Afg‘on urushi haqida ko‘p yozilmoqda va hali yana ko‘p yoziladi. Mening murodim esa mazkur urush to‘g‘risidagi tiklanajak haqiqatga ozgina bo‘lsa-da ulush qo‘shmoqlik xolos. Qolgani sizga havola! Faqat mazkur qissadagi voqealar, gaplar ancha ilgari sodir bo‘lganini unutmasangiz bas…
Sizlarning eng yaxshilaringiz — qilgan gunohlaringizga o‘z vaqtida tavba qiluvchilaringizdir.
Hadis.
Sizdan o‘limning rangini so‘ramoqchiman. Bilaman, xayolingizga darrov qora rang keladi. Lekin qora deyishga shoshilmang. Aslida bu faqat sizninggina fikringiz emas, ko‘pchilik shunday o‘ylaydi. O‘lim bilan bir bor yuzma-yuz kelganlar esa… men hali sizga o‘lib tirilganlar haqida lom-mim deganim yo‘q. Ular qora rangni siz o‘ylaganchalik qoraga bo‘yashmaydi. Axir insonning ko‘zi ham, ayniqsa, sevgan kishingizning ko‘zi va tun ham qora bo‘ladi-ku. O‘limni ko‘rganlar esa qop-qora ko‘zlarni, xalovat to‘la tunlarni juda-juda yaxshi ko‘rishadi…
Aytganday, sizdan o‘limning rangini so‘rayotuvdim, a? Siz esa baribir qora dedingiz. Yo‘q, yanglishayapsiz, o‘lim shafaq rangida bo‘ladi. Aslo tonggi shafaqni xayolingizga keltirmang. Yoz payti quyoshning botishini kuzatganmisiz? O‘lim ana o‘sha rangda — shafaq rangida. Men o‘lim haqida gapirayapmanu siz kulasiz-a! Yoki ichingizda turgan titroqni bilintirmaslik uchun shunday qilayapsizmi?..
O‘layotgan odamning ko‘zlarini ko‘rganmisiz?.. O‘layotgan odamning ko‘zlari avvaliga shunaqayam chaqnaydiki, bundayin quvvatli nurni boshqa hech qayerda ko‘rmagansiz. Ana shu chaqnash odam tanasidagi hayotning borki quvvatini olib chiqib ketadi. Keyin uning nigohi o‘lim, ya’ni shafaq rangiga to‘lib boradi, qorachig‘lari ko‘z kosasining tub-tubiga cho‘ka boshlaydi. Cho‘kaveradi-cho‘kaveradi, nigohi shafaq rangiga to‘laveradi-to‘laveradi, so‘ng…
O‘layotgan odamning!… O‘layotgan odamning ko‘zlari judayam chuqur bo‘ladi…
Men sizga ana o‘sha shafaq rangiga to‘lgan ko‘zlar haqida gapirmoqchiman.
Ro‘paradagi qir va tog‘larning tusi tun qorong‘isiga qorishib ketgan, faqatgina osmonning biroz ochroq qora aralash ko‘kish rangdaligi o‘sha adir va tog‘larning shakllarini ajratishga imkon beradi. Afg‘on dashtlarining ko‘hna va muntazam esib turguvchi shamollari quloqlar ostida guvillay, pishillay o‘tib ketadi. Dashtning allaqachon qovjiragan, lekin hozir shaklu shamoyilini bilib bo‘lmas o‘t-o‘lanlari shamollarga nimalarnidir shivirlashadi. Ustlariga oyoq tushganda esa jussalari egilib, sinib, miskin-miskin ingrashadi. Mana ikki yildan oshibdiki, ularni tobora ko‘proq ingrashga majbur qilishmoqda. Son-sanoqsiz oyoqlar zarbini qo‘yingu, erni teshib yuborguday zil-zambil texnikaning g‘ildiraklari, hatto, ularning ingrashlarini ham shovqinlari ostida ezg‘ilashmokda.
Abduqodir ro‘parasidagi qir ustida gumbazi va zambaragi qorayib turgan tankni mo‘ljallab taxminan qadam tashlab bormoqda. Ba’zida oyog‘i erning chuqurroq joyiga tushib, muvozanatini yo‘qotadi-da, dovdirab ketadi. Hatto, gohida bir muddat ko‘zlarini yumib ham oladi, hammayoq zimiston bo‘lgandan keyin farqi nima, deya o‘ylaydi o‘zicha. Obdon tortilgan «chars»(Afg‘onistonda keng tarqalgan giyohvand modda)ning kuchidan og‘zi quruqshab, og‘ir-og‘ir tamshanadi. Lekin manziliga etgach, huzur qilib ichajak muzdekkina suv xayoli uni oldinga etaklaydi. Mana, yerto‘laning to‘rtburchak tomi ham ko‘rindi, demak, yaqin qoldi. Biroz tizzalari bukilganidan tepalikka chiqa boshlaganini angladi. Shu payt yuqoridan ingichka ovoz eshitildi:
— To‘xta! Kim u kelayotgan?
