Sultonning ajab bir odati bor edi- ko‘ngilxushlikka chog‘lansa ham harb mashvarati yanglig‘ majlis tuzardi. Bu kabi yig‘inlar, ayniqsa, hukmdorning xos kishilari, nadimlariga alohida taalluqli edi. Saroy sari chorlangan a’yonlar biron jiddiy kengash bo‘lmog‘iga xezlanib, har ne so‘roqqa javob va yechim topmoqqa hozir kelardilar. Ular huzuri muborakka kirib, sulton Malikshohning qoshida Ja’farakni ko‘rdilaru olampanoh dilxushlikni ixtiyor etganligini angladilar va ko‘pchiliklarining lablarida nim tabassum zohir bo‘ldi. Ahli xos o‘z mavqelariga binoan sultonning ikki yoniga tizildilar. Uning o‘ng yonida har doimgidek vaziri a’zam Nizom ul Mulk, amirul fuzalo Umar Xayyom va boshqalar, so‘l yonida esa muhtasib Badriy, Muhammad Takash, Qazviniy va amirlar amiri Arslon Tosh boshliq amirlar turardilar. Quyiroqda bo‘lsa mashshoqlar, hofizu qasidago‘ylar jam edilar. Sulton muloyim jilmayish ila a’yonlar ta’zimiga mayl bildirdi va bu bilan barchaga e’tiborli ekanligini anglatdi. Filhaqiqat, ayni damda sultonning yuz-ko‘zidan nur yog‘ilar, labidan uchayotgan har bir so‘zda mutoyibaga moyillik sezilardi. Uning libosi-boshidagi tojdan farqli o‘laroq dur qadalgan salla, yupqa och yashil qabo, uchi qayrilma etigi ham kayfiyatiga bisyor monand edi. U jamoatga imkon qadar xush so‘zlamoqqa urinardi.
Sultonning bu kungi maylini allaqachon payqagan uning qiziqchisi Ja’farak chuchukka, ayniqsa, Xudo berdi. Pakanagina jikkak bu odam juda so‘zamol ediki, gap kelganda, o‘zgalar tugul sultonning o‘zini ham ayab o‘tirmasdi va hech kim unga e’tiroz bildirmoqqa jazm etolmasdi. Albatta olampanohdan hayiqardilar, balki Ja’farak chuchukning qismati sultonning ilkida ekanligini yaxshi anglardilar. Bu achchiq zabon qiziqchi ham o‘z maqomini tuzuk bilarmidi yoxud aslan shundayin mardona jur’at sohibimidi, atrofdagilarga igna sanchishini qo‘ymasdi. Uning «saydlari» asosan ulamoyu amaldorlar bo‘lardilar. U hech birovni ayab o‘tirmasdi. Chamasi, uni onasi shunaqa sertikon bir mahluq etib dunyoga keltirgan ko‘rinadi. Ehe-e, unga tish qayraganlar qancha. Ayniqsa, uning so‘z paykoniga vaziri a’zam ko‘p bor ro‘baro‘ kelardi. Biroq vazir unga achchiq qilishga bir jihati sultondan hayiqar, qolaversa, o‘z ojizligini atrofdagilarga namoyish etmoqni ham istamasdi. Chuchuk nishonga urganda zohiran yengil kulib qo‘ya qolar, ammo ichini nimadir birvarakay shilib yuborgandek tuyulardi. Shuning uchun Nizom ul Mulk Ja’farak gap boshlaganida zirillab turardi. Sulton nazdida esa qiziqchisining vaziri a’zamga aytayotgan gaplari shunchaki mutoyiba edi xolos, unga parvo qilmoqlik tuzuk bo‘lmasdi. Ustiga ustak dunyoni zir titratgan sulton Malikshoh ham oddiy inson edi. U ham oddiy bandalar kabi goho tushkunlikka tushardi, xayolga berilardi yoki arzimagan narsa uchun kimnidir yomon ko‘rib, uning mag‘lubligi, kamchiligini payqaganda huzurlangandek tuyulardi. Nizom ul Mulkning mashhurligi, el aro boobro‘ligi va hatto o‘zini bosh vazir soyasida qolib ketayotgandek his qilishi ba’zan sultonni iztirobga solar, bu ojizona g‘ayirligini Ja’farakning vaziri a’zamga nisbatan masxaralarini taqiq etmaganligida goho sezdirib ham qo‘yardi. Qisqasi, Ja’farak chuchuk sultonning vaziri a’zamdan pinhona qasos olmog‘i uchun o‘zigagina ayon vositasi edi.
Ja’farak chuchuk keng chalvor va yalang‘och tanasiga qizil nimcha kiyib olgan. Boshi taqir qirilgan va ko‘zlari dumaloq, katta-katta bo‘lgani bois ham kulgili, ham biroz qo‘rqinchli ko‘rinardi. U sultonning yonidan sakrab turdi-da, «Shulton shakboz!» (ya’ni «sakboz»-itboz demoqchi) deya hayqirdi chuchuk til ila. Barcha sultonga birrov qaradi-yu uning jilmayib turganini ko‘rib, baravariga qahqaha urdilar. (Aslida Ja’farak anoyi emasdi- u o‘zining chuchuk tilliligini ro‘kach qilib, sultonni «shakboz», ya’ni shak keltiruvchi ham demoqchi bo‘lardi.)
-Men-da uning ko‘ppagiman.-dedi Ja’farak, endi «to‘rt oyoqlab» tilini osiltirgancha xakillarkan.
Taqi barcha xandon otdi.
-Vale uning o‘jga (o‘zga) shadoqatliyoq shaki boy-qanjiq…
A’yonlar gap kim tomonga og‘ayotganligini anglayolmay, jim qoldilar.
Qiziqchi endi ketini o‘ynatib, qiyqirgancha sakray boshladi:
-Qanjiq!.. Qanjiq!.. Qanjiq!.. -So‘ng dumaloq ko‘zlarini ola-kula qilib biroz jim turgach, birovga sir aytayotganday kaftini og‘ziga olib borib, dedi,- U o‘lguday to‘p (ko‘p) tug‘adi- o‘n ittita shakbachchalayiyam boy. Vav, vav, vav… -U har tarafga irg‘ishlamoqqa tushdi.
Jamoat gap vaziri a’zam haqida ketayotganligini fahmladi, biroq barchalari sultonga ergashib qattiq-qattiq kulaverdilar. Ba’zilari esa sohib devonga zimdan nazar tashlab qo‘yardilar.
Nizom ul Mulk zil ketgan, yuziga qon urib, bazo‘r nafas olardi. U alamdan titrayotgan bo‘lsa-da, sezdirmaslikka urinar va hammasidan ham Ja’farak o‘z payrovini qanday yakunlarkin, deya bezillab turardi. Bu chuchuk deganlari aksar hollarda so‘zini qaqshatqich tarzda poyoniga yetkazardi. Vaziri a’zam ana shundan qo‘rqmoqda edi. Qo‘rqqanicha bor ekan…
-Bachalayi-ku o‘n ittita etan, letin qanjiq shakning o‘n ittita emchagi boymikin, a? -Ja’farak qorniga urib, taqi irg‘ishlayverdi.
