Bayroq

Ayol
27.02.2014
Bekat
27.02.2014

Bola uyning ostonasiga so‘mkasini tashlab, poyabzalini yechayotganida hovli tomondan dadasining ovozi eshitildi:

— Botir bolam, senmisan?

Dadasining kayfiyati yaxshi shekilli, chunki yaxshi bo‘lsa, uni hozirgiday «Botir bolam» yoxud «Botir bola», deya chaqirish odati bor edi.

— Menman, dada, — deb qo‘ydi u ovozi jaranglab.

— Biyaqqa ke! — dedi dadasi erkalovchi ohangda.

Botir uyga kirib, apil-tapil kiyimlarini almashtirdi-da, qaytib chiqdi. Idishdagi suvda qo‘lini chayib, hovlining etagiga qarab yurdi.

Dadasi o‘rtalab qolgan bahorning tanni qo‘ydirguvchi oftobidan qochib, hovlining katta bir qismini egallagan ulkan o‘rikning soyasida To‘lqin cho‘loq degan oshnasi bilan gaplashib o‘tirardi. Botir To‘lqin cho‘loqni yaxshi biladi — dadasining sinfdoshi. U asli traktorchi bo‘lgan. Bir oyog‘ini traktor bosib qolgach, oyog‘idan ayrilib, nafaqaga chiqqan, ya’ni ancha-muncha odamning vaqtini o‘ldira oladigan g‘irt bekorchi.

— Assalomaleykim, — deya salom bergan Botir avval mehmon, so‘ng esa dadasi bilan so‘rashdi.

— Keldingmi, Botir bola? Qani, o‘tir-chi! Qorin ham ochgandir?.. — Dadasi uni yoniga o‘tqazdi. — Ayang enasinikiga ketganida bir maza qivolaylik, o‘g‘lim. Qani, ol-chi!

O‘rtadagi ixcham kirchimol dasturxon ustida bahorda ancha tanqis bo‘ladigan yeguliklar bor edi. Pomidor, bodringlar parrak-parrak qilib to‘g‘ralgan, ularning tiniq rangi ko‘zni qamashtirardi. Tovoqda esa qovurilgan go‘sht. Bahorda bu narsalar falon pul turishini bola bo‘lsa ham Botir yaxshi bilardi. Uning og‘zi suvlanib, yumshoqqina obinonga qo‘l uzatdi.

— Sen tortinmay olovur, — deb qo‘ydi To‘lqin cho‘loq tili qaltirab. — Go‘shtdan ol-chi! — u bir bo‘lak go‘shtni Botirning oldiga surdi. — Qani, urdik! — dedi dadasi piyolani olarkan.

Ie, araq ichishayotgan ekan-da. Ha, biladi — bu dadasining «ishi». Dadasi shunaqa — bir oyda bir bor, o‘zi aytmoqchi, «bo‘shalib, bitini to‘kvoladi». O‘shandayam ko‘cha-po‘chada ichib yurmaydi, hamma narsani sotib oladi-da, To‘lqin cho‘loqnimi yoki boshqa biron dil yaqin oshnasinimi, uyga boshlab keladi-yu, bitta-yarimta araq ichishib, mana shunaqa gaplashib o‘tirishadi. Bunday paytda dadasining gapini tinglaguvchi odam topilsa bo‘ldi, yozilgandan-yoziladi. To‘lqin cho‘loqqa o‘xshagan qo‘li yupqa bekorchi uchun esa bu ayni muddao edi, ayniqsa, manavinaqa «ilik uzildi» kunlarda haytovur og‘zini chuchitvolardi.

Ayasining aytishicha, dadasi asli o‘qimishli odam, «raislarning o‘qishida» (qishloq xo‘jaligi institutida demoqchi) o‘qigan ekan. Avval kolxozda agronom bo‘lib ishlagan, keyin-keyin kolxozlardan qo‘r ketib, kun ko‘rish og‘irlashgach, o‘zini bozorga urgan. Ul-bul narsalarni olib-sotib yuradi. Mol bozoriga chiqadi. Uyda esa ikki-uchta bo‘rdoqi novvos boqadi. Shuning orqasidan tirikchiliklari ancha yaxshilanib qolgan.

