Mehribon tarbiyachim Rahimjon aka Otaxonov
va aziz sinfdoshlarim, men sizlarni juda-juda sog‘indim!
Axir kelasi yili maktabni bitirganimizga 20 yil to‘ladi-ya!
1999-yil, 30-may.
Maktab darvozasidan to‘xtalibroq kirib kelgan bo‘ydor yigit kiraverishdagi kichkinagina qorovulxonaning yonboshida — salqinda tamaki tutatib o‘tirgan qorovul cholga ro‘para bo‘ldi. Chol shundoq ham sarg‘ayib ketgan soqol-mo‘ylovini kuydirib olmaslik uchun boshini biroz orqaga tashlab, sigaretni og‘ziga yuqoriroqdan olib kelar va ko‘z qorachig‘larini bir nuqtaga qaratib, tamaki cho‘g‘iga tikilib ham qo‘yardi. U tutun burqsitarkan, qoramtir yuziga yarashgan tabassum bilan yigitning salomiga alik oldi.
— Keling! — yigit bilan o‘rnidan picha ko‘zg‘alib so‘rashdi.
— Otajon aka keragidi, — dedi yigit darrov muddaoga ko‘chib.
— Rahimo‘p domlami?.. Hozir sheydaydi-ya. Bolalaridan xabar olgani o‘tdi shekilli-da. Maktabni oldiga o‘ting, yetvolasiz, — deya tushuntirdi chol chap tomondagi binoni ko‘rsatib.
— Rahmat, — yigit qorovul ko‘rsatgan tarafga yurdi. «S» shaklida qurilgan bir qavatli o‘quv binosining oldiga o‘tdiyu, burchakdagi deraza tagida turgan Otajon domlaga ko‘zi tushib, to‘xtadi-da, bosh irg‘ab unga salom berdi.
O‘z sinfining to‘polon qilayotgan yoki qilmayotganini pinhona tekshirib, zimdan kuzatib turgan domla haligi yigitdan xijolat bo‘ldimi, bilinar-bilinmas jilmayib, u tomonga yurdi.
— Ke-ke, tinchlikmi? — dedi yigitga qo‘l uzatib. — Yaxshimisan?
— Assalomaleikim, aka! Yaxshimisiz? Uydagilaram o‘tirishibdimi?..
— Rahmat. Ha, tog‘am tuzukmi ishqilib? — so‘radi domla yigitga xavotirli nigohini qadab.
— Tuzuk, rahmat. Dadam sizni so‘rayotuvdi. Bir keb ketsin, dedi.
— O‘zi yaxshimi, ishqilib? — yana so‘radi domla bezovtalanib.
— Xiyla durust. Sizni ko‘rgisi kepti shekilli-da.
— Bo‘pti, bollarni yotqizib, adboydan keyin o‘taman.
— Xo‘p, mayli, men boray bo‘masam, — yigit darvoza tomonga yuruvdi, domla ham unga ergashdi.
— O‘ziyni ishlaring qalay? — so‘radi yo‘lakay yigitdan.
— Rahmat, yaxshi. Ishlab turibman, — yigit qorovul bilan ham qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib xayrlashdi: — Bo‘pti, buva…
— Choy iching, yigit, — dedi chol boyagidek jilmayib.
— Uydagilarni so‘rab qo‘y! — dedi domla ta’kidlab, — kechqurun o‘taman.
— Bu yigit kim? — so‘radi qorovul qo‘lidagi piyolani aylantirib.