Vaziri a’zam adoyi tamom bo‘ldi. Sulton boshliq a’yonlarning hammalari qah-qah otib kularkanlar, Nizom ul Mulk go‘yo kulayotgandek yuzini tirishtirgani bilan ich-ichidan bir ingroq kelib, hiq-hiq qilardi xolos. Alamdan ko‘zlari yoshlanib ketgandi.
Jamoat uzoq kuldi, bu to sulton kulgidan to‘xtab, ilkini ko‘tarib, jim bo‘lishga ishorat etguncha davom qildi.
-Ma’lumingiz bo‘lg‘aykim, biz asad oyining adog‘i yoxud sunbulaning ibtidosida shikorg‘a (ovga) chiqmoqlikni ixtiyor qilduk. Shul boisdan amirul saydgarga (ovchilar amiri) va jamiki saydgarlarga bu shohona shikorg‘a hozirlik ko‘rmoqni amr eturmiz.
Bu xabarni eshitgan ahli a’yon baravariga mamnunlik kayfiyatini namoyish etdilar.
-Amirul fuzalo, xos nadimimiz Umar Xayyom janoblari shikorda bizga hamroh bo‘lg‘aylar. -Sulton nim tabassum ila shoirga boqarkan, bilinar-bilinmas bosh silkidi.
Xayyom avvaliga sultonning niyatini tushunmaganday bir lahza hayron turdi-da, so‘ng shoshib ta’zim qildi.
Bu oliy ehtiromdan qarshi tarafda turgan Qazviniyning ko‘zlari olayib, kosasidan chiqib ketayozdi…
Ixtiyori oliy barchaga ayon etilgach, taqi ko‘ngilxushlik avj oldi…
O‘shanda Xayyom huzuri muborakdan chiqqach, vaziri a’zam bilan uchrashmoq niyatidan qaytdi, chunki ayni damda unga ro‘baro‘ kelmoq uni masxara etmoq ila barobar edi. Sohibi devon hozir tanho qolmog‘i lozim edi. Vujudidagi alam otashini bosib, tin olmog‘i joizligi shoir uchun ma’qul ko‘rinardi.
Aslida Xayyom sultonning amridan shodlanmadi. Shikorga ketsa, rasadxonadagi ishlar to‘xtab qolishi va ayniqsa, xoma-yu davotidan yiroq tushmog‘i uni xomush etdi. Biroq tojdorning hukmi vojib edi.
U ertasiga korfarmoni chaqirib, Shokir Talxni olib kelishni buyurdi. Shokir Talx deganlari Xayyomga avvaldan eshligi bo‘lgan etikdo‘z edi. U bilan Isfahonga yangi kelgan kezlari mana shu korfarmo bois tanishgan edi. Shoir poshnali poyabzal kiyolmasdi, kiysa-da, oyog‘i toliqar va hatto mo‘lroq yurib qo‘ysa, og‘rishga tushardi. Shul vajhdan hamisha poshnasiz yassi tagcharmli oyoq kiyimi kiyishga urinardi. Bu uning nazdida, juda qulay tuyular, uni kiysa, qadamini yengil olardi. O‘shanda korfarmo Shokir etikdo‘zning boshkentdagi eng oldi ahli hunarlardan biri ekanligini aytgach, Xayyom uni darhol huzuriga chorladi. Chorlashdan oldin etikdo‘zning ismiga nega endi Talx laqabi qo‘shib aytilishini so‘rab ham oldi. Chunki Shokir kabi go‘zal ism ortidan bundayin sifat berguvchi g‘aliz so‘zning ishlatilishi uni chindan hayron qoldirgandi va shuning uchun bu laqabning tarixiga qiziqishi ixtiyorsiz ravishda ortdi.
-Shokir etikdo‘z judayam to‘g‘riso‘z.-dedi korfarmo shoirning so‘rog‘iga javob berib,- Gapini xaspo‘shlab o‘tirmay, shartta aytadi-qo‘yadi. So‘zini bisyor namakoblab so‘zlar va shul bois Talx derlar uni.
Keyin Shokir Talx ila bir necha bor gaplashgach, angladiki, u chindan ham talx zabonli ekan. O‘zi asli toza ko‘ngilli etikdo‘z har qanday fikrini dag‘alroq yo‘sinda ifoda etmoqqa odatlangandi. Bu faqatgina to‘g‘riso‘zlikdan deyilsa, xato bo‘lardi, aniqrog‘i, bu uning ilmu urfon borasida g‘ofil va tarbiyasi noto‘kis ekanligidan ham dalolat edi. Talx tamsili uning suratu siyratiga rostdan ham mos tushgandi.
Xayyom Shokir Talxning kelishidan zavqlandi. Yo‘g‘on-yo‘g‘on barmoqlariga monand dumaloq qop-qora yuzi, og‘och butog‘i kabi katta burni shoirning zavqini qo‘zg‘ab, tabassumga hamroh etdi.
-Hazratim chorlagan ekanlar.-dedi Shokir Talx salom-alikdan so‘ng o‘z odaticha shoshib.
-Avvalo murodimiz sizni ko‘rmoq edi… -deya gap boshladi shoir so‘zlarni xijjalab, kulimsiragancha. -Oz fursat bo‘lsa-da suhbatingizni…
Talx dag‘al ovozda bidilladi:
-Oyog‘imga poyabzal darkor bo‘lib qoldi, deya qoling, taqsir!
Xayyom etikdo‘zning erkaligini ko‘tarardi va bundan o‘zi huzurlanardi.
-Buncha oshiqursiz, og‘oyi Shokir! -dedi kulib u, – Siz tikkan etiklar ham huddi suhbatingiz kabi biz uchun qimmatlidur, biroq ul bir bahona xolos. Aslida suhbatingizga mushtoqmiz, Talx.
-Hazratim mubolag‘a etdilar. Illo bizning suhbat nima-yu tegirmon toshining tovushi nima. Shundog‘ bo‘lgach, bahuzur xizmatni aytaversinlar, janob.
Xayyom yurak-yurakdan qah-qah otib kuldi:
-So‘zlang, Talx, so‘zlang. Talx otingiz araz etib, qochib qolmasin tag‘in!..
Kulishdilar.
Shoir muddaoga ko‘chib, sulton hazratlari ila shikorga hozirlanayotganligini va dashtu sahroda uzoq-uzoq yurmoq uchun mos kelguvchi etik buyurmoqchi ekanligini aytdi.
-Ko‘p yurganda oyog‘im toliqmasa bas. Pishiqroq charmdan bo‘lsa… Bu yumush borasida sizdan o‘tadurg‘oni yo‘qtur.
Shokir Talx taqi bir bora shoir oyog‘ining qolipu o‘lchamlarini olib, ketmoqqa shaylandi.
-Poshna borasida unutmasinlar, Talx.-deya eslatdi shoir uning ortidan.
-Poshnangiz mening bo‘ynimda-ku, hazratim, qandoq unutay. – dedi etikdo‘z so‘ziga qo‘sh ma’no yuklab.
Xayyom kula-kula qoldi.
