tashqariga chiqqach, mudirning boshi qotdi: kimga buyursa ekan-a? Maktabning qorovuli bilan bog‘boni qishloq Sho‘rosining raisinikida ishlayapti. Farrosh xotinlar bu ishni eplolmaydi. U o‘n birinchi sinflarning biridan uchta kattaroq bolani so‘rab olib chiqib, ularning qo‘liga bir paqir ohak, cho‘tka va supurgi tutqazib, nima ish qilish kerakligini tushuntirdi…

Mudir kun bo‘yi o‘z ishlari bilan ovora bo‘lib, Lenin xayoliga ham kelmadi. Kechki payt kelib qarasa, haykal va supaning ahvoli qariyb o‘sha-o‘sha. U so‘kina-so‘kina uyiga ketdi.

Ertasiga ertalab, har kimlarnikida turli yumush qilib, tirikchilik o‘tkazguvchi Qulmat piyonni surishtirib topdi. So‘zamol tilini ishga solib, Qulmat bilan qalin so‘rashdi.

— Qulmat aka, bir ish bor yarimtalik, — dedi muddaoga ko‘chib.

— Yarimtalikmi?…

— Yarimtalik.

— Oqidanmi?

— Ha-da, akam…

Qulmat piyon mudirning ko‘ziga ishonqiramay tikildi.

— Nima ish?

— Lelindi haykalini remont qib berasiz.

— Xo‘p. Ommalekin yarimtaga, a?

— Axir aytdim-ku, aka…

Qulmat piyon araq qimmatlashib, uning vasliga anchadan beri mushtoqligidanmi, “yarimta” deya qayta-qayta ta’kidladi. Shaytonni ham o‘ziga shogird biladigan mudir oxiri uni ishontirdi.

Qulmat piyon shoshilmay, juda sekin, ammo odamning havasini keltiradigan ish qilardi. Hozir ham shotini qo‘yib, odam bo‘yi keladigan haykalni latta bilan tozalab yuvdi. Bronza bo‘yoqni boshidan to oyog‘igacha surib chiqdi. Haykalning oldinga uzatilgan qo‘lida bir barmog‘i singan ekan, cho‘pga loy chaplab, barmoqqa o‘xshatib yopishtirib qo‘ydi. Keyin supaning atrofini tozaladi, g‘ishti ko‘chgan joylarini tuzatdi. Qumga semun2ni aralashtirib, tekis qilib suvadi, oqladi… Xash-pash deguncha haykal bahorning charog‘on oftobida yaltiray boshladi. Piyon peshinda ishni butunlay tugatib, tamakini burqsitgancha ancha naridan haykalga tikildi. Ishidan ko‘ngli to‘ldi shekilli, supaning oftobda ancha selgib qolgan oldi tomoniga o‘tirdi. Shu payt xo‘jalik mudiri paydo bo‘ldi.

— Bo‘ldizmi, Qulmat aka? — dedi haykalga qararkan, xotini tuqqan odamday sevinib.

— Ha, bobongni kuyov bola qip qo‘ydim, — deya Qulmat haykalga ishora qildi.

— Qoyil-qoyil, ommalekin boplabsiz, aka. Rahmat-ey, rahmat-ey sizga…

Mudir birdan cho‘ntagini kavlay boshladi.

— Aka, rosa izlab, araq topolmadim. Hech qayerda yo‘q savil. — U shunday deya cho‘ntagidan bir shisha “Troynoy” odekalonni chiqarib, Qulmatga uzatdi. — Araqni keyingi safar quyib beraman, aka, xafa bo‘lmaysiz.

Qulmat mudirga xomush tikildi, so‘ng:

— Xax, bola-ya, o‘zi sizlar qachon va’dani bajargansizlar?! — dedi qoshlarini chimirib.

U boshqa hech narsa demadi, indamay shishani oldi. Mudir esa “bajarib qolarmiz, Qulmat aka, bajarib qolarmiz”, deya bir pasda g‘oyib bo‘ldi. Qulmat ozg‘in, ko‘kimtir tomirlari bo‘rtib chiqqan qo‘lidagi shishaga ancha tikilib o‘tirdi. Keyin bir xo‘rsindi-yu, eski choponining qo‘ynidan labi uchgan piyolani olib, nariroqdagi suv quvuridan bir piyola suv olib keldi. Suvning yarmini ichib, qolganining ustiga piyola limmo-lim bo‘lguncha odekalon quydi. Ko‘zlarini chirt yumib, piyolani bo‘shatdi. Nafasini burnidan chiqarib, og‘zini yengi bilan bir pas to‘sib turdi. Atrofini tirish bosgan ko‘zlari qisildi. Shu ko‘yi o‘girilib, haykalga qaradi. Endi quyosh haykalning orqa tomoniga o‘tgan, shuning uchun u Qulmatning ustida qorayib, qovoqlari osilganday vahimali boqib turardi. Qulmat ko‘zlarini kattaroq ochdi.

— Hov, boboy… — dedi bo‘ynini cho‘zib. U hadeb ichaverganidan ozgina tomog‘idan o‘tib qolsa, mast bo‘lib, aljirashni boshlardi. — Hov, boboy, namuncha xo‘mrayasan? O‘zing… Ular o‘zlarining avliyolarini, ulug‘larini jud-da-jud-da hurmatlashadi. Daje ularning kitoblarini yuvuqsiz qo‘l bilan ushlashmaydi, bildingmi!.. Ular meni yo o‘zlarining yo‘liga solishardi, yo toshbo‘ron qilib o‘ldirishardi. Mayliydi… Men roziydim… Lekin senikilar… Dahriylaring… yo tuzukroq yashatishmaydi, yo yashagani qo‘yishmaydi, bildingmi!.. — U bo‘yin tomirlari bo‘rtib, yuzlari ko‘karib, uzoq yo‘taldi. Og‘zini, yoshli ko‘zlarini to‘nining yengi bilan artdi. Keyin tutqanog‘i bor odamday yana haykalga o‘qrayib, o‘shqirdi: — Sening qimmating esa mana!.. — Qulmat “Odekalon” shishasini tutgan o‘ng qo‘lini boshi uzra ko‘tardi…

Ertasiga bolalar supaning Qulmat piyon o‘tirgan joyiga gullar qo‘yishdi.

Arxivdan. 1991-yil

1 Lenin demoqchi

2 Sement