— Mashi skalad, Servisboy, — dedi do‘konchi qing‘ir-qiyshiq taxtalardan qilingan beo‘xshov eshikni g‘iyqillatib ochib, ichkari kirarkan. — Anovi lash-lushlarni bir tomonga taxlab, tagini tozalab berasiz. Xizmat haqi naq — uch ming.
Servisboy hech narsa demadi. Parishon ko‘zlarini g‘alati pirpiratib qo‘ydi-da, ishga kirishdi.
Pastqam qir ostiga joylashgan do‘kon avvallari devonaning xurjuniday ikki bo‘lak bo‘lib ikki tomonga yonboshlab yotar, devorlari bolalar loy otib o‘ynaganday serqashqa edi. Do‘konchi yigit xususiylashtirib olgach, ko‘p o‘tmay, ikki xonali do‘konni birlashtirib, kengaytirdi. Devoru tomlarini yangiladi, u yoq-bu yog‘iga rang-tus berdi, orqasiga eski-tuski yog‘ochu taxtalardan ombor qurdi. Keyinroq somsa yopadigan tandir o‘rnatib, bir bekorchini ishli qildi. Tandirning yonboshiga gulli kapa tikib, ikkita odmiroq stol, besh-o‘nta qo‘lbola stul qo‘ydi. Ana shundan so‘ng bu yer qishloqning eng gavjum joyiga aylandi. Guzardagi oldi ayvonli pastak choyxona, unga tutash sartaroshxona-yu novvoyxona esa katta amaldorning qabulxonasida navbat kutib o‘tirgan avomga o‘xshab qoldi. Do‘kon peshtoqidagi katta rangli yozuv unga, ayniqsa, viqor bag‘ishlaganday. Endi ikki tomonga suyri ketgan shag‘al aralash tuproqli yo‘l, negadir guzarning narirog‘idan boshlangan qishloqi uylar zabunroq, aftodaholroq ko‘rinadi. Do‘kon yonboshiga qo‘yilgan ikki biqinida qizg‘ish yo‘l-yo‘li bor qaymoqrang «Damas» misoli katta amaldorning hukmdorlik tamg‘a-nishonidek.
Ayni damda somsaxonada hech kim yo‘q. Somsapaz g‘o‘zapoyani qism-qism sindirib, tandirga tiqar, tepaga urilgan alanga taftidan va ayniqsa, tutundan saqlanish uchun ko‘zlarini qisib, tez-tez boshini orqaga tashlab qo‘yadi. Qoramtir tutun esa o‘chakishganday uning boshi qayoqqa qayrilsa, o‘sha tomonga o‘rlaydi. Lekin somsapaz bunga parvo qilmaslikka urinadi, chunki soat o‘n bir bo‘lmayoq tushlikka keladigan «klient»lari bor, shuning uchun tandirni tezroq oqartirib (qizdirib), somsani yopishi kerak.
Servisboy avval quti-yu yashiklarni, qo‘yingki, neki bo‘lsa, omborning bir tarafiga oldi. Ulardan bo‘shagan qum aralash tuproqli qoramtir zax yerni beshilik bilan tatalab (tirnab) ham axlatdan tozaladi, ham tekisladi. Ombor qir ostida — quyoshdan panadaligi uchun ancha salqin, yerning zaxi badanga baralla urilib, suyaklarni zirqiratguday bo‘lardi. Bahor emasmi, qishning borki zahri chor atrofdan qochib, shu yerga qamalib olganday. Zax tuproq taxta devorning yoriqlaridan mo‘ralab, go‘yo titray-titray oftobni axtaradi.
Ko‘p o‘tmay tuzukkina ishlayotganligiga qaramay, Servisboyning eti junjikib, burni suyuldi. Biroq ishni shoshilmay, puxta qilib o‘rganganidan tashqariga chiqib, oftobda isinib olishni ham istamadi. U endi haligi narsalarni tozalagan tarafiga olib, taxladi. So‘ngra un va guruch to‘la qoplar qalashib yotgan taxta so‘rini tartibga keltirdi, yon-verini supurib-sidirdi…
Servisboy ayni damda hech narsani o‘ylamasdi, shuuri tungi koinotdek huvillardi. Ishni esa qo‘llari beixtiyor bajarardi. Egnidagi ohorsiz kastim-shimi-yu ko‘ylagi shalvirab turgani va boshidagi beo‘xshov o‘rusiy shapkasi bois qaddi-basti ko‘rimsizday tuyular, biroq tuzukroq sarasof solgan kishi kelishgan qomatini payqashi mumkin. Buning ustiga, u boya do‘konchi tap tortmay aytgan, eshitgan quloqqa g‘alati tuyulgan laqabidan g‘ashlanmas, norozi ham bo‘lmasdi. Servisboy deyishlari sababini o‘zi bilmas, ehtimol qachonlardir bilgandiru, endi unutib yuborgandir. Huddiki otasi qo‘ygan chiroylidan-chiroyli Shunqorbek ismini unutganday.
Otasi rahmatli ovchi edi, qiru-tog‘larni kezib, turfa jonzotlarni ovlardi. Bir necha kunlab yo‘q bo‘lib ketar, olis-olis tog‘larning eng baland cho‘qqilarigacha chiqardi. Cho‘qqilar hukmdori shunqor atalmish qushga ishqi tushgan yillari ikki qizdan keyin o‘g‘il ko‘rdi. O‘g‘lining tolei baland bo‘lmog‘ini orzulab, Shunqor deya ism qo‘ydi.
