Spirtli ichimliklarni me’yoridan ortiq
iste’mol qilish sog‘lig‘ingiz uchun zarardir.
Opasi telefonda «xotining birov bilan yuribdiykan», — deya takror-takror aytavergach, poylashga ahd qildi. Bir kun poyladi… Ikkinchi kun poyladi… Ertakka o‘xshaydi-a?.. Va nihoyat, o‘sha kuni xotini tushga yaqin ishxonasidan chiqdi-yu, «Damas»ga o‘tirib, mikrorayon (kichik daha) tomon yo‘l oldi. U taksi ushladi. Xotini «Damas»dan tushganda yurak urishi o‘zgardi: yo‘q, qo‘rqmadi (ehtimol bu gap uning holatiga umuman to‘g‘ri kelmas), faqat keyingi nafasidan, qadamidan… bu olamda borligidan bezilladi. Ko‘zlari ko‘r bo‘lishini istamadi, lekin ayni damda mutlaqo ko‘rmaslikni xohlardi. Balki odamning yuragi sezadi, deganlari shumikin?..
Kutdi. Xotini «dom»ga kirib ketgach, sabr bilan kutdi. Kichik dahaning «xalqaro obro‘si»ni eshitgandi — nafasidan, jismidan, ko‘zlaridan o‘t chiqib kutdi. Xotinini oqladi, o‘zini oqladi. O‘zini oqladi, xotinini oqladi. Kechirdi, nafratlandi, nafratlandi, kechirdi — hammasi o‘tdi. «Dom» eshigida xotini ko‘ringanda jon-u jahoni quloqqa, ko‘zga aylandi. So‘ng… Xotini bir to‘xtalib, ro‘molini tuzatayotganda, nigohiga ko‘zi tushdi. Shu payt uning ortida bir erkak paydo bo‘ldi. Xotinining olazarak nigohi atrofni kezinib, erkakda to‘xtadi. Erkak xotiniga g‘alati qarash qilib, o‘ng qo‘lining bilagini bir siqib qo‘ydi-da, qadamini tezlatib, nari ketdi. Uning qarashi, bilak siqishi g‘alati edi — u buni payqadi. O‘zini terisi shilib olinganday his qildi.
Keyin nima bo‘lganini to‘la eslolmaydi. Avval yuragi quyiga oqdi, keyin oyoqlaridan mador ketdi, bo‘g‘zi, kipriklarining osti kuyib, yig‘lagisi keldi. Tishlarini bir-biriga qattiq bosib, lablari qimtilganda, qo‘llarining musht bo‘lib tugilganini sezdi. Ko‘zga ko‘rinarli joyga chiqib qolgandi.Shu ko‘yi xavotirli, buning ustiga, biri masxaraomuz, boshqasi sinovchanmi yoki najot izlayotgandekmi ko‘ringanikki nigohni eslab qoldi. U keyinroq angladiki, o‘shanda erkak «dom» yonboshidagi mashinasiga yugurgan va tezroq juftakni rostlab qolishga uringandi. Uning xira tortgan shuurida «nega o‘ynashini (ya’ni uning xotinini) ishxonasiga tashlab qo‘ymadi», degan fikr birrov yolqinlandi. Nazdida, ayollar puldor, mashinali erkaklarni o‘ynash tutadiganday va ular o‘z ma’shuqalarini hamisha mashinada olib yuradiganday, istak-xohishlarini bajarishga urunadiganday, ayniqsa, «ishlarini tugatib olganlaridan» so‘ng ko‘chada tashlab ketmaydiganday tuyulardi…
Keyin kallasida o‘y ham qolmadi. Xotinini poylashdan oldin, xiyonat qilishiga ishonib-ishonmay, shunda ham mabodo uni birov bilan tutib olsa, o‘sha birovni do‘pposlash, chavaqlash va hatto bolta bilan chopib tashlash xayolidan kechgan bo‘lsa-da, hozir bu narsalar mutlaqo yodida yo‘q edi. Xotiniga yaqinlashdi-yu, uning ko‘ziga ma’nosiz tikilib qoldi. Hech qanday ta’na-yu so‘roqsiz tikildi. Xotini esa uni ko‘rgandayoq toshdek qotdi. Avvaliga bo‘shashdi, oyoqlaridan mador ketdi, so‘ng og‘zi-burnini to‘sdi. Hatto yig‘lamoqchi ham bo‘ldi shekilli. Biroq ko‘p o‘tmay, boshini ko‘tarib, bir siltadi-da, ro‘molini, namchil sochlarini ikki qo‘llab tuzatarkan, eriga mag‘rur, yo‘q, tasqaralarcha, «bo‘lganim shu, qo‘lingdan nima keladi?», deganday boqdi. Uning qarashihar qanday nomusli erkakni yer bilan yakson qilishga qodir edi. Endi u shalviradi, oyoqlaridan mador, ostidan yer qochdi. Kekirdagi siltanib, yutindi, ortidan ko‘zlarini yumib, boshini egdi. Bo‘g‘zidagi na’rani to‘smoqchi bo‘ldimi yoki shuning o‘zi na’ramidi, ancha turib qoldi. Xotinining ketganini ham sezmadi. Balki xotinibilan o‘ynashini chavaqlab yoki urib, tepkilab tashlaganda, hech yo‘q bo‘ralatib so‘kkanda, hammasi oson kecharmidi.