— Yoshimizam qirqdan o‘tdi, oshna, — deya gapga tushdi dadasi bir bo‘lak go‘sht bilan bir parrak pomidorni og‘ziga solib. — Endi manashilarni deb, — u kafti bilan Botirning boshini siladi, — yashaymizakan-da. Ommalekin…

Botir og‘zini to‘ldirib ovqat chaynarkan, beixtiyor dadasiga qaradi.

— Sen qorningni to‘yg‘az, Botir bola — deya bir nafas chalg‘igan dadasi yana gapida davom etdi. — Ommalekin bollarimizning tarbiyasi izdan chiqib ketdi. Maktablar aynidi, nimani o‘qityapti, Xudo biladi. Ayniqsa, o‘g‘il bollar bachkanalashib ketyapti. Bu yomon, oshna!.. Qornimiz oldingiga qaraganda xiyla to‘q bo‘p qoldi. Endi manavilar haqidayam o‘ylashimiz kerak, — dadasi barmog‘i bilan boshi va ko‘ksini ko‘rsatdi. Keyin piyolalarga tag‘in araq quydi. — Mening uchta o‘g‘lim bor. Men ularning, eng avvalo, haqiqiy erkak, haqiqiy vatanparvar bo‘lishlarini istayman! — Shu gapni aytdi-yu To‘lqin cho‘loqning ko‘zlariga birpas tikilib qoldi. — Tushunyapsanmi, To‘lqin, haqiqiy vatanparvar bo‘lishini istayman. — So‘ng hafsalasi pir bo‘lganday qo‘lini siltadi-da, — ke, qo‘y… — deya araqni sipqordi.

Dadasining gapidan keyin Botir ham To‘lqin cho‘loqning ko‘zlariga qaradi: ular go‘yo bo‘m-bo‘sh edi, hatto, qorachiqlari ham yo‘qqa o‘xshardi. To‘lqin cho‘loq dadasining gapini tushunmayotganligini u ham payqadi. Nega endi tushunmayotganiykin-a? Axir Botir kichkina bo‘lsa ham, tushunyapti-ku. O‘g‘il bola vatanparvar, ya’ni Vatanini yaxshi ko‘radigan bo‘lishi kerak ekan. Nahotki, shuni tushunishi qiyin bo‘lsa?!.

To‘lqin cho‘loq tilining ostiga nos tashladi, gap esa novvos boqish «san’at»iga burilib ketdi. Ana endi dadasi ochilgandan-ochildi…

Botir qornini boplab to‘yg‘azib olgach, o‘ynagani ko‘chaga yugurdi.

Tushdan keyin dadasi To‘lqin cho‘loqni kuzatib chiqqanida Botir ro‘paradan chopqillab kelardi.

— Dada-dada, hozir Mel Gibsondi kinosi bo‘larkan. Ko‘rasizmi? — dedi u bidillab, hali darvozaga yetmasdan.

Dadasining suzilgan ko‘zlari battar qisilib, jilmaydi:

— Siz minan bo‘lsa, ko‘ramiz-da, Botir bola. — Dadasi uni, ya’ni kenjatoyini bo‘lakcha suyardi, endigina beshinchi sinfda o‘qiyotgan bo‘lsa-da, goho-goho kattalarday gapirib qolishidan huzurlanardi. — Qani, ketdik bo‘lmasa. — Dadasi ortiga burilarkan, xiyol dovdirab ketdi.

U uyga kirayotib velosipedni etaklab ko‘chaga chiqib ketayotgan o‘rtancha o‘g‘lini to‘xtatdi: 

— Qayaqqa ketyapsan?

— O‘tga, dada, — dedi o‘g‘il qo‘lidagi etak va o‘roqqa ishora qilib.

— Qorningni to‘qlavoldingmi? 

— Hm-m… 

— Unaqa bo‘lsa, o‘tni qo‘y. Yur, Mel Gibsondi kinosini ko‘ramiz.