— Tog‘amning o‘g‘li, — shunday dediyu Otajon domla negadir parishon tortib, qorovulning «choy iching», deganiga ham ko‘nmay, to‘g‘riga — maktab-internatning etagi tomon yurdi. O‘ychan borarkan, cho‘ntagidan tamaki olib, labiga qistirdi. Tog‘am og‘irlashib qopti shekilli, o‘yladi gugurt chaqarkan, hozir borib kelaqolsammikan-a? Qanday odam edi-ya tog‘am! Dard qursin!.. Ovozidan olam titrardi, bularnikiga chaqirib kelsa, hammayoq gumburlab ketardi…
Tamaki cho‘g‘idan buralib o‘rlayotgan tutun ko‘ziga urilib, achishdi va bir-ikki marta qattiqroq yumib ochgandi, kipriklari ostida miltirab yosh paydo bo‘ldi. Yosh qorachig‘lariga ham yopishdi shekilli, g‘ashi kelib, barmoqlari bilan ko‘zlarini uqaladida, endi ehtiyotroq bo‘lib tutun tortdi, ichiga kirib, «tozalanib» qaytgan oqish tutunni miriqib og‘zi-burnidan chiqardi. O‘ychan tentiragan nigohi o‘ng tarafdagi bedazorda — siyrak dov-daraxt orasida qiyshayib turgan shaftoliga tushdi. Shaftoli judayam xokisor ne’mat bo‘lganidan odamzod uning shoxlarini qancha egib-sindirmasin baribir g‘uj-g‘uj meva qilaveradi. Agar biron tuzukroq bog‘bon unga qarab turmasa, bir-ikki yilda tanasi beo‘xshovlanib, qing‘ir-qiyshiq bo‘lib ketadi. Domlaning ko‘zi tushgan shaftoli ham ana o‘shanday «jabru jafo»ni ko‘p ko‘rgan g‘arib bir daraxt edi. Qachonlardir kimdir mevasini olish niyatida egib, sindirgan odam bilagidan kattaroq bir shoxi osilib, qiyshayib yotardi. Singan joyi qassob bolta bilan urib sindirgan suyakday tars-tars yorilib, qiyrachaklari uchli-uchli bo‘lib turar, jarohati ancha eskiligidan qoramtir-qo‘ng‘ir rangga kirgandi. Lekin u qurib qolmagandi, allaqaysi jon rishtasi omonligidan, osilib turgan bo‘lsa-da, barglari yam-yashil edi. Inson umri shu shoxchalik ham emas-a, sal qayrilsa, qurib qolishi hech gapmas. Bu-ku shunchalik g‘arib holiga, pajmurda tanasiga qaramay, yashashga intilyapti va yashayapti ham. Hayot shunchalar shirinmi?.. Yo‘q, hali xato o‘yladi, odamning joni u o‘ylaganchalik nozik emas, chunki hayot shirin, hech kimning o‘lgisi kelmaydi. Hatto, ikki ko‘zi ko‘r, ikki qo‘lu ikki oyog‘i yo‘q, gung va soqov odam ham yashashni istaydi, tomog‘idan havo o‘tib tursa bas, umridan bo‘lsa yashayveradi. Bu hayot, bu jon shunchalar shirin. Ammo baribir, bir kuni hamma o‘ladi. Naqadar oddiy qonuniyat. Odamzod hanuz yechimini topolmayotgan sodda murakkablik. O‘lishingni bila turib yashayverasan-yashayverasan… Kun kelib, bir xo‘rsinasanu hammasi tamom bo‘ladi. O‘lasan!.. Nega endi o‘lim haqida o‘ylab qoldim? Tog‘amni eslayotuvdim-ku. Nima, tog‘amning kuni bitganmi, u o‘ladimi? Yo‘q, axir tog‘am!..