Uyiga qachon, qanday keldi — esida yo‘q. Xotini narsalarini yig‘ishtirib ketibdi.
Boshi bo‘m-bo‘sh, barcha harakatlari shuuridan ayrodek, yuragi og‘irlashib, tobora quyiga oqib borardi. Uy ichida tentib chiqqach, hovlini kezindi. Ko‘z oldida esa — begona erkak quchog‘ida oh urib to‘lg‘onayotgan, sochlari shahvoniy to‘zg‘igan, ko‘zlari huzurli suzilgan xotini. Endi tishlari g‘ichirladi, barmoqlari beixtiyor musht bo‘lib tugildi, yig‘lagisi keldi. Shoxlari tarvaqaylagan qari olma ostida turardi. Axir u mening quchog‘imdayam shunday to‘lg‘ongandi-ku?! Nahotki?!.. Nahotki uni?!.. Yuragi zirqiradi, ko‘zlaridan yosh sizib, ingranarkan, o‘ng mushtini olmaga urdi: «Qanjiq!..» Qo‘li og‘ridi, bir-ikki puflab, qayta-qayta siltadi. Chiyillab, oshkora yig‘lab yubordi. Tik turishga madori qolmay, o‘tirdi, kaftlarining chetini ko‘zlariga bosdi. Uni yaxshi ko‘rardim, har safar quchoqlaganimda, o‘pganimda butun olam menikidek tuyulardi. Uning vasliga qongach, har tong tanamda mislsiz quvvatni his etardim, dunyo ko‘zimga go‘zaldan-go‘zal, chiroylidan-chiroyli ko‘rinardi. Demak… Demak, u mening otashli bo‘salarim ostida boshqa birovni o‘ylab yotgan, xayolan uning og‘ushida to‘lg‘ongan… Nega?!.. Nega axir?!.. Axir men soppa-sog‘man-ku! Balki xotini u bilan qizligidan tanishdir? Balki uni yaxshi ko‘rgandir. Uning oilasi bo‘lgan, shuning uchun… Demak, xotinining «yo‘lini ochib» olgan. Nahotki, shuncha vaqt u bilan?.. O‘g‘lim-chi?! Yo‘-o‘q, u o‘zimdan bo‘lgan, axir quyib qo‘yganday menga o‘xshaydi-ku: ko‘zi, qoshi, kallasi. Axir bu gaplarni xotini aytardi-ku: qosh-ko‘zi, ayniqsa, boshining shakli unga juda-juda o‘xshashini!.. U o‘g‘lini ko‘z oldiga keltirishga urindi. Lekin biron o‘xshash jihatini topolmadi. Shuncha vaqt… Shuncha vaqt birovning silqindisini sevib, sarqitini quchoqlab yashadimmi? Boshining orqasi jimirlab, buray boshladi, ko‘zlaridagi shakllar uyqashdi, bo‘g‘zida nimadir g‘ilqidi. Xayollari ag‘dar-to‘ntar bo‘lib, o‘qchib ketdi. Qusib yuborgach, bir necha bor hiqilladi-da, ko‘zlari ag‘darilib, yonboshiga quladi…
Ko‘zini ochganida atrof zim-ziyo edi. Avvaliga qo‘rqib ketdi. Qorong‘ulikka oyning taram-taram yorug‘ida shu’lalangan shoyi matodek yopilgan osmon ko‘ziga urilib, yyengil tortdi, tuproqqa belanib yotganligini payqadi. Biroq og‘zidagi chuchmal ta’m, lablaridagi badbo‘ylik, tanasidagi zirqirash, boshidagi zo‘riqish halovatini oldi. Yerni paypaslab bazo‘r o‘rnidan turdi. Ko‘r oydinlikda dovdirab borib, ayvonning chirog‘ini yoqdi. Vujudi, qalbi ham yorishdi go‘yo. O‘g‘lining tetapoya (go‘dak yurishni o‘rgansin uchun yasalgan maxsus to‘rtburchak aravacha)siga ko‘zi tushdi. Bolam, dedi og‘riqli ura boshlagan yuragi. Axir?.. Xotinim!.. Ko‘z oldida tag‘in boshqa erkak pinjida to‘lg‘onayotgan ayoli…
Tun og‘di hamki uxlay olmadi. Tongga yaqin yana boshi aylanib, ko‘ngli ayniy boshladi. Ko‘zlari kirtayib olayib qolgan, yuzi g‘ijimlab tashlangan qog‘ozdek, rangpar.