Bu payt hovli tomonda katta o‘g‘il ko‘rindi.

— Dasturxondi yig‘ishtirib qo‘yib, senam uyga kir, — dedi dadasi yoqimli buyruq ohangida.

Bolalar dadalari bilan birga kino ko‘rishni juda-juda yoqtirishardi. Shuning uchun og‘izlari quloqlarida televizor ro‘parasida jam bo‘ldilar. Hademay kino boshlandi, nomi «Vatanparvar» ekan. 

— Zo‘r kino shekilli, a, dada? — dedi ko‘zlari chaqnagan Botir bir qo‘zg‘alib olib.

— Mel Gibson yomon kinoda o‘ynamaydi, — deb qo‘ydi yonboshlab joylashib olgan dadasi beparvolik bilan.

— «Sheryurak»ka o‘xshaydikan-a? — yana bidilladi Botir.

Katta akasi «jim bo‘l» deganday uni bir turtdi.

— Hm-m… — deb qo‘ydi dadasi uning so‘rog‘ini javobsiz qoldirmay.

Kino avjga mina boshladi. Ana, bosqinchilar Mel Gibsonning (ya’ni u ijro etayotgan qahramonning) katta o‘g‘lini bandi etishib, haydab keta boshladi. Uning kichikroq yana bir o‘g‘li akasini ozod qilish uchun g‘animga tashlandi. Ammo uni bosqinchilarning yovuz boshlig‘i otib qo‘ydi. Mel Gibson «Yo‘-o‘q!..» deya hayqirib, o‘g‘li sari otildi…

Botirning dadasi esa «ahh!» deya siltanib o‘rnidan turib, o‘tirib oldi. Uning bo‘yin tomirlari bo‘rtib ketdi.

— O‘g‘lini o‘ldirgani uchun endi u vatanparvar bo‘p qoladimi, dada? — so‘radi Botir bolalarcha soddalik bilan filmning nomini eslab.

Dadasining ko‘zlari yoshlangandi.

— Hozir uniychun bollari Vatan, — dedi dadasi ekrandan ko‘zini uzmay. — Anovi o‘lgan bola uchun esa asir qilingan akasi Vatan!..

Uning nazdida, hozir dadasi televizorda chiqadigan shoirlarga o‘xshab ketdi. Gaplarini tushunmadi shekilli, unga tikilib qoldi. Dadasi buni sezib, o‘girildi.

— Agar erkaklar o‘z Vatanlarini himoya qilolmasalar, ota-onalar bollarini, aka-ukalar bir-birlarini asrolmay qoladilar. Tushundingmi? — dadasi yana kinoga andarmon bo‘ldi.

Botir esa o‘ychan «hm-m» derkan, «o‘qituvchimiz bunaqa gaplarni aytmovdi», deb qo‘ydi o‘ziga-o‘zi gapirayotganday.

Filmdagi voqealar rivoji kuchaya borgani sari bir nimalar esiga tushayotgan dadasining jig‘ibiyroni chiqa boshladi:

— Mana, kino! — derdi tizzasiga shapatilab. — Mana, haqiqiy kino! Biznikilar esa faqat bachkana narsalarni ishlashadi. Xuddi o‘zbekdi kulgidan boshqa dardi yo‘qday. Yo bo‘lmasa, ashulachilardan kino qilishadimi-yey… — U katta o‘g‘liga qaradi: — Nomi nimaydi?..

O‘g‘il kuldi:

— «Sevinch»…

— Ha, ashi, «Sevinch», «Sarvinoz» «Shohsanam», «Gulsanam»… — Dadasi ataylab yangi nomlarni to‘qib tashladi. — Ularga qo‘yib bersa … Jon bollarim, bizga hozir unaqa kinolardi keragi yo‘q, manavinaqa kinolar kerak!.. — U qo‘li bilan televizorni ko‘rsatdi.

Botir dadasining fe’lini yaxshi biladi: u kishi doim ham bunaqa gaplarni gapiravermasdi. Faqat gohida «yozilib» qolganida… Aslida dadasi kamgap, qo‘polroq odam. Lekin fe’li o‘ziga juda yarashadi. Bunaqa paytda dadasining gapini bo‘lmaslik lozimligini ham bola yaxshi biladi.

