Cho‘lpon obrazini badiiy talqin qilishga aynan Nabijonning jazm qilgani kaminani juda quvontirdi, gapni shuning sabablaridan boshlasam. Avvalo, zimmamizdagi hamshaharlik haqi ado etilishini, mahalliychilikka yo‘ymang-u, Nabijonda andijonlikning tabiati, fe’l-huyi, hech bo‘lmaganda shevasini asliga monand berish imkoni boshqalarga nisbatan ko‘proqligini o‘ylab, quvondim. Yana bir jihati, balki asli asosiysi ham shudir — o‘z vaqtida muallif ham yuragida kurash yolqini bilan yashab ko‘rgani, ya’ni kurash shavqi, zafar nashidasi-yu mag‘lubiyat iztiroblari unga begona emas, ayni hol uning Cho‘lponni anglashiga yaxshigina zamin bo‘ladi, deb o‘yladim.
Cho‘lponning hayot yo‘li shundayki, bor holicha tasvirlanganida ham risoladagi “romaniy qahramon” talablariga javob beraveradigandek. Biroq bu juda jo‘n tasavvur, zero, badiiyat hodisasi dispozitsiya (hayot materiali) kompozitsiya(badiiy asar)ga aylantirilgandagina voqe bo‘ladi. Bilgichlar ayni shu jihatni, ya’ni dispozitsiyani kompozitsiyaga aylantira olish iqtidorini iste’dod kuchini namoyon etuvchi asosiy ko‘rsatkich sanashlari bejiz emas. Tan olish joiz, Nabijonning avvalgi asarlarida ham mazkur qobiliyat nish bergan edi, “Tegirmon”da baravj barg yozibdiki, diqqatni shunday deyishga asos bergan nuqtalarga qaratsak.
Avvalo, asarning epik ko‘lami g‘oyat salmoqli ekanini aytish joiz — jurnalxonlarga taqdim etilgani beshdan bir qismi, xolos. Roman vaqti 1932-yildan boshlansa-da, retrospeksiya orqali 1875-yil — chor qo‘shinlari tomonidan Andijonning zabt etilishi voqealari qadar yoritilgan, ya’ni, xomcho‘t qilsak, qariyb oltmish yillik voqealar qalamga olingan. Asarning retrospeksiya usuliga qurilgani vaqt e’tibori bilan bir-biridan yiroq, biroq badiiy konsepsiyani shakllantirish va ifodalashda muhim voqea-tafsilotlarni bir-biriga uzviy bog‘liq tarzda uyushtirish imkonini bergan. Deylik, shoirning bobosi Muhammad Yunus bahonasida Andijonning fath etilishi, otasi Sulaymonqul bazzoz bahona esa Dukchi eshon qo‘zg‘oloni voqealari yoritilgan. Albatta, bu tafsilotlar yosh Cho‘lpon istiqlol dardini yuqtirgan sharoitni tasavvur qilishimiz, uning o‘smir yoshidanoq bu yo‘lda astoydil harakat boshlaganiga ishonishimiz uchun zarur. Ikkinchi yoqdan, ular yurtda mavjud ahvolga uch avlod vakillaridan har birining o‘ziga xos munosabatini namoyon etib, buning sabablarini anglash va anglatishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, xuddi shu tafsilotlar keyinroq ota-bola orasida yuzaga keluvchi ziddiyatning tub omillarini tushunishimizga yordam beradi. Ko‘rib turganimizdek, bu o‘rinda tafsilotlar polifunksionallik kasb etmoqda, detalning qimmati esa, bilasiz, zimmasidagi badiiy-estetik yukning zalvori bilan belgilanadi.
