Kovak

Bolalar
28.02.2014
Majnun
01.03.2014

TUSH

 

Toshdan-toshga sakray-sakray kechuvdan o‘tib borarkan, uning miyasida birgina o‘y bor edi — iloji boricha poyabzalini ho‘l qilmaslik. O‘ng poyining tagcharmi yeyilib ketgan, bir tomonga qiyshiqroq bosganidan tagi tugmadekkina teshilib qolgan edi. O‘sha joydan ozgina suv kirdi deguncha paypog‘i jiqqa ho‘l bo‘lar, kuzning oxirrog‘i emasmi, oyog‘i ancha-muncha sovqotardi. To‘g‘ri, bu hozir xavflimas, ammo bugun bilinmasa ham, keyincha — yosh o‘tganda bo‘g‘in og‘rig‘i azob berishi mumkinligini o‘ylar va ehtiyotlanishga urinardi. Aslini olganda, o‘zi hali yoshmi yoki yo‘qmi, buni ham aniq aytolmasdi. Har tugul o‘ttiz yettini qoralabdi, bu yoshda odam ertasiga astoydil qayg‘ura boshlaydi.

 

Kechuv — soyning ensizroq va sayozroq joyi. Aslida-ku hozir soy suvi anchagina ozayib ketgan-a. Buyog‘i endi kuzchilik-da, kuzda u qurimoqdan beri bo‘ladi. Mayda-chuyda toshlarni ham ko‘molmay, shildirab-shildirab oqadi. Kirg‘oqlarida nami qochgan toshloq-maydonlar hosil bo‘lgan, nariroqda, bahorda uvvos solib, to‘lib-toshib oqqan to‘lqinining keskin-keskin talvasayu beboshliklaridan yuzaga kelgan pichoqda kesilganday tik jarlik uch-to‘rt odam bo‘yi bo‘lib, gerdayib turibdi. Yoz quyoshida beayov toblangan qizg‘ish tuproqlari qizdirilgan tandirni eslatadi. Toshloq esa, quritish uchun oftobga yoyib qo‘yilgan yong‘oqlar kabi qadam tegar-tegmas shaldiraydi, faqat toshlar shaldirashi qo‘polroq, og‘irroq eshitiladi.

Qisqasi, u teshik botinkasiga suv kirgizmaslikka urinadi. Har odimda ataylab terib qo‘yilgan-day turgan, hajmi hiyla katta, lekin oyoq tushaverganidan yapaloqlashgan toshlar, uzunasiga bir chiziq bilan qaralganda ilon izini eslatar, u ana shu ilon izi bo‘ylab qariyb sakrab-sakrab borar, ba’zan yiqilguday tebranib ketar, muvozanatini saqdash uchun bir qo‘lini posongi qilib, bir oz turib qolardi. Shiddirab oqayotgan tip-tiniq suv ba’zi toshlarning ikki yonboshini aylanib o‘tsa, ba’zila-rining ustidan oshib o‘tishga intilar va shapaloqdek joy qolganda shashti yetmay, yana ikki yoniga sirpanib tushib ketardi-da, o‘z o‘zaniga qo‘shilardi. U oyog‘ini ho‘l qilishi mumkin bo‘lgan ana o‘sha toshlarga hadik aralash qarab qo‘yardi…

Va nihoyat bu qirg‘oqdagi toshloqqa yetib oddi. Xuddi shu kechuv joyidan uch-to‘rt qadam narida — jar yoqasida qiyshayib o‘sgan ulkan qari o‘rik daraxti bo‘lib, ancha joyga soya tashlagan edi. O‘rik ostida yarmini jar tuprog‘i ko‘mgan xarsang yotar, bir qarashda uning tuproq yoki tosh ekanligini ajratib bo‘lmas va u qari o‘rik soyasida g‘alati qorayib turardi. Jar tagidan yurgan odam unga birinchi bor ro‘para kelsa, nogoh seskanib, vahimaga tushishi ham mumkin edi.