O‘sha kunlari vaziri a’zam Nizom ul Mulk ila uchrashmoq, valine’matining ahvol-ruhiyasidan boxabar bo‘lib, hol so‘rmoq shoirning birlamchi muddaosi edi. Har tugul o‘shanda sohib devonning ko‘ngliga ozor yetdi, bu dard ustiga chipqon bo‘lib, g‘animlar tantana qildilar, oshkora muzaffarlik nashidasini surdilar. Xayyom ayni mana shu ozorlarni vaziri a’zamning qalbidan quvmoq istardi. Biroq hadeganda u bilan uchrashmoq nasib etavermadi.
Xayyom otlarga ishqiboz edi va shikor tufayli taqi otlarga oshno bo‘lmog‘idan quvonardi. U sultonning otxonasiga va turfa jonzotlar boqilguvchi tomoshaxonasiga kirmoq uchun ijozati oliyga musharraf bo‘lgan edi. U ham bo‘lsa, sulton Malikshoh shahriyori a’zamning saxovatlari tufayli nasib etgandi. Shuning uchun shikorga hozirlik bahona sultonning otxona va tomoshaxonasi sari oshiqdi. Xayyom tuzukkina sinchi (otning ahvoli, sog‘ligini o‘rganuvchi odam) edi hamda u yerdagi sinchi-yu sayis (otboqar)larni juda yaxshi tanirdi, ular ham g‘alat fe’lli shoirga ko‘nikib ketgandilar, shuningdek, uning otparastligini ham juda yaxshi bilardilar va hurmatlar edilar.
Sulton Malikshoh turfa jonzotlarni xush ko‘rardi. To‘g‘ri, shikorga chiqqanda hech bir mahluqni ayab o‘tirmay, birvarakay tig‘layverardi, lekin tirik jonivorlarning tomoshasidan ham o‘zini tiyolmas, aksincha, goho ularning harakatlarini kuzatib, zavqlanar, huzurlanar edi. Uning xos hayvonotxona bunyod etganligi va u yerga tez-tez kirib turmog‘i ham ana o‘sha fe’lidan edi. Hayvonotxona-tomoshaxonada jonzotlarning jamiki turlari mavjud edi: bo‘ri, palang, sher, qoplon, tulki, ohu, jayron va hakozolar, qushlaru parrandalardan lochin, kabutar, qumri, to‘ti, sa’va, tovusu durroj (tustovuq)lar saqlanardi. Sulton saydgar lochin va saklar tayyorlamoqqa alohida e’tibor berib, sa’y etardi. U otlarning fahmu farosatidan qanchalik zavqlanib, shiddatidan nechog‘lik kuch olsa, lochinlarning jasur surati-yu mardona fe’llaridan shunchalar vujudiga quvvatu shijoat to‘lib borardi. U o‘zini lochinga o‘xshatardi va lochinday tutmoqqa intilardi. Har bir lochinga ayrucha e’tibor berar, go‘yo o‘z bolasini erkalayotgandek mehr ila siylardi. Lochin parvozini ko‘rganda uning ko‘zlari chaqnab, olov sochayotgan monand ko‘rinar, yelkalari shishib, bo‘yin tomirlari bo‘rtib ketardi. Bu mahal misoli ikki hukmdor-qushlar shohi ila bashar sultoni bahs boylashib, bir-birlaridan zavqlanayotgandek tuyulardi.
Xayyom ot zotlari turlari kabi lochinlar haqida ham ko‘p narsa bilar va bu jonzotlarning qadim tarixlaridan tuzukkina boxabar edi. Aslida sultonning shoirni o‘ziga nadim etib tayinlamog‘iga ushbu jihatlar ham qisman bois bo‘lgan edi. O‘shanda sulton sayisxonada Xayyom ila otlarni tomosha qilib, xordiq olmoqda edi. U tinmay o‘z otlarini ta’rifu tavsif etardi, qaysi ot qaerdan keltirilganligi haqida so‘zlardi. Sulton boshqa bir joyda yoxud davrada bunchalar ochilmasligi, so‘zamol bo‘lmasligi aniq edi. Uni bu xush kayfiyatga solgan narsa otlarga bo‘lgan mislu qiyossiz mehri edi. Shunda shoir suhbat asnosida maqbul bir fursatni topib, hukmdorning ijozati ila unga g‘aznalik Sabuq Teginning o‘g‘li sulton Mahmud va uning Ayoz otlig‘ g‘ulomi tarixini so‘zlab berdi:
-Kunlardan bir kuni qo‘shni mamlakat hukmdori Mahmud G‘aznaviyga elchi yo‘llab, unga ko‘p bebaho tortiqlar ila bir ot ham jo‘natadi. Elchini sulton Mahmud saroyida izzat-ikrom ila kutib oladilar, dabdabali qabul marosimi uyushtiradilar. Marosimdan so‘ng sulton tuhfa qilingan otni ko‘rmoq uchun boradi. Ot barchaga ma’qul keladi, lekin sulton saroy otboqarlaridan «Otni ko‘rmagan hech kimsa qoldimi?»-deya so‘raydi. Sayislar boshlig‘i «Sultonim, otboqarlarning hammalari, hatto muhojir ot bilgichlar ham ko‘rishdi va bu otga qoyil qolishdi», deydi. Shunda bir chetda turgan otboqarlardan biri «Ayoz ko‘rgani yo‘q», deganida, sulton «U ham kelib ko‘rsin», deya amr etadi. Sayislar boshlig‘i esa «Olampanoh, Ayoz yaqinda kelgan qulingiz, u hech narsani bilmaydi, otlarning tagini tozalab yuradi xolos», deb oraga so‘z qo‘shadi. Sulton bo‘lsa, g‘azab ila o‘z amrini qaytaradi.
Ayozni chaqirib keladilar. U sultonga ta’zim qilgach, bir chetda qo‘l qovushtirib turadi. Sulton esa unga buyuradi:
-Ushbu otni yaxshilab ko‘r va qanday ot ekanligini bizga ayt.
Ayoz o‘ylab turib, deydi:
-Olampanoh, kamina g‘ulomingiz, oddiy otboqardurmen. Sinchilik qilmoqqa ojizdurmen. Agar hazrati oliylari istasalar, amrlari vojibki, bilmoqqa sa’y etgum. Ammo undan avval otning daryoga tushib chiqishini ko‘rsam-da, so‘ng bir fikr aytsam.
Sulton Ayozning talabiga rozi bo‘lib, otni daryoga olib borishlarini buyuradi. Ayozning bu talabi otboqarlar boshlig‘i va boshqa ba’zi kimsalarga ham yoqmagani aniq edi. Biroq «Sultonning amri vojib», deb otni daryoga olib bordilar va suvga tushirdilar. Suv otning beligacha ko‘mgach, u biroz suv ichdi. Shundan so‘ng Ayoz otni daryodan olib chiqdi, shu bilan birga uning har bir harakatini kuzatib turdi. Ot sohilga chiqqach, «endi bo‘ldi, ketdik», deb saroy sari yo‘l oldi. Barcha hayratda -«bu qul nimani bildiykin», deya ajablanardilar. Bosh sayis Ayozning oldiga kelib, sekin «Nimani bilding, Ayoz?»-deb so‘ragandi, Ayoz «bilganimni so‘ragan odamga aytamen», dedi. U sultonga ro‘baro‘ bo‘lib, ta’zim qilgach, dedi:
-Olampanoh, sizga in’om etilgan ot zotli ko‘rinadur, qadam tashlashlari, yurishi, suvga botirlik ila tushishi, chiqishi hayratomuz, shohlarga arzigulik ot. Lekin fikri ojizimcha, bu ot yoshligida sigir suti ila boqilgan chiqar, chunki harakatlari otlarga xos bo‘lsa ham ba’zi qiliqlarida qoramollarda bo‘ladigan alomatlar sezildiki, bu hol meni o‘ylantirib qo‘ydi. Balki men xato qilayotgandirmen, unda bir qoshiq qonimdan kechmog‘ingizni o‘tinamen.
