Oraliq (Xayyom). 3-qism

Oraliq (Xayyom). 2-qism
01.03.2014
Alber Kamyu. Kaligula (Pyesa)
01.03.2014

UCHINCHI QISM

Birinchi bob

1

 

Mahmud saharmardonda g‘ala-g‘ovur va tuyayu otlarni pishqirishidan uyg‘onib ketdi. Chog‘i, karvonsaroyga yangi qo‘noqlar kelgan edi. U qaytib uxlolmadi. Anchagacha tashqaridan kelayotgan baqir-chaqiru to‘polonlarga beixtiyor quloq tutib, shiftga termulgancha yotdi. Yotarkan, ko‘z qorachig‘lari kengaydi va karvonsaroy hujrasining to‘rtburchak bolorlari o‘rnida asta-sekin sabzarang og‘ochzor hamda uning ustida niliy (och ko‘k) osmon paydo bo‘ldi. Ularning, ya’ni Rayhona ikkisining ko‘zlari ana o‘sha go‘zal ma’voga tikilgandi. Ikkisi rasadxona ortidagi tog‘ning og‘ochzori adog‘ida o‘ltirardilar.

– Nechuk kecha tunda chiqmading? Oy seni so‘roqladi, Rayhon! -Mahmud qizning nigohini tutishga urinib, ko‘zlarini uning yuzi uzra yugurtirdi. Eti qizib, bo‘g‘zida olov yondi. Ammo bu huzurbaxsh olov edi.

Qizga yigitning so‘zlari xush yoqdi. Oy meni so‘roqlagan emish, dedi ichida, yuziga tabassum yoyilib. O‘zi ilmsiz, xat-savobsiz esa-da, qalbi ziyolig‘ ko‘rinadur. Tuzuk, shundayin chiroyli gaplarni topadur. Voh, qizgina-ya, bilmasmisanki, muhabbat tillarni biyron etadur.

-Otamdan istihola etdim.-dedi Rayhona so‘z ohangi ila yigit ko‘nglini siylashga urinib,- Qiz nimarsa tunda daydib yursa bo‘lmas. Ma’quli, mana shundoq peshin hordig‘i mahali yo‘liquvimizdir. Tevarakda kimsa yo‘q.

-Mening sening vaslingni so‘rmoqqa zorim bor xolos, Rayhon. -Mahmud yelkasi ila qizginaning yelkasiga beozor turtdi-da, so‘zini mutoyibaga qorishtirdi. -Tag‘inki sen sohibi matbahning, ya’niki borki yemaklarning jojasi-bosh tabbohning tanho qizi bo‘lsang. Men esa bor-yo‘g‘i no‘noq bir sangtaroshmen.

Qiz zo‘raki araz qildi.

-Taqi kuladursizmi? Mazxara ham evi bilan-da, og‘a! Siz ham kam emassiz-kimsan, Umar Xayyom hazratlarining suyukli inisisiz, og‘oyi.

Yigitga uning «og‘oyi» degani yoqib tushdi-bunchayam tili shirin bo‘lmasa-ya

-Hazillashdim, Rayhon.-dedi u shoshib, qizni xafa qilib qo‘yishdan qo‘rqib.

Jim qoldilar. Ikkisining ham xayollarini bir umid olib qochdi.

-Nechuk jim qoldingiz? -deya so‘radi qiz kutgani o‘shal mujda ilinjida.

-Ikkimizni o‘ylaydurmen, jonim! -Yigit buni o‘rtanib aytdi.

Qiz esa mutaassir bo‘lib, ollandi.

-Hademay xojam Xayyom hazratlariga ayturmen. Otangdan men uchun sening izningni so‘raydur. -Mahmud qizning titroq ilkini tutdi.-Ul zotning ra’yini qaytarmas otang?..

-Inshoolloh!.. -deb yubordi qiz beixtiyor va battar qizardi.

Yigit uni quchib olmoqni istadi.

-Keyin biz… -Rayhon shodon kayfiyatda Mahmudga o‘grildi. -Keyin ham rasadxonada yaщayveramiz. Bu yerda yaxshi kishilar ko‘p.

-Ha!..

-Men sizga o‘qib-yozmoqni o‘rgatamen.

-Keyin arslonday o‘g‘il tug‘ib berursen!..

Qiz yuzini yashirdi.

-Aynimaygina qoling!..

Narigi tomonda taraq-turuq boshlandi -quruvchilar ishga tushdilar…

Mahmud tashqaridagi qattiq taqirlashdan o‘ziga keldi va ko‘z oldida taqi to‘rtburchak bolorlar paydo bo‘ldi. Qandayin shodumon edilar-a o‘shanda! Qaylardasen sho‘rlikkinam, Rayhon?! Endi bu kabi so‘ngsiz, adadsiz uchrashuvlar qachon nasib etadur, jonim?! Yigitning ko‘zlariga yosh sizdi…