U ovoz chiqarib «yo‘q», deb yubordi. Ustma-ust bosib-bosib tutun tortdi. Ko‘zlariga yosh sizdi, bu yoshlar endi tamaki tutunidan emasdi. «Qanday odam edi-ya tog‘am!» — deya o‘yladi u yana, otasi erta o‘tib ketganidan shu tog‘asiga suyanib o‘sdi. U kishi ham jiyanim demadi, o‘g‘lim dedi. Mo‘ylovlari nish urib, uninchini tugallash arafasida shu tog‘asi unga kanot bo‘ldi. «Otashingni (tog‘asi uni shunday deb atardi) katta o‘qishlarda o‘qitaman, singlim! — derdi onasiga. Onasi ham shu yakkayu yolg‘iz akasiga suyanardi, unga orqa qilardi. Tog‘asi aytganida turdi — uni Toshkentga olib bordi, o‘zi aytmoqchi «katta» o‘qishga joyladi. U paytlar muallimlik juda obro‘li kasb edi-da, shuning uchun ham tog‘asi uni domla bo‘lsin, dedi. Besh yil uniyu onasining issiq-sovug‘idan xabardor turdi. Pul so‘rasa, pul berdi, har yili o‘qish boshlanishi oldidan yangi kiyim-bosh kiydirdi. Endi o‘sha tog‘asi — uning suyangani, otasi o‘rnida ota bo‘lgani, «Otashim», deb erkalaguvchisi o‘lim to‘shagida yotibdimi? Rizq-nasibasi tugaganini sezib, vidolashgani chaqirdimikin? Hoziroq boradi, bolalarni dam olishga chiqaradiyu, kechki ovqat mahaligacha rov borib keladi. U shu o‘y bilan Ortiga qayrildi.
Sinfxonaga domla kirishi bilan baland ovozlar, g‘ala-g‘ovurlar tindi.
— To‘polon desa senga xudo beradi, a, Elshod? — dedi Otajon domla sinfga bir ko‘z yugurtirib chiqqach, nigohini orqa partada o‘tirgan Elshodda to‘xtatib.
— Yo‘g‘-e, domla… — derkan, yigitcha oldidagi bolaning panasiga berkinib, atrofidagi o‘ziga qaraganlarga ko‘z qisdi-da, tirjaydi.
— Ovozing hov maktabni chetigayam eshitilyapti-yu, — domla o‘qituvchilar joyida o‘tirgan sinfkom qiz Oynisaga o‘girildi. — Hamma darsni tayyorlab bo‘ldimi?
— Ha, — dedi sinfda yolg‘izgina qiz bo‘lgan Oynisa va bu bilan ko‘pchilikning aybini yashirishga urindi.
— Bo‘masa, gap bunday, hozir dam olishga ruxsat beraman. Dam olishakan deb, hammang stadionda to‘p tepavermay, kiyim-boshinggayam qarashgin. Kirlaring bo‘lsa, yuvishgin.
— Zavxo‘z sovun bermayapti, domla, — deya gap qistirdi hamon birovning ortiga berkinib turgan Elshod. Aslida uning muddaosi sovun olish emas, domlaga o‘zini tartibli ko‘rsatish bahonasida sinfdoshlari orasida kulgi ko‘tarish edi.
Lekin domla uning gapini jiddiy tushundi:
— Oynisa, shunga sovun obergin, — dedi miyig‘ida jilmayib. — Rostdan hamma darsni tayyorlab bo‘ldimi?
— Ha-a!.. — deya javob berdi ko‘pchilik.
— Ommalekin kim ikki olsa, bir hafta pol yuvishini biladi-a? — po‘pisa qildi domla.
— Armiya qivoringey!.. — deya gap qistirdi yana Elshod.
— Hm-m, sen nima deb o‘ylovding. Internat — bu yarim armiya degani. Hali menga rahmatam deysan, sen bola.
— Rahmat-ey, domla! — yana Elshodning ovozi eshitildi.
Sinfda yengil kulgi ko‘tarildi.
Domla bolalarga bir sidra ko‘z yugurtirdi-da, nimadir esiga tushib, Oynisadan so‘radi:
— Bugun Anvar ko‘rinmadimi?
Oynisa bilmayman deganday yelka qisib, orqarokda o‘tirgan Komilga ko‘z qiri bilan bir qarab qo‘ydi. Yuziga erta husnbuzar toshgan, ko‘zlari g‘amgin boquvchi bo‘ydor yigitcha o‘rnidan turdi.
— Ammasinikiga chiqib ketuvdi, — dedi ko‘zlari yoshlanganday yaltirab.
— Hm-m, tinchlikdanmi? — domla Anvarning ammasiniki internatga yaqin ekanini yaxshi bilardi.
— Singlisini ishi bilan… — degan Komil yerga qarab bilinar-bilinmas xo‘rsinib qo‘ydi.
