She’r yozish Mo‘minqulning joniga tegdi. Kattaroq ish yaratgisi keldi, bosh qotira boshladi. Yelkasini to‘latib turgan sochlarini to‘zg‘itib, bosh qashib, o‘yladi.
Ballada sal kichikroq. Poema yozsamikin? Ha, albatta, poema. Yozganga yarasha kattaroq yozish kerak, qolaversa, to‘lovi ham ko‘proq bo‘ladi. Xullas, poema yozadigan bo‘ldi. Oppoq qog‘oz olib, katta-katta harflar bilan “Esiz, muhabbat!” deb yozib qo‘ydi. Poemaning nomi ham tayyor, faqat yozish qoldi xolos.
Papiros ketidan papiros tutatib, tuni bilan yozib chiqdi. Va nihoyat poema ham tayyor. Mazmuni quyidagicha: bir yigit bir qizni sevib qoladi. Birdan oralarida janjal chiqib, ajralishadi. Xullas, “Esiz, muhabbat!”..
Mo‘minqul poemasining oxiriga “Savlatiy” deb yozib qo‘ydi. Axir shoir bo‘lgandan keyin taxallusi ham bo‘lishi kerak-da…
Ishtaha bilan nonushta qilib, poemani qo‘ltig‘iga qisgancha, redaksiyaga yo‘l oldi. Tepasiga “Adabiyot bo‘limi” deb yozib qo‘yilgan eshikni ochdi-da, “Mumkinmi?”, dedi. Stol ortidagi kresloda savlat to‘kib o‘tirgan, ellik yoshlar atrofidagi kishi Savlatiyga bir muddat tikilib turdi-da, “Keling!”, dedi bee’tibor.
— Assalomu alaykum, akaxon! Omonmilar? Eshik-ellar tinchmi?.. — deya etti bukilib qo‘l uzatdi Savlatiy. — Ayamlar ham yaxshi yuribdilarmi?..
— Xizmat? — gapini bo‘ldi xodim.
Savlatiy esankirab qoldi. Qo‘llari qaltirab, papkasidan poemasini oldi-da, xodimga uzatdi.
— Poema olib kelgandim…
Xodim beparvogina poemaga ko‘z yugurtira boshladi. Dam miyig‘ida kulib, dam boshini “sarak-sarak” qilib, Savlatiyga qarab qo‘yardi. Savlatiy “poemam yoqyapti shekilli”, deb, sevinganidan og‘ir-og‘ir yutinardi…
— Shoirmiz, deng? — endi ochilib gap boshladi xodim.
— Ha, shunaqaroq… — kamtarona jilmaydi Savlatiy.
— Poemangiz tuzsiz va quruq…
Savlatiyning ko‘zlari olayib ketdi. Axir ne-ne umid bilan yozgan poemasi “tuzsiz” bo‘lsa.
— Nima?.. — dedi baqrayib.
— Tuzsiz va quruq…
— Gapingizga tushunmayapman, a-a…
— Sayfi Karimovich.
— Ha-ha, Sayfi Karimovich…
Sayfi Karimovich miyig‘ida kulib, gap boshladi:
— Poemangizni “tuzli” va “ho‘l” qilish mumkin…
— Qanday qilib? — deya o‘rnidan turib ketdi Savlatiy.
— O‘tiring! Buning uchun hayotni yaxshi o‘rganish kerak. Ya’ni poemada qahramonning o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring…
— Qiziq…
— Biror qizni seving, keyin u bilan ajrashing. Ya’ni tuzni olib, ustidan qaynoq suv quyasiz, tuz erib, singib ketadi. Ana shunda poemangiz “ta’mli” va “ho‘l” bo‘ladi, yigitcha.
Savlatiy aqlli yigitlardan emasmi, xodimning gaplarini darhol tushundi. O‘ziyam shu kunlarda zerikib yurgandi. Bir rol o‘ynasa, o‘ynabdi-da. Tag‘in o‘z poemasi uchun…
— Tushundim, Sayfi Karimovich! Rahmat… Xayr…
Savlatiy chopganicha ko‘chaga chiqdi. Endi bo‘lajak “sevgilisini” izlash kerak. Shirin xayollar bilan mayda-mayda qadam tashlab, odimlay boshladi.
Qanaqa qizlardan “sevsa” ekan? Sochi qirqilganidanmi yoki uzunidan? Shim kiyganidanmi yoki yubka?.. Shoir Savlatiy shu xayollar bilan borayotgandi, nogoh bir qizga ko‘zi tushdi.