Sulton otboqarlar boshlig‘idan «Sen nima deysan?»-deb so‘radi. U esa hech narsa deyolmasligini bildirib, boshini egdi.
So‘ng sulton elchi ila yo‘liqishdi. Suhbat asnosida gapni ot mavzusiga burdi. Elchi ot haqida batafsil so‘zlab berdi:
-Bu ot podshoh yilqisidagi eng zotli biyaning bolasi bo‘lib, uning yoshligida tasodif tufayli biya halok bo‘lgan, toycha esa zotli sigir suti ila boqilgan.-deya gapini tugatdi elchi.
Sulton ot sigir suti ila boqilganiga qanoat hosil qilgach, Ayozni huzuriga chorladi:
-Bu sirni qanday anglading?-deya so‘radi undan.
Ayoz ta’zim-tavoze ila dedi:
-Ey, ulug‘ sulton, har hodisaga diqqatu ishtiyoq ila qarash va uni kuzatish, ko‘rgan-bilganlarini tafakkur qilmoqdan inson bilimi, tajribasi ortadi. «Hayotda sodir bo‘ladigan yaxshi-yu yomon har hodisani kuzatib borishga o‘rgan va shunga odatlan», der edi padari buzrukvorim. Men yoshligimdan keksalarni hurmat qilar, keksa bilim sohiblarining so‘zlariga quloq solar va aytganlarini uqib olar edim. Keksalardan eshitganlarim va o‘zimning yoshlikdan kuzatganlarimdan fahmladimki, qoramollar suvdan chiqqanlarida orqa oyoqlarini galma-gal ortiga silkitadilar. Bu ila orqa oyoqlarida o‘sgan yunglardagi suvlarni tushiradilar. Lekin otlarda bunday hol uchramaydi. Keltirilgan tulpor daryoga hayiqmay, seskanmay tushdi. Ammo suvdan chiqib, orqa oyoqlarini silkitdi. Men hayron bo‘ldim. O‘ylay-o‘ylay bu ot yoshligida sigir emgan bo‘lsa kerak, degan xulosaga keldim. Ehtimol men adashayotgandirmen. Unda sultonimdan meni afu etishlarini so‘raymen.
Sulton Mahmud Ayozning javoblaridan mamnun bo‘libdi va o‘sha zahoti miroxur (otboqarlar amiri) etib tayinlabdi.
Bundan ayon bo‘ladiki,-deya gapini tugatdi Xayyom-ot tarbiyasida, uning zotini toza saqlamoqda har bir narsa e’tiborga olinmog‘i lozim ekan.
Filhaqiqat, otlarni bilmoq borasida sulton ila shoir bir-birlaridan qolishmasdilar. Balki shul bois ham suhbat qizigandan qizirdi. Xayyom o‘zining Ayoz haqidagi rivoyatini tugatgach, undan ilhom olgan sulton ham taqi otlar ta’rifiga tushib ketdi. Chindan ham go‘dakligidayoq ot minib, shamshir tutgan, ya’niki harb ilmini puxta egallagan bu turkiy hukmdor barcha qavmdoshlari kabi otlar xususida ko‘p narsa bilardi. Qadim turkiy shoh Afrosiyob aytgan ekan: «Erga ot andog‘kim, ko‘kka oy». Agar ot bo‘lmasa, harbiylarga jasur odamlar degan nom noloyiq bo‘lur edi. Ko‘p sarkardalar otga minmoqni falak bo‘yniga minmoqdan afzalroq bilganlar. Zero uni «Qutlug‘ qadam» deb bejiz aytmaganlar. Ha, bu gapni turklar aytgan, sulton ham bu ta’rifga ishonadi. Sulton Malikshoh, shuningdek, rasulilloh sallallohu alayhi vasallamning ot haqida aytgan hadisini ham yaxshi bilardi. «Xayr yilqining peshonasiga yozilgan», deydi Payg‘ambar alayhissalom . Ayniqsa, arab otlari bemisldir…
-Mana bu forslar alus deb ataydurg‘on ot.-deya gapida davom etgandi sulton o‘shanda. -Aytadilarki, u go‘yo osmonda uchadi, juda ziyrak va boshqa otlarning dupurini uzoqlardan eshitadi. U juda qanoatli, ammo sovuqqa chidamsiz. Bunday ot egasi bo‘lmoq baxt, biroq bu jonivor anchayin nozikdur. Men bunda xo‘p chopganmen, shoiri zamon.
Xayyom nim tabassum ila sultonning gapini davom ettirib ketdi:
-Ustod Aristotilusning yozishicha, otlarning turi juda mo‘l. Ul zotning e’tiroficha, qushlar rangidagi, xususan, oq ot yaxshi va e’tiborga loyiq. Uning sohibi jangda doimo zafar qozonadi. Bunday otni podshohlar minsa yarashadi.
Shoirning gapi sultonga juda yoqib tushdi. Chunki u oq otni xushlar va bir necha xil zotli oq otlari bor ediki, har jabhada ularni minar hamda bundan faxru iftixor etib, huzurlanardi.
O‘shanda ularning bu yoqimli suhbati uzoq cho‘zilgandi va oxirida sulton Xayyomga «otlar xususidagi bu bilimlaringiz ila «Tulpornoma» otlig‘ risola bitsangiz bo‘lur erkan», deya lutf etib, siylagandi. Mana, endi sayisxonada shikori xosga hozirlik ko‘rib turibdi. Bu shikordan albatta, yaxshi, toza va xush havodan simirib, sihatini barqaror etib qaytadi. Faqat xoma-yu davotdan ayru tushmoq…
Shikorga, tag‘inki, shohona shikorga hozirlik uzoq davom etardi. Avvalo uchqur otlarning tuyoqlari yangitdan taqalanib, yuvib, moylanar, yollari xafsala ila taroqlanib, xinolar surtilardi. Bu nimarsa ot uzra o‘ltirgan chavandozni shijoatlantirar, zotli arg‘umoqning mayin, xino tusli yollari uchishi unga jur’at va ulug‘vorlik baxsh etardi. Shuning kabi bu amallar shikori xosning ziynati, uning suratiga berilguvchi orolari edi.
