Peshindan so‘ng do‘kondagi yumushlarni katta o‘g‘li va shogirdlariga qoldirib, uyig‘a qaytdi. Aslida uyga mo‘ljallab qo‘ygan zarur ishi ham yo‘q edi-kuya, lekin negadir ko‘ngli shuni ixtiyor etdi. Ehtimol bir oz dam olgisi keldimi…
Hali poyabzalini yechmasidan muslimagina xotini beozorgina so‘zlandi:
— Siz ko‘ngilchanlik qilib indamovdingiz, chek (yangi berilgan tomorqa)dagi narigi qo‘shnimiz yerimizdan bir metr qo‘shvolib, uy soluvdi. Endi berigisiyam ashna qilib beto‘n quyib qo‘yibdi…
U to‘xtab, xotiniga o‘girildi:
— Qo‘ysangchi-ey, onasi, ja unchalimasdir, — dedi xotini to‘g‘ri gapirayottanini bilib turganidan ko‘ngli xijil tortib.
— Ishonmasayiz o‘tib, bir ko‘ring. — Mol achchig‘i — jon achchig‘i bo‘lganidan muslimagina ayolining ham ovozida xiyol zarda sezildi.
— Mayli, o‘tsam o‘tey! — deya ayolining zardasini sezmaganlikka oldi-da, salmoqli qadamlar bilan hovlining etagi tomon yurdi.
Hovlining adog‘ida kattakoi zovur bor edi. Uning ustiga eski taxtadan omonat ko‘prik yasab qo‘yilgan. Zovurning nariyog‘idagi bir necha gektar yer odamlarga tomorqa qilib, bo‘lib berilgandi.
Uning ham ikki o‘g‘li bo‘lganidan, aqlli kishilarning maslahati bilan allazamonda xo‘jalik raisining nomiga yer so‘rab, ariza berib qo‘ygandi. Yaxshi qilgan ekan, shu bahona yerli bo‘lib qoldi. Buning ustiga omadi chopib, chek shundoqqina uyig‘a yaqin joydan tegdi. Har holda tez-tez ko‘z-quloq bo‘lib turadi. Quruq yerning nimasiga ko‘z-quloq bo‘ladi, dersiz. Yo‘q yeri hozir quruq emas, mol-hol uchun makkajo‘xori eqib qo‘ygan. Bir yoniga uy qurish uchun ko‘tarma qilib, qo‘shnilarga soya solmaydigan tomoniga qator terak o‘tqazgan.
Yangi cheqdagi chap yon qo‘shnisi ancha eski savdogarning o‘g‘li. Otasi «baquvvat» bo‘lganidan bir yildayoq uyni tikkalab, o‘g‘lini olib chiqib qo‘ydi. Hng qo‘shnisi esa o‘qituvchi. U ham bir necha yildan buyon uy qurishga o‘rinmayotgan edi. Shunaqa, hozirgi zamonda tirikchilikdan oshinib, uy qurish osonmi. Axir o‘zi ham tuppa-tuzuk hunarmand bo‘la turib, katta o‘g‘li voyaga yetib qolganiga qaramay, uyga oshinolmayaptiyu. Kichigi ham shaharda litseyda o‘qiyaptn — o‘n oltiga kirdi. Bo‘lmasa, hunari juda unaqa kasod ham emas, do‘konidagi ishlari binoyidek yurib turibdi. Aslida-ku, yaxshiyam ota-bobosidan meros — o‘lmaydigan shu hunari bor, shukronadan tolmaydi. Axir ne og‘ir kunlar o‘tmadi yurt boshidan. Mana, endi-endi uy qurishlar, to‘y-tomoshalar asta-sekin ko‘paymoq-da. Ajabmas, uning ham topganiga baraka berib, niyatlariga yetsa.
U omonat ko‘prikdan o‘tib, bir nafas to‘xtaldi-da, atrofga nazar soldi. Ha, yaqin-yaqinlarda ham bu yerda yangi uylar qariyb yo‘q edi. Endi esa hakkam-dukkam bo‘lsa-da, qatorasiga uylar ko‘zga tashlanadi. «Musulmonchilik asta-sekin», deganlari shu-da, xayolidan o‘tdi uning. O‘ngga qayrilib, zovur bo‘ylab yurarkan, suvga qarmoq solib o‘tirgan bolaga ko‘zi tushdi. Ishqibozlik-da, qarang, erinmay qarmog‘iga termilib o‘tiribdi, yonidan odam o‘tganini sezmadiyam, shekilli. Tavba, shu zovurda baliq bormikin-a? Haligi, chavaq-mavaqlar bo‘lsa kerak-da.