Mahmud Rayhonning g‘oyib bo‘lganidan xabar topgan kuni kechasi to tonggacha mijja qoqmadi. Ma’suma suyuklisining noayon taqdirini o‘ylab, yetdim deganda ters o‘girilib olgan baxtining g‘animat ekanligini endi-endi payqaganidan chinakamiga oromsiz bo‘ldi. Avvaliga bu ko‘rgilikni shunchaki anglashilmovchilikka, qo‘pol bir mutoyibaga yo‘ymoqni istab, Rayhonaning «Men buyoqdamen», deya kulib kirib kelmog‘ini kutdi. Biroq hadeganda yori kirib kelavermadi. Keyin xojasi Umar Xayyomning mehridan va o‘sha mehr tufayli qizni tezlikda topib bermog‘idan, lozim bo‘lsa, bu yo‘lda vaziri a’zamu sulton hazratlarini ham ishga sola olmog‘idan umidlandi. Filhaqiqat, xojasining ilki daroz edi. Ammo bu ham ko‘mak berolmadi, jarohatiga malham bo‘lolmadi. Xayyom vaziri a’zam huzuridan noumid qaytdi. Yo‘q- yo‘q, undan ilgariroq boshqa bir voqea ro‘y berdi. Rayhona yo‘qolgan kunning ertasiga qurilish maydonida ulkan xarsangtoshga suyangancha parishon ahvolda o‘ltirgan sangtarosh Mahmudning yoniga jandapo‘sh kiygan bir darvish-qalandar keldi. Bu kabi jahriy zikr sohiblarining «huvvo-huv»lariga ko‘p bora yo‘liqib turilgani bois birov unga e’tibor qilmadi. U Mahmudning qarshisiga keldi-yu nigohini o‘siq sochlari ostiga yashirib, pichirladi:

-Mahmud otlig‘ sangtarosh senmusen?

Ne bo‘layotganligini anglamagan yigit «ha» dedi sekingina.

-Suyganingni ko‘rmoqlikni istarmusen?

Mahmud irg‘ib o‘rnidan turib, darvishning yoqasidan olmoq istadi.

-Aqlsizlik qilma!-dedi darvish keskin. -Aks holda yoringdan ayrilib qolursen. Ma’quli quloq tut: Qazvinga borursen va eng katta karvonsaroyning xojasiga yo‘liqursen. Unga «Olloh yarlaqagan Alidan salom» dersen. Bilib qo‘y, bu gapni so‘zma-so‘z aytursen. Bu do‘stlarning dil qulfiga kalitdur. U murodingga yetkazur.

Mahmud ixtiyorsiz ravishda darvishga itoat eta boshlagandi:

-Birovga sas chiqara ko‘rma, yoring zavol topur!.. Yo Olloh-hu-yo Olloh!..-Darvish ohista qadamlar ila nari ketdi.

Mahmud Rayhonaning hayoti xatarda ekanligini, Qazvin sari safarga chiqmoqdan o‘zga chora yo‘qligini fahmladi. Biron kimsadan najot yo‘q edi. Ollohga tavakkul aylab, yo‘lga otlanmoq lozim. Uning dardi ichida qoldi, ikki kundan so‘ng rasadxonani pinhona tark etdi…

Yo‘l azobini go‘r azobiga qiyos etib xo‘b aytmishlar. Ming bir zahmatu xo‘rlanishlar iskanjasida ozib-to‘zg‘igan, soch-soqoli o‘sgan kir-chir Mahmud vanihoyat Qazvinga yetib keldi. O‘zga hech bir go‘shaga qayrilmay to‘ppa-to‘g‘ri darvish aytgan karvonsaroyga bordi. Soqoli pahmoq, so‘l ko‘ziga oq tushgan novcha sohibi karvonsaroy uni xushlamay, pisandsiz tarzda qarshi oldi. Hattoki «Olloh yarlaqagan Alidan salom» degach ham tund basharasi ochilmadi. Biroq indamay ortiga qayrildi-da, uni ham ichkariga boshladi. Bir hujraning eshigini ochib, «kir» deya imladi va qo‘shib qo‘ydi:

-Hordiq ol. Hozir yemak keltirurlar. Avvali sartaroshga kirib, so‘ng yuvinib ol. U shunday deya hujra o‘rtasidagi xontaxta ustiga bir necha kumush tanga tashladi.

Karvonsaroy sohibining xafsalsiz harakatlari uning bu kabi yumushlarni ko‘p bora ado etganligidan darak berardi. Mahmud esa oldiniga uni darrov so‘roqqa tutmoqlikka va tezroq Rayhona haqida bilmoqlikka xezlandi. Ammo sohibning sovuq muomalasi niyatidan qaytardi. Hali fursati yetmaganligini tushundi. Tushundi-yu darozning amriga itoat etib, karvonsaroy sartaroshxonasini izlamoqqa tushdi.

 

2

 

Qazvin qadim, ammo boshkentga nisbatan ancha chog‘roq shahar edi. Ahli-fuqarosi ham ozchilik bo‘lib, ko‘pchiliklarini hunarmandlar, yollanma dehqonlar tashkil etardilar. Kishilarining asosiy qismi shia mazhabiga, yanada to‘g‘rirog‘i, ismoiliylikka e’tiqod qilardilar. Bu yerda qashshog‘u kambag‘allar va o‘rta hol hunarpeshalarning adadi ustuvor edi. Ehtimol shuning uchunmi, shahar besaranjom, ko‘cha-ko‘ylari iflos edi. Bozorlarida, qo‘yingki, odam mo‘l bo‘lguvchi joylarida ham baqir-chaqiru to‘polonlar avjliroqdek tuyulardi. Ahlining ko‘yida bir ajib jazavami, vahmmi zohirdek tuyulardi. Xullaski, yangi kelmish odamga kent osmonida tahlika otlig‘ bir kuchning qovoq uyib, muallaq turgani sezilardi.