Shu gapdan keyin negadir sinfxona ham jimjit bo‘lib qoldi.
— Hm-m!.. – dedi Otajon domla lablarini kimtib, bir nuqtaga tikilarkan.
Shu payt eshik taqilladiyu, qiya ochilib, internat direktorining boshi ko‘rindi.
— Kechirasizlar. Otajon, xonamga bir kirib o‘ting, — deya, domlaning tasdiq ishorasini olgach, eshikni yopdi.
— Bo‘pti, hammaga ruxsat.
Barcha g‘ala-g‘ovur bilan o‘rnidan turib, kitob-daftarlarini yig‘ishtira boshladi.
— Oynisa, — dedi domla eshik yonida to‘xtab, — Anvar kelishi bilan menga uchrasin, bo‘ptimi…
Otajon domla direktorning xonasi tomon borarkan, ishqilib bir ish topshirmasin-da, deya o‘ylardi, ayni paytda u tezroq tog‘asini ko‘rishni istardi. Lekin o‘ylaganiday bo‘lib chiqdi:
— Raykomdan ish tashlab ketishdi, Otajon, — dedi direktor silliqqina qilib.
— Nima ishakan? — deya so‘ragan domla dilidagi niyatini aytishga xezlandi.
— Ikkita shior yozish kerak ekan. Bilasiz-ku, hech kim sizchalik yozolmaydi, buni raykomdagilar ham bilishadi… Ertalabga tayyor bo‘lishi kerak ekan.
Rostdanam Otajon domla jimjimador harflarni yozishga juda usta edi. Internat tasviriy san’atga ixtisoslashgani bilan bu sohada hech bir o‘qituvchi domlaga teng kelolmasdi.
— Men hali adboydan keyinoq tashlab kelsammi, deb turibman. — Bu endi direktorning yuqoridagilarga yoqishi uchun kerak edi.
Domlaning yuragi siqildi, lekin direktorga bilintirmadi. Uning fe’li o‘zi shunaqa — biron topshiriq berishsa, rad etolmaydi va to uni bajarmaguncha ko‘ngli tinchimaydi ham. O‘ziga gap tegishini istamaydi, zarur ishi bo‘lsa ham «bahona qildi», deb o‘ylashlaridan andishaga boradi. Hozir ham noilojlikdan rozi bo‘ldiyu, tog‘amnikiga kechki ovqatdan keyin adboygacha borib kelarman, deya o‘zini o‘zi ovutdi.
Dam olishga ruxsat berilgach, bolalarning ko‘pchiligi yotoqxonaga chopishdi. Ular ustlaridagi kiyimlarini kirchimollariga almashtirib, tezroq to‘p tepishga shoshilishardi. Har kuni shu ahvol — kim birovi futbolga, kim birovi o‘rikzorga — soya-salqinga oshiqishadi. To‘p teparlar o‘yinga tushib ketishgach, ayrim tomoshaga o‘ch bolalar maydon chetidagi teraklarning ostida baqir-chaqir qilib o‘tirishadi, xayolparastroqlari shunchaki vaqt o‘tkazish uchun o‘zlarini salqinga urishadi. Ba’zi oshiq-ma’shuqlar ham shu yerni tanlashadiki, odam ko‘p bo‘lgani uchun ularga begona ko‘zlar kamroq e’tibor beradilar va bemalol shivir-shivir qilishib, bir-birlariga termilaverishlari mumkin. Bolalarning orasida yana shundaylari ham borki, ularning eng sevimli mashg‘uloti karavotda ag‘anab yotish, ular to kechki ovqat mahaligacha bolish bilan sirlashadilar. Agar imkon berishsa, ertalabdan kechgacha va kechdan ertalabgacha ham mana shunday yotaverishlari mumkin. Avval aytib o‘tganimizdek, bu maktab tasviriy san’atga ixtisoslashganidan bo‘sh vaqt bo‘ldi deguncha surat chizish bilan shug‘ullana-digan bolalar ham anchagina. Ular qog‘oz va qalamlarini oladilaru xilvat, shuningdek, xushmanzara joylarni qidirib qoladilar, topishgach, o‘rnashib o‘tirib oladilar-da, tinmay chizaveradilar. Bu mashg‘ulotlari to kechki yemak fursatigacha davom etadi.