O‘z ko‘chasiga burildi. Aslida bu nomigagina ko‘cha edi, o‘ydim-chuqur, chetlarini o‘t-o‘lan bosgan, ba’zi joylarida esa yonboshdagi ariqchadan suv toshib, ko‘lmaqlar hosil bo‘lgan. Ana, uch-to‘rtta turfa rang tovuqlar timirskilanib, nimalarnidir cho‘qilab yuribdi. U hali o‘z tomorqasi ro‘parasiga yetmayoq o‘ng qo‘shnisining yangi quyilgan beton poydevoriga ko‘zi tushib, xotininiig gapi rost ekanligiga ishona boshladi. Uch-to‘rt kun buyog‘ida chekiga o‘tmagandi, darrov ulgurishibdi-da. O‘z ko‘tarmasi ustida turib, qo‘shnisiniig hali tirgak-taxtalari ham olinmagan beton-poydevoriga tikildi. Chindan ham u tomonga yarim metrdan ortiqroq o‘tkazib qo‘yibdi. Uning bag‘rida alami qorishiq — iztirob paydo bo‘ldi. Yuzingda ko‘zing bormi, demabdi-ya. Tag‘in o‘qigan odam — domla! So‘ng devorlari chiroyli oqlangan, derazalari bo‘yalgan so‘l qo‘shnisining uyi tomonga o‘girildi, Avval bu¬nisi bir metr yerini «urib» olgandi. Indamadi, hatto, pisanda ham qilmadi. Insof berib qolar, axir o‘g‘limga qo‘shni bo‘ladi, dedi. Qo‘shniga ozor berish — yaxshimas. Keyin-keyin ozgina yer bilan biron joyim kamayib qolarmidi, deb qo‘ya qoldi. Birovning yeridai bir metrni «urib» olgan qo‘shni esa pinagini ham buzmadi. Endi bunisi yuzsizlik qilibdi. Uning chinakamiga jahli chiqa boshladi. Ketma-ket istig‘for aytib, dumbul solib qolgan makkajo‘xorilarining atrofini aylandi. Teraqlarini ko‘zdan kechirdi. «Tavba, bu o‘zbek deganlari yerga to‘yarmikin-a?!, — o‘ylardi u asablari qaqshab. — Qachon qarama, yer talashadi, yer o‘g‘irlaydi. Axir hammamiz bir quloch yerga borib, tuproqqa qorishib ketamiz-ku. Yo odam bolasi tuproqdan yaralib, oxir-oqibat tuproqqa aralashib ketishi rost bo‘lganligi uchun ham shu qadar o‘nga bog‘lanib qolganmikin-a? Ayniqsa, bizning o‘zbeklar. Ehhe-e, bu tuproq!.. Manovi qo‘shnilari tuproq, ona tuproq ne ekanligini bilisharmikin?!..» Shu payt besh yil burun qazo qilgan rahmatli otasi yodiga tushdi. Otasi ham oddiy kosib edi. Biroq diniy va dunyoviy ilmlardan boxabar, taqvoli odam edi. Umuman uning ota-bobolari oddiy kosib o‘tgan bo‘lsalar-da, sho‘ro zamo-nida ham, undan avvallari ham imonlariga aslo xiyonat qilmaganlar.
O‘shanda (sho‘ro zamonida) u Alixonto‘ra Sog‘uniyning «Turkiston qayg‘usi» kitobini (arabiy imloda bitilgan qo‘lyozmasini) o‘qib o‘tirardi. Otasi buni ko‘rib, o‘g‘lini olqagan va Vatan, ona tuproq haqidagi ajib bir voqeani aytib bergan edi.