Ismoiliylar saljuqiylar saltanatining boshqa shaharlariga nisbatan Qazvinda ko‘pchilik edilar va ular, deylik, Isfahon yoxud Nishopur kabi kentlardagi maslakdoshlariga qaraganda emin-erkin hayot kechirardilar. Hatto mamlakat poytaxtida kezingan ismoiliy hufiyalar ham, ta’bir joiz bo‘lsa, mana shu Qazvindan «uchirma» qilinardilar. Ularning rahnamolari asli qashshoq va yupun bo‘lmish hunarmandlar, mayda tujjorlar va hatto devonalardan osongina o‘z tarafdorlarini vujudga keltirardilar. Bu maskanda ularning o‘z jamoatlari            hufiya vaqflari mavjud edi. Ismoiliylar o‘zlarini imomiylar yoki Aliylar (ya’ni Aliga ergshganlar) deb ham atardilar. Ayni kunlarda ular tobora kuch yig‘ib, qudrat kasb etib borardilarki, endi ismoiliylar davlatini barpo qilishdan umidlanardilar. Ularning chin va xavfli g‘animlari, o‘z nazarlarida, sunniylar, aniqrog‘i, saljuqiy turklar edilar. Aytishlaricha, Qazvin hokimi ham ularga, ya’ni ismoiliylarga maylu xayrixohlik bildirar edi.

Qazvinning tor va iflos ko‘chalari kishi ko‘ziga, ayniqsa, Isfahondek go‘zal shahardan kelgan odamga xunuk hamda yoqimsiz ko‘rinadi. Mehnat kishisi hech qachon, hech bir zamonda yomonlikka esh bo‘lmagan, uning o‘z zahmati ila topgan luqmasi hamisha halol va har qanday qonunga muvofiq bo‘lgan. Shu kabi bu kentda yo‘lning ikki chetida o‘ltirvolib, rizq ilinjida tinimsiz mehnat qilayotgan ahli hunarmand ham o‘z nonu nasibalarini peshona terlari ila halollab topmoqda edilar. Ularning bundayin halol yumushlariga zig‘ircha ishtiboh bildirmoqlik gunoh bo‘lur edi. Biroq kimlarningdir shum niyatlari va urinishlari evaziga ularning shuurlarida bir g‘alat evrilish kechardi. Bu evrilish yuqorida zikr etilmish gunohdan ham ulkanroq gunohga eltmog‘ini ko‘plari fahmlamasdilar. Dunyo ahli Ollohning inoyati ila aql topgandan beri unga ne-ne zotlar, ne-ne jamoatlar kelmadilar. Ularning hammalari haqiqatpeshalik da’vo qildilar va o‘zlarining ortidan minglab odamlarni ergashtirdilar. Ergashuvchilarning ba’zilari tutgan yo‘llari xatolig‘ ekanligini bir nav fahmlagan bo‘lsalar-da, aksarlari o‘shal ulkan gunohu xatokorlig‘lari ila jannat umrida rost dunyo sari ravona bo‘ldilar. Bu ne sinoat? Demakki, odamning nechog‘lik gunohkor yoki gunohsizligi uning o‘z vujudida, to‘g‘rirog‘i, qalbida ekan-da. Bandaning maqomi uning olamni anglamog‘i darajotiga hamrishta ekan-da! Aksi o‘lsa, bul bashar farzandi toshni Xudo, olovni Tangri yoxud bir mahluqni Iloh dermidi? U o‘shal yaratilmish nimarsalarga yaratuvchi deya topindi, iltijolar qildi. Nihoyat odam shuurini, qalbini Qur’on fayzi nurafshon etdi, hayotini ilohiy shariat bezadi. Payg‘ambar alayhissalom Olloh ixtiyori va qudrati ila butun olamga iymon nurini, bandalik ziyosini taratdi. Dunyo saodat ichra qoldi, kishilar qalbi Haq ishqidan hapqirdi. Keyin esa, ya’ni Hazrati Risolat vafotidan so‘ngra, Islom ahkomlariga asta-sekin darz tusha boshladi. Kechagina ilohiy saodat nuriga yo‘g‘rilib dunyoga kelgan avlodlar qirpichoq bo‘lmoqqa tutindilar. Og‘a-inilar, jigarjondoshlar bir-birlarining boshlariga qilich soldilar. Atigi yuz-ikki yuz yil kechmay buyuk Islom necha mazhabu firqalariga bo‘linib ketdi. Bo‘linib hamki, ular ichra johil, qonxo‘r va tajovuzkorlari ko‘paydi. Endi esa, saodat zamonidan hozirgacha besh yuz yil o‘tib, Islom xalifaligidan, ahkomlaridan putur ketdi. Qarangki, endi nafaqat yurt talosh, jon talosh, boylik talosh, balki iymon talosh bo‘lmoqda. Vaholangki ularning ham barchalari jannat umididalar…

Ismoiliylik tarafdorlari ham oddiy va xatokor banda edilar. Ammo ularning xatokorlig‘lari boshqalarnikidan anchagina oshib tushardiki, buni ularning darg‘alari-yu fidoyilari anglab yetmasdilar. Anglaguvchilari chetda va yoxud yiroqda bo‘lib, ularga ta’sir etmoqqa ojiz edilar. Aslida ismoiliylar bu kabi gaplarni, ya’ni o‘zgalar fikrini tinglaguvchi ham emasdilar. Vaziri a’zam Nizom ul Mulk ta’biri bilan aytganda, bu qavm hech bir odamizotga o‘xshamaydi, alarni ko‘ppak demoqlik ham ozdek tuyulur. Yanaki alar vujudiga alayhila’na in qurib olgan. Bu so‘zlarda nafrat ehtirosi mujassam edi, biroq butunlay noto‘g‘ri ham emasdi.