— To‘g‘ri, bulardi hammasi uchun pul kerak, mablag‘ kerak. Ommalekin pul topilsayam eplasholmayapti-ku!.. Amir Temur haqidagi kinomizni qara. Senlarga avval ham aytganman. «Loy jangi» Temur bobo hayotida katta o‘zgarish yasagan jang. O‘sha katta jang kinoda qanday tasvirlangan?..

Bolalar filmdagi o‘sha lavhani va dadasining o‘shanda aytgan gaplarini eslab, kulib qo‘ydilar.

— To‘rtta yoki oltita odam chuqurga tushvolib, loyga dumalayverishadi. Shunchaligam masхarabozlik bo‘ladimi axir!.. Jangni manavinday qilib ko‘rsatishsa bo‘meydimi!..

Yana hammalari jim qoldilar, chunki filmdagi voqealar avj nuqtasiga chiqqandi. Ana, Mel Gibsonning to‘ng‘ich o‘g‘li uning o‘z qo‘lida jon berdi. Haligi yovuz boshliq yigitchaning qorniga qilich suqib oldi. Botir unga juda-juda achinib ketdi.

— Og‘risa kerak-a? — deb yubordi beixtiyor. 

— Og‘riydi-da! — dedi kichik akasi bilag‘onlik bilan. 

— Vatan uchun bo‘lsa, og‘rimasa kerak — deb qo‘ydi dadasi o‘ziga-o‘zi gapirayotganday.

Mel Gibson butkul tushkunlikka tushdi, jang qilishdan voz kechib, ortiga qaytib ketmoqchi bo‘ldi. Shu payt o‘g‘lining so‘mkasidan Amerikaning titilgan (o‘g‘li tikib, butlab qo‘ygan) bayrog‘ini topib oldi. Shunda… U bayroqni azot ko‘tarib, ot ustida pastlikdan chiqib kelayotganda dadasi tag‘in «ahh!» deya o‘rnidan sapchidi. Uning bo‘yin tomirlari yo‘g‘on-yo‘g‘on bo‘lib ketdi. Dadasi juda barvasta va kuchli odam edi. Hozir ko‘zlarida yosh bo‘g‘riqib, jo‘shib turishi Botirning yodiga «Sheryurak» filmidagi Mel Gibsonni soldi. Film oxirida Mel Gibsonni qiynashib, osib qo‘yishadi. Ana o‘shanda uning bo‘yni xuddi dadasiniki kabi yo‘g‘onlashib, tomirlari bo‘rtib ketadi…

— Mana, bayroqdi qanday ulug‘lash kerak! — deya hayqirdi dadasi.

Botirning ko‘zlari katta-katta ochilib, dadasiga tikildi.

— Bayroq shunaqa aziz narsami, dada? — bu so‘zlar uning og‘zidan beixtiyor chiqib ketdi.

Dadasi keskin u tomonga o‘girilib, ko‘zlariga qattiq tikildi.

— Bayroq — bu Vatandi yuzi-da, bolam. Gap bayroq deb atalgan bir parcha lattada emas… — dedi g‘oyat sokin ovozda. — Mana, mening yuzim, ana, sening yuzing. Bayrog‘imiz esa O‘zbekistonimizdi yuzi!..

Botirning ko‘zlari chaqnadi. Biroq tezda tusi o‘zgarib, xayoli chalg‘idi-da, yaqindagina maktabda ko‘rgani bir voqeani esladi: o‘shanda katta tanaffus mahali edi. Botir o‘rtoqlari bilan o‘ynab yurarkan, maktab xo‘jalik mudiri omborining lang ochiq eshigi oldida beixtiyor to‘xtab qoldi. Ichkarida qorni tandirday keladigan xo‘jalik mudiri uyulib yotgan turli narsalar ostidagi katta stolni olishga o‘rinayotgan ikki yuqori sinf o‘quvchisiga «uni u yoqqa, buni bu yoqqa», deya buyruq berib turardi. Bir payt bolalardan birining qo‘lida dastasiga beo‘xshov o‘ramoqlangan, rangi uniqqan bayroq paydo bo‘ldi-yu, «Buni nima qilay?» deganday xo‘jalik mudiriga qaradi. Mudirning, hatto, biron tuki ham qimir etmadi.