— Asr boshidagi ocharchilik yillari ekan. Kosiblarning ham bozori kasodga uchragan. Bu yog‘i oqposhshoning zulmi kuchayib, «mardikor oldi» siyosatini boshlab yuboradi. Rahmatli qiblagohim ham yosh bo‘lishiga qaramay, «hatga» tushib qoladi. O‘shanda enam (otamning onasi) rahmatli bir xaltachaga hovlimizdagi tuproqdan solib, otamning bo‘yniga tumor qilib osib qo‘yadi. «Kindik krning to‘kilgan tuproq omon saqlaydi, ham yurtingga tortib turadi», deydi yig‘lab. Shunday qilib, otam jo‘pab ketadi. Keyingi voqealarni otam o‘sha yoqlardan omon qaytib, biz tug‘ilib, gap tushunadigan bo‘lganimizdan keyin aytib bergan.
ho‘llas, qiblagohim o‘rmon kesib yurib, qish chillasida bepoyon o‘rmon ichida yolg‘iz o‘zi qolib ketibdi. Qor degani odamning tizzasidan kelarkan. Sovuqqa esa toqat qilib bo‘lmaskan. Qorni och, yegani hech vako yo‘q. Bechora o‘rmon chetini izlab, o‘zini har yoqqa uribdi va holdan toyib, yiqilib qolibdi. Shu payt ko‘ksiga beozor botib turgan narsa — tuproqli tumori yodiga tushibdi. Uvishib qolgan qo‘lini bir amallab qo‘yniga tiqib, xaltachani olibdi. Tana taftidan issiq holga kelgan tuproq¬dan bir chimdim olib, og‘ziga tashlabdi. Otam rahmatli o‘shanda ko‘zlarida yosh bilan: «Tuproqni chaynarkanman, jonivor hecham g‘ichirlamadi. Shunaqayam mazali tuyuldiki, go‘yo endigina tandirdan uzilgan nonning ta’mi kelardi…», degandi.
Otasi ham o‘z hikoyasining shu joyig‘a kelganda beixtiyor yig‘lab yubordi-da, bir muddat gapirolmay qoldi.
— Otam bechora tuproqni uzoq chaynabdi. Chaynagani sayin tanasiga issiqlik yugurib, o‘zida quvvat sezaveribdi. Keyin tuproqni yutish uchun qor yebdi. Shunday qilib, har to‘xtaganida bir chimdim tuproqni yamlay-yamlay, odamlar yashaydigan yerga yetib, omon qolgan ekan. — Otasi so‘zdan to‘xtab, birpas o‘yga toldi, so‘ng bilinar-bilinmas xo‘rsindi-da, go‘yo o‘ziga gapirayotganday dedi: — Endi esa hammasi aynib ketdi!..
O‘shanda otasining nima demoqchi ekanligini tushunmadi. U ona tuprog‘ini yeya oladigan odamlar qolmadi, demoqchi bo‘ldimi yoki tuproq aynib, yeb bo‘lmaydigan ahvolga keldi dedimi, bilolmadi.
— Ona-Vatanini, ona tuprog‘ini yaxshi ko‘rgan odam bunaqa kitoblarni o‘qib turishi kerak, — dedi keyin. — Faqat ehtiyot bo‘l, zamon nozik. — Otasi yana bir xo‘rsindi, endi armonli xo‘rsindi. U kishining armonini esa yillar o‘tgach, tushundi — bu yurt, millat qayg‘usi ekan.
Makkajo‘xorilar suvsab qolibdi, ertaga sug‘ormasa bo‘lmas. U ortiga qaytib, qo‘shnisining yangi quyilgan beton-poydevori yonidan o‘tarkan, afsus bilan boshini chayqadi. Hay, mayli, Alloh diliga solib, insofga kelib qolar, deya o‘yladi o‘ziga-o‘zi taskin berib.
Asr namoziga hozirlanayotganda xotini yodiga soldi:
— Ertaga o‘g‘limizni maktabida ota-onalar majlisi bor-a, esizdami?
Ha, darvoqe, ertaga kichik o‘g‘li o‘qiydigan litseyda majlis bo‘lishi kerak edi. Yaxshiyam erkaqlarning baxtiga ayollar bor — bir nimalarni yodga solib turishadi. Bo‘lmasa, eslarini yo‘krtib qo‘yishlari hech gapmas.