Ismoiliylar Hazrati Aliga ortiq darajada e’tiqod qo‘yardilar va goho uni ilohlik maqomiga ham ko‘tarib, shakkoklik etmoqqacha borardilar. Ular Hazrati Alidan boshlab yetti nafar imom borligiga va yettinchi imom Ismoil oltinchi imom Ja’far as Sodiqning o‘g‘li bo‘lib, hozircha g‘ayb mulkida pinhon ekanligiga ishonardilar. Ular fotimiylar rahnamoligida Misrni bosib oldilar va Habashistonda fotimiylar davlatini barqaror etdilar. Ul joydan turib ismoilimiya ta’limotini Eron, Xuroson va boshqa o‘lkalarga yoymoqqa urindilar. Qazvin va Ray kabi shaharlar ismoiliylar ko‘p bo‘lganligi bois asta-sekin ularning ilkiga o‘tib bormoqda edi.

Ulkan savdo shahri bo‘lgan Ray bir paytlar ismoiliylarning makon, ta’bir joiz esa, Eron mulkidagi boshkenti edi. Qudratli turk sultoni Mahmud G‘aznaviyning saltanati barpo bo‘lgach, u butun shaharlarni ishg‘ol etib, sunniylik mazhabining muzaffariyati uchun ot surdi. Ana o‘sha yillair Sulton Mahmud Rayga ham yetib keldi va rofiziylaru ismoiliylar hamda dunyoviy ilm ahlini qirg‘inbarot qildi. Ularning son-sanoqsiz kitoblarini to‘plab, o‘z nazdida, kofir bilgani haligi toifali kishilarni qator-qator dor og‘ochlariga osdi va ularning ostiga uyum-uyum kitob qalab, yoqib tashladi. Mahmud G‘aznaviy tomonidan ismoiliylarning qirg‘in qilinishi ularning nufuzini bir necha o‘n yilliklarga tushirib yubordi. Ular pana-panalarda jon saqladilar.

Endi esa ular asta-sekin oyoqqa turib, imom Ja’farning sunniylarga, Islom xalifalagi o‘shalarning ilkida ekanligiga befarq qarayotganligidan norozi bo‘la boshladilar. Ayni shu kunlarda uning o‘g‘li Ismoil maydonga chiqdi va chorvadoru zaminkorlarni o‘z atrofiga jamlab, shialarning qudratini oshirmoqqa sa’y etdi. Ko‘p o‘tmay Ismoil olamdan o‘tdi. Ja’far as Sodiq o‘z o‘g‘lini hurmat ila dafn etgan bo‘lsa-da, o‘g‘lining tarafdorlari ko‘payib ketganliklari bois uning yo‘rig‘iga yurmay qo‘ydilar. Shu-shu ismoiliylar taqi o‘z ta’limotlarini keng yoymoqqa tushdilar. Habashiston, Shomu Ajam, Movarounnahr va Eronda hufiya jamoatlar tuzib, ular aro mustahkam robita o‘rnatdilar.

Ayni kunlarda ismoiliylar orasida taqi bir qavm paydo bo‘lib, o‘zlarini botiniylar deya atay boshlagandilar. Bular ham Hazrati Alini e’tirof etguvchi, unga e’tiqod qo‘yguvchi bo‘lsalar-da, boshqa ismoiliylik tarafdorlaridan keskin farqlanardilar. Botiniylar Qazvin ichra tobora ko‘payib, kuch yig‘ib borardilar. Ular orasida yoshlar ko‘pchilik bo‘lib, o‘n sakkiz-yigirma besh yoshning nari-berisida edilar. Aytishlaricha, bu qavm juda tajovuzkor, o‘z rahnamolariga bag‘oyat itoatgo‘y edilar. Ularning zarbdor bir guruhi mavjud ediki, o‘zlarini «fidoyilar» deb atardilar. Bu xos jamoat bo‘lib, ularga alohida e’tibor ila saboq berilardi.

Mish-mishlarga qaraganda, shaharda Hasan ismli bir odam paydo bo‘lganmish. U Misrdan tashrif buyuribdi. Shu paytgacha hali biron kishi uni o‘z ko‘zi ila ko‘rganligini aytolmaydi. Balki shuning uchunmi, ko‘pchilik ismoiliylar uni o‘sha kutilgan g‘oyibona imom, deya faraz qilardilar. Aslida ular, ya’ni ismoiliylar bu gapga ishonmoqni dil-dillaridan istar edilar. Boisi saljuqiy turklarni tezroq tor-mor etib, ismoiliylar hukmronligini tiklamoqni orzulardilar. Shu orzu yetovida ular tobora ko‘payib, jipslashib, g‘oyibona imom olib borguvchi muzaffar kunlarni intiqib kutardilar. Bu intiqlik ortidan pinhoniy imom, ya’ni o‘sha sirli Hasan haqidagi mish-mishlar, uni ulug‘lovchi rivoyatu afsonalar kun sayin ortib borardi. Ismoiliylarning boshliqlari uchun ayni shu narsa zarur edi-avom bilib-bilmay bu qavmning nufuzini oshirib borardi.