Hovliga chiqib, olma tagida o‘qchib o‘tirdi. Tanasidagi zirqirash chekinavermagach, yengil tortish ilinjida suvquvurning jo‘mragini buradi. Qo‘llarini suvga tekkizishi hamono o‘ng qo‘lida og‘riq sezdi: barmoq suyaklarining usti xiyol shilinib, qizarib shishib ketgandi. Kecha olmadan olingan alamning zahri bu. Og‘riqqa parvo qilmay, qo‘llarini qayta-qayta chaydi, yuz-u boshi aralash suv shopirdi. Bo‘yin-u ko‘kraklariga suv urib, bir-ikki pishqirib ham qo‘ydi. Xush yoqdi shekilli, jo‘mrakka boshini tutib, miyasiga sovuq urguncha turdi. Sochlaridagi suvni qayta-qayta sidirib, qaddini tikladi. Tuproqqa belangan ko‘ylagining peshini qayirib, yuzini artganbo‘ldi. Osmonga tikilib, burnidan chuqur-chuqur nafas oldi, so‘ng og‘zidan keskin-keskin chiqardi. Yengil tortdi. Mana, top-toza bo‘lding, dedi so‘ng xayolan, xotining ham kecha birrov cho‘milib,ko‘chaga top-tozaman, deb chiqqan-da. Agar suvning tili bo‘lganda aytardi: «Hey, odam bolasi, sening shaltog‘ingni tozalayverib, o‘zim shaltoqqa, irkit bir narsaga aylanib ketdim-ku», deb. Shaltoqni shaltoq bilan yuvib bo‘ladimi.
Qayerdadir telefon “g‘ingshidi”. Seskanib, yonverini paypasladi. Ovoz ayvon tomondan kelardi. So‘ridagi qo‘l telefonini olib, qulog‘iga tutdi. «Rahmat, opa, yaxshiman», dedi. Keyin,
— Ha, kuzatdim, — deya gapni qisqa qilishga urindi, — siz haq bo‘p chiqdiyiz, opa.
Opasi ovutib, maslahatlar berdi chog‘i, bir pas «xo‘p-xo‘p», deb turdi-da, birov bilan gaplashishni istamaganidan, «uzr, opa, ishga kech qolyapman», deb telefonni o‘chirdi. Lekin ishga kech qolib bo‘lgandi, buning ustiga, shuurining bir chetida ishga bormaslik istagi tobora qat’iylashib borardi. Ishga borib, nima qilaman, odamlarning ko‘ziga qanday qarayman, kim uchun ishlayman? Bitta qornim to‘ymay qoladimi? Yaxshisi…
Uyga kirib, u yoq-bu yoqlarni titkilab yurib, kiyim-boshini almashtirdi. Shkafning tortmasidan bir taxlam pul olib, cho‘ntagiga tiqdi. «Yaxshi, pullarni obketmabdi, qanjiq!» — deya g‘udranib qo‘ydi. Telefonni kamaridagi g‘ilofga soldi. So‘ng uy eshiklarini, darvozani qulfladi. Bir-ikki qo‘ni-qo‘shnisi bilan chala-chulpa salom-alik qildi. Bir devor qo‘shnisi — ko‘zlari chaqchaygan ayol unga tikilib, ma’noli ohangda so‘radi:
— Qo‘shnim ko‘rinmaydimi?
— Onasinikiga ketuvdi, — dedi u ta’qib etuvchi nigohdan qutilish ilinjida tez-tez odimlab.
Nihoyat katta ko‘chaga chiqdi. Mashinalar soy kabi oqadi, har tomonda odam. Ko‘cha baribir yaxshi-da, ayniqsa, erkak kishi uchun. Har holda chalg‘iysan. Odam taftini odam oladi, deyishadi, ammo erkak taftini ko‘cha oladi.Oshqozoni achishayotganini his qildi. Qachondan beri tuz totganim yo‘q, biron narsa yevolsammi… Yashash kerak-ku axir. Shunday zamonda xotin topish qiyinmi? Yaxshisi, Eski shaharga tushadi: ham ishxonasidan uzoqroq, ham ovqatlarining mazasiyam tuzuk. U yo‘lning narigi betiga o‘tmoqchi bo‘ldi. Yaxshiya, uch ko‘zli ajdaho — svetafor bor. Avtosoyni uning jodusi to‘xtatmasa, odamzod qanot boylab uchib o‘tarmidi. Narigi betda «Damas»ga o‘tirdi.