Bularning avlodida birov bunaqa zamonaviy o‘qishlarda o‘qimagan. Shu kichik o‘g‘li astoydil bo‘lib qoldi-da. Maktabda yaxshi o‘qidi, ingliz tilini ham kryillatadi, ham buyoqda diniy ilmlardan, arabiy tildan ham boxabar. To‘qqizinchini bitirdiyu shahardagi akademik litseyga kiraman, deb turib oldi. Bolam, unaqa o‘qishlarga pul berib kirilsa kerak, mening ortiqcha pulim yo‘q, deya qaytarmoqchi bo‘ldi, ko‘nmadi. Qur’on o‘rgatgan domlasining o‘sha litseyda tanishi bor ekan, gaplashibdi. O‘zbeklar ham dunyoga chiqsin, chiqqandayam zo‘r bo‘lib chiqsin, sen albatta o‘qishing kerak, debdi. Baraka topsin, mana o‘sha odam bahona bolasi o‘qishga kirib qoldi.
Majlis aytilgan vaqtdan kechroq boshlandi — ota-onalardan tag‘in kelib qolishar, deyishdi. Chunki o‘sha paytgacha ham kutilganlarning yarmidan ko‘prog‘i keldilar, xolos. Bir xonada jam bo‘ldilar. Ota-onalarning orasida hijobdagilardan tortib, shim va allambalo kiyimlarni kiygan ayollargacha hamda mahsi-kalishliyu bo‘yinbog‘li erkaklargacha bor edi. Majlisni guruh rahbari — yoshgina yigit ochdi. U salom-alikdan so‘ng, eng avvalo, bolalarning baxolarini o‘qib berdi, guruhdagi o‘rni, xulqi haqida gapirib o‘tdi. Bir bolaning nomi tilga olinganda, narigi chetdagi qatorda o‘tirgan, ixcham ro‘moli ostidan jingalak sochlari chiqib to‘rgan ayol bidilladi:
— Xulqi qanaqa, xulqi?
— Xulqi yaxshi, ammo, — domla bir to‘xtalib, jilmaydi. — Ko‘pchilik o‘qituvchilar o‘g‘lingizni ko‘p gapiradi, deyishadi.
— Uydayam shunaqa, — dedi ayol domlaning gapiga parvo ham qilmay. — Hamma narsaga qiziqadi-da. Ommalekin o‘qishi yaxshi-a?
— Yaxshi-yaxshi.
Ayol yana nimadir demoqchi bo‘luvdi, domla gap boshlab yubordi.
Bolasi o‘ziga o‘xsharkan-da, xayol qildi u xiyol jilmayib, ayolniig harakatlaridan sergapligini sezib. Mana, nihoyat o‘g‘lining nomi tilga olindi — yuragi «shig‘» etib ketdi. Nima derkin? Xudoga shukr, hamma bahosi besh, guruhda birinchi o‘rinda ekan. Hatto, ingliz tilidan boshqa bolalarga yordam ham berarkan. Uning vujudi eridi, bu gaplar biram xush yoqdiki.
— Ammo namoz o‘qirkan, — dedi domla go‘yo o‘ta havfli va sirli bir gapni aytayotganday ovozda. — Sho‘nga…
Vujudidagi haligi huzur taqqa to‘xtadiyu, cho‘chib tushdi. Nima desin? Bizning uyda hamma namoz o‘qiydi, desinmi? Unda vahobiyga chiqarib qo‘yishsa-chi? Shundog‘am hamma o‘nga tikilib turibdi. Vahobiylarni ulguday yomon ko‘rishini, ular tufayli dinimizga katta putur yetganligini bularga qanday tushuntiradi? Tushunishmasa-chi? Axir hamma musulmonlar ham unaqa emas-ku?.. Ana, domla o‘nga hamon savol nazari bilan qarab turib¬di. O‘g‘liga ziyon yetmasa bo‘ldi.
— Bo‘pti, namoz o‘qimaydi, aytaman, — deb yubordi beixtiyor. Deyishga dediyu, ko‘ksida bir narsa qalqib ketdi. Axir yolg‘on gapirdi-ku. U-ku o‘lib qolsa, o‘g‘liga bunaqa buyruq bermaydi-ya, agar bersa ham, o‘g‘li namozdan hech qachon voz kechmaydi — buni aniq biladi.
— Yo‘-o‘q, u zamonlar o‘tib ketgan, aka, — dedi dom¬la mubham ohangda. — Mayli, uqiyversin. Faqat ertalab-kechqurun o‘qisa bo‘lar.