Mahmud esa hali bu gaplardan bexabar edi, aniqrog‘i, bundayin ishlarga uning aqli ham yetmasdi. U toza ishq ko‘yida sarson kezgan oddiy bir sangtarosh edi. Yigit sho‘rlikning ko‘z o‘ngidan Rayhonasi ketmasdi…

 

3

 

Oradan uch kun o‘tdi hamki Mahmudga na birov biron ish aytdi, na murodu maqsadini surishtirdi. U soch-soqolini qirtishlatib, yuvinib- taranib, yangi liboslar kiydi, so‘ng to‘yib ovqat yedi va miriqib uxladi. Shundan keyingina yuziga qon yugurib, kirtaygan qaboqlari bo‘rtdi, chehrasi ochilganday bo‘ldi. Ammo uyqudan uyg‘ondi deguncha darrov ko‘z oldiga Rayhona kelardi. Mudom undan darak yo‘q. Endi karvonsaroy sohibi ham o‘zini ko‘rsatmay qo‘ydi-yu unga o‘sha yerdagi yugurdak o‘smir xizmat qila boshladi. U Mahmudga yemak keltirar, goho eshikni qiya ochib qarab ketar yoki xuddi xojasi kabi kumush tangalar olib kirar edi.Ayonki, bu yumushlarning barchasini xo‘jayinning amri ila bajarayotganligi ochiq-oshkora sezilib turardi. Biroq qariyb bir so‘z demas, soqov kabi kirib, gung mengiz chiqib ketardi. Mahmud ham uni ortiqcha savolga tutmas, bu bechorada ne ayb, uning tirikchiligi shu-da, deya qo‘ya qolardi. Kishi ixtiyorsiz bo‘lsa, shu ko‘yga tushishi aniq-buni u ham tushunib yetgan. Lekin Xayyom hazratlarining xojaligi o‘zgacha edi. U kishi birovni unchalar beixtiyor etmasdi. Mabodo zarurat bo‘lmasa, ortiqcha amr ham bermasdi. Barcha o‘z yumushini bajarsa bas, hech kimning inon-ixtiyoriga aslo dahl etmasdi. Endi o‘ylab ko‘rsa, rasadxona dargohida ana shunday hayot, muomala o‘z-o‘zidan, birovning ixtiyorisiz yaratilgan ekan. Faqat bu nimarsalarning bari Xayyom hazratlarining ta’siri va bag‘ri kengligi tufayli bo‘lganligi aniq. Mahmud shularni o‘ylarkan, xojai og‘oyisini, ahli rasadxonani sog‘inganligini his etdi. His etdi-yu o‘trusida taqi suyuklisi namoyon bo‘ldi. Qandayin baxtiyor edilar-a! Oshiyonlari tayish, yeguliklari bisyor va eng quvonchli-yu huzurlisi-hamisha birga edilar. Hech yo‘q olisroqdan bo‘lsa-da har kuni bir bor diydorlashmoqlari, nigohlari so‘zlashmog‘i imkonli edi. Ana o‘shal baxtli onlarini ulardan tortib oldilar. Endi Rayhonasi yo‘q. Qaerlarda, ne ko‘yda ekanligi ham noayon. Necha kunlardan buyon qalbida yashagan, Qazvinga kelib, karvonsaroyga qo‘ngach, yanada kuch olgan umidi hozirgi o‘ylaridan so‘ng tuyqusdan so‘na boshladi. U Rayhonani topmog‘iga ayni damgacha qattiq ishonardi. Uch kunlik hordiq kor qilib, shuuri tiniqlashgach, o‘zini aldanganday sezdi. Ayniqsa, bu yerdagilarning mudom jimligi uni ishtibohu gumon changaliga yetaklamoqda edi. Yuragini vahm bosdi. Bu sukutning adog‘i bormi o‘zi? Nega uni tashlab qo‘ydilar? Hozir chiqadi-yu karvonsaroy xojasini topadi. Ne muddaoni ko‘zlaydur bu naynov, bilsinchi. U shahd o‘rnidan qo‘pdi.

Karvonsaroy sohibi o‘z hujrasida edi. Buni Mahmud xizmatkorlardan so‘rab bildi. Mudom shashtidan tushmaganligi bois xo‘jayinning xonasiga shiddat bilan kirib bordi. Kirdi-yu ro‘baro‘sida boshini eggancha ne iladir mashg‘ul bo‘lgan sohibni ko‘rib, taqqa to‘xtadi va beixtiyor bo‘shashdi. Chunki daroz na eshikning taraqlashiga va na uning bezovta sharpasiga parvo qilmadi, parvo qilish tugul qayrilib qaramadi ham. Uning xuddi shu ko‘yi Mahmudni dovdiratib qo‘ydi. Sohib to unga qayrilib qaramaguncha karaxtlanib ancha turdi. Nihoyat xo‘jayin boshini ko‘tardi va uni endigina payqagan mengiz boqdi-da, dedi:

-Hmm, keldingmu?..

Bu yigitni battar dovdiratdi, nahotki uning kelishini bilgan yoxud kutgan bo‘lsa?

-Men… -Mahmud nimadir demoqchi bo‘lgandi, daroz uning gapini bo‘ldi: 

-Pichadan so‘ng jo‘naymiz, hozirligingni ko‘r!..