Eski shahar yanayam gavjum, shovqin-suronga to‘la. Kesishgan yo‘llarda bir-biriga gal bermaslikka uringan mashinalar tinimsiz «irillaydi». Shuncha guvvo-guvga odamlar beparvo, hamma o‘z yo‘lida bormoqda. Yo‘lni kesib o‘tarkan, ko‘zi viloyat kutubxonasiga tushdi. Bir paytlari — universitetga kirishi arafasida, talabalik yillarida bu yerga ko‘p kelardi. Kitob olardi, gazeta-jurnallarni titkilab, bir nimalarni yozardi. Endi o‘ylasa, umrining eng ma’nili davrini o‘shanda yashagan ekan. Chorrahaning narigi tarafida muhtasham viloyat teatri. O‘ngdagi araq-vino do‘konimi? Soat endigina o‘nga yaqinlashayotgan bo‘lsa-da, do‘kon ichida odamlarbor edi. Yuz gramm ichvolsami… Hozirgi holiga bir piyola ichmasa bo‘lmas: sal yoziladi, picha ovqat yeydi. Zinadan ko‘tarilib, ichkari kirdi. Do‘kon salqin edi. U o‘zini erkinroq tutishga urindi. Ikki sotuvchini xaridorlardan ajratib turgan ko‘krak ostidan kelgulik stolli taxta to‘siq qoshida to‘rt icharmon turardi. Ularning biri yuzi siyohrang tusdagi, sochlari patila-patila odam. U to‘siqqa butun gavdasi bilan suyanib, sotuvchidan basma-bas nimadir so‘ramoqda. Yonida o‘ttiz yoshlar chamasidagi ikki yigit. Ikkovining qo‘lida ham dasta pul, biri «ikkita yetadi», desa, boshqasi «uchta olaylik», deb turibdi. Ularning yonida po‘rim kiyingan, bir-ikki oq oralagan sochlari taralgan, soqol-mo‘ylovi qirtishlangan ellik yoshlardagi kishi ikki qo‘li orasidagi araqli piyolani ichaymi-ichmaymi, deganday yoki ichish uchun qulay fursatni poylayotganday aylantiradi. U shu odamning yoniga turib, o‘ng chig‘anog‘ini to‘siq-stolga tiradi. Sotuvchilarning yoshrog‘i kimdir nimadir buyurishini kutadi, kattarog‘i esa to‘siq ortidagi xaridorlarga bir-bir tikilib qaraydi, ularning xohish-istaklarini bilib olishga urinayotganday, yanaki ularning bari izmiga tushishini bilayotganday, o‘zini boshqacha tutishi mumkin emasday.
U sotuvchiga biron so‘z aytishga, buyurtma berishga botinolmadi. Nigohi atrofda tentidi. Devordagi birinchi gapni o‘qidi: «Yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslarga spirtli ichimliklar sotilmaydi». O‘qidi-yu, yosh sotuvchiga qaradi: yigirma bir yoshga to‘lmaganlar araq sotishi mumkinmi? Yo‘g‘-e, bu bola yigirma birdan o‘tgandir, deya sotuvchini oqlashga urindi. «Spirtli ichimliklarni me’yoridan ortiq iste’mol qilish sog‘ligingiz uchun zarardir». Bu gap to‘g‘ri, u hech qachon ortiqcha ichmagan. Undan keyingi yozuvni o‘qidi: «Bilamiz siz unata odammassiz». Bul icharxonaning mutasaddilari ancha savodli ko‘rinadur, — xayolidan shu gaplar o‘tib, quyidagi yozuvni o‘qishidan oldin, menimcha, «bilamiz»dan keyin vergul, «unata» — «unaqa» bo‘lishi lozimmidi-yey, deya o‘ylab qo‘ydi.
«Hamma muhim narsalarni tashqarida hal qilishingizni iltimos qilamiz!» Tavba, bu yerda qanaqa muhim masalalar hal qilinishi mumkin? Og‘ziga nima kelsa, yozib qo‘yaverishibdi-da.
— Yuz gramm quyib ber, pulini ertaga, yo‘q, hali — obeddan keyin beraman, — deya yalinardi siyohrang yuzli icharmon. — Hech yo‘q ellik gramm quyber!
— Har kuni necha marta quyib beraman, aka, — derdi katta yoshli sotuvchi ko‘zlarini loqayd tutishga urinib. — Axir meniyam xo‘jayinlarim bor, hisob beraman.
Hammayoq «ber, beraman» bo‘p ketdi-yu, ensasi qotdi uning, nahotki alkashlar shunaqa bo‘lsa? Narigi devordagi yozuvga qaradi: yopiray, she’r yozib qo‘yishibdimi?
«Kelibsiz g‘am bilan
yo bo‘g‘zingiz qaqrab,
Lek sizga qarindoshmas
aslo shoh Mashrab.»
Axir shoh Mashrab ichmagan-ku. Ehtimol ichgan odamning shoh bo‘lib ketishiga ishoradir. Balki bu savodsiz bir qofiyabozning “topgan-tutgani”dir. Lekin, nima bo‘lganda ham Mashrabday avliyo odamning nomi araqxonada turishi yaxshi emas. Xah, bu yerdagilarning aqli bunga etarmidi? Mana bunisi aynan shu yerning gapi: «Nasiyaga savdo yo‘q». Anovi siyohrang yuzli «klient» buni o‘qimagan-da. O‘qisayam endi unutgan, aks holda… Yosh sotuvchi ikki hamroh xaridorning istagiga binoan uchta g‘alati shakl va tusli araqni qora suvqog‘ozxaltaga solib, uzatdi. Ularning qo‘li xaltaga tegishi hamono katta yoshli sotuvchi nimalarnidir pichirlab, shitob yuziga fotiha tortdi. Shuning ortidan siyohrang yuzli xaridorning oldiga kichkina istikon qo‘yib, araq quydi.