— Xo‘p, aytaman, — dedi u shoshib.
Guruh rahbaridan keyin fakultet dekani so‘z oldi. U litseyning tartib-kridalari, o‘qitish ishlari haqida ancha gapirdi.
— Menda bir gap bor, — deb qoldi dekan gapini tugatar-tugatmas, uning ortida yastanib o‘tirgan oq-sariqdan kelgan, peshanasida sochi siyrak odam o‘rnidan ham ko‘zg‘almay.
— Marhamat, — dedi tik turgan dekan uning yalpayib o‘tirganiga parvo qilmaslikka o‘rinib. Aslida hali bironta odam tik turib gapirmagandi.
— Kompyuter xonasida shug‘ullanish ogranichenniy ekan. Mening o‘g‘lim kompyuterda ishlashni yaxshi ko‘radi. Menimcha, kompyuter xonasini doim otkritiy qilish kerak.
— Siz aytgan ishni qilishga bizning imkoniyatimiz yo‘q. Chunki o‘nta kompyuterimiz bor, xolos. Shuning uchun barcha guruhlar belgilangan muddatda u yerga kirishadi.
— Yana bir gap, — dedi haligi odam bamaylixotir. — Qaysidir domla kitobi yo‘q bolalarga paparyad dvoyka qo‘yib chiqibdi.
— Bu bo‘lishi mumkin emas, — dedi dekan qat’iy. — Masalan, men tarixdan dars beraman. Biroq qariyb to‘qson foiz bolada kitob yo‘q. Kimmatlik qilyapti shekilli-da.
— Ashi kitobni topolmayappiz-da, — gapga qo‘shildi boyagi jingalak sochli ayol. — O‘ziyz topib bersayiz, pulini berardik.
— Men topib berishga va’da berolmaymanu, ammo yangi shahardagi kitob do‘konida bu kitobni ko‘rdim, shekilli.
— Nomi nimaydi? — ayol krg‘oz olib, hafsala bilan yozishga tushdi.
Dekandan so‘ng direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lmish ayol gapirdi. U yotoqxonalarga ham mas’ul ekan. Ammo direktor o‘rinbosari so‘zini juda qisqa qildi.
Shu payt o‘rta qatorda o‘tirgan, boshiga do‘ppi, oyog‘iga maxsi-kalish kiygan u tengi odam so‘z so‘rab, qo‘l ko‘tardi. Ruxsat bo‘lgach, o‘rnidan turib, dedi:
— Men majlisgacha qizim minan birga yotoqxonasini aylanib chiqdik. Bilsam, sanuzellari ishlamas ekan. Qizlar kechasi litseyning hov chekkasiga borishar ekan. Ke-chirasizlaru, biz sizlarga qizlarimizni ishonib topshirib qo‘yganmiz…
U sanuzel deganini avvaliga tushunmadi — radio-padiomikin, deb o‘yladi. Keyinroq gapning paynovidan bildiki, so‘z hojatxona haqida ketayotgan ekan. Tavba, odob, sharmu hayo bilan gapirish uchun ham o‘ris tili kerak ekan-da, a. Axir shuni o‘zbekcha aytsa ham bo‘ladi-ku! Boring, ana, hojatxona deyish qo‘pol tuyulsa, «hovli», «halojoy» yoki «tahoratxona» desa ham bo‘lar. Mayli, har holda andishali odam ekan, ammo tilni ham… Bir kuni do‘koniga kelgan hojatmandlardan biri buning butunlay teskarisini aytgan edi: emishki, shaharlardagi bir-biri bilan zino qilmoqchi bo‘lgan erkagu ayollar, avvalo, oz-moz ichimlik icharkanlar va so‘ngra o‘rischa gapira boshlarkan-da, o‘z muddaolariga ham o‘ris tilida «shartnoma» tuzarkanlar. Ya’ni buzuqlik yo‘lida buzuq gaplarni o‘zbek tilida aytolmas ekanlar. Ana, endi bu jumboqning tagiga yetib ko‘ring-chi!..
ho‘llas, direktor o‘rinbosari «sanuzel»larni ishlatib qo‘yishga va’da berdi.