Qizning sochlari elkasidan qirqilgan, guldor ko‘ylak va “jinsi” shim kiygandi…
Savlatiy qizga bir muddat tikilib turdi-da, sochlarini tuzatgan bo‘lib, asta u tomon yura boshladi…
Ha, Savlatiyning didi yaxshi chiqdi. Qiz qiz emas, xuddi suv parisi edi. Savlatiy uning ro‘parasiga kelib, biroz esankirab qoldi. Shoirtabiat bu yigitni qizning ohu ko‘zlari sehrlab qo‘ygandi.
Savlatiy ham chiroyli, ko‘zga yaqin yigitlardan emasmi, “suv parisi”ning ham nazari unga tushdi. Ko‘zlar to‘qnashdi…
— Kechirasiz, ismingizni ayting!
Shoirning dab-durustdan aytgan bu gapi qizga g‘alati tuyuldi shekilli, hayron bo‘lib so‘radi:
— Nima-a?..
— Ismingizni ayting, deyapman!
Qiz yana ham hayratlandi.
— Nega endi?
— Axir kishi bilmagan narsasini kimdandir so‘rashi kerakmi? Kerak. Men ham ismingizni bilmayman. Shunday ekan… — Savlatiy qizni chetroqdagi skameykaga o‘tqazdi-da, davom etdi: — … ismingizni ayting!
Qiz shoirning gaplaridan mayin kuldi-da, “Nilufar” dedi.
— Nilufar!.. Qanday chiroyli ism!
O, Nilufar, Nilufar!
Menga ishqdan keltir xabar!..
Shoir Savlatiy, — deya qizga qo‘l uzatdi… — Nilufar, men shoirman, shuning uchun ochig‘ini aytganim yaxshi. Men sizni sevib qoldim…
Nilufar xijolatdan oppoq tishlarini ko‘rsatib jilmaydi.
— Bu qanaqasi? Dab-durustdan-a?
— Ha, Nilufar! Hozir bo‘shmisiz?
— Yo‘q, institutga ketyapman, — dedi qiz jiddiy ohangda.
— Bo‘lmasa, ertaga shu paytda, shu erda kutaman, maylimi? — Nilufarning roziligiga ham qaramay, qo‘l uzatdi: — Xo‘p, xayr…
Qiz ham beixtiyor qo‘l berdi…
Nilufar yo‘lda borarkan, bu quvnoq yigitning so‘zlarini eslab kulardi. Savlatiy qizga chindan ham yoqib qolgandi…
Savlatiy uyga keldi-da, poemasining boshlang‘ich satrlarini qoraladi…
Ertasi kuni o‘sha erda yana uchrashishdi. Kinoga kirishdi, parkda sayr qilishdi, shahar aylanishdi… Shu tariqa kunlar ham o‘taverdi. Savlatiy har kungi visol taassurotlarini poemasiga kiritib bordi…
Va nihoyat poemaning “Ajralish” bobi qoldi. Savlatiy belgilangan paytda uchrashuv joyiga keldi.
— Salom, Savlat aka! — Nilufar chopqillab keldiyu, Savlatiyga qo‘l uzatdi.
— Salom! Men “Savlat aka” emas, shoir Savlatiyman. Tushundingizmi? — Savlatiy Nilufardan yuzini o‘girib, do‘ng‘illadi.
Nilufar buni hazil deb o‘yladi shekilli, xandon otib kulgancha dedi:
— Qo‘ysangiz-chi, shunaqa hazilingizni, Savlat aka!
— Birinchidan, bu hazil emas, ikkinchidan, siz men o‘ylagan qizlardan emas ekansiz.
— Nima-a?.. — Nilufar birdan jiddiylashdi. — Nima dedingiz? Hali shunaqami?.. — u boshqa gap aytolmay, yig‘lab yubordi.
— Ha, shunaqa! — Savlatiy shahd bilan burilib, poemasining “Ajralish” bobini yozgani uyiga yo‘l oldi…
Nilufar yig‘lagancha redaksiyaga bordi. “Adabiyot bo‘limi” xonasining eshigini zarb bilan ochib, o‘zini dadasiga otdi.
— Dadajon!.. Aldab ketdi… Aldadi!.. — u dadasini quchoqlab, shu so‘zlarni aytarkan, alam bilan yig‘lardi.
— Nima bo‘ldi?.. Kim aldadi? — ensasi qotgan Sayfi Karimovich qizining sochlarini silagancha hadeb bir savolni qaytarardi.
Birdan eshik zarb bilan ochildi-da, hech nimaga qaramay, baqirgancha Savlatiy kirib keldi.
— Poema bitdi, Sayfi Karimovich!
Nilufarga ko‘zi tushdiyu turgan joyida qotib qoldi. Nilufar ham yig‘idan to‘xtab, yoshli ko‘zlarini Savlatiyga hayrat bilan tikib turardi. Sayfi Karimovich boshini changallagancha kresloga o‘tirib qoldi…
Arxivdan.
3-5 mart, 1980-yil, uy-internat.