Har safar Toshkentga yo‘limiz tushsa, Tohir Malik bilan suhbat qilib qaytamiz. Chunki sizning bu mashhur yozuvchini juda-juda yaxshi ko‘rishingizni bilamiz-da…
Mashhur yozuvchimiz Tohir Malik yaqinda mashina oldilar — “Neksiya”. U kishining xonadoniga borib, salom-alikdan so‘ng birinchi bergan savolim ham o‘shanga oid bo‘ldi:
— Kechirasiz-u, ustoz, hozirgi kunda hammayam “Neksiya” ololmaydi. Demak, odamlar orasida yurgan gap to‘g‘ri ekan-da. Tohir Malik “Shaytanat”ning uch kitobini yozgach, pul hididan uxlolmay qopti, deyishgandi. Bundan tashqari, Shveysariya bankida valyuta hisobi ochibsiz…
— Shveysariya — bu Qozog‘istondagi shaharlardan biri bo‘lsa kerak-da, a? (Kulishdik.) Rostini aytsam, bu “Neksiya” qo‘yning puliga keldi. Bilasiz-ku, qo‘y boqishga ishqibozligim bor.
— Ol-a, — gapga qo‘shildi yozuvchi Shodmon Otabek. — Ja oshirvordiyzu. O‘zi nechta qo‘y boqardingiz-u. “Neksiya” necha pul turadi, bilasizmi?
— Qo‘ylarim sal semizroq edi-da, — ustoz yana lutf qildilar.
— Mayli, nima bo‘lsayam, topganingiz o‘zingizga buyursin… Mana, “Shaytanat”ning birinchi kitobini film ham qilishdi. Qalay, filmdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
— Menga ma’qul bo‘lgan joylari ham anchagina, lekin ma’qul bo‘lmagan jihatlariyam bor. Men kinochilikni ko‘pam tushunavermayman. Balki shuning uchun ham ba’zi o‘zgartirishlarni hazm qilolmagandirman. Qolaversa, ssenariydan ham qoniqmadim.
— Keyingi qismlarning ssenariysini o‘zingiz yozib qo‘ya qolmaysizmi?
— Vaqtim yo‘q-da. Qolaversa, juda mashmashasi ko‘p ekan.
— Aktyorlar ijrosidan qoniqdingizmi?
— Chamamda, hammasiyam durust o‘ynashdi.
Gapga yana Shodmonbek aka qo‘shildi:
— Ommalekin Erkin Komilov san’atkor sifatida rosa etilibdi-a? Kesakpolvonni zo‘r o‘ynadi-da.
— Menga, ayniqsa, Anvarni o‘ynagan bolaning ijrosi ma’qul bo‘ldi, — dedi Tohir aka.
— U artist o‘ris teatrida o‘ynardi shekilli? Pantamimo bilan ham shug‘ullanarmidi-ey…
— Balki… — deb qo‘ydi ustoz.
— Tasvirga olish paytida qiziq voqealar ham bo‘lgandir-a?
— E, nimasini aytasiz. Bu artist xalqigayam juda qiyin ekan. Bitta sahnani olish qancha cho‘ziladi. Filmning oxiridagi to‘y sahnasi yodingizda bo‘lsa kerak. O‘shanda dasturxonlarga turli-tuman noz-ne’matlar qo‘yilgandi, lekin eyishga ruxsat etilmagandi. Kun kech bo‘lib, qorong‘iyam tushdi, rejissyor ishni tugatmaydi-da. Hammaning qorni och. Menam bir chetda o‘g‘rincha tamaddi qilvoldim. Keyin bilsam, boshqalar ham dasturxonning rangini hiyla o‘chirib qo‘yishgan ekan. Bu yoqda Yodgor Sa’diyev (ham bosh ro‘l ijrochisi, ham prodyuser) rejissyorga baqiradi:
— Jahongir, bo‘l tezroq. Bularga ertaga ovqatni qaerdan topib beraman, pul yo‘q, — deydi!
Ammo Jahongir Qosimov haqiqatan ham o‘z ishining fidoyisi ekan. Hech narsaga qaramay, ishlayveradi, deng.
O‘sha kuni yana bir qiziq voqea bo‘ldi. Esingizda bo‘lsa, Anvar chekmoqchi bo‘lib, birovdan sigaret oladi. Hojatxonaga borsa, berk, yana qaytib keladi. O‘sha sahna ham bir necha bor olindi. Axiyri, ishonsangiz, hech kimda sigaret qolmabdi. Bir dona sigaretni o‘chirib qo‘yib, qayta olishda yana tutatildi.
— Keyingi qismlar qachon olinadi?
— Ssenariy bitsa, shu yil olinsa kerak.
— To‘rtinchi kitob-chi, yozib bo‘ldingizmi?
— Oqlash qoldi xolos.
— “Xolis”ga parcha beraman, degandingiz.
— Mashinkalangani yo‘q-da.
— He, qo‘lyozma bo‘lsayam mayli, kseronusxadan chiqarib, obketaveramiz.
— Mening xatimni o‘qiy olarmikinsiz?
— Ie, nima deyapsiz, ustoz…
— Ha, mayli… — Tohir aka o‘rnidan turib, ijodxonasidan bir varaq qog‘oz olib chiqdi. Unga nimalardir yozilgandi (agar o‘sha yozuv bo‘lsa). — Shuni o‘qib turing, men bir joyga telefon qilvolay.
Biz Shodmonbek aka ikkovimiz harchand urinmaylik, qo‘lyozmani o‘qiyolmadik. Haqiqatan ham juda mayda va o‘qib bo‘lmas qilib yozarkan bu Tohir aka.
— Xo‘sh, qalay? — dedi ustoz qaytib kirib.
— O‘zingiz qanday o‘qiysiz buni?
— Taxminlayman-da.
Xullas, parchani keyinroq oladigan bo‘ldik.
— To‘rtinchi kitobni eng avval “Xolis” beradi-a?
— Ha.
— Boshqalarga va’da…
— Yo‘q. To‘rtinchi kitobning yarmi “Xolis”da bosilib bo‘lganidan so‘nggina kitob qilamiz.
— Nega buncha muruvvat?
— Muharriringizdan qo‘rqaman-da. — Tohir aka kuladi. — Oshnang muharrir bo‘lsa, qiyin ekan-da.
Suhbatimiz oshdan keyin ham cho‘zildi. Soat tungi o‘n bir bo‘lsa ham, ayrilgimiz kelmaydi, deng. Hamma gapni yozishning esa imkoni yo‘q.
Arxivdan.
“Xolis” gazetasining 1999-yil 26-martdagi sonidan olindi.