Miqtidan kelgan ingliz tili o‘qituvchisi so‘z olganida majlis ahli jonlandi. Ota-onalar kuyib-pishib savollar yog‘dira boshladilarki, go‘yo o‘z farzandlarining taqdiri aynan shu tilni bilish yoki bilmasliklariga bog‘liqdek edi.
— Ingliz tili kitobi nimcha (namuncha) qimmat? — dedi ayollardan biri.
— Bu darsliklar o‘zbek tilidayam chiqadimi? — so‘radi yana kimdir.
Oldiroqda o‘tirgan, yuz-ko‘zi va talaffuzidan o‘ris yoki tatarga o‘xshagan ayol iymanibgina dedi:
— Mining kizim o‘rischa o‘qigan. No o‘zbekcha o‘rganaman, deb kizikadi. Nu, kak?
Guruh rahbari bilan ingliz tili o‘qituvchisi bir-birlariga birrov qarab olishganidan, ular bu ayolning qizini juda yaxshi tanishlarini anglash mumkin edi. Savolga esa guruh rahbari javob qildi:
— Qizingizning harakati yaxshi, ancha-muncha o‘zbeklardan tuzuk gapiradi, — deya jilmaydi domla.
— Rakmat, — deb qo‘ydi ayol ohista.
— Ingliz tilidan qo‘shimcha o‘qishlarni ko‘paytirsa bo‘lmaydimi? — so‘radi o‘g‘li ko‘p gapiradigan jingalak sochli ayol.
— Haftada ikki kun to‘garagim bor, — dedi ingliz tili o‘qituvchisi. — Agar qo‘shimcha xohlovchilar bo‘lsa… — U «buyog‘i pullik» demoqchi bo‘ldi-yu, lekin aytolmadi.
— Mayli, pullik bo‘lsa ham, — deb yubordi ayol. Ammo hech kim uning gapini ma’qullamadi.
— Mening o‘g‘lim rus maktabda o‘qigan, — deya tag‘in gapga tushdi haligi oq-sariq odam. — O‘zbekchani yaxshi bilmaydi. Nu bu normalniy narsa. Silar boladan hadeb o‘zbekcha so‘ramay, uning bilimiga baho qo‘yinglar. Yoki angliyski so‘ranglar. Bolani qiynash yaxshimas-da.
— Barcha o‘qituvchilar, Xudoga shukur, o‘zbekchaniyam, o‘rischaniyam yaxshi bilishadi, — dedi ingliz tili o‘qituvchpsi bamaylixotir. — Bolangiz xohlagan tilida javob beraversin. Mana, biz ingliz tilidayam eshitaveramiz. — U o‘z hazilidan mamnun jilmayib qo‘ydi.
— To‘g‘ri-da, o‘zbekcha bilan ne kuda ne doydyot. Vot ko‘pgina zarubejniy ili sovremenniy firmalarda bollar uch-to‘rt yuz qollardan pul olib, maza qilib ishlashyapti. O‘zbekchada bunaqa ishlolmaysiz.
Ota-onalarning ko‘pchiliklari bu gapni ma’qullashib, g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir qilib qo‘yishdi va hatto, bu odamning o‘ta «sovremenniy»ligiga havas qilayotganliklarini ham yashirmadilar.
— Bu gap to‘g‘ri, — dedi o‘z fani obro‘ topayotganidan huzurlangan ingliz tili o‘qituvchisi. — Zamon ingliz va rus tillarini talab qilmoqda. O‘zbek tilida hech narsa yo‘q (fanga oid adabiyotlar demoqchi). Shunday ekan, istaymizmi-yo‘qmi, shu ikkala tilni bilmasdan uzoqqa borolmaymiz.