U kechuvdan o‘tib, ana o‘sha qora toshga beixtiyor loqayd tarzda bir nigoh otdi-da, qum-shag‘alni shaldiratib yura ketdi. Shu payt bir narsa juda qattiq vang‘illadi va o‘ng qo‘ltig‘ining orqa qismi «jiz» etib achishdi yoki avval o‘ng qo‘ltig‘ining orqa qismi achishib, so‘ng nimadir vang‘illadimi, nima bo‘lganda ham u chap tarafga siltanib ketdi. Shu payt miyasidan, miltiq otildimi, degan o‘y yashin tezligida o‘tdi va o‘sha siltanish asnosida yonboshga ikki-uch qadam dovdirab ketdi. Boshi bir tomonga qiyshaydi…

 

O‘NG

 

U kechuvdan o‘tib borarkan, hozirgi birdan-bir tashvishi poyabzali o‘ng poyidagi teshikni suvdan ehtiyot qilish edi. Yaxshiki, hozir suv chap tarafidan oqmoqda, ya’ni shildirab oqayotgan muzdek suv o‘ng oyog‘ining chap yonboshiga uriladi, teshik esa o‘ng tomonda. Demak, suv kirib ketishidan bemalol saqlanish mumkin. Ammo bir toshdan ikkinchi bir yapasqi toshga sakradiyu, muvozanatini yo‘qotib, yiqilishiga oz qoldi, yaxshi hamki ikki qo‘lini ikki tarafga posongi qilib ulgurdi va o‘zini o‘nglab oldi. Chap qo‘lidagi dumaloqlangan eski «umumiy» daftarni o‘ngiga olib, qattiqroq qisdi. Xuddi jilmayayotganday ko‘ringuvchi xiyol qisiq ko‘zlarini tip-tiniq suvga tiqdi. Tosh ustida turgan ko‘yi beixtiyor cho‘nqaydi, quloqlarini yoqimli ovoz siypaladi. Bu suv ovozi — odatda kinolarda ariqlar xuddi shunaqa shildirardi. Judayam tiniq, jarangdor ovoz, boshqa biron-bir tovush qo‘shilmagan. Tavba, namuncha zilol? Nega shu paytgacha eshitmagan ekan? Yo e’tibor bermaganmi? Shunaqa bo‘lsa kerak-da. U qo‘lidagi daftarini tizzalari bilan qorni orasiga qisib, kaftlariga suv oldi. Suv juda sovuq edi. Shu qadar muzdekki, qo‘llari bir lahza ham bardosh qilolmay to‘kib yubordi. Aslida u suv ichmoqchi edi, tiniqligidan zavqlangandi. Sovuqligini bilgach, eti seskandi. Daftarni qo‘ltig‘iga qistirib, o‘rnidan turdi, qo‘llarini shundoq ham yaltirab, yag‘irlanganday qo‘ringuvchi kostyumiga artgan bo‘ddi. Darvoqe, kostyum haqida: hozir egnida tarang tortilib, tugmalari uzilib ketguday turgan va har bir tugma to‘g‘risidan ikki biqinga tomon taram-taram «ariqchalar» ketgan bu kostyum qachonlardir yangi bo‘lgan, albatta. Bu turishi (aslida bundan boshqacha ham bo‘lishi mumkin emasdi-da, zero, uning ichidan kiyilgan paxtalik kamzul va uning ichidagi qalin jemper kostyum jonivorni shunaqa «po‘rim» qilib yuborgandi) xiyla ayanchli va bir oz kulgili ko‘rinsa-da, bir paytlar egasiga baxsh etgan nash’u-namoni inkor etishga izn bermaydi. Illo, uning egasi bir paytlar kostyum-shimlarini pichoq tig‘iday yaltiratib kiyardi. Qishloqqa keldiyu… Yo‘q-yo‘q, qishloqqa o‘rganib, bola-chaqasi ko‘paydiyu, o‘ziga uncha qaramay qo‘ydi. Eh-he, bir zamonlar — talaba bo‘lgan yillari barcha teng-to‘shlariyu kursdoshlari unga havas qilishardi. U yasan-tusanda birinchi, qaddi-qomatda birinchi va nihoyat qosh-qo‘z borasida ham birinchi edi. Qizlar uni desa «o‘lib» qolishardi, bir lahza yolg‘iz qo‘yishmasdi, hatto kechalari ham quvlab yurishardi. U fizika-matematika fakultetining yulduzi, shoiri edi. Nima jin urdiyu institutda qolishni istamay, qishlog‘iga jo‘navordi. Hamma lolu hayron qoldi, institutni tebratgan shundoq yigit qishlog‘iga, yanaki tupkaning tubiday yerga ketvorsa-ya. Kim biladi, balki u g‘aflatga botgan chekka qishlog‘ini uyg‘otmoq tashvishidamidi? Balki… Lekin mana, yigitlik umri ham chekinmoqdaki, shu joylarda qolib ketdi va ezgu niyatlarini allaqachon unutib yubordi. Boringki, qo‘li kalta ekan.

