Ona Andijon!

Cho‘lpon haqida ikki kitobli yangi roman — “Tegirmon”
14.11.2014
“Xayyom” romani uyg‘ur tiliga tarjima qilindi
26.11.2014

Bilaman, bu kun senga juda-juda og‘ir. Chunki tonglaring qaro-qaro otib, ko‘ksing xiyonatchilar qilmishidan pora-pora bo‘ldi-da, bag‘ring alvon-alvon qonlarga to‘ldi. Ha, azizim, bu kun bag‘ring qon, ko‘zlaringda yosh. Bu yoshlar, afsus, o‘kinch yoshlaridir. Sen butun mamlakatga halol mehnating, yangi-yangi tashabbuslaring, vatanparvar farzandlaring, yaratuvchanliging bilan tanilganding. Olamga, odamlarga yaxshiliklar, ezguliklar ulashib tolmasding, onajon! Endi esa yovuzlik otgan o‘qdan vujuding yaralanib, mung‘ayib turibsan…

Yo‘q, jonim Vatanim, mehribonim, chiroyligim! Jannatlarga qiyos O‘zbekistonimizning gavhar go‘shasi, azizim, suyukligim, yo‘q! Qaddingni ko‘tar, mung‘ayma, onajon! Sening ko‘zlaringdan oqqan marjon-marjon yoshlarni artuvchi, qon sizgan yaralaringga malham bo‘lguvchi farzandlaring bor hali. Ular sening tinch va osuda kunlaringni, sokin-sokin tunlaringni jaholatu tahlika, zulmatu qo‘rquv saltanatiga alishmaydilar. Ishon, ular sening koringga yarashga, sening tinchliging uchun ko‘ksilarini qalqon qilishga tayyorlar.

Aziz yurtdoshlar!

Qadimiy va go‘zal Andijonimizning so‘zi keskir, mard va tanti, yaxshilikpesha ahli! Ne g‘aflat bosdi bizlarni?! Tinchlik-xotirjamligimizni kimlarga berib qo‘ydik, birodarlar?!

Ayo, yoshlar — ukalarim, jigarlarim!

Ko‘zingizni oching, Vatan oldidagi o‘z so‘zingizni ayting, burchingizni o‘tang, yigitlar! Bu kun Vatan sizning shijoatingizga, mehringizga muhtoj. Vatan koriga yarang, azizlarim!

Men urush ko‘rgan odamman. Tinchligini yo‘qotgan, urush iskanjasida qolgan xalq ne ko‘ylarga tushishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. U kunlardan Allohning o‘zi asrasin. Ammo bizning osuda hayotimizga rahna solayotganlar, yolg‘on g‘oyalarni olg‘a surib, safsata sotayotganlar ertaga ne ko‘ylarga tushmog‘imizni tasavvur ham qilolmaydilar. Chunki, odam o‘ldirishdan, vayron etishdan qo‘rqmaganlardan har neni kutish mumkin. Aslida dunyodagi barcha g‘oyalaru siyosiy safsatalar birgina inson jonidan ham aziz emas, biz shuni anglamog‘imiz lozim.

Aziz yoshlar!

Men sizlarga takror va takror murojaat qilmoqdan tolmayman, illo, so‘zlarimni anglamog‘ingizni istayman. Chunki ertaga shu yurtda sizlar yashaysizlar, oila qurib, farzand o‘stirasizlar. Nahotki, ularning vayron bo‘lgan, zo‘ravonlar in qurgan bir makonda yashamog‘ini istasangiz?! Inson qonidan seskanmagan odamkushlarning niyatlari ana shunday emasmi axir?! Muqaddas dinimizning insonparvarlik ahkomlarini ham poymol etayotgan o‘shalar emasmi?! Axir chin musulmon kishi nafaqat insonga, hatto hayvonotu nabototdan tortib, kichik hasharotga ham ozor bermoqlikdan tiyiladi-ku. Ular esa necha-necha begunoh insonlarning aziz jonlariga qasd qilib, qancha-qancha ezgu orzularni abas etdilar.

Men 13 may kuni ertalab shaharda ro‘y bergan voqealarning guvohi bo‘ldim. Bir to‘da buzg‘unchilar viloyat hokimligi oldida namoyish o‘tkazdilar. Atrofda bironta harbiy yoki milisiya xodimi ko‘rinmasdi. Hayron bo‘ldim. Bu muhtaram Yurtboshimizning qon to‘kilishining oldini oluvchi, donolarcha tadbiri ekanligini keyin bildim. Agar o‘sha paytda bu ishga harbiylar aralashsalar, ko‘p qon to‘kilishi mumkin edi. shuningdek, jinoyatchilarning da’vatlariga yurtdoshlarimizning birortasi ham ergashmadi. Men bundan juda-juda faxrlanib ketdim. Illo, dono yo‘lboshchisi bo‘lgan bu ahil va oqil xalq go‘zal hamda osuda hayotga munosibdir.

Haqqi rost — umr o‘tkinchi. Allohdan boshqa hammasi o‘taveradi — shohlar ham, gadolar ham, dunyoga egalik da’vosidagi g‘oyalar ham. Hamma-hammasi o‘tadi. Ammo Alloh mukarram etgan inson otlig‘ mavjudot bor ekan, Vatan degan, tinchlik degan ezgu tushunchalar yaxshi kishilar uchun muqaddas bo‘lib qolaveradi. Yomonlar bizning ana o‘sha muqaddas tuyg‘ularimizga daxl qiladilar. Shunday ekan, aziz Vatanimiz taqdiriga, tinchligimizga befarq bo‘lmaylik, qadrli yoshlar!

Onajonim, Andijonim, azizim!

Yig‘lama! Sening Otang bor, g‘amxo‘ru mehriboning, posboning bor! Yana aziz farzandlaring bor. Ular sening uchun, sening ertang uchun oyoqqa turmoqdalar. Ular bo‘lmag‘ur fisqu fasodlarga emas, sening so‘zlaringga quloq tutayotirlar. 

Biz sening bilan birgamiz, ey ona-Vatan, ey jon Andijonim!

Andijon voqealariga atab yozilgan ushbu esse

“Andijonnoma” gazetasining 2005-yil 16-may sonidan olindi.