Kino

Ijodiy jasorat mevasi
13.04.2015
Arafa (Aksilichkilikbozlik turkumidan)
22.04.2015

Biror qizni sevib, har qancha izhori dil qiling ekan-u, uylangandan keyin falon-pismadon qilaman, deya va’da bermang ekan. Va’da berganning bittasi mana men. Malikai Gulandomga kunora kinoga olib boraman, der edim. Hozir esa o‘sha majburiyat tegirmon toshidek har kuni yelkamni ezadi. Bizning qishloq qurg‘urda kinoteatr bo‘lsa ham bir navi edi. Har zamonda choyxonada kino ko‘rsatishadi-yu, shunda ham nuqul erkaklar kiradi. U yerga xotiningizni yetaklab boring-chi, odamlar og‘zi qolib, tovonining tagi bilan kuladi. Xotin bilan kino ko‘raman degan odam shaharga tushishi kerak, albatta. Bu esa butun bir kun asfalasofilin degan gap.

Bir kuni kechqurun sevikligim taklif kiritib qoldilar:

— Sayyorjon aka, ertaga kinoga boraylik, shaharda yangi indiyskiy film ketyapti ekan.

— Kinoga o‘tgan dam olish kuni bordik-ku, Pari, — dedim erkalab.

— Voy, va’dalaringiz esdan chiqdimi? Ham bunisi yangi ekan-da, akajon!..

— Nomi qanaqa ekan?

— Qandaydir “mest”miey, “zakon”mi… O‘zbekchasini bilolmadim.

— Indiyskiy kinoniyam o‘zbekchasi bo‘ladimi? U o‘z nomi bilan indiyskiy. Xo‘p, ertaga boramiz. — Boshqa nima ham derdim. Xotin amri vojib, ham to‘rt oylik kelin, qolaversa, ho‘v o‘sha va’dalar.

Ertalab turib, yuvinib-tarandik. Ikkalamiz gul-gul ochilib, shaharga yo‘l oldik. Avtobusda bizdan oldindagi o‘rindiqda o‘tirgan o‘rta yashar odam yonidagi sherigiga o‘sha “indiyskiy kino” haqida og‘iz ko‘pirtirib gapirardi.

— O‘ziyam kinomisan kino ekan-da. Boyagi bola yigirmatachasini, daje undanam ko‘proq edi, yaxshi sanamadim, shunaqayam soldiki. Yana ular xokkey tayog‘-u lo‘mlar bilan urishdi…

— Nomi nima ekan? — so‘radi sherigi.

— “Mest”mi, xax, “zakon”midi, esimdan chiqibdi… Shunday qilib, o‘sha bola otasini o‘chini olishi kerak edi-da…

Kinoteatrga yetib keldik. Hali erta bo‘lishiga qaramay, odam chayqov bozoridagidek. Nima balo, ular shu erda tunashganmi, deyman. Bilet sotilyapti. Ur-yiqit, so‘kinishlar, baqirishlar bepul. Bilet olib chiqqan kishining yo yoqasi yo‘q, yoki shimining poychasi yirtilgan, yoxud yuzi shilingan, ko‘kargan. Haqiqatan ham zo‘r kinoga o‘xshaydi. Men ham seviklig-u to‘tiyoimni bir chetda qoldirib, olomon ichiga sho‘ng‘idim. Bir yarim soat sur-sur qilib ham bilet ololmadim. Mayli, o‘n birdagisi bo‘lmasa, ikkidagisi bo‘lar, dedim-da, yana kassaga yopishdim. Qarasam, ololmaydiganman. Shartta kassirlarning tashqaridagi “yugurdak”laridan, bitta chervonning bahridan o‘tib, ikkita bilet sotib oldim. Ertalab nonushta qilmaganimizdan qorin ham ochdi. Ovqatlanib kelaylik, desak, zalga kirish uchun ham navbatda turish kerak. Bo‘lmasa, qo‘lda bilet bilan ko‘chada qolib ketaverasan.