Mahmud itoatkorona bosh egib, hujrasiga qaytdi. Kesakdan sado chiqdi, deya o‘yladi so‘ng, har tugul endi nimadir ro‘y beradi-ku. Ehtimol Rayhona ila yuz ko‘rishar? Qaniydi!.. Balki… Yigitning yuragi taqi battar g‘ashlandi, nazdida, qandaydir ofat-falokat unga yovuqlashayotgandek tuyuldi…

Ular karvonsaroy xo‘jayini ila ko‘chaga chiqqanlarida vaqt asrdan og‘gan edi. Ikkalovi so‘l yoqqa qayrilishib, yayov yo‘lga tushdilar. Mahmud uchun-ku farqsiz edi, biroq anchagina davlatmand bo‘lgan xo‘jayinning o‘z futlariga shafqat etmay, piyoda yo‘lga chiqqanligiga hayron bo‘lardi.

Ayni damda ko‘chada odam siyrak edi. Ot-ulovlar ham kam ko‘rinardi. Ko‘cha tor bo‘lganligi bois chekkada yonma-yon ketayotgan ikki kishi yo‘l ustiga chiqib qolgandek tuyulardi. Buning ustiga biron arobami yoxud otliq o‘tib qolsa bormi, yo‘lovchilar to‘xtab, o‘zlarini chetga olishlariga to‘g‘ri kelardi. Taqi shunisi ham bor ediki, yo qazvinliklar chindan ham baland ovozda gapirardilar va yoki haqiqatan bu shahar shovqinli edi. Bu shahar kishilari boshqa musulmon o‘lkalaridagiga aksil o‘laroq kam salomlashardilar, chog‘i. Yo Mahmudga shunday tuyuldimi? U tag‘in shuni ham payqadiki, chetda turgan yoxud ro‘baro‘ kelgan aksariyat kishilar karvonsaroy sohibiga g‘alati boqardilar. Ular yo daroz sohibdan qo‘rqardilar, yo uning o‘zlariga ham e’tibor qilmog‘ini istardilar. Shuningdek, ana o‘sha boqishlari asnosida Mahmudga «Sen ham o‘zimizdanmisan?» degandek qarab qo‘yardilar. Aslida bu yerdagilarning barchalari bir-birlarini taniydigandek tuyulardi.

Ular sekin, ammo uzoq yurdilar. Quyosh cheti qizara boshlaganda shaharning kunbotish tarafdagi adog‘iga yetdilar. Baland devorli qo‘rg‘onning ulkan darvozasi oldida to‘xtadilar. Darvoza oldida hech kim yo‘q edi. Daroz sohib o‘z uyiga kirayotgandek ostona xatlarkan, Mahmudni ham ichkariga imladi. Yigit darvozadan kirdi-yu angrayib qoldi-qo‘rg‘on haqiqatan ham benihoya ulkan edi. Unda odam bag‘oyat ko‘p va hamma narsa mavjud edi: o‘ng tomonda baland gumbazli bino bo‘lib, u Ollohning uyi-masjid ekanligi shundoqqina bilinib turardi. Gumbazdan ham yuksakroqqa bo‘y cho‘zgan yonidagi minora esa masjidga yanada salobat baxsh etgandi. Masjidning narigi yonidagi pastakroq xonalar tamaddixona edi chamasi, chunki ancha uzoqda bo‘lishiga qaramay, u yerdan osmonga o‘rlayotgan bug‘ elas-elas ko‘zga tashlanar va pishirilayotgan taom va olovning hidi dimoqqa urilardi. Undan so‘ng, ya’ni ro‘baro‘da esa uzunasiga bostirma joylashgandi. Uning ostida allanimalar terilib yotar, diqqat ila tikilinsa, turli qurol-yarog‘, egar-jabduq, arobalar kabi nimarsalarni ilg‘ash mumkin. Ana o‘sha bostirmaning qarshisida tizilib turgan, sakrayotgan, chopayotgan eran turfa jismoniy mashqlarni bajarishar, goho-goho va o‘shat solib hayqirib ham qolishardi.

So‘l yoqda uzunasiga qilib qurilgan ikki qavatli bino turar, u mana bu jazavali jamoatning xobgohi edi chog‘i. Qo‘rg‘on sahniga yalpi tosh yotqizilmagandi. Faqatgina har tomoniga emin-erkin eltuvchi sangli yo‘laklar qilingandi. Qolgan joylarida esa oftob taftida oqshaygan tufrog‘ yaqqol ko‘zga tashlanardi.

Daroz sohib uni so‘l tomonga boshladi. Har xil yumushlar ila band bo‘lgan, u yoqdan-bu yoqqa chopguday o‘tayotgan odamlar orasidan yurdilar. Hamma bir yumush, hech yo‘q yurmoq ila mashg‘ul, birov birovga e’tibor bermasdi ham… Ayvondan o‘tib, bir eshikdan kirdilar. Bu ancha katta xona bo‘lib, ko‘rpa-to‘shaklar devor osti bo‘ylab qator taxlanib yotardi. U yerda ham bir necha kishilar bor edi, lekin ular bu ikkoviga e’tibor ham qilmadilar. Karvonsaroy xo‘jayini Mahmudga, xohlagan joyingga joylashaver, deganday bir qarash qildi-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Yigit biron so‘z aytishga ham ulgurmadi. Uning taqi xafsalasi pir bo‘lib, beixtiyor yonboshidagi joyga cho‘kdi. Yo tavba. Endi bunisi ne sir bo‘ldi? Bu mavhumotlarning, pis-pislarning adog‘i bormi o‘zi, xayolidan o‘tkazdi u…