Abduqodir ovoz egasini tanidi — Sergey. U kayfning kuchidan sarxush bo‘ldimi yoki o‘zi ataylab «zelyonka» (yangi kelgan askar)ga qitmirlik qilmoqchimi, negadir tahdidli savolga javob bermadi. Sergey haligi gapini yana qaytardi:
— To‘xta! Kim u kelayotgan?.. — endi uning ovozi yumshoqroq chiqdi. Aftidan u Abduqodirning kelishini kutganu, hozir uni tanigan edi. Buni Abduqodir ham sezdi. Aslida soqchi ikki marotaba bergan so‘rog‘iga javob qilmagan odamni otib tashlashi mumkin. Keyinchalik Abduqodir «zelyonka»ning u kabi «oqsoqol»lardan ko‘p aziyat chekkaniga qasd qilib, otib tashlashi ham mumkin ekanligini o‘ylab, yuragi orqaga tortib ketgandi. Har holda urush ketayotgan bo‘lsa… Lekin hozir u bu haqda o‘ylamaydi, biroz enkayganicha indamay, tepaga ko‘tariladi. Va nihoyat, Sergeyning qorasini u ham ko‘rdi.
— Qodir!.. Senmisan? — deya so‘radi Sergey muloyimlik bilan.
Abduqodir Sergeyning oldiga etib kelib, uning qo‘lidagi avtomatini bir urib yonboshiga burib yubordi-da, to‘ng‘illadi:
— Nega otmading, manqa?
Sergey dovdirab qoldi.
— Seni tanidim-ku, Qodir!
— Shunaqami?.. Hay, bobongni qo‘riqla! (охраняй дедушку), — deya yerto‘laga kirib ketdi.
Yerto‘laning ichini tankning akkumulyatoriga ulangan chiroq odamning nafasini bo‘g‘ar darajada xira yoritib turardi. Ikki tomonga qo‘yilgan ikkita qo‘sh qavatli karavotning birida avtomatchi yigit yotardi. Yana bir karavotning pastida ekipaj komandiri moldavan Valera bilan toshkentlik Olim gaplashib o‘tirishardi.
— Ha, ja kech qop ketdiz? — deya so‘radi Olim kiriboq burchakdagi suv idishiga yopishgan Abduqodirdan.
Abduqodir to‘yib suv simirgach, entika-entika g‘o‘ldi- radi:
— Bollarman o‘tirib qoldik. Ketaman desam, Akbar qo‘ymadi. Osh qilishganakan… — u shunday deya, dovdirab kelib, bo‘sh karavotning bir chekkasiga yonboshladi. — Kombat (batalyon komandiri) kelmadimi?
— Yo‘q, — deya javob berdi Valera o‘zbekchalab. Bu yyerdagilarning ko‘pchiligi o‘zbeklar bo‘lganligidan boshqa millat vakillari ham o‘zbekchani oz-moz tushunib qolishgandi. Qolaversa, Abduqodirning mastligida sheriklari unga iloji boricha muloyim gapirishga harakat qilishar, chunki ularning orasida Abduqodir «oqsoqol» hisoblanardi. Olim bilan Valera undan olti oy keyin xizmatga chaqirilgan. Sergeyning esa «soyuz»(sobiq sovet ittifoqi)dan kelganiga endigina bir oydan oshgandi.
«Chars»ning kayfi suv ichilgandan keyin yana ham kuchayadi. Yotgan bo‘lsa-da, Abduqodirning boshi aylana boshladi. U ko‘zlari yumilgan kuyi pichirlashdan sal balandroq ovoz bilan so‘radi:
— Valera, sen komandirmisan?
— Ha, nimaydi?
— Nega soqchimiz yomon qo‘riqlayapti?
Valera Abduqodirnipg biror ko‘ngilsiz ish qilmoqchi ekanligini sezdi. Shuning uchun hadiksirabroq so‘radi:
— Ha, nima qildi?
Abduqodir ko‘zini ochib unga o‘qraydi.
— Bor chaqir, o‘zi aytib beradi!
Komandir o‘tirgan joyida o‘shqirdi:
— Hey, soqchi, bu yoqqa kel!
Birozdan so‘ng Abduqodirning ro‘parasida ko‘zlari ola-kula bo‘lib, Sergey turardi.
— Og‘ayni, nega xizmatni yomon bajaryapsiz? — piching bilan so‘radi Abduqodir yotgan joyidan turib o‘tirarkan.