Bir yonda usta saydgarlar ov qurol-aslahalarini sozlaydilar, hozirlaydilar. Nayza va paykonlarning sinonlarini (tig‘larini) charxlab, sadoqlarga joylaydilar. Boshqa g‘ulomlar arobalarga oziq-ovqat, idish-ayoqlaru chodirlarni, ko‘rpa-to‘shaklarni ortadilar. Ko‘plab meshlardagi suvlarni asosan tuyalarning va ba’zi otlarning ustiga yuklashar, qolgan kerakli buyumlarni ham shu tariqa saranjomlashardi. Ikki nortuyaga amoriy (kajava, tuya ustida o‘ltirishga mo‘ljallangan maxsus o‘rindiq) ham o‘rnatilgan bo‘lib, bu sulton hazratlari uchun edi. Mabodo safar chog‘i ot ustida toliqsalar, amoriyda hordiq olishlari mumkin edi.
Shikori xosga shundayin alohida tadorik joiz edi. Saroy hovlisi, tashqisi bir necha kunlab shovqin og‘ushida bo‘lardi. Ayniqsa, ovchi saklar zanjirlarga bog‘lab olib chiqilganda, ularning basma-bas xurishlari olamni tutib ketardi. Zotdor, shikori xos uchun o‘rgatilgan bu katta-kichik, turfa rang itlarning ovozidan nainki odamning, olamning ham qulog‘i batangga kelardi. Yaxshiki, ularning «tilini» bilguvchi sakbozlar bor, aksi bo‘lsa, bu mag‘zi yo‘q maxluqlar ne ko‘yga tushardilar, Ollohga ayon.
Bir necha saydgar lochinlar esa sultonning va ahli shikorning ham faxru iftixori edilar. Bu mag‘rur, mardona qushlarda ulug‘lik, kiborlik ramzi mujassam edi. Ular ham goho yuraklarga vahm solguvchi sas ila hayqirib qo‘yardilar…
Sunbulaning boshida shikorga otlandilar.
Undan avval Xayyom vaziri a’zamning huzurida bo‘lib, biroz suhbat qurdi, Ja’farakning payrovidan so‘ng mudom shashtsiz bo‘lgan valine’matining ko‘nglini olishga urindi. Sidqidildan qilingan muomala, samimiyat kishi qalbiga, shuuriga ta’sir qilmasdan qolmaydi. U ko‘ngillarni ko‘taradi, odamning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Vaziri a’zamda ham shunday bo‘ldi-o‘z jigarbandu arjumandiday bo‘lib qolgan shoirning samimiy so‘zlari, xayrixoh chehrasi zimiston ko‘nglini yoritib yubordi. U o‘sha onda yana bir karra amin bo‘ldiki, bu dahri dunning omonligi ezgulik, samimiyat va chin do‘stlikning mavjudligiga bog‘liq ekan. Har holda ilmu ma’rifat boqiy ekan, zero Xayyomni unga yovuq tutgan ham ilmu ma’rifat va ezgulikka eshlik edi.
-Yaxshi olimu shoirdan usta saydgar chiqmasligi aniq, -degandi o‘shanda Nizom ul Mulk shoir ila xayrlasha turib. -Biroq yaxshi shoirdan yaxshi hamroh chiqadi. Olampanoh ila muloqotda ul zotni ehtiyotlaganing kabi o‘zingni ham saqlagin. -Bu uning otalarcha nasihati edi. U hukmdorlar Quyosh yanglig‘ bo‘lishligini taqi bir karra eslatgandi…
Shikorning avvali boshkentga yaqin vodiyda, unga tutashib ketgan tog‘lar ustida kechdi. Yollari o‘siq, arabiy oq otda viqor va haybat ila chopgan sulton Malikshoh nihoyat suyukli tulporidan tushib, piyoda yurmoqqa boshladi. Vodiyning yelkasiga oyoq qo‘ygan tog‘ buyuk saljuqiy sultonga ham jalolatli (ulug‘vor) ko‘rinar, uning yuksakligi qaerda intiho topmog‘ini tasavvur etmoq mushkul edi. Bu yerda atrof javonib (tomonlar) tog‘dan iborat edi. Tog‘ yonbag‘ridagi katta-kichik qora-qo‘ng‘ir tusli, goho oqish xarsang toshlarga suyanib turfa og‘ochlar o‘sgan. Bu og‘ochlar ba’zi joylarda g‘uj-g‘uj bo‘lib o‘sganidan yaxlit yong‘oqzor, tog‘olchazor va mevalari mayda-mayda yovvoyi olmazorlarga aylanib ketgan. Undan yuqorida esa zarangzorlar yastangan. Bu og‘ochzorlar ostida o‘sguvchi giyohlar ham turfa xil-bug‘doyiq, qo‘ziquloq, na’matak, yovvoyi olcha, qoraqand (zirk) kabi o‘tlarning bir necha xillari mavjud. Ayniqsa, bu yanglig‘ giyohlar tog‘ ustidagi yaylovlarda mo‘l-ko‘l. Bu kabi nabototning bisyorligi turfa jonzotlarning hayot kechirmog‘i uchun ham juda qulaydir. Unda tulki, bo‘ri, sirtlon, goho esa ayiq va yo‘lbarslar ham emin-erkin yashaydilar. Tog‘ning yuqorisida bo‘lsa, jadiy (tog‘ takasi), kiyik, tog‘ qo‘yi, qor qoploni kabi jonzotlar ko‘p. Tog‘da yashovchi qushlarning turi behisob, ularni tanish, ajratish ancha mushkul.
Saydgarlarning bir qismi va sakbozlar itlarini olib, tog‘ning yuqorisiga chiqib ketdilar. Ular balandga chiqib, bir qancha muddat jim turishar, tog‘ ustini sukunat qoplab, jamiki jonzotlar xotirjam bo‘lgach, vahimali sas berguvchi burg‘ularni chalishib, itlar ila shovqin-suron solishib, quyiga enardilar. Bu sa’ylari ila tog‘dagi borki hayvonotni sayyodlar tomon haydardilar. Tog‘ning boshlanishida sulton boshliq har xil yarog‘lar tutgan saydgarlar turishar va ular qimirlagan narsaki bor jontalosh etardilar. Saydgarlar asosan sultonning ko‘ngilxushligi uchun xizmat qilishar, o‘ljalar qismatini ham aksaran unga topshirishardi. Sultonning atrofida ancha-muncha darrandani (yirtqichni) ham yenga olishga qodir alp qomat saydgar-qo‘riqchilari hamisha shay turardilar. Shikor mahali sultonning joni azizini omonda saqlamoq ularning zimmasida edi.
Sulton Malikshoh o‘ljani tanlab o‘tirmasdi. Jon tashvishida o‘zini har yonga urib, yashirinishga urinayotgan jonivorlarning barini birvarakay goh kamon, goh palaxmon va yoki nayza ila shikastlayverardi. Yonidagi bir necha yarog‘bardorlari xorisa xorirdiki, sulton aslo xorimasdi. Kishining etini seskantirguvchi bir qiyofaga kirib, turfa maxluqotni o‘ldiraverardi. Ayni damda u qatlgoh uzra qilich yalang‘ochlab, mahkumni kutayotgan jallodga o‘xshardi. U usta mergan edi, otgan o‘qlari nishonga bexato tegardi… Ko‘p o‘tmay hammayoq hayvon jasadlariga to‘lib ketdi. Ularning hammasini ham yig‘ishtirib olmasdilar. Ba’zi qimmatbaho mo‘ynali jonivorlarni to‘plab, terisini shilib olmasalar agar, aksariyati o‘sha joyning o‘zida qolib ketardi. Sulton uchun shikorda o‘ldirish zavqi muhim edi.
