Qurb

Yig‘i
01.03.2014
Oraliq (Xayyom). 1-qism
01.03.2014

Iblisning hikoyasi: vasvasa sirlari yoxud qizil imperiya asoratlari xususida

(Roman-monolog)

 

 

«Ey mo‘minlar, shaytonning izidan ergashmanglar! 

Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta (shayton) 

buzuqlik va yomonlikka buyurur».

(Qur’oni karim, «Nur» surasi, 21-oyat).

 

Shayton bandaning ustiga balo-ofat zulmatlarini 

solib qo‘yib mazax qiladi.

Abuhomid G‘azzoliy.

 

Qurb — Ollohga yaqinlik maqomiga erishish, karomat — Haqning ikromiga noil bo‘lishdir.

Xoja Yusuf Hamadoniy.

 

MUQADDIMA YOXUD ENG AVVALGI GAP

 

Men Shaytonman. Goho Iblis deb ham ataydilar. Ba’zan esa La’in… Eh-he, menga ne-ne nomlarni qo‘ymadilar. Nima bo‘lganda ham men o‘sha Shaytonman. Bu olami uhroda meni bilmagan bironta odam bolasi topilmasa kerak. O‘zimga qasamki, jumla-bashar meni juda yaxshi biladi. Ammo taniydi deb aytolmayman, chunki Iblisni Ollohdan boshqa hech kim tanimaydi. (Muhammad (sallallohi alayhi vasallam) bundan mustasno). Agar, taniganida edi, odamizod o‘zi tinmay lof urguvchi mening bemisl makrimdan osonlikcha ogoh va xalos bo‘lur edi. Hali men birontasiga yaqinlashib ulgurmay, «ana shayton», deya qo‘llarini bigiz qilib ko‘rsatib, hech shubhasiz, zumda toshbo‘ron (ularning bundan o‘zgasiga aqllari yetmaydi) etardilar. Lekin shunda ham odam bolasining (biz hali Odam (Ato) haqida rosa gaplashamiz) o‘ziga qiyin bo‘lishi aniq. Negaki, ular meni mahv qilmoqqa imkonli bo‘lsalar-u, o‘zlarining buyuk hamda azim orzularini (aslida rostdan ham ularning orzulari shundaymikin?) ro‘yobga chiqarib, meni o‘ldirsalar (shunisi kulgili-da), yana tag‘in o‘zlari chorasizlik iskanjasida qolurlar. Ya’ni agarda men — Shayton yer yuzidan manguga quvilsam (o‘lsam-da), jamiki qilmishlari uchun aybdorni chetdan axtarib o‘rgangan odamzot o‘z gunohlarini kimga to‘nkaydi-yu, kimni so‘kib, la’natlab, taskin topadi? Shunday ekan, har qancha la’natlamasinlar, ular uchun borligim yaxshi, chunki men odamlarga kerakman. Faqat ular buni tan olmaydilar, xolos.     

Ha, meni ham Olloh yaratgan. Biroq, o‘zicha qonunlar tuzib, hukmlar chiqarib, allaqanday nomlar kashf etib o‘rgangan bashar farzandlari uni Rahmon, meni esa Shayton atab, (Azali odamzot shundayin jimjimadoru jarangdor atamalarga, nomlarga o‘ch) unga aksil qo‘yadilar, ya’ni meni Unga tenglaydilar. Yo tavba! (Aslida bu so‘z menga begona) Axir meni Uning o‘zi olovdan yaratgan-ku, qanday qilib unga teng bo‘lay? Yo‘q, men odamzotga aksilman, to Qiyomat qadar uni yo‘ldan urishga, umrini zalolatga to‘ldirishga ahd qilganman. Mening ashaddiy va mangu g‘animim odamzotdir. Chunki shu ko‘yga tushishim u tufaylidir, uning kasriga to Mahshar kunigacha la’natga giriftor etildim. Men nur — olovdan yaralgan, farishta qavmidan bo‘lmish abadiy sarson-sargardonlikka, xor-zorlikka mahkumman. Qarangki, Olloh meni obi-gildan (suv va tuproqdan) yaralgan odam atalmish tuban mahluqqa sajda qilmoqlikka amr etdi. Bu ne ko‘rgilik, ne xo‘rlik axir?! Axir men ham buyuk-buyuk siylovlarga munosib edim-ku. Jannatda — Buyuk Yaratuvchining huzurida oshiyon topgan men — behisht ahlidan bo‘lmish, endi Odamga sajda qilmog‘im lozim ekan-a? Yo‘q, dedim-u, bosh tortdim va manguga jannatdan quvilib, la’natlandim. Ha-ha, la’natlandim. Yuzim qaro bo‘ldi. Shundan buyon mening birdan-bir dushmanim Odam va uning bolalaridir. Shu-shu qasos o‘tida yonaman, odamzotning tanu-jonida, xonu-monida, qonida kezaman. Kezarkanman, uni ming bir ko‘ylarga solaman. U esa hamisha mendan g‘ofil — tashrifimni ham, tarkimni ham sezmaydi. Ustiga-ustak, o‘zining ojiz shuuri ila meni ikki shohli, uzun dumli, qop-qora echkisimon suvratda tasavvur etadiki, bu bilan o‘zini ham masxaralayotganligini bilmaydi. Axir men olovdan yaralganman-ku! Shunday ekan, istagan manzilda istagan qiyofayu shaklga kira olaman. Buni odamzot tushunarmidi. U hamisha ermaktalab bo‘lib kelgan, echkisimon Shayton ham uning uchun bir ermak, xolos. Ha-ha, ayniqsa, odam bolalari uchun. Shu taqlid u o‘zi sezmay zurriyodi ko‘nglida menga nisbatan mehr va zavq bunyod etaveradi. Bu qanday soz, qanday yoqimli! Bundayin natija yoxud siylov uchun taka bo‘lsang ham arziydi…