— Naryaqqa, spisat (Botir bu so‘zni tushunmagan, hatto, eslab qololmagan bo‘lsa-da, mudirning so‘z ohangidan «keraksiz narsa» degan ma’noni angladi) qilingan bayraq, — dedi devor ostini ko‘rsatib.

Haligi bola avvaliga hayron bo‘ldi, so‘ng «menga nima» deganday uchida yaltiroq nayzasi bo‘lgan bayroqni devor tagiga uloqtirdi. Botir ayni damda ana o‘sha voqeani eslarkan, agar bayroq aziz narsa bo‘lsa, unda xo‘jalik mudiri nega uni uloqtirishga buyurdi, deya o‘ylardi. Axir u ham dadasiga o‘xshab kap-katta odam bo‘lsa!.. Demak, bayroqni qutqarishim kerak, deya xayol qildi u. Negadir miyasiga aynan shu — «qutqarishim kerak», degan so‘z keldi. 

Bahorda ish degani ko‘paygandan-ko‘payadi. Ayniqsa, maktablarda, bahoriy bayramlar bahona xonalarni, tevarakni supurib-sidirish, yuvib-tozalash avj oladi. Goho bunaqa yumushlardan bolalar bezib ham ketishadi.

Bir kuni Botirlarning muallimasi uchinchi soatdagi darsni o‘tib bo‘lgach:

— Bugun bir hashar qilaylik-a… Polni, parta-yu devorlarni ham sodalab yuvamiz, maylimi, bolajonlar? — dedi erkalovchi ohangda. — Xotira va qadrlash kuniga xonamizni zo‘r qilib qo‘yaylik!..

Botir bilan yana bir bolani xo‘jalik mudiriga jo‘natdi. Opasi undan eski latta va soda so‘rab qo‘ygan ekan, o‘sha narsalarni olib kelishlarini tayinladi.

Xo‘jalik mudiri o‘z ombori oldidagi so‘rida qornini tizzasiga qo‘yib, yastanib o‘tirardi.

— Opamiz jo‘natdi, — deyishdi bolalar.

— Hozir senlarga latta oberaman, — degan mudir ombor eshigini ochib, nima qilishini bilmay serrayib turib qoldi. So‘ng bir burchakdan eski latta topdi-da, Botirning sherigiga uzatdi. Bola lattani olgach, sherigini ham unutib, sinfxonasi tomon chopib ketdi.

— Senga nima bersamiykin? — dedi mudir u yoq-bu yoqqa alanglarkan. Shu payt devor ostida chang bosib yotgan bayroqqa ko‘zi tushdi. Uni qo‘liga olib, dastasidan chiqardi, bir chetini oyog‘i bilan bosib, ikkinchi chetini qattiq siltadi. Bayroq go‘yo ingraganday ovoz chiqarib, yarmigacha yirtildi. Uni yerdan olib, g‘ijimlab o‘ramoqladi-da, Botirga uzatdi.

— Ma, birovga ko‘rsatmay ishlat.

Botir karaxt edi. Mudirning bu harakatlari asnosida Mel Gibsonning kinolari ko‘z oldiga keldi, dadasining Vatan, bayroq haqidagi gaplari yodiga tushib, bayroqni qutqarmoqchi bo‘lganini esladi. Shuning uchun omborning eshigi oldida birpas ikkilanib turib qoldi. Bir qarorga keldi shekilli, g‘ijimlangan bayroqni qo‘ltig‘iga qisib, uyi tomon chopib ketdi. Muyulishdagi qishloq masjidi oldida ikki-uchta chollar o‘tirishardi. Ularning qarshisiga yetganda bola go‘yo chollar qo‘ltig‘idagi narsa nima ekanligini bilib qolishayotgandek picha g‘alati bo‘lib oldi. Biroq bir necha lahza o‘tar-o‘tmas xavotiri o‘rinsizligini fahmlab, oqsoqollarga quyuq salom berdi-da, qadamini tezlatdi.