Bu internat qishloqda joylashgan bo‘lsa-da, unda qo‘shni qishloqlar, tumanlar va hatto, boshqa viloyatlardan ham ko‘plab bolalar kelib o‘qirdilar. Chunki rassom bo‘laman, degan bolalar yoki bolasining rassom bo‘lishini orzulagan ota-onalar ham ko‘pchilik ekan-da. Ehtimol shundanmi, bu bolalarning fe’l-atvorlari, turmush tarzlari va hatto, o‘sib-ulg‘aygan tabiiy iqlimlari ham turlicha edi. Ammo bu ularning o‘zlariga juda-juda xush yoqardi chog‘i, chunki qiziqarli voqealar tez-tez sodir bo‘lar va o‘sha voqea yoki hodisalar har safar o‘ziga xos, o‘zgacha ravishda ro‘y berardi…
Yotoqxonaga buriladigan joyda Botir ismli suyaklari yo‘g‘on, iyakdor yigitcha biroz serrayib turib qoldi. Ortidagi bolalar bilan kelayotgan Komilga tikilib, uning qarashini kutdi. Va nihoyat, Komilning nigohi unga tushgach, imlab o‘zi tomonga chaqirdi.
— Hmm, nima deysan? — dedi yo‘rg‘alab yurib kelgan Komil unga yakinlashgach.
— Puling bormi? — so‘radi Botir yuzini tirishtirib.
— Ha, tinchlikmi?
— Ichgim kelyapti, — dedi Botir ko‘zini atrofga javdiratib.
— Jinni bo‘ldingmi?! — Komil o‘z do‘stidan bunaqa gapni birinchi eshitishi edi.
Botir jerkib berdi:
— Ishing bo‘masin!.. Pul berasanmi-yo‘qmi o‘zi?..
Komil cho‘ntagini kavlarkan:
— Nech pul? — deya so‘radi xayolan pulini chamalab.
— Bir so‘m yetadi.
Komil pulni berdiyu, arazu zarda bilan birpas unga tikilib qoldi.
— Shu ishni qimagin, Botir! — dedi so‘ng yalinganday.
Botir qovog‘ini uygan ko‘yi bir qo‘l siltadiyu ko‘cha tomonga yurdi. Bir-ikki qadam tashlagach, to‘xtadi-da, hamon unga qarab turgan do‘stiga qayrildi.
— Sherik bo‘lasanmi?
Endi Komil araz qilganday qo‘l siltadi:
— Bore-e!.. — u yotoqxona tomonga yurib ketdi. Botir esa ayanchli jilmayib qo‘ydi-da, maktab darvozasiga yurdi.
U paytlar bir yarim so‘mga vinoni shisha-pishasi bilan sotib olish mumkin edi. Botir cho‘ntaklarini kavlashtirib, ellik tiyin jamladi-da, bir shisha sharob oldi. Hech qachon ichkilik ichmagan, yoni-verida araq ichishsa, hatto, hididap ko‘ngli ayniydigan bu bola yuragi siqilsa ichkilik ichish kerak, degan fikrni qayoqdanam o‘rgangan bo‘lishi mumkin? Umuman yurak siqilishiniyu va shunaqa paytda sharob ichib, undan huzur topish hissini bu o‘smir qachon o‘rgana qoldiykin? Ehtimol, u kimgadir taqlid qilayotgandir va shu bilan kattalarga o‘xshay olishini o‘ziga o‘zi isbotlayotgandir?
