— Ha, do‘stlar!.. Avvallari bunaqa majlislarda dilimizda is bosib yotgan gaplarni aytolmasdik. Vaholanki, bugun oshkoralik vaqti kelgan ekan, biz ham ochiq-oydin gapirishga haqlimiz. Men direktorimiz To‘ra To‘raevich haqida gapirmoqchiman. Ha-ha, to‘g‘ri, oldin boshliqning nomiga aytilgan iliq gaplar xushomad sanalardi. Endi esa, ishonamanki, unday emas. Xullas, To‘ra To‘raevichning kamtarligi hammaga ayon. Buni u kishining xizmat “Volga”sini uyiga qo‘yib, kamtalik ila bo‘lim boshlig‘ining “Jiguli”sida uyiga borib-kelishida ham ko‘rishimiz mumkin. Mana, yaqinda kurortga bordilar. Lekin moddiy rag‘bat haqida lom-mim deganlari yo‘q. Biz o‘zimiz 1000 so‘m ajratuvdik, bizning ko‘nglimiz uchun ham oldilar. Bu, albatta, sovet kishisiga xos kamtarona fazilat.
Tunov kuni esa to‘rt bolalik xodimimizga beriladigan uyni, yosh kelin-kuyov Kichkinato‘raevlarga olib berdi. Buni direktorimiz Kichkinato‘raev jiyani bo‘lganligi uchun emas, yosh kadrlarga g‘amxo‘rligi va partiya chaqirig‘iga hozirjavobligidan qildi. Raz bugun oshkoralik shiori ostida…
Notiq uzoq gapirdi. Kelasi haftadan esa masterlikdan injenerlikka ko‘tarildi.
Arxivdan. 1987-yil