Xayyom bu «qatlgoh»ga umuman yaqinlashmadi, ba’zan chodirda qolsa, gohida teskari tomondagi tog‘ yonbag‘irlarida kezindi. To‘yib-to‘yib tog‘ havosini va unga chulg‘ab may simirdi, maysazorlarga burkanib, osmonga termuldi, qadrdon ma’voni kuzatdi. Goho esa mastona she’r bitdi:
Ul azal Sayyodi qo‘yib dona, dom
O‘z oviga qo‘ydi odam deya nom.
Olamda ne yaxshi-yomonlik bo‘lsa,
O‘zi qilib, to‘nkar odamga mudom.
O‘sha sarxush kechalarda ko‘k baldog‘i Oyga termulib, o‘rtandi, ehtiroslari junbushga kelib, Oy yuzida Maryamning jamoli aks etib, shuurida taqi she’r aylandi:
Yo Olloh, ul go‘zal Oyni yaratib,
Sochi sunbulidan anbar taratib,
Unga qaramagil, deya buyursang,
Zulm-ku, dil shavqin o‘zing qo‘zg‘atib.
Shoirning jon talvasasida tipirchilayotgan jonivorlarni ko‘rmoqqa na holi, na toqati bor edi. U o‘limga sira-sira ko‘nika olmasdi. Olloh o‘zi yaratgan inson ishqida barpo etgan bu olamda to‘yib-to‘yib yashashni, barchaning yashashini istardi. Xayyomning hamisha o‘zgalardan pinhon tutishga uringan siri-bu uning juda-juda hayotparastligi edi. U hayotni sevardi va shuning uchun, o‘limning ulug‘ligini his etgani holda, unga toqat qilolmasdi.
Tog‘dagi ov ikki haftaga yaqin davom etdi.
Dashtu biyobondagi shikor o‘zgacha bo‘lardi. Bu yerda saydgarlar ko‘proq ot ustida ov qilardilar. Sulton ham oq tulporiga minib, o‘ljaning ortidan quvar va bolaligidan hadisini olganiday, otni choptira borib, jon qayg‘usida yugurayotgan jonivorga qarata yoydan o‘q uzardi. Sayd qulagach, taqi boshqa jonivorning ortidan quva ketardi.
Yozida (dashtda) oq saksovullar mo‘l edi-ularning bo‘yi goho yetti-sakkiz gazgacha yetardi. Bundan tashqari, yirik juzg‘unlar, shuvoq va sho‘raklar ham ko‘p bo‘lib, qalin butazorlarni bunyod etgandiki, bu hayvonlarning jon saqlamog‘i uchun o‘ng‘ay edi. Bu yerlarda ovbop jonivorlardan ohu, kiyik, tulki, shag‘ol (chiyabo‘ri), quyon va sher kabi darrandalar ham ko‘p uchrardi. Dashtdagi shikor saydgar uchun chinakam sinov ham edi. Unda otning ustida yoy ota olmoq mahorati ila botirlik ham bo‘lmog‘i lozim edi. Chunki ot ustida chopib borayotgan ovchining ro‘baro‘sidan banogoh biron yirtqich chiqib qolishi va ot hurkib, suvoriysini yerga qulatmog‘i mumkin edi. Saydgarning yozig‘ida (peshonasida) bo‘lsa, sher yoki boshqa darranda uni g‘ajib tashlashi ham turgan gap. Sulton Malikshohning padari buzrukvori sulton Alp Arslon davrida bo‘lgan shikorlarning birida shunday bo‘lgandi. Unda Malikshoh yoshgina bolakay edi, havas ila otasining ortidan yugurib yurardi. Kichkina yoyidan o‘zicha o‘qlar ham otardi. O‘shanda ko‘plab yarador jonivorlarning jon berishini ko‘rgan ersa-da, qonga belangan odamning bunday tarzda jon talashmog‘ini hech ham kuzatmagandi. Butalar ortidan tuyqusdan chiqib kelgan sher bechora saydgarning bo‘g‘zini g‘ajib tashlagandi… Bu mudhish manzara uni hali hamon tark etmaydi Jangu jadallarda necha-necha odamning yostig‘ini quritgan, adadsiz jonivorlarni xokga qorgan sulton Malikshohning yodiga o‘sha voqea tushishi hamono yuragi zirillab ketadi. Chunki bu uning o‘lim haqidagi ilk bolalik tasavvuri edi. O‘lim deganda uning ko‘z oldiga o‘sha bo‘g‘zi g‘ajilib, qonga belangan saydgar kelardi.
Sulton yozi shikorida lochinlariga ham erk berdi. Ular ham qushbonlarning ilkidan shiddat ila osmonga ko‘tarilib, o‘lja izlay boshladilar. Lochin podshohlar shikorining ulfatidir, u ila quvonadilar, uni sevadilar. Lochinning xulqi o‘zining nozikligi va pokizaligi ila tojdorlarning xulqiga o‘xshaydi. U go‘shtxo‘r parrandalarning podshohidir. Shul bois lochin boshqa odamlarga qaraganda podshohlarga ko‘proq yarashadi. Lochinda boshqa jonivorlarda bo‘lmagan jalolat mavjud. Podshohlar uni tomosha qilishning yaxshi alomatlari bor deb bilishadi. Sulton Malikshoh ham shunday deb bilar va ayni damda qushbonlar ilkidan ko‘kka parvoz etayotgan lochinlarga uzoq-uzoq zavq ila tikilmoqda edi.
Asli lochinlarga ishqiboz bo‘lgan Xayyom ham hozir sultonning yonida edi va u ham lochinlar parvozini kuzatardi. Shoir qushlar shohi haqida ko‘p narsa bilar va uning bilishidan sulton ham boxabar edi. U lochin haqidagi rivoyatlarni bilishdan tashqari, uning harakatlariga qarab turli bashoratlar qilishga ham qodir edi…
Ana, lochinlardan biri to‘rg‘ayni tutib, vahshat ila qiyqirib qaytdi. Shoir seskanib tushdi, lochinning bundayin harakati yaqin orada bo‘lguvchi yomonlikdan dalolat berardi. Qush uchib kelib sultonning ilkiga qo‘ndi.
-Shoirlar shohi shohning shoh qushi haqida ne deydi? -deya sulton ilkidagi lochinni yuqori ko‘tarib, ko‘z-ko‘z qildi.
-Sultonimning lochini benazir. -Xayyom ot ustida o‘ltirgan sultonga yaqinlashib, o‘ng ilkini qush tomon uzatgancha davom etdi. -Uning paylari qattiq, boldiri yo‘g‘on, o‘zi yumaloq va miqti, qomati kelishgan, tusi sarg‘ish. Demakki, bag‘oyat sog‘lom va ovga bisyor harisdir (o‘chdir). Chin tojdorlarga munosib lochin ekan.
Shoirning gaplaridan sulton yayrab ketdi:
-Sizning har xususda ilmingiz beqiyos ekanlig‘iga taqi bir karra amin bo‘ldim. -dedi va shohona iltifot ko‘rsatdi. -Bu kungi oqshomni biz ila o‘tkazg‘aysiz, shoiri zamon.