Yana kostyum haqida: buni to‘rt yil burun yangi o‘quv yili arafasida olgandi. O‘shanda bu kiroyi libos bilan qishloqning oldi domlasi bo‘lgandi, o‘ziyam libosga qo‘shilib ochilib ketgandi. Shimini xotiniga har kuni dazmollatardi, bechora, qo‘li chiqib ketgani bois, qiynala-qiynala g‘udrana-g‘udrana dazmollar va shu bo‘lmag‘ur, keraksiz yumushni deb zaril ishlari qolib ketayotganidan nolirdi. Er esa dazmol bostirishdan charchamasdi. Lekin madaniylashtirish jarayoni atigi ikki oycha davom etdi, zero, ichidan kamzul va jemperlar kiyilgach, kostyum ko‘rkini yo‘qota boshladi — paxta tiqilgan qopga o‘xshab qoldi. Dazmol ham nihoyat yana eski sandiq tagida uzoq-uzoq yotadigan bo‘ldi. Tez orada kostyum jonivor izmolari kengayib, yoqalari tepaga qayrilib qoldi. Endi u hamisha shundan noliyveradi: nega kostyumi tekis turmaydi, shimining tizzasi ikki kunda jiji bola kallasiday dumaloq bo‘lib qolaveradi? Nega unaqaykin-a? Nima, peshonasiga faqat yoqasi bujmaloq kostyumu tizzasi dumaloq shim kiyish yozilganmi? E-e, aslida odam kiyim tanlaydimi yoki kiyim odamni? Uningcha, libos odam tanlashi to‘g‘ri bo‘lsa kerak. Aks holda nega endi tuppa-tuzuk kostyum-shim ham menga noloyiq bo‘lib qoldi? Mana, masalan, men paxtalik (fufayka deyishadimi) kiyvolsam juda-juda yarashsa kerak. Chunki shunga munosib odam ekanligim aniq.

Navbatdagi toshga endigina irg‘imoqchi bo‘lganda, hozirgi o‘tib kelgan narigi qirg‘oqdagi jar ostida o‘sgan butalar orasida ko‘rinib turgan kichikroq paqir og‘zidek kovakka ko‘zi tushdi. Mo‘ljalidagi toshga qo‘nib, haligi kovakka tikilgancha turib qoldi. Ertalab ishga borayotganida o‘sha teshikka: nimadir kirib ketganday bo‘luvdi. Kattaroq mushukdekmi yoki kichikroq itdekmi keladigan o‘sha jonivorning nima ekanligini bilolmay qoluvdi. Rangi yo qoraydi, yoki oqimtir edi. Balki butunlay boshqa rangdadir. Nima bo‘lgandayam o‘sha kovakka nimadir kirib ketgandi. Ehtimol, tulkidir? Yo‘g‘-ey, tulki bunaqa joyga uya solmas, yana kim biladi.