Aksariyat o‘smirlar hamisha taqlid bilan yashaydilar va o‘zlaricha kimlargadir (ko‘pincha o‘zlariga), nimalarnidir isbotlashga urinadilar, deyarli bir xil o‘tayotgan umrlaridan, vujudlarida junbishga kela bosh-lagan qo‘vvatni keragicha ishlata olmayotganlaridan hamda asosiysi, o‘ziga hamon bola, deb qarayotganlaridan qoniqmaydilar shekilli-da. Ular katta yo‘l boshida turganliklarini, bu yo‘lning ikki yoniga turli katta-kichik so‘qmoqlar ham tutashganini anglamaydilar va qayoqqadir qadam bosishlari kerak bo‘lgani uchun ham barcha so‘qmoqlarga bilib-bilmay birrov kirib-chiqib, qoqilib-suqilib turadilar, chamasi. Ha-ha, aynan kirib-chiqib turadilar. Kimdir, axir o‘sha so‘qmoqlarda qolib ketishlari-da mumkin-ku, deb ham qolar. Bu ham rost gap, ammo Botirning yoshidagilar u so‘qmoqlarga kirib-chiqib turadilar, butunlay qolib ketishlari esa keyinroq ro‘y berishi mumkin. Barcha qing‘ir-qiyshiq, o‘ydim-chuqur so‘qmoqlarning bir kun kelib o‘sha katta yo‘lga olib chiqishi aniq, lekin ungacha kimlardir horib-charchab, yashashdan bezib, kuch-quvvatdan ayrilib va eng asosiysi, vaqtni boy berib qo‘yishi ham bor gap. Yo‘l boshida turgan o‘smirning olislarga tikilishi balki rostdir, ammo oyog‘i ostidagi yo‘llarni ilg‘amay qolishi haqiqatga ko‘proq yaqinday tuyuladi…
Botir vinoni olgach, shisha ekani bilinmaydigan qilib qog‘ozga o‘radi, qaytib internatga kirdi. Ana endi havaskor sharobxo‘rning tajribasizligi pand berdi. Bu savilni, uningcha, ko‘ngilning chigilini yozishi mumkin bo‘lgan va uning yosh bola emasligini isbotlovchi bu sirli suyuqlikni qaerda ichish mumkin? Ayniqsa, uning ulfat qidirmayotgani, umuman biron-bir kimsa bilan qo‘lidagini baham ko‘rishni istamayotgani ham qiziq. U sharobni yolg‘iz yoki kim bilandir birga ichishi kerakligi haqida ham o‘ylamasdi, faqat ichish, birov ko‘rmaydigan yerda ichib olish yo‘lini qidi-rardi.
Bog‘ning bir chetida maktabning tajriba issiqxonasi bor. U yerda biron kishi bo‘lsa-bo‘lmasa, Botirning sinfdoshi — Shuhrat degan bola o‘ralashib yuradi, darsdan bo‘shadi deguncha, go‘yo juda e’tiborli va kerakli odamday kalitlarini shaqirlatib, issiqxonaning eshigini ochadi-da, ichkariga kiradi. Issiqxona tepasi oynavand, ichiga ikki qavat so‘kchaklar qilingan ixchamgina g‘ishtin bino edi. Shuhrat deganlari kiraverishga ko‘lbola stol-stul qilib olgandiki, uning ustiga bir-ikkita kitob va daftarlarni taxlab qo‘yganidan, nazdida, bu havosi dim katalak xos xonaga aylangandi.
Botir Shuhratni hamisha «bo‘lar bola» yoki «amalparast», deb mashara qilardi. Yaltiroq mashinalardan tushib keladigan qorindor, shlyapali odamlarni ko‘p ko‘rgan va Shuhratni o‘shalarga o‘xshataverardi. «Kattakon bo‘lasan», derdi masharaomuz tirjayib. Hozir esa o‘sha doimgi hazillari ham ko‘ngliga sig‘madi. Issiqxonaga kirdiyu «qalaysan, Shuhrat?», deb qo‘ydi-da, atrofga beparvo alangladi. Shuhrat o‘zining qadrdon stoliga muk tushvolib, nimalarnidir ishchan tarzda yozardi. Botir kirishi bilan avvaliga shoshib daftarini yopdi, uning navbatdagi pichinglariga nishon bo‘lmaslikka urindi. So‘ng Botirning yuziga ko‘zi tushgach, o‘rtog‘ining shashti pastligidan hayron bo‘ldi.