Shom namoziga azon aytildi. Barcha tahorat olmoqqa va undan so‘ng masjidga shoshildi. Darvoqe, bu yerdagi tahorat joylari ham bag‘oyat orasta edi. Mahmud omiy edi. Namoz o‘qishni bilgani bilan Islomdagi mazhablarni farqlay olmasdi. O‘zi sunniy bo‘la turib, shialar aro namoz o‘qirkan, namozdagi farqlarni ham sezmasdi. Namozdan so‘ng tanovvul qilindi. Shunisi qiziqki, bu amallarning barchasi biron bir ortiqcha so‘zsiz, to‘qnashuvsiz o‘z o‘rnida bajarilardi. Undan keyin esa to xuftongacha hordiq olindi. Mahmud mudom yolg‘iz edi. Birov unga qayrilib qaramasdi ham. Barcha asta-asta so‘zlar, biroq bu tovushlarning umumlashuvi yigitning quloqlarini qomatga keltirguday bo‘lardi. Chamasi, ungagina shunday tuyulardi, negaki boshqalar atrofdagi ovozlarga parvo ham qilmasdilar. Ora-sira «Imom Mahdiy», «G‘oyibona imom», «Hasan Sabboh», «Shu yerda» deya ko‘p takrorlanayotgan so‘zlar Mahmudning qulog‘iga chalinib qolardi. Unga qadar yigitning diqqati oshar, yuragini esa vahm bosardi.

Hufton namozidan keyin uyquga yotdilar. Taqi boyagi joyga yotib oldi, ammo birov unga «joyimni bo‘shat» ham demadi. Ichkarida bir pas dimiqib, yuragi siqildi. Shahd o‘rnidan turib, ayvonga chiqdi. Bo‘sh joyga chalqancha yotib, ayvon «qabog‘i» ostidan ko‘rinayotgan yulduz to‘la osmonga tikildi. Ko‘zlariga chiroq nuri tushib, uchqun otgan kabi ko‘ringuvchi ko‘z cho‘g‘iday miltiragan yulduzlar jumlasi uning qayg‘usidan bexabar edilar. Ular to‘lishib borayotgan oyning nazariga tushmoqchi bo‘layotganday basma-basiga jimirlaydilar xolos. Yo‘q, nega endi bexabar bo‘larkan? Bir paytlar, u yana Isfahonni, qadrdon rasadxonani esladi. Xayyom hazratlari nujumga tikilib o‘ltirarkan, «yulduzlar Olloh taoloning tasbeh donalari» degandi. Yaratgan o‘z bandalarini va ularning yoziqlarini o‘shalar orqali hisob-kitob qilarmish. Astag‘furilloh! Shu shoiru olim ahli ham xo‘p ajoyib-da, qiziq gaplarni topib aytishadi. Bu-ku omiy bir banda, ancha-muncha nimarsalarni ko‘pam fahmlayvermaydi. Lekin xojasining aytishicha, odam bolasining qismati yulduzlar dunyosiga nesi iladur dahldor emish. Tag‘in kim biladi… Birdan yonida Rayhon paydo bo‘ldi. U jilmayib turardi, ko‘zlari, tishlari yulduzlardayin shu’lali jimirlardi.

-Siz kitob o‘qimaydursiz, og‘oyi.-dedi u ta’kid ohangida. -Mutolaa etganingizda edi, yulduzlar ko‘zingizga bundin-da o‘zgacha ko‘ringan bo‘lurdi.

Uni xayol olib qochdimi yoxud pinakka ketdimi, kimdir yelkasiga ohista turta boshladi, lekin ovoz Rayhonniki edi:

-Ey, sizga ne bo‘ldi? Ko‘zingizni oching… Ko‘zingni och, birodar…

Mahmud ko‘zini ochganda, tepasida bo‘zarayotgan osmonni devday gavdasi ila to‘sib, bir kimsa qorayib turardi. Yigitning yuragi bir qur bezovtalandi. O‘zini o‘nglab olgunicha ham picha fursat o‘tdi.

-Qani, ortimdan yur! -dedi haligi odam Mahmudni ilki ila ham chorlab.

Yigit indamay unga ergashdi.

Ular masjid tarafga qarab yurdilar. Masjidning yonboshida taqi yana bir eshik bo‘lib, Mahmud kecha uni payqamagan ekan. Aslida ayni damda ham tevaragidagi nimarsalarni tuzukroq ilg‘amayotgan edi. Yo‘lboshlovchiga ergashib boyagi eshikdan kirdi. Xona tag‘in ikkiga ayrildi-ular so‘ldagi eshikka yurdilar. Bu xona ancha keng va ko‘zga parda tortgudek xira yorug‘ og‘ushida edi. Ro‘baro‘da ko‘kish parda, uning ortidan, aniqrog‘i, shiftining burchagidan qizg‘ish nur yog‘iladi. Pardaning narigi yog‘ida kimdir o‘ltirar, uning ko‘lankasi shundoqqina qorayib ko‘rinib turardi. Soya negadir qilt etmayotgandek ko‘rinadi.

Mahmud hamrohining amri ila oldidagi o‘rindiqqa soyaga yuz tutgan holda o‘ltirdi.

-Seni ne muddao bu dargohga yetaklab keldi, ey, yigit?-deya so‘radi parda ortidan kelgan muloyim, biroq xiyol xirillaguvchi ovoz.

Mahmud biroz taraddudlanib qoldi, so‘ng:

-Bir ojizani izlab keldim.-dedi.

-Xasmingmu?-so‘radi taqi ovoz.

-Yo‘q. Biroq ul qizginaga ko‘ngil berib edim. -Yigitning ovozidan o‘z so‘zidan andishada ekanligini oshkora payqash mumkin edi.