— Bunisiyam qarzga, aka, — deb qo‘ydi so‘ng.
Ana shundan keyin uning og‘zidan ovoz chiqdi:
— Ellik, yo‘q, yuz gramm quying!
Katta sotuvchi unga «yalt» etib qaradi. Shu payt ikki qo‘li orasida araqli piyola tutgan kishi ham unga o‘girildi.
U xijolat bo‘lib ketdi: nima balo, noto‘g‘ri gapirib qo‘ydimmi?
Yonidagi kishi ikki qo‘li orasidagi piyolani o‘ng qo‘liga olib, ko‘zlari yonib, unga boqdi:
— Ichamizmi?
U nima deyishini bilmay, kalovlandi.
— Yuz gramm dedingizmi, aka? — so‘radi yosh sotuvchi qo‘lidagi shishani piyolaga yaqinlashtirarkan.
— Hmm… — u boshini ham silkib qo‘ydi. Shuning ortidan «Bu yerda «sanden» (tozalov kuni) ham bo‘larmikin, shuniyam yozib qo‘yishsa, ja joyiga tusharkan», degan fikr xayolidan o‘tdi.
Do‘konga yana bir odam kirdi: boshida do‘ppi, ixcham soqoli mosh-guruch, kiyim-boshi ozoda, ohorli. «Tavba, shu odam ham icharmikin-a?» — deya xayol qilib, unga beixtiyor tikilib qoldi. Yangi kirgan odam buni payqab, “ichamizmi” degan kishining so‘l yog‘iga tiqilib, «Bunaqa joyda odamga tikilib qaralmaydi», qabilida qovoq uydi. Chamasi, hojinamo bu odam ham u o‘z qarashidan xijolat bo‘lgani kabi araqxonaga kirganidan uyalib turardi.
— Qani, oldik! — dedi «ichamizmi» degan kishi qo‘lini siltab. — Tanishganimiz uchun. — Narida turgan burdalangan bodring va tuz solingan ikki likobchani u tomon surdi.
«Hali tanishmadik-ku» — o‘yladi u.
Shu payt siyohrang yuzli odam shilpiq ko‘zlarini bejo suzib, tili og‘zining ichida u yoq — bu yoqqa buralib, dedi:
— Yo‘q, hoji aka, men o‘zi unaqa odammasman…
Hojinamo unga qaramadiyam, bir piyola araqni simirib, gazak ham qilmay, shoshib o‘zini tashqariga urdi.
U siyohrang yuzli odamning gapini eshitdi-yu, beixtiyor devordagi yozuvga qaradi: «Bilamiz, siz unaqa odammassiz» — degan yozuvni yana qayta o‘qib, jilmaydi. Gap bu yoqda ekan-da, qoyil. Keyin hamon unga ilhaq turgan yonidagi kishiga boqdi.
— Darrov chiqib ovqatlanamiz-a, aka, — derkan, qornini silab qo‘ydi. — Rosa qornim och.
— Siz nima desayiz, roziman. – yangi tanishi piyolasini cho‘qishtirdi. — Qani, urdik.
U burnini jiyirib, araqni uzoq sipqordi-da, piyolasini allaqachon bo‘shatib, bodring chaynayotgan hamrohiga ma’nosiz tikilgancha lablarini qimtib, nafassiz ancha turdi.
— Yangi o‘rgamchikakansiz-da, a? – yangi tanishi jilmaydi.
Nihoyat u nafas chiqarib, bir-ikki «kuh-kuh»ladi. Bir bo‘lak bodringni og‘ziga olib borgach ham, ancha tirishib turdi. Go‘yo u nimanidir kutardi, ichidagi araqning borgan joylarini sezishni istayotgandek edi. Darhaqiqat, araq bo‘g‘zidan boshlab ichaklarigacha xiyol kuydirib o‘tdi-da, bo‘m-bo‘sh oshqozoniga urildi — buni aniq-tiniq his etdi. Oshqozoni avvaliga jizilladi — bu unga xush yoqdi. Keyin burovchi og‘riq turdi. Uning afti yana tirishib, chap kaftini oshqozoniga bosdi: og‘riq o‘tib ketishini kutdi…
Endi uning tomog‘i g‘ilqib, ko‘ngli aynidi: ishqilib qusib yubormay-da.
— Ja og‘ir ketdi-ya? — dedi uni kuzatib turgan yangi tanishi. — Yana bittadan uraylik, yaxshi bo‘p qolasiz.
U bosh silkib, rad etdi-da, og‘ziga tavakkal deganday bodringni solib, yamlay boshladi.