Ertalab bir ko‘rinib yo‘qolgan jonzot nimaligini bilishni juda-juda istab qoldi. Hatto ortiga qaytib, teshikni yaqinroqdan astoydil ko‘zdan kechirish, ichiga mo‘ralab qarashni ham o‘yladi. Lekin erindi, yo‘q, erinmadi, ortiga qaytsa, botinkasiga suv tegishi ehtimolini o‘ylab, tekshiruvni boshqa paytga qoldirdi. Xayoliga o‘rnashgan «nimadiykin-a?» degan savolni takrorlagancha toshdan-toshga sakradi. Xayriyat, oyog‘i ho‘l bo‘lmadi, aks holda namiqish azobini darrov sezardi. Oyog‘i sovqotmasa-da, paypog‘i chilpillab, g‘ashiga tega boshlardi.

Va nihoyat quruq joyga o‘tib oldi-da, toshlarni shaldiratib ikki-uch qadam yurdi. So‘ng ulkan o‘rik ostidagi ko‘kimtir-qora xarsangga qaradi. Nigohi bilan tosh savlatini chamalab, endi boyagi teshik tomonga qayrildi. Kostyumi cho‘ntagini paypaslab, shishasini topdi. Kaftiga nos solib, tili ostiga tashladi-da, labini qimtib, ko‘zlarini qisgancha toshga tikilib qoldi. Buning ustiga o‘tirvolib, kovakni birpas poylasamikin? O‘sha yerda panalagan jonivor nima bo‘lsayam vaqti kelib tashqariga chiqar-qu! Ehtimol hozir tashqaridadir, hademay uyasiga qaytar. Beixtiyor junjikdi. Kuzning sovuq shamoli ta’sir qildimi yoki qorni ochganidan eti yupqalashdimi, hartugul ma’yus tortib qunishdi. Keyin o‘zini isitishga uringanday u yoq-bu yoqqa qimirlagandi, oyog‘i ostidagi toshlar ovoz berdi. Asta engashib, tuxumdan kichikroq bittasini qo‘liga oldi…

 

TUSH

 

Boshi bir tomonga qiyshayib borarkan, kim otgan bo‘lishi mumkin, degan fikr miyasiga urildi-da, nogoh zardali savol qaytdi: «Aybim nima?» So‘ng, bu fikru savollar esidan chiqdi yoki aytish mumkinki, juda tezlikda unutildi. Aslida uni chindanam otishdimi, boyagi vang‘illagan yoki gumburlagan ovoz haqiqatan miltiqnikimidi, hali u tuzukroq anglab ham yetmagandi. To‘g‘rirog‘i, o‘sha o‘ng qo‘ltig‘ining orqa qismiga, deylik, biqinining teparog‘iga urilgan quchli zarbdan siltanib ketgach, o‘tgan shu bir necha lahza ichida o‘ylashga yoyinki anglashga fursati yetmagandi. Avvaliga o‘sha zarb bilan tanasiga nimadir qattiq suqilganini sezganday bo‘ldi va o‘sha joy bir oz achishganday ham tuyuldi. Yonboshga bir-ikki qadam dovdirab ketib, boshi bir tomonga xiyol qiyshayib borarkan, tuydiki, o‘sha zarb tekkan joy endi achishmas, qizimas, aksincha, butun tanasi sovqotib, muzga aylanayozgan edi. Bir zumda muzlash qaboqlarigacha yetib bordiki, bundan ko‘zlari tolib, qum tiqilganday achishdi. Og‘zini o‘zgacha bir ta’m qamradi, ya’ni bahorda bir-ikki dona g‘o‘ra yesangiz, tishlaringiz qamashib, og‘zingiz shunaqa chuchmallashadiki, g‘ashingiz keladi yoki tish sug‘urishdan oldin qilingan ukoldan so‘ng ham tilingiz shu xil ta’mni tuyadi. Qamashiq tishlarini bir-birlariga bosib, yutinmoqchi bo‘ldi, lekin uddasidan chiqolmadi. Chunki, endi so‘lagi qochib, tomog‘i quruqshay boshlagandi. Qolaversa, butun tanasini chulg‘agan muzlash hiqildog‘iga ham yetib borgandiki, bu yutinishga imkon bermasdi.