Botir qo‘lidagi kattagina latta bilan sinfxonaga hansirab kirib kelganida, opasi omborga u bilan birga borgan boladan uning qayerda qolganligini endigina so‘roqlab turgan ekan…

Bolakay o‘sha kuni kechga tomon ayasidan igna bilan ip oldi.

— Nima, endi chevarchilik qilmoqchimisan, Botirjon? — dedi ayasi kulib.

U esa «kerak bo‘p qoldi-da?», deya darsxonasiga kirib ketdi. Bayroqni o‘sha yerga berkitgan edi. Rangi o‘chgan yirtiq bayroq hozir ko‘ziga juda g‘arib ko‘rindi. Uni tekis qilib yozib, bir oz o‘ychan tikilib turdi va yirtig‘ining bir chetiga asta igna urdi.

Uning «tikuvchiligi» bir necha kunlik bo‘sh vaqtini oldi. Sababi, choki o‘ziga yoqmay qayta-qayta tikishga to‘g‘ri keldi. Qoratolning shoxidan bayroq uchun dasta yo‘ndi — bunga ham ancha vaqt ketdi. So‘ng hafsala bilan dazmolladi…

Mayning boshlarida maktabda Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan kecha bo‘lishi kerak edi. Botir ana o‘sha yig‘inga borishni mo‘ljallardi. Tekis tikilgan, dazmollangan bayroqni yangi dastasiga yaxshilab o‘rab, darvoza tomon borayotganda ortidan ayasining ovozi eshitildi: 

— Bayraq qaydan keldi, bolam?

— Maktabdan berishuvdi. Bugungi bayramda ko‘tarib turaman, — dedi bola onasini ortiqcha bezovta qilmaslik uchun yolg‘on gapirib.

— Ha, tuzuk. Ommalekin yirtib-netib qo‘ymagin, — deya nasihat qilgan bo‘ldi ayasi.

Botir «xo‘p-xo‘p» dedi-da, ko‘chaga chiqdi. Oz-moz yurgach, yengil shabada esayotganini payqab, zavqi keldi. O‘ramoqlangan bayroqni yoyib, dastasidan tutdi va boshi uzra ko‘tardi. Bayroq yengil, biroq yoqimli hilpiradi, bola qadamini tezlatgani sari tobora baralla hilpirayverdi.

Ko‘chadagi odamlarning bari unga qarardi. Ayniqsa, guzarga yetganda odamlarning ming bir ma’noli nigohiga ularning turfa so‘zlari ham qo‘shildi:

— Ie, bayraq ko‘tarvoptimi? — deb qo‘ydi chinor ostida o‘tirgan chol.

— Bayrog‘imiz chiroyli ekan-a? — deb qo‘ydi do‘kondan chiqayotgap yigit kulib, xuddi bayroqni birinchi bor ko‘rib turganday.

— Bayroq minan hazillashib bo‘ladimi! — deya to‘ng‘illadi tamaki tutatayotgan ziyolinamo kishi. — Buning siyosiy tomonlariyam bor.

— He, yasha, azamat! — deb baqirdi birov. — Bitta barabanchiyam ovolmabsan-da.

— Kimni o‘g‘li o‘zi bu? — deya so‘radi kimdir.

— Otasining o‘g‘li-da, — dedi og‘ziga nos tashlayotgan To‘lqin cho‘loq. — Bayraqti ehtiyot qil, Botirvoy!..