— Bu yerga shoh ham, gado ham kiradi, uka, — dedi sherigi.
Uning vujudida — huzurbaxsh evrilish kechardi. Boyagi noxushliklar yo‘qolib, boshi yoqimli jimirlay boshladi. Og‘ziga so‘lak to‘lib, ko‘ngli ovqat tusadi. Yuzidagi ayanch erib, qizillik, istara yugurdi. Yana bitta bodring bo‘lagini tishlari hukmiga topshirdi.
Do‘konga tag‘in qandaydir odamlar kirishdi.
— Buni ichgandan keyin, — deya lablarini kaftida arta, unga beozor tikilgan sherigining ko‘zlarida g‘oliblik uchquni balqdi, qovoqlari, burni, og‘zi, yuzining chetlari ikki tomonga, dazmol mato g‘ijimini tekislagan yanglig‘ tortishib, taranglashdi, chehrasida o‘z fikrining isbotini topgan odamnikidek ma’no zohir bo‘ldi, — avvalo kayfiyatni buzmaslik kerak, yaxshi ovqat yeyish kerak. Bo‘masa yomon ta’sir qiladi.
Haqiqatan, ochiqko‘ngil odam ekan, o‘yladi u, samimiy. Qaniydi, hamma shunaqa bo‘lsa. Uning diydasi yumshab, yig‘lagisi keldi. Dunyoda yaxshi odamlar ko‘p.
— Nima qildik, ovqat yeymizmi? — so‘radi sherigi hukm ohangida.
Uning nigohiga yana devordagi yozuv urildi: «Hamma muhim narsalarni tashqarida hal qilishingizni iltimos qilamiz!» Obbo psixologlar-ey!..
— Suyuq ovqat ichaylik, aka, — dedi u yalinganday.
— Yaxshi, bir kosadan lag‘mon ichib, ikki sixdan shashlik sidiramiz, bo‘ladimi?
U zavqlandi: «sidiramiz» emish…
— Bitta olvolamiz, — dedi sherigi unga savol va majburiyat nazari bilan boqib. — «Nol besh» bo‘ladimi yoki «Nol yetti» olaymi?
U avvaliga tushunmadi. So‘ng,
— «Nol besh» bo‘ladi-ey, men ko‘p ichmiyman, — deya aybdorona ming‘irladi.
Sherigi bitta araq oldi.
— Ketdik!
U lo‘killab ergashdi. Odam bilan osongina tanishsa bo‘larkan-ku. Do‘kon eshigidan chiqib, zinapoyadan tusharkan, dovdirab yiqilishiga oz qoldi. Buni fahmlagan sherigi uni qo‘ltig‘idan oldi.
— Mast bo‘p qoldim, aka, — dedi u xijolatli jilmayib.
— Bu yaxshi. Qorningiz ochligi rost ekan. — Keyin viloyat kutubxonasi tomonga imlab, dedi: — Hov anovi odamni ko‘ryapsizmi?
Boshida eski shlyapa, qo‘lida yag‘iri chiqqan portfel ko‘targan ozg‘in odam kutubxonaga kirib borardi.
U ko‘zlarini bir-ikki ochib-yumib, haligi odam to ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha qarab turdi, ma’no chiqarguncha unga nega qaragani-yu sherigining gapi ham esidan chiqdi.
— Bu odam kutubxonaga har kuni keladi. Olim. Lekin u hech qachon biz kirgan joyga kirmaydi. Aslida esa kutubxona bilan teatrga kirguvchilardan araq do‘koniga kiruvchilar yuz, yo‘q, ming barobar ko‘p. — Sherigi uning qo‘ltig‘idan qo‘lini oldi. — Umuman teatr bilan kutubxonaning ro‘parasiga araq do‘koni qurilganining o‘zi…
Oshxonaga kirib, chekkaroqqa o‘tirishgach ham, u bu gaplarni haligi odamga qovushtirib, ma’no chiqarishga, xayollarini yig‘ib olishga urinardi.
Sherigi xizmatchini chaqirib, ikkita yarimta lag‘mon, non, keyin to‘rtta qirqma kabob buyurdi.
— Men savdogarman, — deya araqni ochib, ikkita piyolaga quydi-da, birini uning oldiga surdi. — Odamning kimligini, ichida nima borligini bir qarashda bilaman. Qani, oldik, salomat bo‘laylik.
U lag‘monni bir-ikki kovlab, suvidan qoshig‘iga olib, puflab qayta-qayta huzur bilan xo‘rillatib ichdi. Ko‘zlari chaqnab, qaddini tikladi.
— Xayriyat-ey, ichimga ovqat kirdi, — deb qo‘ydi burnini tortib. Bir pas o‘tib, sherigi qistayvergach, piyoladagi araqni sipqorib, tanovulga kirishdi.
Savdogar yana araq quydi.