— Ha, Botir? — so‘radi tinchlikmi deganday.
Botir oshnasiga qarab mahzun jilmaydi.
— yeydigan narsang bormi, kattakon? — dedi qorni ochgan odamday ming‘irlab.
— Yo‘q. Ujingacha…
— Hozir yegim kelyapti-da, — Botir ko‘lidagi qog‘ozga o‘rog‘liq narsani xonaning ko‘zga uncha tashlanmaydigan burchagiga qo‘ydi, qayrilib, Shuhratga ataylab ayanchli tikildi, uning rahmini keltirmoqchi bo‘ldi. — Oshxonadan biron narsa obkeber, Shuhrat.
— Ie, shunchalar ochingdan o‘ldingmi? — dedi Shuhrat ensasi qotib va yana Botirning yuziga ko‘zi tushdiyu, biroz yumshadi. — Hmm, nima bo‘ldi?
— Qornim och, oshna. Qani sening kattakonliging, avom xalqqa mehribonliging? Axir seni, hatto, oshpazlar ham tanishadi-ku! — gapini tantanavor ohangda tugatdi Botir.
— Ha, mayli, maqtovni kelishtirding. Bo‘masa-yu… — Shuhrat ham hazilga hazil qilib, o‘zini rahbarlarday tutishga o‘tdi. — Kabinetga hech kimni qo‘ymagin.
— Xo‘p-xo‘p, — dediyu Botir sherigi chiqib ketishi bilan stulga o‘tirib boshini changalladi. — Menga nima bo‘lyapti o‘zi? Hozir shu savilni ichamanmi? Ichaman! O‘sha o‘gay ona deganlari qilgan ish uchun ham ichaman. So‘rasam, o‘zimning dadamdan pul so‘ragandim. U esa bergizmadi, nima balolar desa dedi. Dadam ham unga ishondi. Eh, o‘gay baribir o‘gay ekan-da! O‘zimning onam bo‘lganda-yu!.. Nega meni so‘kdingiz, dadajon?! Axir men gunoh ish qilmovdim-ku! Aybim — pul so‘raganim, xolos. Bera qolsangiz, nima qilardi-ya! Xotiningizga ishondingiz-a!..
— Mana taomingiz, muhtaram avom, — dedi Shuhrat kichkinagina likobchadagi uch-to‘rt bo‘lak go‘sht va ikki to‘rg‘am nonni stolga qo‘yib.
— He, yashavor-ey, kattakon! — deya xitob qilgan Botir burchakdagi narsani olib, qog‘ozni ochdi.
Shishani ko‘rgan Shuhratning ko‘zi qinidan chiqib ketay dedi.
— Ie, bu nima qilganing? — deya oldi arang.
— Bir yayraylik, oshna.
— Bu yerda yayrameysan… Birov kelib qolsa… — Shuhrat eshikka olazarak qaradi.
— Qo‘rqma-ey! Nima, o‘sha domlalaring ichishmaydimi? — bu payt Botir shishaning og‘zini ham ochib bo‘lgandi. Avval Shuhratga uzatdi, — ma, ozgina ich.
— Obor-ey!.. — kattakon chinakamiga sarosimalandi. — Ho‘y, Botir, ko‘ziyni och!
— Manovi seni haqing, — Botir bir-ikki ho‘plam vinoni to‘kib yubordi. — Qolganini esa ikki ko‘ygan fizika domla uchun ichamiz, — shunday deya shishani ko‘tardi, yarimlaguncha ichdi-da, nafas rostladi. Birpas aftini burishtirib turdi, so‘ng bosh barmoqday go‘shtni og‘ziga soldi. — Men darsni bilardim, kattakon, lekin indamadim, ha, aytmadim. Yuragim siqilib turuvdi. — U sharobning qolganini ham ko‘tardi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, hali bunaqa zahar-zaqqumni tuyib ulgurmagan beg‘ubor bosh gir-gir aylana boshladi.
— Men atay-ylabb ayt… aytmadimm, kattako-on!..