Odamzot ko‘p narsalarni chakki o‘ylaydi. Misol uchun, goho u meni kishi ko‘ngliga dahl qilolmaydi, deya xayol qiladi. O‘v-v, naqadar kaltafahmsan, odamzot! Agar zarracha aqling bo‘lganida, shuuringga, ko‘nglingga dahl qilmay, g‘ulg‘ula solmay turib, yo‘ldan ozdirish mumkin emasligini tushunib yetarding. Zero, sendagi nafs atalmish yuho bor ekan, qalbingni mislsiz hirsga, shaqovatga to‘ldirib, xonu-moningga o‘t qo‘yaman va tomirlaringda oqqan qoningning har tomchisida yashayman, yashayveraman. Toki ko‘zlaringning tubsiz qoracho‘g‘larida, yuraging o‘ynog‘i — xarsillashing tufayli og‘zingdan chiqayotgan otashli taftda ham men borman. Men!.. Men!.. Men!..

Ay, odamizot-a! Axir men hatto Olloh saylagan va siylagan payg‘ambarlarning ko‘ngliga ham nafs g‘ulusini sola olganman-ku, sen — oddiygina ummat, xom sut emgan banda kim bo‘libsan!.. Mening sen bilmagan sirlarim, makru xiylalarim qancha. Yanaki yer yuzida yashayotgan yetti milliard bashar farzandlarining qanchasi mening qavmimdan ekanligini ham bilmaysan. Ha-ha, aynan mening qavmimdan. Aslida yetti milliard hisobi ne bo‘pti, arzimagan (Ollohni-ku qo‘y, mening imkonim qoshida ham) bir sanoq-da. Buning ustiga, ana o‘sha arzimagan miqdordagi odamzot naslining katta bir qismi mening qavmim bo‘lsa. Ya’ni Shaytonga aylanib ketgan odamlar. O-o, naqadar jarangdor — Shaytonga aylanib ketgan odamlar. Ular ham oddiy odamlar kabi yashaydilar, yeb-ichadilar va hatto ibodat qiladilar, ammo… Bu kun men o‘sha yetti milliard odam ichra yashayotgan besh-o‘n inson haqida hikoya qilmoqchiman. Ey, odam bolasi, qani o‘zingga mening ko‘zim bilan bir boqib ko‘rchi! Balki o‘shanda qay biri shayton urug‘idan ekanligini o‘zing anglab olarsan. Biroq hikoya etguvchi men — Shayton, shuni unutmasligingni eslatib qo‘ymoqchiman. (Chunki sen juda tez unutguvchisan). Ha-ha, hey odamizot, tingla, Shayton so‘zlamoqda!..

Darvoqe, muhtaram zot (aslida men uchun odam naslining muhtarami yo‘q), siz bilan, mana, terakzor chetida uchrashib turibmiz. Siz qachondir kesib, po‘sti archilib, quritish uchun qoldirilgan terak xodasi ustiga o‘tirib oldingiz. Chamasi, meni jon qulog‘ingiz bilan tinglashga tayyor edingiz. Mayli, tinglay qoling, qarshiligim yo‘q. Faqat, ruxsat bersangiz, men ham o‘tirib olsam. (Qizig‘-a, Shayton xodada o‘tirsa?). Ie, chekmang-da, og‘ayni! Tamaki tutunini o‘lguday yomon ko‘raman, shuni bilasizmi? Ey-y, qayoqdanam bilardingiz… Hay, mayli, tinglang bo‘lmasa.