Servisboy ishni tugallab, tashqariga chiqqanida tip-tiniq osmonda charaqlayotgan quyosh nurlari ko‘zga sanchilar, xush bo‘yli bahoriy sabo yelardi. U do‘konchiga yo‘liqish niyatida do‘konning oldiga o‘tdi. Somsaxonada yuzi qirmochi chalaroq qirilgan qozonday Shodi traktorchi bilan shalpang quloq Soyib suvoqchi o‘tirishardi. Bu ikkovi tengqur — bir sinfda o‘qigan, maktabda o‘qib yurgan paytlari bo‘ylari cho‘zilib, qizlarga qaray boshlashganida Soyib kichikroq yelpig‘ichday quloqlarini nima qilishini bilmay, Shodiga noligandi. U bo‘lsa, hazillashibmi yoki farosati yetgani shumidi, quloqlarini orqaga qaytarib yelimlab olishini maslahat bergandi. Soyib ertasiga yelimlangan quloqlarini oshnasiga ko‘z-ko‘zlab, «qoyil qipmanmi», deganday mamnun tirjaygandi. Avvaliga Soyibning laqabi «Lokatr» edi, shu-shu uning yoniga «Kley» ham qo‘shildi. Eslashsa, hali-hali kulishadi. Ayniqsa, tos bet (yuzi ketiga o‘xshagan) Shodiga ko‘pchilikning ichida Xudo beradi — dod devormaguncha qo‘ymay masxaralaydi.
Servisboyni ko‘riboq Shodi traktorchi og‘zining ishtonbog‘i qochib, xiringlashga tushdi:
— Ie, Servisboy, shu yerdamidiyiz? Aytuvdim-a ajinatutning hidi kelyapti, deb.
Servisboy unga ma’nosiz bir qarab qo‘ydi-yu indamadi, gapini eshitmaganday turaverdi.
Shu payt do‘kondan bir shisha aroq ko‘tarib do‘konchi chiqib qoldi.
-E-e, tugatdiyizmi, Servisboy? — dedi u qo‘lidagini Shodining oldiga qo‘yarkan. — Hozir siz minan hisob-kitob qilamiz… Hov, bularga ikkita piyola ber.
Do‘konchi cho‘ntagidan bir dasta besh yuztalik chiqarib, uch ming so‘m ajratdi-da. Servisboyga uzatdi.
— Mehnatingizga rozi bo‘ling-a. Mana, xizmat haqqingiz.
Servisboy pulni olib, darrov kastimining ichki cho‘ntagiga soldi.
— Endi bir yo‘la tushlik qip keta qoling, do‘sim, — dedi do‘konchi uni erkalatganday. — Ikkita somsayam bizdan.
— Ha-ha, biyaqqa keling, Servisboy, — tag‘in xiringladi Shodi hangomatalablik bilan. — Bir pas gaplashaylik endi, munday.
Servisboyning qorni ochgandi, buning ustiga, eti mudom junjikardi, shuning uchun indamay borib Soyib kleyning so‘l yoniga o‘tirdi.
— Hov, — deya somsapazni chaqirdi Shodi bo‘ynini cho‘zib. — Senlardayam chiroq o‘chyaptimi? Bizda ja oshirvoryapti-da.
Somsapaz qir ortidagi mahallada yashardi.
— Har kuni o‘chadi, aka, — deb qo‘ydi u tandirning cho‘g‘ini kovlab.
— Kechqurun bir bemalolroq televizoram ko‘rolmaysan, — g‘udrandi Shodi o‘ziga o‘zi gapirganday.
— Laqabniyam zap topgansan-da bunga, — dedi Soyib shipshiganday, boshi bilan Servisboy tomonga imlab. — Asl otini boshqalar tugul o‘ziyam unutvorgandir.
— Buni jin chalib ketgandan keyin qo‘yganman-da bu laqabni. — Shodi araqni ochib, uchta piyolaga yarimtalab quydi. Birining tepasiga kaftini bosib changalladi-da, Servisboyning oldiga do‘qillatib qo‘ydi. — Qani, mulla Servis, olingchi! — So‘ng Soyibni ham piyolani olishga undab, masxarasini davom ettirdi. — Servis-da Servis, ancha-muncha ishning kindigini sug‘irvoladi.
— Unga ichirmaganing tuzukdir, Shodi, — dedi Soyib piyolani qo‘liga olarkan. — Tag‘in…
— Araqni mashi ichsinda. — Shodi qo‘lidagini sipqorib, yuzini tirishtirdi, gazak axtarib, u yoq-bu yoqqa alangladi. Lekin oldida og‘izga solgulik hech narsa yo‘q edi. Ilojsiz, og‘zidan keskin havo chiqarib, kafti bilan lablarini artdi. — Birinchisi zo‘r ketadi-da… Buni endi jinam urmaydi, urib bo‘gan, — dedi keyin Servisboyni ko‘rsatib.
Soyib ham oq urdi.
— Tavba desangchi-ey, — og‘zini qo‘li bilan yelpiidi suvoqchi. — Bema’ni gapni ja-a ko‘p gapirasan-da omma.
Servisboy ularning gap-so‘zlarini eshitmayotganday edi. Piyoladagini tishlari orasidan sizib ichdi, yuzida biron o‘zgarish sezilmadi. Ko‘zlarini bir nuqtaga tikib, burnidan nafas olgancha goh-goh tamshanib o‘tiraverdi.
— Ana ko‘rdingmi, Kley? — deb qo‘ydi Shodi ko‘zi bilan yana Servisboy tomon imlab.