-Uni ko‘rmoqni chin dildan istarmusen?

-Ha!.. -dedi Mahmud qat’iylik ila.

-Unda bizga sadoqat ila xizmat qilgaysen. Biz esa yoring vasliga Ollohning behishtida musharraf etgaymiz.

Mahmud bu so‘zlarni tushunmagan bo‘lsa-da, dedi:

-Ne shart bo‘lsa, rozimen. Faqat…

Uning so‘zini haligi ovoz bo‘ldi:

-Bizga sadoqat ila xizmat etmoqqa ont ich-da, anovi tabarruk suvni ixlos ila sipqor.

Mahmudni bu yerga boshlab kelgan odam unga piyola tutdi. U o‘z sadoqatini ifoda etib, qasam icharkan., «Bismillahir rohmanir rohiym», deya piyoladagi chuchmal suyuqlikni sipqordi.

-Boraver!-deya amr etdi ovoz.

U o‘rnidan turib, hamrohi yetovida kirib kelgan eshigiga emas, unga qarama-qarshi joylashgan chog‘roq eshikka qarab yurdi. Eshikka yaqinlasharkan, boshida, butun vujudida bir evrilish uyg‘onayotganligini payqadi. Ostonada to‘xtab, o‘ng ilki ila eshik kesakisini tutdi, chunki boshi aylana boshlagandi. Keyin oyoqlari ostidan zamin qochib borayotganligini elas-elas ilg‘adi. Ojizona xohish ila tavakkal dedi-da, bir qadam tashladi. Tashladi-yu uchib ketdi. Ko‘zlariga ko‘rmoq ham malol kelganidan ularni yumib oldi. Uzoq uchdi…

Nihoyat qay bir ma’voda ko‘zlarini ochdi. Ko‘rdiki qarshisida mislsiz nuru ziyolar jilvalanayotir. Osmon to‘la nur, har yonda ming turfa tajalliy. U bilgan-bilmagan sonsiz qushlarning o‘tlig‘ xonishi quloqlarini siypalab, ko‘ngullarga orom baxsh etadi. Go‘yo kishi majlisi tayr (qushlar suhbati)ga kirib qolganday sezadi o‘zini. Atrof-tevarak gulu chechaklarga burkangan. Beadad ranglar obro‘ talashgan beqiyos makon edi bu. Bir yonda to‘lin qizning barmog‘iday ariqchalarda suvlar shaldirab oqayotgan bo‘lsa, ikkinchi yoqda favvoralar anjuman tuzgan… Bir zamon ro‘baro‘sida qiyg‘os gullar misol jamoat tuzgan qizlar ko‘rindilar. Ular shodon kulardilar. Oq, niliy, pushti tusli harir liboslarini xilpiratib, har yona sakrarkanlar, kapalaklar parvozini yodga solardilar. Ularning oppoq badanlari harir matolar ostida dillarga-yu vujudlarga o‘t yoqguday ko‘rinardi. On qadar suluv edilar bu qizlar-jannat hurlari.

Qizlar unga yovuq keldilar va hammalari birvarakay boqdilar. Shunda… Rayhon!.. Anov pushti libosga burkangan nahotki Rayhona bo‘lsa?! Ha, o‘sha. Faqat u hozir avvalgidek iymanib boqmasdi, yuz-ko‘zida er ko‘ngliga g‘ulu solguvchi olov balqib turardi. Biroq yigit ayni damda bular haqida o‘ylagulik ahvolda emasdi. Shul bois ham titrab-qaqshagancha hayqirdi:

-Rayhon!..

Pushti libosli hur tek qotdi-yu unga tikildi.

-Og‘oyi!.. -deya u ham yigit tomon talpindi. Yovuq keldilar. Bir lahza nigohlar so‘zlashdilar. So‘ng qovushdilar. Yigit olov ichra to‘lg‘ona-to‘lg‘ona bo‘salar ola ketdi. 

Qiz esa uni battarroq junbushga solib, oh urardi. Ikki qonli shamshir- lablar bir-birlariga tig‘ urganlarida, entikishlar yuz chandon ortdi. Gullar, nurlar, qushlar, suvlar, ranglar-barcha-barchasi ularni madh etardilar…

Ko‘zlarini ochganda taqi o‘shal parda oldida o‘ltirardi. Tepada qizg‘ish nur o‘ynardi.

-Ontingni unutmadingmi?-deya so‘radi tanish xirilloq ovoz.

-Yo‘q.-dedi yigit itoatkorona.

-Unda sening borar manziling, inshoolloh, o‘shal go‘zal ma’vodur. Boraver!..

Yigit hamrohi yetovida dastlab kirib kelgan eshigi tomon yo‘naldi. Uning xayoli, nahotki bir lahzada shuncha voqeot zohir bo‘lsa, shuncha huzur-halovat ko‘rsam, degan savol aylanardi. Buning ortidan haligi ovoz sohibining karomatgo‘y ekanligiga ishonib borardi.

Bu mahal bomdod namoziga azon aytilib, barcha so‘zsiz bir tarzda g‘imirlab tahorat olmoqqa shoshilardi. Hovliga chiqqach, Mahmud ham beixtiyor ularga qo‘shilib ketdi.

Yigit ko‘rganlarini bir necha lahzalarda ro‘y berdi deya yanglish xayol qildi. Aslida u bir kecha-kunduz sarxush yotib, ertasi tongda taqi o‘shal parda qoshiga olib kelingandi…