Bola bu gaplarning birontasiga parvo qilmay bayroqni mag‘rur ko‘targancha guzardan o‘tib borardi. U o‘z nazdida, ot ustida Vatani bayrog‘ini ko‘tarib borayotgan Mel Gibsondan kam emasdi. Bola chinakam jang ichra borardi. Ammo o‘zi buni anglamasdi, anglashga ojiz edi. Bu xalqning, millatning ong-tafakkurida evrilish, ehtimolki, inqilob yasamoq uchun ahd qilmoq, kurashmoq tarixning ulug‘ janglariga kirmoqlikdan kam emasligini u tushunmasdi va bolakay bunaqa chiroyli gaplarni bilmasdi ham. Lekin ma’sum qalbining amri, undovi va ehtirosi tufayli ona-Vatanining bayrog‘ini bolalarcha zavq ila mardona ko‘tarib borardi. Uning buyuk kurashga, jangga o‘zi bilmay bel bog‘laganligini faqatgina tiniq osmon, yam-yashil daraxtlar, yo‘llar, Vatani, qo‘lidagi bayroq va o‘sha qo‘llari fahmlab, tushunib turardilar.

Botir maktab darvozasiga yetganda velosiped mingan dadasi masjid muyulishidan o‘tib, guzarga keldi. Oshnasi To‘lqin cho‘loq bilan ko‘rishib qo‘yish uchun to‘xtadi.

— O‘g‘ling bayraq ko‘tarib o‘tib ketdi-ya? — deya tirjaydi cho‘loq hali so‘rashib ulgurmay. — Uniyam ja vatanparvar qivoribsanmi?..

Bu gapdan otaning jahli chiqdi. To‘lqin cho‘loqning basharasiga birpas g‘alati tikilib turdi-da:

— Hushyor bo‘l, seniyam qivoraman-da!.. — deya zarda bilan shartta burilib, velosipedga mindi.

Botir qator bo‘lib davra qurgan maktab jamoati yoniga yetganda bir to‘xtab oldi. Bayroq qo‘lidan tushib ketay dedi. O‘qituvchi-yu o‘quvchilar — hamma-hamma unga o‘girildi. Hatto, uchrashuv uchun kelib, davra to‘rida o‘tirgan urush qatnashchisi bo‘lmish ikki chol ham unga qaradilar. Chor atrof sukunatga cho‘mdi. Hamma hayratda — axir taomil bunday emasdi-ku!

Shu payt bolaning ortida dadasi paydo bo‘ldi. U velosipedini yerga tashladi-da, shahd ila o‘g‘liga yaqinlashdi. Barchannig nigohida «nima qilarkin?» degan xavotirli savol zohir bo‘ldi. Hoynahoy, beta’sir o‘g‘liga shapaloq tortib yuborsa kerak. Yo‘q, unday qilmadi. Ota o‘g‘lining ikki chakkasidan tutib, ko‘zlariga tikildi.

— Barakalla, o‘g‘lim! — dedi ovozi titrab va mijjalarida yosh aylandi. — Barakalla!.. — U o‘g‘lining peshanasidan o‘pib, dast ko‘tardi-da, yelkasiga o‘tqazdi va davra tomon yurdi.

Botir bayroqni yanada yuqori ko‘tardi. Butun vujudi jimirlab, ko‘zlari chaqnadi.

Ikki faxriy chol Botirga mehr va zavq ila boqisharkan, beixtiyor chapak chalib yubordilar. Ularga o‘qituvchi va o‘quvchilar ham ergashdilar. Hammayoq olqishga to‘ldi. Barcha Botirga va uning qo‘lidagi bayroqqa tikilardi, ko‘zlarida esa turli ma’nolar balqib turardi.

Botirning kichik akasi o‘z sinfdoshlari orasida safda turarkan, dadasi bilan ukasiga boqib, qaddini rostladi, yelkalarini ko‘tardi. To‘qqizinchi sinfda o‘qiydigan katta akasi esa sinfdoshining ortiga berkinib, yerga qaragancha tirjaydi.

O‘z so‘risining ustida tik turib davrani tomosha qilayotgan xo‘jalik mudiri g‘o‘ldirab qo‘ydi:

— Obbo qiztalag‘-ey, yangi bayraqti qaydan toptiykin?..

Botir hozir chinakam Mel Gibson edi va barchadan balandda turardi. Qo‘lidagi bayroq esa yuksak-yuksaklarda mardona qanot qoqardi.

2004-yil