Xuddi shu lahzada, ya’ni astoydil sovqotib, boshi bir tomonga qiyshayib borayotganda, ag‘darila boshlagan qorachiqlari atrofga qarashga ham ulgurdi. U o‘sha asnoda ulkan o‘rik ostidagi xarsangga, balki, uning ortiga nazar tashladi. Endi miyasidan: «Shu yoqdan otishdi shekilli?» — degan o‘y o‘tdi va bu fikrning ketidan kelgan «Nega?» so‘zidan iborat alamli kalom ham xayolligicha kallasida qoldi va tezlikda «Otishdimi o‘zi?» degan xotirjamroq savolga aylandi. U o‘sha qarashida xarsang ortida yoki katta o‘rikning ustida hech kimsani ko‘rmadi. Lekin buni eslab qololmadi, qorachig‘lari tamom ag‘darildi. Nihoyat, oyoqlari qaltirab, holsizlandi va chap tizzasi xiyol bukildi…

 

O‘NG

 

Qo‘lidagi toshni barmoqlari bilan bir-ikki u yoq-bu yoqqa aylantirdi, qattiq siltanib, kovak tomonga otdi. Qo‘lini keskin siltaganidan o‘ng yelkasi qo‘ltig‘i bilan qo‘shilib og‘rib ketdi. Ammo shunchalar jon kuydirib uringani bilan tosh kovakka yetib bormadi. Bir oz beriga — toshloq ustiga tushdi. Xayolan yana biron marta otmoqchi bo‘ldiyu, yelkasi og‘rigani bois, shashtidan qaytdi. Qayrilib o‘z yo‘liga ketarkan, og‘zidagi «pishib» qolgan nosni yonboshiga tufladi. Lablarini kafti bilan artib, yurib borarkan, yana kovak tomonga qaradi va beixtiyor to‘xtadi. «Hozir kutganim bilan nimaligini bilolmayman shekilli, yaxshisi, boshqa bir kun ataylab poylayman», — deya o‘yladi va so‘ng yo‘lida davom etdi. Shuncha vaqtdan beri kovakka ko‘zi tushmagani qiziq. Avval ham bormidi o‘zi? Bu yerdan, aynan shu kechuvdan qariyb har kuni o‘tadi. Necha yillardan buyon o‘tadi. Ro‘paradagi qir ortida kichkinagina qishloqcha bor, bolalari to‘rtinchi sinfgacha chaldevor maktabda o‘qishadi. Ular olis yo‘l bosib, bu betdagi katta maktabga kelishmaydi-da. U ana o‘sha maktabda ham hisobdan dars beradi. Bundagi to‘rtta sinfning har birida sakkiz-o‘n nafar bola ta’lim oladi, xolos. Aholi oz-da. Avvaliga u, institutni amoga bitirgan odam, oliy ma’lumotli o‘qituvchi chekka bir qishloqning qora-suvoq maktabida «manqa-sanqa» talabalarga dars berishni o‘zi uchun haqorat deb yurdi. Lekin keyin ko‘nikdi, balki taqdirga tan bergandir. Qolaversa, hayot deganlari, tirikchilikning o‘ydim-chuqurlari odamni asta-sekin kirchimol qilib boraveradi shekilli-da, bo‘lmasa, institutning oldi yigiti edi, yudduzni benarvon uraman, derdi. Endi esa kostyumining yoqasi tepaga qayrilganigayu shimining tizzasi jijining boshidek bo‘lib do‘ppayib qolganiga ham unchalar e’tibor beravermaydi, ehtimol umuman parvosiga ham kelmas. Yana shunisi borki, bu chekka maktabda u bilan birovning ishi yo‘q — bo‘lar-bo‘lmas rahbarchalardan qutulgan. Xohlasa dars o‘tadi, xohlamasa, bironta epchilroq bolaga kitobni o‘qitib qo‘yib, bir kaft nosni urvoladi-da, kichkina derazaning dog‘-dug‘ ko‘zidan tashqariga termilib, xayol surib o‘tiraveradi. Xayollari esa cheksiz-chegarasiz, ehtimol shuning uchun ham xayol surish unga xush yoqar. Shunday qilib, uch-to‘rt soat darsni bir navi eplaydi-da, uyga qaytadi. Bir paytlar chekka qishloqni g‘aflat uyqusidan uyg‘otmoqchi bo‘lgan hov o‘sha ko‘zlari chaqnab turguvchi yigit endi yo‘q. Uning eskirgan surati qolgan, xolos.

