Kovakdagi iste’dod (Kemiruvchilar o‘qimasin)

Andijonliklarning yuzi hamisha yorug‘
10.05.2015
Urush va tinchlik
08.08.2015

Uning asli ota kasbi omborchilik edi. Lekin shoirlarga juda-juda havasi kelar edi. Axir elning ko‘zidagi eng hurmatli zotlar kim? Shoirlar. Kim puldor? Shoirlar. Unga o‘xshab shoirlar kechasi mayda-chuyda kovaklarga kirib yurmaydi. Obro‘ning o‘zi men unikiman deya ortidan quvib yuradi.

U o‘zidagi tug‘ma iste’dodni sezib qolmaganida balki shoirlarga bo‘lgan havas havasligicha qolib ketarmidi. Lekin unda nima bo‘lganda ham tug‘ma iste’dod bor ekan. Buni o‘zi sezib qoldi.

Bir kuni ish vaqti tugab, omborini bekitib, orqadagi yashirin teshikdan kunlik tirikchiligini olib, xirgoyi qilgancha ketayotuvdi, miyasida bir nima g‘imirlab qoldi. O‘yladi. I-ya, ilhom keldi shekilli. Ha-ha…

— Bizlar uchun to‘pon-don,

Odamlarga bo‘lur non…

Uning miyasida g‘imirlagan narsa mana shu misralar bo‘lib quyuldi. Obbo-o, tuppa-tuzuk shoir ekan-ku. Ana, tug‘ma talant. Ana, senga tuynuklarda yashiringan iste’dod…

U o‘z kovagiga (uyiga) keldi hamki, she’r ishqida yondi. Hamma uyquga ketganda stolga qog‘ozlarni uydi. Bo‘lganga yarasha bo‘lsin deb, sham ham yoqib qo‘ydi. Chap qo‘lini, chap chakkasiga tirab, xayolga toluvdiki, binoyidek shoir bo‘ldi-qoldi. Tuni bilan o‘tirib, bir emas, to‘rtta she’r to‘qib tashladi. Qarabsizki, yana bitta shoir dunyoga keldi. Shoir bo‘lgandan keyin jarangdorroq taxallusi ham bo‘lishi kerak-da. U uzoq o‘ylab, she’rlari ostiga “Sichqon Kemir” deb yozib qo‘ydi. Picha mizg‘ib olgach, nonushtadan so‘ng omborini ham unutib, redaksiyaga yo‘l oldi. “Adabiyot bo‘limi” deb yozilgan xonaga kiruvdiki, xuddi o‘ziga o‘xshagan, lekin savlatli bir zot homuza tortib o‘tirardi.

— Assalomu alaykum! — dedi u qiroat ila.

— Vaalay… — Savlatli zot aligining yarmini ichiga yutib, unga hayron tikilib qoldi. So‘ng: — Vey, mening bir akaxonimga judayam o‘xshar ekansiz… Qani-qani, o‘tiring-chi… Mabodo jiyanlari emasmisiz?

Sichqon Kemir iymanib, kamtarona bosh egdi:

— Kimni so‘rayapsiz?

— Suvsar Kalamushovichni aytyapman. Mabodo u kishiga qarindosh emasmisiz?

Sichqon Kemir sevinib ketdi.

— U kishi jonajon tog‘am bo‘ladilar.

— Obbo, siz-ey, obbo, siz-ey… — Savlatli zot o‘rnidan turib, ikki qo‘llab so‘rashdi. — Xush kepsiz!.. Xush kepsiz!.. Hoyna-hoy kaminani tanimasangiz kerak. Kamina shoir Yumronqoziq Mingteshik bo‘ladilar… Xo‘sh, xizmat?..

Sichqon Kemir qo‘ynidan qog‘ozlarni chiqarib, unga uzatdi.

— I-ya, i-ya, she’rmi?.. Ofarin, ofarin!..

Yumronqoziq Mingteshik shoshilmay she’rlarni o‘qib chiqdi. So‘ng yuz-ko‘zi shodlikka to‘lib:

— Talant!.. — deya hayqirdi. — Mana, iste’dodlar qaysi kovaklarda yashiringan… Ofarin!.. Yana bormi? Bugunoq olib keling, nashriyotga beramiz.

Sichqon Kemir qizardi.

— Hozircha shu xolos.

— Shunaqami?.. Unda sizga bir hafta muhlat, darrov o‘n-o‘n beshta yozib tashlang…

Sichqon Kemir redaksiyadan qalbi orzularga to‘lib chiqdi…

Shu-shu u ijodga sho‘ng‘idi. Olti oy deganda birinchi kitobi bosildi. Tog‘asi Suvsar Kalamushovich tabriklagani shaxsan o‘zi keldi. Kimsan shunday katta idoraning boshlig‘iga minnatdorlik bildirish kerak-ku. Darhol kattagina ocherk yozib tashladi. Yumronqoziq Mingteshik boshliq adab ahli esa uning kitoblarini bosaverdi. Yozaverdi… Uzataverdi… Bosaverdi.

Sichqon Kemir oz yillar ichida she’riyatning ko‘rki bo‘lib qoldi. Hamma mukofot-u, unvonlarni oldi. Faqat eng so‘nggisi — eng kattasi “Falon laureati” deganiga yetishmadi xolos.

Tog‘asining hamkorligi bilan o‘shal unvonga ham muyassar bo‘ldi.

Ulkan zal, Prezidiumda kazo-kazolar. Bu kun shoir Sichqon Kemirga Oliy mukofot topshiriladi. Minbarga o‘sha katta dargohning kattasi — otaxon yozuvchi Mushukzoda ko‘tarildi. U o‘zining og‘ir, lekin shirali ovozi bilan Sichqon Kemirning bosib o‘tgan ijodiy yo‘li haqida uzoq gapirdi. So‘zining oxirida dedi:

— Katta shoirimiz Sichqon Kemir bu mukofotga loyiq. Uning qator — “Teshikdagi xazina”, “Tuynuk”, “Teshilgan qop”, “Ombor — unda bir gap bor” kabi kitoblari adabiyotimizning oltin omboridan o‘rin olgan. Shu bilan birga, u vatanparvar va o‘z xalqiga sodiq shoir. Quyidagi misralarni eslang-a:

Men odam emasman,

Kemiruvchiman,

Mayda sichqon edim,

Shunday qolaman…

— Qanday kamtarona, ammo buyuk muhabbat ila aytilgan misralar!.. Sichqon Kemir ijodi ayni gullab-yashnagan paytda. Shunday ekan, sen bizga keraksan, Sichqon Kemir! To‘qiyver, yozaver!.. Kemiraver…

Mushukzoda Sichqon Kemirni bag‘riga bosib, peshonasidan yalab qo‘ydi. Tantana bilan mukofotni topshirdi.

Sichqon Kemir shod-xurram o‘z kovagiga (uyiga) kelib, tarki odat emasmi, laureatlik nishonini qo‘shnisiga bir qop arpaga almashtirib oldi.

Shu kuni tunda shoiri jahon Sichqon Kemir adib mushukzoda haqida yorqin xotiralar yozishga kirishdi.

Arxivdan. 19.12.1986