Xullas, arg‘amchini qo‘liga oldi… Yo‘q-yo‘q, unday emas. Uning xonasi uchinchi qavatda edi, deb boshlay qolay.

Demak, uning xonasi… 

 

DERAZADAGI ODAM

 

Uning xonasi uchinchi qavatda. Darvoqe, u kim? U ham odam — yozuvchimi, shoirmi deydilar. 

Xullas, uning uchinchi qavatda joylashgan xonasining derazasi shaharning eng serqatnov, gavjum shohko‘chasiga qaragandi. U deraza oldida turib, atrofni tomosha qilishni, xayol surishni xush ko‘radi. U yoqdan-bu yoqqa vizillab o‘tayotgan son-sanoqsiz mashinalar, piyodalar yo‘lagidagi turfa odamlar, ro‘paradagi binolarning devorlariyu derazalari, yo‘lning ikki betidagi shaklga solingan daraxtlar, ostidagi xilma-xil o‘t-o‘lanlar, gullar, ulkan chiroqlar o‘rnatilgan simyog‘ochlar va shahar ko‘chalarida uchraydigan boshqa ko‘plab narsalarning bari unga aniq-tiniq ko‘rinib turadi. Hatto simyog‘ochlarning simlariyu binolarning peshtoqidagi yozuv va suratlargacha yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu narsalarni juda ko‘p bor qayta-qayta ko‘rganligi va ehtimol kuzatganligi bois yozuvlarning ma’nosi hamda chizilgan suratlargacha unga yod bo‘lib ketgandi. Shuning uchun deraza oynasidan tashqariga termularkan, nigohi ko‘nikkan boyagi narsalarga unchalar ham qarayvermaydi va hatto ular joniga tegib ketganidan tezda zerikadi. U endi u yoqdan bu yoqqa tinimsiz o‘tayotgan, hamisha o‘zgarib turguvchi turli-tuman odamlarni kuzatishni, kuzatganda ham, ko‘pincha, beixtiyor kuzatishni yaxshi ko‘rib qolgan. Shunday paytlarda goho Ollohni eslaydi va u ham tepadan hammani ko‘rib turadida-da, deya xayol qiladi. Osmon — Ollohning derazasi, degan fikr uriladi so‘ng miyasiga. (Shoir-da, shoir — falsafa so‘qishga usta). Shu fikrdan keyinoq istig‘for aytadi, beixtiyor gunohga botganidan ko‘nglida tavba qiladi. Odam bolasi shu-da — gunohlarga botaveradi va hatto Ollohga shak keltirishdan ham toymaydi, goho esa (ba’zilarigina) buning ortidan tavbaga beriladi. Eh, odam bolasi-ya, odam bolasi-ya!.. O‘zing sezib-sezmasdan gunohlar qilganingda va yoki gunoh deganlariga chippa yopishib, unga dil bog‘laganingda men uchun naqadar suyumli bo‘lishingni bilmaysan-da. Bilganingda edi, mening mehru siylovimdan bu dunyoning arshlariga ko‘tarilarding. Afsus!.. Ammo gunohingni sezib, darhol istig‘for aytsang va meni la’natlagan Ollohga yuzlansang, biram yomon ko‘rib ketamanki… Lekin seni Ollohdan yuz o‘girtirish men uchun cho‘t emas, ha-ha, cho‘t emas…

Ana, piyodalar yo‘lagidan eski do‘ppi, anchagina uringan, ustiga-ustak, g‘ijim kostyum-shim, oyog‘iga esa, bunga aksil o‘laroq, shippak kiygan o‘rta yashar bir odam o‘tib bormoqda. O‘ng yelkasidagi kichkina xaltani o‘ng qo‘lining ikki barmog‘ida tutib olgan. U bag‘oyat mayda qadam tashlar va yurganida oyoqlaridan boshqa biron bir a’zosi qimirlamayotganga o‘xshar, ataylab yo‘lini uzaytirayotgan kabi, sudrab bosayotgan oyoqlarida (yaqinroq bo‘lganida balki shippak ovozini ham eshitarmidi) go‘yo yoysimon chiziq chizayotgandek yo‘lakning u chetidan bu chetiga o‘tib borardi. Nigohi oyoqlarida edi, hech kimga, hech narsaga parvo qilmasdi. (Odamlar iborasi bilan aytganda) uning ruhi nosog‘ edi, chog‘i, (ya’ni jinni-da. O-o, uni bu ahvolga solguncha qancha uringanman-a. Odamzot buni bilarmidi…).

— Ana, odamlar jon-jonidan yaxshi ko‘rguvchi dunyo o‘tib bormoqda, — deya faylasufona xayol qildi derazadagi odam. — Bu dunyoning ahvolini ko‘rib qo‘yinglar, odamlar!..