— Bir qizimni chiqarganman, — deya gapga tushdi so‘ng. — Ikki o‘g‘limni kasb-korli qip qo‘yganman. Ikkoviyam toparman-tutarman. — Piyolani bo‘shatgach, davom etdi. — Menga tegishma, deyman. Hech narsaminan ishim yo‘q. Bir hafta ishlayman, bir hafta dam olaman. Buyoqdan uyoqqa mol olib boraman, uyoqdan buyoqqayam mol obkelib, o‘tkazaman. Tamom. Mening ishim shu. Keyin bir hafta xohlagan joyimga borib, dam olaman, aysh-ishrat qilaman. Lekin ishda umuman ichmayman… Ichmaysizmi-ey!.. — uni yana qistashga tushdi.
U maza qilib ovqat ichardi. Savdogarning qistovidan so‘ng piyolani qo‘liga oldi.
Savdogar esa,
— Sizdan ko‘proq ichsam ichay, qani. Hali aytganimday, odamni bir qarashda bilaman. Mana, masalan, sizniyam bir dardingiz bor.— dedi yana o‘ziga araqquyib.
U sarxush edi. Savdogarning sezgirligidan ta’sirlanib, unga najot istaganday tikildi.
Savdogar ko‘zlarini olib qochdi.
— Xohlasangiz, ayting, xohlamasangiz, yo‘q. — Bir ko‘tarishda piyolani bo‘shatib, ovqatga qaradi.
U betoqatlarcha nigohini u yoq-bu yoqqa tentiratarkan, keskin nafas chiqardi-da, araqni sipqordi. Keyin o‘ng qo‘li ko‘rsatkich barmog‘ining yonboshini labiga bosib, bosh eggancha picha turdi.
— Xotinim!!.. — deb yubordi so‘ng tishlari orasidan, ovozi chiyillab. o‘ng kafti bilan ko‘zlarini to‘sdi.
— Ushlavoldiyizmi?.. — so‘radi savdogar ohista, rahmi kelganday boqib.
U labini tishlab, tasdiq ishorasini qildi.
— Unda chatoq… — deya, bosh tebratdi hamrohi. — O‘zi-chi, uka, xotin zoti hech qachon el bo‘lmaydi. — Buni uni ovutish uchun aytarmidi yoki chindan ham shunday o‘ylarmidi, noma’lum. — Ular-chi, faqat haligi… — Yigitga hazilomuz, ammo sinovchan tikildi. — O‘zimizning ishlar bo‘p turarmidi ishqilib?
U savdogarga beparvo boqarkan, lahza o‘tmay gapning paynovini ilg‘ab, yoshli ko‘zlarida siniq tabassum jilvalandi.
— Nimcha (namuncha) har kuni yopishovrasiz, deb dod derdi, aka, — ta’nali g‘o‘ldiradi u.
— Demak, o‘ynashini oldindan yaxshi ko‘rgan. Keyin-chi, xotin kishining hamma gapigayam ishonib bo‘lmaydi, uka…
Xizmatchi to‘rt six kabob olib keldi.
Savdogar qolgan araqni ikkiga bo‘lib qo‘ya qoldi.
— Sizday yigitti qadriga yetmabdimi, tupuring unga! — Savdogarning gap ohangi qat’iylashdi. — Farzand bormi?
— Hmm, bir o‘g‘lim bor, — uning yana xo‘rligi keldi.
Endi savdogarning ovozi keskinlashdi:
— Hali u xor bo‘ladi, ko‘r bo‘ladi! Bu dunyoda xotin qurib qoptimi, uka! Faqat o‘g‘liyizga qiyin… Keling, manovini olaylik, keyin bitta gap aytaman.
U o‘zini ancha bosib olgandi, yig‘laganigami, kayfi tarqaganday, o‘zini xiyla yengil tortganday his etdi.
Piyolalarni bo‘shatib, kabobni yeyishga tutinishdi.
— Men sizdan ancha kattaman, uka. — deya kavshanib, endi nasihatomuz ohangda so‘zga kirishdi savdogar. — Men sizga aytsam, bu dunyoda hamma faqat o‘zini, o‘z foydasini o‘ylab yashaydi. Hatto, anovi, Vatan, xalq, deb tilizo‘rdan tushmaydiganlar bor-u, ularni gapiga ham mutlaqo ishonmang. Kim qattiqroq gapirayotgan bo‘lsa, o‘shaning nafsi ochroq. Agar hamma qatori yashashni, baqirib yashashni istasang, ana, stadionda berilayotgan konsertlarga bor, «men baxtliman, hamma qatori baqira olaman», deb baqir. Lekin stadiondan tashqarida baqirib ko‘r-chi!.. Dunyo shu, uka, hatto olomon ham o‘zini haq tushunadi. Shuning uchun hatto mengayam ishonmang. Hech kim sizga chin yurakdan achinmaydiyam, sizning foydangizni o‘ylab gapirmaydiyam… — Savdogar yigitning yuzidagi o‘zgarishni sezib, gapirishdan to‘xtadi.
U mast edi. Suzilib boqarkan, yaxshiyam shu odamni uchratdim, deya o‘ylardi,samimiyekan.