Uning bag‘ri o‘rtanib ketdi: axir biz ona tilimiz yana bir tilga mute bo‘lsin, deb sho‘ro zulmidan qutulganmidik?! Jon, birodarlar, derdi uning yuragi lovullab, ona tilini bilmagan, halqini sevish tugul pisand etmagan odamning o‘z yurtiga nafi tegishi mumkinmi?! Bu ne ko‘rgilik axir! O‘z ona tilini bilmaslik uyat bo‘lmasayu!.. Shuuncha kutdi, bironta odam bolamni vatanparvar qilib tarbiyalang, o‘z Vatanini, halqini sevsin, ona tilini sevsin demadi-ya. Bu nima degan gap axir?! Yo o‘zi gapirsinmi? Yo‘-o‘q, u gapirsa, hamma kuladi, bunaqa chiroyli gapni kim qo‘yibdn bu qishloqiga, deyishadi. Yoki o‘g‘lining namoz o‘qishi eslariga kelib, hali dindan gapiruvdi, endi tildan tushdi, nima balo bu rostdan ham «haligi»lardanmikin, deb qolishlariyam mumkin. Unda o‘g‘liga qiyin qilib qo‘yadi. U ko‘ksini changalladi, yo Alloh, bizning millatga nima bo‘lyapti o‘zi? Ozodlik dedik, tilimiz davlat tili bo‘lsin, dedik. Mana o‘sha ozodlik, mana o‘sha davlat tili bo‘lgan til. O‘zimiz esa hamon bu ahvoldamiz… Kipriklarining osti jizillarkan, yana otasi rahmatlining gapi yodiga tushdi: «Endi esa hammasi aynib ketdi». — Ha, bobosi oqposhshoning, ota¬si bilan bu esa sho‘roning zulmidan qo‘rqib yashadilar. Xo‘sh, o‘g‘li kimdan qo‘rqib yashasin? O‘zidanmi?.. Axir u millati uchun dunyoga ko‘z tikkan-ku!
Shahardan dilgir qaytdi. Peshin namozini kechroq o‘qib, muslimagina xotini esiga solmasa ham makkajo‘xorilarni sug‘orish uchun chekiga yo‘l oldi. Zovurdan o‘tib, o‘z ko‘chasiga qayriliboq beton poydevorining taxta-tirgaqlarini chiqarayotgan o‘qituvchi qo‘shnisiga ko‘zi tushdi. O‘sha atrofda timirskilanib yurgan tovuqlar u yaqinlasharkan, hurqib, nariroqka ketishdi.
— Hormang, qo‘shni! — dedi o‘zini yengishga urinib. Qo‘shnisi boshini ko‘tarib, u tomonga qaradi.
— Ie, usta, salomat bo‘ling. Bormisiz-ey?.. — U qo‘lidagi teshani o‘sha yerda qoldirib, bu yoqka o‘tdi. — Sizni kutovrib…
— Ha, tinchlikmidi?..
Ko‘rishdilar.
— Tinchlik-tinchlik. Beton quyishdan oldin o‘rtamizdagi chegaraga o‘ziz krziq krqib bering, devdim-da. Anovi savdogar yerizdan qo‘shib olib, dilizi og‘ritovdi, sho‘nga.
— Quyib bo‘psizu, — dedi u «o‘lib qolmovdimo‘, degan ohangda.
— Ha, quyib bo‘ldik, rahmat. Rosa kutdim, chikrvrmovdingiz… Qalay, krziqni to‘g‘ri krqibmanmi, chegara joyidami?
— Hm-m, — dedi u bunday yuzsizlikdan yuragi zirillab. So‘l yoqda yap-yangi qimmatbaho sport kiyimi kiygan savdogarning o‘g‘li ko‘rindi.
— Shu bolani ja yomon ko‘raman-da, — deya g‘o‘ldirab qo‘ydi domla.
— Assalomaleykim, — degach, yigit kelib, avval domla bilan quyuq ko‘rishdi:
— Omonmisiz, domla, qurilishlar bilan charchamay? — U to‘yib mazali taom yeganidan ko‘kragini kerib, huzur bilan kekirdi. Atrofni achimsiq araq hidi tutdi.
— O‘zingizam tuzukmisiz? — dedi domla soxta tirjayib.
Yigit endi o‘nga qayrildi.
— Siz qachon uyga urinasiz endi? — deya so‘radi hazilomuz ohangda.
— Oshinolmayappiz-da. Xudo xohlasa, yanagi yilga.
— Ashna demang-ey! Kosiblarda pul ko‘p bo‘ladiyu.
— Bo‘pti men ishimni qilay? — domla shoshib tomorqasi tomon o‘tib ketdi.
— Beti yo‘g‘di qarang, — dedi u ketishi bilan savdogarning o‘g‘li shipshib. — Qancha yerizi qo‘shvopti. Tag‘in o‘qituvchimish. Domlasi shu bo‘gandan keyin u o‘qitgan bollar nima bo‘lardi.