Xayyom yengil ta’zim qildi.
Shoir sultonning ko‘ngliga yo‘l topa olgandi. Chunki uning lochinga bemisl mehri borligini juda yaxshi bilardi. Esida, mana shunday shohona shikorlarning birida ajab taassurotli voqea kechgan edi. O‘shanda sulton ilkiga lochinni qo‘ndirib, suv ichayotgan qushbonini ko‘rib qoldi. Uni yuz darra urib jazolashni buyurdi va dedi:
-Bu ne hol?! Lochin -bu qushlar shohi, podshohlar ilkidagi eng aziz va muhtaram jonzot. Ne bo‘ldiki, sen bunday odobsizlik qilasen? Podshohlar e’zozlagan narsa ilkingda-yu, sen fahmsiz suv ichmoqdasen!
Qushbon tahlika ichra dedi:
-Xudovando umringizni uzun qilsin, sultonim, agar tashna bo‘lsamu ilkimda lochin bo‘lsa, ne qilay?
-Bu ishga layoqatli odamga ber.-degandi o‘shanda sulton biroz yumshab.-U lochinni ushlab tursin, sen suvingni ichaver.
Sultonning chodiri qoshida va’daga binoan tuzilgan shohona ziyofatdan sarxush alpozda qaytgan shoir o‘z chodiriga kirgisi kelmay, tashqariga o‘ltirdi. Doimgiday yana osmonga tikildi. Go‘yo uni hamisha osmon o‘ziga chorlab turadigandek, ko‘k sari talpinib yashardi. Cho‘lning tungi osmoni yanada bo‘lakcha bo‘larkan-keng, bepoyon, tip-tiniq. Huddi mehribon bir kishingning ko‘zlariga o‘xshaydi. Jimirlab nigohingga sanchilguday bo‘layotgan lojuvard yulduzlar esa o‘sha ko‘zlardan otilgan mehrga chulg‘ongan uchqunlar yanglig‘. Bunchalar ham yarqiramasa bu yulduzlar?! Ularning partavi (shu’lasi) jonim rishtasiga payvand. Ana, Oy qoshida Nohid yulduzi porlaydi. Buyoqda esa surati cho‘mich monand Dubbi Akbar yulduzlari, bir yonda Hulkari axgar (cho‘g‘). Bu bepoyon koinoti yaratgan Zotga hamdlar bo‘lsin! Bu sonsiz yulduzlarning adog‘i bormikin? Ularning inson ko‘zi ilg‘ay olmaydiganlari qanchaykin? Bir kun kelib bashar qavmi qadami, uning shuuri ana o‘sha cheksiz ma’volarga yetib borarmikin? Taqi cheksizlik! Taqi ustoz Uqlidusning o‘sha ikki yondosh chiziqlari, hech qachon kesishmaydigan hadlar. Nahotki hech qachon kesishmasalar? Huddi ezgulik va yovuzlik kabi. Demak, ularni bir-birlariga yaqinlashtirmoq, o‘rtalikni topmoq uchun oradagi xolis me’yorni topa bilmoq lozim ekan-da. Ana o‘shanda ezgulik va yovuzlik majozan bo‘lsa-da qovushadilar. Qovushganlari bilan ulardan taqi ne bino bo‘lardi? Bilmaysen, yo Abul Fath Umar, bilmaysen! Lekin oraliqning hosil bo‘lmog‘i aniq. Hamma narsada oraliqni topa bilmoq lozim, uni topa bilmoq esa ulug‘lik nishonasidir. Hamma narsada me’yor, ya’ni eng xolis oraliq topilar ekan, mavjud parda, balki g‘ayb pardasidir, ko‘tariladi va ko‘p asror oshkor bo‘ladi. Biroq bunga erishmoq mushkul. Nafs bandasi bo‘lgan odamzot baribir bir tomonga og‘ib ketadi… Yaxshi fikr. Albatta yozib qo‘ymog‘i kerak… Ulug‘ muallim Aristotilusning egri va to‘g‘ri hadlar haqidagi fikriga uyqash fikr bo‘ladi. Ya’ni u egri chiziqni ahmoq, to‘g‘ri chiziqni esa oqilu dono kishilarga o‘xshatadi. To‘g‘ri chiziqlar bir-birlariga hamisha tekis yopishadilar, egri chiziqlar esa hech qachon mos tushmaydilar. Ya’ni oqil kishilar bir-birlarini oson tushunib, til topisha oladilar, ahmoqlar esa… Ustoz topib aytgan. Taqi o‘sha oraliq!.. Xayyomning miyasi chirsillab ketganday tuyuldi. Xayolini chalg‘itish niyatida yuzini kaftlari ila keskin ishqalab, yana Oyga tikildi. May otashidan qizigan vujudida yoqimli jimirlash uyg‘ondi. Oy yuzida taqi Maryam namoyon bo‘ldi. Hozir ne ila mashg‘ul ekan u arman go‘zali?! Shoirning tani qizib, o‘rnidan turdi-da, egnidagi shirdog‘ini (issiqdan saqlanish uchun kiyiladigan kiyim) va Shokir Talx tikib bergan tagi yassi o‘ng‘ay etigini yechdi. Shirdog‘ini taxladi va so‘l yoniga yonboshlab, unga boshini qo‘ydi. Ko‘zlarini yumarkan, xayoli go‘zal Maryamning vasliga ilk bora yetishgan onlarga uchdi.
Rasadxona qasabasidagi tog‘ning bag‘rida katta bir buloq bor edi. Uning yoqasida ulkan yong‘oqlar o‘sgan bo‘lib, ularning ostidagi xarsang toshlar tekis va silliq soyada salqinlab o‘ltirish uchun juda o‘ng‘ay edi. Buloq suvi bag‘oyat tiniq va toza, ta’mi totli edi, kishining ichgan sari ichgisi kelar, boshqa suvlar kabi qorinni shishirmasdi. Bir safar Maryamning mayli ila o‘sha buloq bo‘yiga bordilar. Silliq xarsangtosh ustiga yonma-yon o‘ltirdilar. Qiz ilkini tizzalari uzra qovushtirib, ularning ustiga oppoq yonog‘ini bosib, buloq suvining xiromiga tikildi. Anchagacha bir so‘z demadi. Xayyom ham unga halal bermoqni istamadi. Nihoyat qiz boshini ko‘tarib, oyoqlaridagi guldor xipcha chuvaklarini yechdi, hovuchini to‘latib suv olib, yuziga bosdi. Billurdayin suv tomchilari yuzida sirpandilar. Shoir unga mahliyo bo‘lib tikilib turardi. Vujudida huzurbaxsh va shuningdek, o‘rtaguvchi bir his kezina boshlagandi. U ana shu o‘rtanish asnosida yutoqqanday yutindi.
-Qanchalar sohibjamolsen, Maryam!-dedi u qizdan ko‘zlarini uzolmay.
Qiz unga qiyolab, jon olg‘uvchi nigoh tashladi. O‘siq qayrilma paykonlar bir necha bor silkindilar.
-Chiningizmi?-so‘radi u yoqimli erkalik ila.