— Tushunmadim…
— Shunaqami? — u o‘rnidan turib, Sergeyning qo‘lidan avtomatni tortib oldi-da, murvatini surib, o‘qladi.
— Nega meni otmading?
— Axir seni tanidim-da!.. — endi yosh askar qo‘rquvdan bezovtalana boshladi. Kayfiyati buzilgan «afg‘on oqsoqoli» bilan til topishish ancha mushkul edi.
— Mening o‘rnimda dushman bo‘lganda nima qilarding?
Sergey nima deyishini bilmay yerga qaradi.
— Sen otmasang, mana, men otaman! — Abduqodir avtomatni Sergeyning peshanasiga qadadi. Uning vajohati hozir juda qo‘rqinchli edi: ko‘zlari yovvoyi tusga kirgan, chamasi, nima qilayotganini o‘zi ham yaxshi anglamasdi. Tepkini bossa, tamom…
Boshqalar bir-birlariga xavotirli qarab qo‘yishdi-yu, lekin yurak yutib bir nima deyisholmasdi. Olim karavotning panjarasi orasidan Abduqodirning ko‘zlariga hadiksirab tikilarkan, o‘zbekchalab pichirladi:
— Abduqodir, otib qo‘ymang!.. Otib qo‘ymang!..
Sergeyning rangi esa butunlay oqarib, qo‘llari shalvirab osilib qolgan, jon talvasasida dir-dir titrardi.
— Otaymi?! — avtomatni silkidi Abduqodir.
Sergey gapirmoqchi bo‘lib lablarini qimtidi, lekin ovozi chiqmadi. «Oqsoqol» butunlay begona ovoz bilan pichirladi:
— Onang bormi?!
— Ha! — Sergeyning ko‘zlaridan duv yosh oqdi.
Abduqodir avtomatni uning peshanasidan oldi-da, yana boyagi ovoz bilan go‘yo o‘ziga gapirayotganday shivirladi:
— Onangga qiyin-da!.. — u qurolni Sergeyga irg‘itdi. — Bor, joyinga chiq!
Sergey ko‘zlarini qo‘li bilan artgancha tashqariga chiqib ketdi. Nigohi g‘alati olayib qolgan Abduqodir bo‘shashib, boshini tizzalari qadar engashtirib pichirladi:
— Mening esa onam yo‘q!.. — o‘zini yostiqqa yuztuban tashladi. Birozdan so‘ng elkasi titrab-titrab silkina boshladi, ammo ovozi chiqmasdi…
Olim esa Sergeyning oldiga — tashqariga chiqib ketdi…
Aslida bunaqa soqchilik nuqtalarida kechalari birorta askar uxlamasligi kerak. Hammalari tashqarida ekipaj tankda, avtomatchilar esa chuqurda tong ottirishlari lozim. Lekin hayotlari o‘zlari uchun savil bu yigitlar har lahzada xuruj qilishi mumkin bo‘lgan xavfni ham nazar-pisand qilmay, qismatlarini Yaratganga topshirishib, dong qotib uxlashadi. Urush payti uchun mantiqsiz va shuningdek, kulgili bo‘lgan yana bir narsa shuki — bular dushman hujumidan emas, navbatchi zobitning yoki batalon komandirining tekshirib kelib qolishidan ko‘proq qo‘rqishadi, hadiksirashadi…
Abduqodir quyosh tikkaga kelganda uyg‘ondi. G‘ovlagan boshini arang ko‘tarib, gandiraklab yyerto‘ladan chiqdi.
Chiqaverishda o‘ngdagi chuqurlikda Olim, Valera va avtomatchi yigit qarta o‘ynab o‘tirishardi. Sergey esa tankning yonboshida avtomatini qo‘ltiqlagancha mudraydi. Abduqodir birpas quyoshga dosh berolmagan ko‘zlarini uqalab turdi. Keyin egnidan kitelini echib, mazza qilib kerishdi. O‘zbek baribir o‘zbek-da, yonboshlab qarta o‘ynayotgan Olim undan hol so‘ragan bo‘ldi:
— Ha, uyqichi, kalla pishdimi?
Abduqodir bilinar-bilinmas jilmaydi:
— Rosa uxlabmanu-a?..
U ro‘paradagi bochkadan choynakka suv olib, yuz-qo‘lini yuvdi. Yuvilaverganidan oxori to‘kilib, qotib ketgan sochiqqa bo‘yni-yu elkalari qizarib ketguncha artindi.
— Seryoja, choy bormi?
— Bor-bor… Hozir… — Sergey avtomatini tankka suyab, yugurib yyerto‘laga kirib ketdi. Birozdan so‘ng shisha bankada choy, qog‘ozda non va oqqand ko‘tarib chiqdi. — Qayerga qo‘yay?