«Sizga o‘xshagan bo‘lat-ta», demoqchi bo‘ldiyu, deyolmadi, kesatish musulmon odamga yarashmaydi.
— Meni kutibdiyu, chikrvrmaganimdan keyin… — u gapi soxta chiqayotganini sezib, to‘xtadi.
— Qayoqda kutadi, usta aka, ateylab yo‘q kuniyzi poylagan… Bo‘pti, men boray. Yuring, choy qibberay. — Yigit it quvganday shoshib, uyig‘a kirib ketdi.
U esa ariqchadan tomorqasiga suv ochdi, so‘ng egat boshlarini ko‘zdan kechirib, suv kiraveradigan qilib qo‘ydi. Shu payt bir sichkrn «lip» etib rov ko‘rindiyu zumda g‘oyib bo‘ldi. «Ha, mahluq», deb qo‘ydi u bir oz ko‘ngli yayrab. Keyin ko‘tarmasining ustiga qaytib, o‘zicha nimalarnidir chamaladi. Kechagi baliq tutayotgan bola qo‘shnining beton poydevori yonida yurardi, chuvalchang kovlardi chog‘i. Ha, ana qo‘lidagi temir bilan yerni o‘ydi. Birdan nimadir esiga tushib, zovur tomonga yugurib ketdi. Bundan foydalangan daydi tovuqlar bola chiqarib qo‘ygan bir nechta chuvalchangni cho‘qib qochishdi. Bola esa chuvalchang soladigan idishga ketgan ekan, qaytib kelib, yana xo‘rak kovlay boshladi.
U ko‘tarmaning oftobshuvoq yeriga cho‘nqaydi. Yana otasining gapi yodiga tushib, oyoqlari ostidagi qup-quruq tuproqdan bir siqim kaftiga oldi. Oq-sarg‘ish tuproqka tikildi. Bobom rahmatli shuni yeganmikin-a? Men-chi, men yeya olamanmi? Yo buning uchun och qolishim kerakmi? Avval tuproqni hidladi — chuchmal tuyuldi. Tag‘in qo‘li¬ni uzoqroq tutib, tuproqqa termildi. So‘ng o‘nga lablarini bosdi. Qattiq bosdi, tuproq zarralari lablariga yopishib qoldi. Ko‘z oldidan esa bobosi, otasi, katta enasi va onasining siymolari o‘tib, kipriklarining osti achishdi. Yuragi simillab, bo‘g‘ziga yig‘i tiqildi. Shu payt samoda qandaydir mardona qush «qiyag‘q» deb qiyqirdi. U tuyqus qayrilib, yoshlangan ko‘zlari ila osmonga boqishi asnosida, qushdan qo‘rqdimi, makkajo‘xorizordan chiqqan bir sichkrn savdogarzoda qo‘shnisining devoridagi kovakka o‘zini urganini ko‘rdi. Tepada esa qanotlarini baralla yozib, ulkan bir qush parvoz etar va goh-gohida «qiyag‘q» deya hayqirib qo‘yardi. U bo‘yin paylarini oxirigacha cho‘zib, boshini ko‘targancha osmonga tikildi. Bu qushning nomini nima deyishardi-ya? Sormidi-ey? Yoki qiyg‘irmi? Nima bo‘lgandayam qushlarning zo‘rlaridan-da! Bu yoqlarda yo‘q bo‘lib ketuvdi, tag‘in qaytibdi-da. Ha, mayli, yaxshilikka bo‘lsin. Endi bu bo‘stonga qushlarning zo‘rlariyam kerak. Osmonga uzoq tikilganidan, bo‘yni tortishib, tomog‘i quruqshadi. Yutinmoqchi bo‘ldi, ammo yutinolmadi. Qushning parvozidan ko‘zlarini uzgisi kelmay, o‘sha ko‘yi lablarini qimtidi-da, ich tomonnini tili bilan yaladi. Og‘zida so‘lak to‘planib, qiynalib, «g‘ilq» etib yutindi. Yo Alloh! Bo‘g‘zida ajib bir totli ta’m paydo bo‘ldi, xuddi tandirdan yangi uzilgan nonning ta’miga o‘xshardi u…
2004-yil