U toshlarni shaqirlatib bosib borarkan, kovakni boshqa biron kuni, albatta, poylashni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Balki ertaga poylar, axir, ertasiga dam olish quni-ku. Ha, ertaga poylay qoladi. Bitta haligindan olvolsa, sovqotmayroq o‘tiradi. U jonivor nimaykin-a o‘zi? Bir «lip» etdiyu ko‘zdan yo‘qoldi-ya…

U soy ichidan tepaga ko‘tarilib, yo‘lga chiqib oldi. Buyog‘i endi hademay mahalla boshlanadi, shu bilan unga xush yoqadigan yolg‘izlikdan ham putur ketadi. Tavba, yaqindan beri yolg‘izlikni istaydigan bo‘lib qoldi-ya, ko‘ngli negadir jimlikni tusayveradi. Avvallari bunaqamasdi, nuqul o‘sha shovqin-suronli joylarga o‘zini urardi, to‘polonlarni, gavjum yerlarni yaxshi qo‘rardi. Endi esa… Nima, yoshing o‘tgan sari shunaqa bo‘lib qolarmikansan-a? Nahotki qariyotgan bo‘lsa? O‘ttiz yetti yosh aslida katta yoshmi yoki kichikmi? Har holda yosh bola emas-da. Mana, katta qizi to‘qqizinchi sinfda o‘qiyapti. Xudo bersa, hademay kuyovlik bo‘ladi. Demak, qariy boshlabdi… Lekin aslini olganda, bu juda unaqa katta yosh emas-ku. Bu-ku erkak kishi, axir, har kuni televizorni to‘latib yotgan haligi ellik-oltmish yoshli xotinlarga qarasang, suqing kiradi-yu. Yo ular osmondan tushganmikin-a? Yo‘g‘-e, pardoz-andozlari joyida, xolos. To‘g‘risi, o‘zbek erta qariydi shekilli. Bo‘lmasa, kim uni ko‘rib, o‘ttiz yettiga kirgan, deydi. Yo‘q deganda ellik berar. Xotini-chi, xotini? Nima, to‘rtta tuqqan xotin osmondagi oy bo‘larmidi?..

Suyar traktorchi uyi oldida qantaruvli traktori ichini astoydil kovlardi. Ustida qora moydan yag‘irlab ketgan korjoma, ikkala qo‘li ham qop-qora, hatto yuz-ko‘ziga moy tekkan, ayniqsa, burniga chaplangan qoradan kulgili ko‘rinardi. U tizzalab olib, traktor ostidagi qaysidir murvatni burardi, shu o‘tirishda go‘yo dunyo bilan butunlay ishi yo‘qdek tuyulardi. Lekin u ortidan o‘tib borayotgan odamni soydan chiqqandayoq ko‘rganmidi, o‘z ishidan ko‘z uzmay, baland ovozda dedi:

— Ha, domla, xayol surib qopsiz?..

Domlaning xayoli to‘zg‘idi. Rostdanam, o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib Suyarning oldidan indamay o‘tib ketishiga oz qolgan ekan. Sekin burilib, Suyar tomon yurarkan, zo‘raki jilmaydi.