Bu payt shoirning nigohi uning uzun ko‘ylagi ostidan chiqib turgan oppoq oyoqlariga tushdi. Ayniqsa, tovonlari go‘zal edi- qizg‘ish-sariq, ko‘ngilga ehtiros o‘tini solguvchi.
-Seni juda-juda yaxshi ko‘rib ketmoqdamen, Maryam!-dedi shoir ovozi titrab.
-Endiginami? -deya qiz taqi-da olov qaladi.
-Azaldan!
-Men ham aytayinmi? -dedi qiz endi araz qilganday boqib.
Xayyom o‘zini tutib turolmadi, uning yelkasidan ohista ushlab, o‘ziga tortdi. U qizni ilk uchrashuvdayoq sevib qolgan, biroq otasining hurmatidan andishasi ortib, o‘zga nigoh ila boqmoqdan tiyilardi. Hozir esa ishq o‘ti solgan tug‘yonini jilovlay olmadi.
Qiz ham qarshilik qilmadi. Shoirning bag‘riga suqilgani sari betakror huzur og‘ushida qolmoqda edi.
-Jonim!-dedi shoir titrab.
Qizning boshidagi silliq yog‘lig‘i (ro‘moli) sirg‘alib, tushib ketdi. Mushk*ning bo‘yiga chulg‘angan tim qora sochlari to‘lg‘onib, yoyildilar.
Shoir nim pushti lablarga lablarini bosdi. Ular beqiyos totli edilar, xuddi manov buloqning suvidek toza va musaffo. Ikki oshiq dil bir-birlariga chirmashdilar…
Chodir yonida uxlab qolgan shoir hansirab, to‘lg‘onardi. U so‘l yoniga yonboshlab, yuragini quchgancha shirin tush ko‘rmoqda edi…
Shikorning yozidagisi ham ikki hafta davom etmoqda edi. Sulton hali shikordan zerikmagandi. Bu safar peshinga yaqin saksovul va shuvoqlar chirmashgan qumli daraga kirib qoldilar. Atrof javonib qumtepalardan iborat. To‘rt burchagiga nayzalar
o‘rnatilib, soyabonlar tutilgan arobalar o‘ljalarga to‘lgandi, biroq hukmdor ovni to‘xtatay demasdi. Bir mahal ikki saydgar tepalik ortidan ikki sherbachchani ko‘tarib kelib qoldilar. Sherbachchalarning ko‘zlari endigina ochilgan bo‘lsa-da, tinmay irillardilar, biroq baquvvat saydgarlarning chayir ilkidan qutula olmasdilar. Sherning bachchasi ham sher bo‘lgani bois bu bandilikka dosh berolmasdilar. Ularni sultonning istagiga binoan qafasga soldilar. Hukmdor sherbachchalarni saroy hayvonotxonasiga eltmoqni niyat qilgandi.
Oradan hech qancha fursat o‘tmay, saydgarlar sherbachchalarni olib kelgan yoqdagi tepalikda na’ra tortgan ona sher paydo bo‘ldi. U shiddatli tarzda o‘kirar va odamlar tomonga talpinardi. Ahli shikor darrov sergak tortib, yarog‘landilar. Yoylariga paykonlarini joylab, zix (kamon ip)larini tarang tortib, shay turdilar.
Sultonning yuzida tantanavor bir ma’no barq urib, kuldi.
-Mana endi jang qiziydurg‘on ko‘rinadur!..
Ona sher quyiga tushib kela boshladi. Saydgarlar sultonning amri ila uni o‘qqa tutdilar. U yoy o‘qlariga chap berar, goh oldinga, goh orqaga sakrab, irillardi, odamlarga hamla qilishiga paykonlar bo‘roni monelik qilardi. Bu hol anchagacha davom etdi. Saydgarlar sherning ahvolidan zavqlanib, qiyqirardilar. Axiyri sher bundan zerikdimi yoxud sa’ylari nafsiz ekanligini tushundimi, yerga dumalab, boshini har yonga urib, o‘kira boshladi. Barcha uni masxara qilganday battar qiyqirmoqqa tushdilar. Birdan sher tinchib qoldi-da, bir pas qimir etmay yotdi.
Hammalari hayrat ila sukutga toldilar. «O‘lib qoldimi, nima balo?»-deya o‘ylardilar ular. Ko‘p o‘tmay, ona sher o‘rnidan turdi, xotirjam qiyofada odamlarga tikildi. So‘ng ohista bir necha qadam ortiga tislandi-da, shiddat ila oldinga tashlandi. Hali odamlar o‘zlarini o‘nglab olmaslaridan ularga yaqinlashdi va shahd ila shundayin bir sakradiki, misoli uchayotgandek kelib, o‘ljalar ortilgan arobaning burchagidagi soyabon tortilgan nayza tig‘iga ko‘ksini urdi. Tig‘ g‘irchillab ko‘ksiga chuqur-chuqur botdi. Uni kuzatib turgan odamlar uvillab yubordilar. Sher bir-ikki tipirchiladi-da, nolakor sasda cho‘zib bir ingragach, jon berdi. Nariroqdagi qafasda turgan sherbachchalar ketma-ket irilladilar.
Barcha bir lahza jim qoldi. Hammaning qalbini hayrat va achinish hissi egalladi. Bu, ayniqsa, Xayyomga qattiq ta’sir qildi, u yoqasini tutib, «Subhonolloh!» deb yubordi.
Jimlikni Sultonning ovozi buzdi:
-Sherlarga achinmaydurlar.-dedi u asta va itobli (g‘azabkor) tarzda xitob etdi. -Ulardan iftixor eturlar!- Ammo u shu gapini aytdi-yu beixtiyor bir so‘lish oldi. Shu-shu kechgacha ojizlana bordi. Oqshomda isitmasi chiqib, yotib qoldi.
Xayyom uning shirdog‘ini yechib, yozi oftobidan qorayib, ozg‘inlashgan yuzidagi sovuq terlarni artdi.
-Menga ne bo‘ldi, shoir?-so‘radi u titrarkan.
-Shikorni to‘xtating, olampanoh.-dedi Xayyom yalinchoq ohangda,- Ko‘ngilxushlik uchun jonivorlarning qonini to‘kmoqlikni bas qilaylik. Ruhiyatingizga shikast yetmish, sultonim!
-Ha, o‘zim ham sezib turibmen!.. -Sulton entikdi.- Tongda saroyga qaytmoqlikka farmon bering, shoir. Shaharga qaytishimiz hamono Adam Shayx hazratlarining xonaqosiga, muridlariga xayru ehsonlar qilgum, inshoolloh!
-Sultonimning niyatlari o‘zlariga yo‘ldosh bo‘lg‘ay.-deya uning so‘zini ma’qulladi Xayyom.
Ertasiga ertalab Isfahon sari yo‘l oldilar. Sultonning amoriyda o‘tirmoqqa ham holi kelmagach, arobaga yotqizdilar. Umar Xayyom uni muolaja qilmoqqa tushdi.
Bu shikorda o‘n ming boshdan ziyod jonzotlarga qiron keltirildi. Shu-shu xalq ichra «Sulton Malikshoh, minorat al qorun», ya’ni «Sulton Malikshoh shoxlardan minora tikladi», degan naql tarqaldi.