Va nihoyat bir amallab ikkinchi seansga zalga kirib oldik. Kino boshlandi. Bir bor ekan, bir yo‘q ekan… Yo‘g‘-e… Ajab dilni qitiqlovchi kuy. Bir kambag‘al yigit o‘rmonda yuribdi. Poyezd o‘tyapti. Poyezdning bir tomonidagi pastlikda yo‘l. Unda bir qiz ketyapti. Birdan qiz yiqilib tushdi. Ancha narida katta yuk mashinasi yelib kelyapti. Buni ko‘rgan yigit yashin tezligida ketayotgan poyezdning ostidan dumalab o‘tib, qizni qutqarib qoldi. Qo‘shiq. Qiyo boqishlar. Sevgi. Ularda hamma narsa oson. Men shu yonimda o‘tirgan xotinimning ko‘nglini olaman deb ikki yil sarson bo‘lganman… Xullas, ular o‘g‘il ko‘rishdi. Keyin ularni banditlar otib ketdi. O‘g‘li ko‘zaning orqasida yashirinib qoldi. Tilanchilik qildi. Ulg‘aydi. Boyidi. Sevdi… Bir payt qarasam, xotinim piq-piq yig‘layapti. Zalda o‘tirgan ayol boshi borki, yonidagi yelkaga suyangan… Keyin xokkey tayoqlar, zanjir va cho‘qichlar… O‘ch… Qo‘yingki, o‘sha Jimi yoki Raju murod-u maqsadiga yetdi. Kino tugadi. Sevishganlar qo‘ltiqlashgan. Har bir yigit o‘zicha Jimi yoki Raju. Biz ham qo‘ltiqlashib, zinapoyalardan tushayotsak, bir yigit xotinimni yelkasi bilan turtib, shoshib o‘tib ketdi. Jahlim chiqdi.

— Hov, to‘nka, ko‘zingga qaramaysanmi!.. — dedim o‘dag‘aylab.

Yigit “hozir” dedi-yu odamlarni yorib, tashqariga tez chiqib ketdi. Biz ham asta tashqariga chiqsak, boyagi “hozir” degan yigit yonida beshtasi bilan hozir bo‘lib turgan ekan. Darrov yo‘limni to‘sishdi. Axir bularning tayog‘ida xokkey tayog‘i yo‘q-ku. Ham bor-yo‘g‘i olti kishi. O‘sha men ham Jimi yoki Rajudan kam emasdim. Mushtlashdik. Lekin men hatto bir musht ham urolmadim. Yaxshiyam mendek sho‘r peshonalar baxtiga militsiya atalmish xaloskor bitilgan. Ular qochib ketdi. mening esa hammayog‘im momataloq. Qorinni sichqon kemiryapti. Qaytishda avtobusda kelayotsak, ertalabki odam yana bir boshqa hamrohiga o‘sha kinoni maqtayapti:

— O‘ziyam kinomisan kino ekan-da. Bugun sakkizinchi marotaba ko‘rdim… Haligi bola yigirmatasini…

Jahlim chiqib ketdi. Meni oltita tirmizak do‘pposladi-ku…

— Undan ham ko‘p!.. — dedim boyagi odamga kesatib.

U menga bir qarab qo‘ydi-da:

— Ha, ko‘pidi… Men yaxshi sanolmadim-da… Keyin haligilarni…

Men endi chidolmadim:

— Do‘ppsolayverdi-do‘pposlayverdi… Lekin qon ham chiqmadi, bir joyi ko‘karmadi ham. Meni esa dabdala qilishdi. He o‘sha kinoingniyam!..

Boyagi odam so‘kindi. Men yoqasiga yopishdim. Yaxshiyam, ajratib qolishdi… Sevikligim yig‘ladi. Yig‘laydi-da, eri Jimi yoki Raju bo‘lolmagandan keyin…

Arxivdan. 1987-yil 16-yanvar