Yana bir muhim detal — tegirmon, uning asarga nom bergani ham bejiz emas. Navqiron o‘ttiz beshida, musofirchilikda xastalanib yotgan Cho‘lpon “hayot — tegirmon” degan xulosaga keldi, faqat unda “bosh chanoqlariga o‘xshash bug‘doy donalari tegirmonning yapaloq toshi ostiga birin-ketin suriladi … hosil bo‘lgan un qip-qizil — qon tusida… shuning uchun hammayoq alvon-alvon…” O‘zining ko‘rgan-kechirganlari asosida Cho‘lponning sho‘ro tuzumini ayni shu tarz obrazli idrok etishi, nazarimda, g‘oyat tabiiy. Tegirmon ta’rifidagi mana bu chizgi ham chinakam badiiy topilma: “Undagi zim-ziyolik chor tarafi — devor-u shiftidagi to‘q qizil rang tufayli biroz yorishgandek ko‘ringani bilan aslida zulumotga to‘la”. Qarang, zulumotni ham ko‘ra olish kerak ekan-da! Axir, Cho‘lpon zulumotni ko‘rib ezilgan vaqtlar aksariyat kishilar qizillikning ishig‘iga aldanib o‘tmadilarmi?! Yana bir muhim chizgi: hammayoq alvon bo‘lgach, tegirmonchining ham “boshdan-oyog‘i qip-qizil bo‘lishi aniq. Biroq u ko‘rinmasdi…” Ha, tegirmonchi yo‘q, lekin tegirmon o‘z holicha aylanaveradi — xalqimiz boshiga tushgan sho‘rishlarning bosh sababi ham Lenin, Stalin va yo boshqasi emas, tuzumning o‘zi!
Tegirmon asarning ko‘p o‘rinlarida eslanadi, muhimi, har gal muayyan bir badiiy-estetik vazifani ado etadi: bir o‘rinda o‘quvchi idrokini yo‘lga solsa, boshqasida qahramon ruhiyatiga ko‘zgu tutadi. Biroq uning eng muhim funksiyasi — g‘oyaviy leytmotivni asar davomida vaqti-vaqti bilan eslatib, ta’kidlab, kuchaytirib turishdan iboratdir.
Tag‘in bir jihatni alohida ta’kidlab o‘tgim keladi. Romanda voqea-hodisalar bosh qahramon — Cho‘lpon nigohi orqali, urf bo‘lgan ibora bilan aytsak, uning “qalb prizmasidan o‘tkazib” tasvirlanadi. Adib talqinidagi Cho‘lponning voqealarga munosabati esa xolis va samimiy, u har neni millat manfaati va taraqqiysi nuqtai nazaridan baholaydi. Mazkur usul qalamga olingan davr voqeligining teran badiiy idrok etilishiga kafolatdir. Muhimi, Cho‘lponning gohi kuchli hayajonga yo‘g‘rilgan, goh esa sovuqqon va aksar og‘riqli mushohadalari orqali o‘quvchi o‘sha davr ruhiga yaqinlashadi, o‘zini unga bevosita aloqador deb his qiladi. Adashmasam, muallif o‘z vaqtida M.Gorkiy “Klim Samginning hayoti”da, B.Pasternak “Doktor Jivago”da qo‘llagan usul, ya’ni tarixdagi o‘ta murakkab — oktabr to‘ntarishi etilgan, amalga oshgan va dahshatli oqibatlari yuz bergan davrni ziyoli nigohidan o‘tkazib berish usulini adabiyotimizda ilk bor sinab ko‘rishga jazm etgan. Nelarnidir andishasini qilib baho berishdan tiyilgim keladi-yu, jur’atga, ijodiy jasoratga haq bermaslik ham insofdan bo‘lmasa kerak.
Albatta, asarda hali sayqallanishi, pishitilishi, puxtaroq o‘ylab ko‘rilishi zarur bo‘lgan o‘rinlar yo‘q emas. Xususan, biografik ma’lumotlar xronologiyasi o‘zgartirilgani doim ham o‘zini oqlamagandek ko‘rindi; o‘tmish tasviridagi ba’zi faktik chalkashliklarga ko‘zim tushdi; faoliyatiga hozirda turlicha baho berilayotgan ayrim tarixiy shaxslarning nomi o‘zgartirilsa durust bo‘larmidi deb o‘yladim. Bu kamchiliklar juz’iy. Muallifning o‘ziga talabchan ijodkor ekani, mayli-da, anjanchasiga avval bir “jirillab” olib bo‘lsa ham kamchiliklarni tan ola bilishini hisobga olsak, ular albatta tuzatiladi…
Nabijon o‘ziga ustoz bilgan atoqli adibimiz Pirimqul Qodirov, “Xayyom” bilan tanishib chiqqach, “Qo‘lingizdan keladi, endi Cho‘lpon haqida roman yozing, men ulgurmayman, chogi!” degan ekanlar. Nabijonni ustoz adib vasiyat maqomida da’vat etgan ishning uddasidan chiqqani, o‘quvchilarni yaxshi asar bilan chin dildan qutlayman.
Dilmurod Quronov,
filologiya fanlari doktori, professor
“Sharq yulduzi” jurnalining 2015-yil, 2-sonidan olindi.