Savdogar ovozini, so‘z ohanglarini o‘rtacha maromga soldi:
— Endi sizam o‘zingizni o‘ylang. Sal tiklaning…
Uning telefoni chiyilladi. G‘ilofidan olib, tikildi.
— Opam… — dedi-da, o‘chirdi.
— Opayiz bo‘lsa, javob bermaysizmi?.. — dedi savdogar ovozini balandlatib.
— Xapa bo‘ladi, nasihat qiladi… — deya boshini mastona tebratib, qo‘lini siltadi u.
— Endi-chi, uka, — savdogar ikki qo‘lining panjalarini stolga bosib, ko‘zlarini jiddiylashtirdi. — Pul bormi?…
U beo‘xshov tebranib, qo‘llarini sonlariga urdi.
— Bo-or!.. — Bir taxlam pulni chiqarib, uzatdi. — Xohlasayiz, yana bor!..
Savdogar yonveriga alanglab, «sekinroq», deganday bo‘ldi.
— Unda, uka, zo‘r kafe bor… Aytib qo‘yay, menga sizning puliyiz keraymas… — Qo‘li bilan, cho‘ntagingizga solib qo‘ying, deganday ishora qildi. — Men “ikkitasini” chaqiraman. — O‘ng ko‘zini ma’noli qisdi. — Kafeda bir pas o‘tirgandan keyin, bi-ir maza qilamiz… Yozilasiz…
— Ketdik!.. — dedi u o‘ng qo‘lini baland ko‘tarib. — Ketdik, aka!..
Shu payt yana telefoni chaqirdi. «Ey-y», dedi-yu, butunlay o‘chirdi.
Yemak haqqini savdogar to‘ladi.
Oshxonadan chiqaverishda bir qo‘lida choynak-piyola, ikkinchisida yarimta non, qo‘ltig‘ida portfel tutganshlyapali ozg‘in odam nigohiga urildi. U birovga turtinib ketishdan qo‘rqqanday qimtinib-qimtinib kirib kelardi. Ie, haligi odam-ku.. Xah!.. — qo‘lini bir siltab o‘tib ketaverdi.
Taksi tutdilar — u cho‘ntagidagi pulni changallab olganidan «pulini men to‘layman, men to‘layman», deb bordi… Keyin kafe… Rostdanam “ikkita”… Biri «dahshat» go‘zal edi: novcha, oyoqlari uzun,o‘ta zamonaviy kiyim-boshi o‘ziga (yoki uning ko‘ziga) yarashgan. Sochlari, qoshlari, ko‘zlari, qiliqlari… «Onangni seni, qanjiq», dedi u xayolan. Oxirgi yodida qolgani: hamon kafe, oyoqlari uzun go‘zalning o‘ng qo‘li uning chotida, lablari esa labida. Ko‘ngli aynidi…
Xotinining sochlari ho‘l edi — suv silqirdi. Dasturxonga egiluvdi, bir tomchi sirg‘alib, nonga tushdi. Uning ko‘ngli g‘ilqib, siltanib ketdi… Uxlayotgan ekan. Boshini changallab, bazo‘r yutindi-da, bo‘g‘zidagi, og‘iz-u labidagi yoqimsiz ta’mdan qutulmoqchi bo‘ldi. Yutinishi hamono quruqshagan bo‘g‘zidan battarroq noxush, yoqimsiz ta’m og‘ziga yoyildi. Afti bujmayib, u yoq-bu yog‘iga alangladi. Sog‘ida (o‘ngida) boshi to‘zg‘igan sochlari ostida qolgan yalang‘och tana dumbasini do‘mpaytirib yotardi. Hayrati oshdi. Xotiraning lahzalik xuruji lablariga yoqimsiz ta’m berdi — bu ta’mmi, hidmi, tanish edi. Ko‘ngli battar g‘ilqib, endi yuzini changalladi. Tashqarida kimdir uning ismini aytib, chaqirdi. Yana, yana…
— Opam-ku!.. — deya hayqirdi shuuri.
Endi kimdir shanqiy boshladi:
— Tuni bilan baqirib chiqishdi bular!.. — Bu qo‘shni ayolning ovozi edi. Uning chaqchaygan ko‘zlari ko‘z oldiga kelib, seskandi. — Gaplarini devorning naryog‘ida turibam eshitdim, singlim!.. Voy, bu beting qurg‘urlarning gaplarini eshitsangiz… Guldek xotinining qadriga yetmagandan keyin shu-da, a!..
U qo‘shni ayolning ovozini o‘chirish niyatida turmoqchi bo‘lib, sapchidi. Ko‘rpa qayrilib, o‘zining ahvolini ko‘rgach, so‘lish oldi, qayta o‘tirib qoldi. Ko‘zi ostonadagi bo‘sh shishaga tushdi: savdogarni esladi. Qaniykin?.. Narigi uydamikin-a?..
Yana opasi chaqirdi…
2012-yil, mart-dekabr