— Horma, Suyarvoy, horma! — Lekin kulgisi o‘ngib ketgan matoday ko‘ringuvchi yuziga sirayam yarashmadi. — Shu… haligi kovakni o‘ylab… — so‘rashmoq uchun Suyarga qo‘l uzatgandi, u tizzalagan ko‘yi o‘ng qo‘lining tirsagini tutdi.

— Endi-i, Mamarasul aka, biz kichkina odam, ko‘pam ko‘zingizga ko‘rinavermaymiz-da, — Suyar o‘rnidan turib, domlaga hazilomuz tirjaydi. Chamasi u traktorini kutkilayverib rosa zerikkanu hozir ro‘parasidagi odam bilan birpas hangomalashishga urinardi. — Tag‘in allanaqa kovaklar haqida o‘ylab yuribsizmi-ey. Odam haqida o‘ylash kerak, akam, odam haqida!..

Mamarasul «buning doimgi gapi-da», deganday, picha indamay turdi. So‘ng:

— Soyning qirg‘og‘idagi kovakka ko‘zing tushmovdimi mabodo? — deya so‘radi, muhim gapni aniqlayotganday qiyofada.

— Qaysi soyning? — deb so‘radi Suyar ham beparvo, yana o‘z ishiga kirisharkan.

— Iy-e, qishlog‘imizda o‘zi nechta soy bor, xumpar?

Suyar tirjaydi.

— Ha-ya. O‘sha soyning qayerida deyman-da…

— O‘rik boru… — endi Mamarasul astoydil tushuntira ketdi, — o‘sha o‘rik ro‘parasida, soyning narigi tomonida. Shundoqqina qirg‘oqning og‘zida.

Suyar beparvo «hm-m», deb qo‘yardiyu, o‘z ishi bilan ovoraydi. Bundan Mamarasulning hafsalasi pir bo‘ldi. So‘nggi ilinj bilan g‘o‘ldiradi:

— Haligi serbuta yer boru…

Suyar yalt etib unga o‘girildi.

— Xo‘sh, o‘sha kovakda nima bor ekan? — deya so‘radi, shu narsaga rosayam qiziqayotgan odam qiyofasida. Domla yana jonlandi:

— O‘sha kovakka binnasa lip etib kirib ketuvdi. Nimaligini sira bilolmayapman, qaytib sira ko‘zim tushmadi. Balki sen bilarsan deb…

Suyar domlaga hayron bo‘lib birpas tikilib qoldi, uning bu qarashida boshingni og‘ritib nima qilasan, degan ma’no bor edi.

— Aa-a… — dedi u cho‘zib, yana ishga kirisharkan, o‘zicha domlaga aql bo‘ldi. — Balki tulki-pulkidir-da.

Mamarasul kuyunib ketdi:

— Ey-y, qirg‘oqda tulki nima qiladi, bahorda suv yuvib ketadi-e!

— Bo‘lmasa, suvkalamushdir.

— Balki…

Yana Suyarning ensasi qotdi-da, chapanilarcha dedi:

— Ey-y, Mamarasul aka, u yerda nima bo‘lsayam sizga nima? Sizga og‘irligi tushyaptimi?

Domla bosh silkib jilmaydi:

— Bilgim kelyapti-da, uka. — Keyin, ketish uchun bir-ikki qadam tashladi-da, yana to‘xtab, Suyarga o‘girildi. — Ertaga nima qilasan?

— Manavini kovlamasam, bekorman, — dedi u traktoriga ishora kilib.

— Poylamaymizmi?

— Nimani?

— Kovakni-da.

— Ey-y, boshqa ishim yo‘qmi, aka! — Suyar shunday dediyu, bir holda jiddiylashdi. — Agar haligindan bo‘lsa… — deya domlaga ma’noli qaradi.

— Bo‘ladi, uka, bo‘ladi! — dedi sevinib ketgan Mamarasul qo‘l siltab.

— Unda ertalab boraveramiz.

— Bo‘pti, ertaminan chaqiraman.

Mamarasul shunday deya uyi tomon yura ketdi…