— Hov anovi yerga olib bor, — dedi Abduqodir yigitlar o‘tirgan chuqurni ko‘rsatib.
Abduqodir yuvoshgina bo‘lib, beminnat xizmat qilayotgan Sergeyning orqasidan qarab qolarkan, kechqurungi voqeani esladi. Ha, u mast bo‘lsa ham ko‘p narsani eslab qolgandi. Nima deganlari yodida bo‘lmasa-da, Sergeyning peshanasiga avtomat tiragani esida. U o‘zini yomon ko‘rib ketdi: «Kuching shu «zelyonka»ga yetdimi, Qodir! Yashavor-ey!..» Qartabozlarning yoniga o‘tirarkan, Sergeyni beozor turtdi:
— Seryoja, kechqurungi ishga hafa bo‘lmagin, kayfim oshib qolgan ekan… Kechir!… — dedi zo‘raki yalinib.
«Oqsoqol»dan bunaqa uzrnamo gap eshitish har qanday yosh askarga ham nasib etavermasdi. Sergey ham Abduqodirning muloyimlik bilan so‘ragan uzridan erib ketdi:
— Ey-y, mayli, allaqachon unutganman, — dedi u qo‘lini silkib.
— Ko‘nglini ko‘tarib yaxshi qildiz, — dedi Olim. — Bechora rosa qo‘rqib ketgan ekan. Siz yotgach, chiqsam, haliyam qaltirab o‘tiribdi deng. U-ku mayli, menam ishtonni ho‘l qilishimga sal qoldi-yu…
Qism lageri tomonda tushlik tarqatadigan «Ural» mashinasi ko‘rindi.
— Kombat bo‘lishi mumkin, — deya Valera o‘rnidan turib, plyajga kelgan dam oluvchilardek yarim yalang‘och ko‘yi oftobga toblanib yotgan sheriklarini ham turishga undadi. Bunaqa hodisaga o‘rganib ketgan bo‘lishsalar-da, serjantning gapidan so‘ng hammalari o‘rinlaridan turishib, o‘zlarini, yyerto‘la va tank atrofini tartibga keltira boshlashdi.
— Seryoja, avtomatni olib, anovi joyga tur! — dedi serjant soqchilik joyini ko‘rsatib.
Hademay mashina ular turgan do‘nglikka ko‘tarilib, yerto‘laning yoniga kelib to‘xtadi. Valera adashmagan ekan — mashina kabinasida kombat o‘tirardi. U mashinadan tushishi bilan serjant uning qarshisiga yugurdi, qo‘lini chakkasiga qo‘yib, harbiychasiga hisobot berdi.
Yumaloqdan kelgan, pakana, elkasi kunushganday qisilgan, lo‘ppi yuzida qizil tomirlar otgan, qo‘ng‘iz mo‘ylovli kombat mashinadan ovqat olishga shaylangan askarlarga qararkan, yoqimsiz jilmaydi.
— Ha, islom lashkari, bekor yotib ham qorin ochdi-mi? — dedi bir chetda turgan Abduqodirda nigohini to‘xtatib.
Qismda o‘zbeklar va umuman musulmon millatiga mansub askarlar ko‘p bo‘lganidan ba’zi zobitlar «islom lashkari» degan jumlani haqoratomuz ohangda aytishni yaxshi ko‘rishardi. Ayniqsa, manovi kombat — podpolkovnik Bundyukov alohida ypg‘y bilan aytardi bu so‘zni. Hozir ham nigohidan g‘ypyp aralash nafrat yog‘ilib turgan Abduqodirga biroz tikilib qoldi.
— Sobirov, dam olib charchamadingmi? — dedi yana boyagiday jilmayib.
— Hozircha yo‘q, — kesatdi Abduqodir ham.
Bundyukovni nafaqat Abduqodir, boshqa ko‘pchilik jangchilar ham yomon ko‘rishardi. Chunki uning harbiycha qattiqqo‘llikka o‘xshab ko‘ringan barcha harakatlari askarlarni xaqoratlab rohatlanishdan iborat edi.
Sergey bilan Olim tushlik ovqatni o‘z idishlariga olib bo‘lishgach, kombat serjantga buyurdi:
— Jangchilarni saflantir! — O‘zi esa chuqurda turgan tankning atrofini bir aylanib, ko‘zdan kechirib chiqdi. Tankning orqa tomoniga o‘tgach, engashib ostiga qaradi. U yyerda yotgan askarlarning qopchig‘iga ko‘zi tushib, Valeradan so‘radi:
— Anovi nima?
Valera uning nimaligini bilsa ham talmovsiradi:
— Bilmadim.
Kombat Seryojaga buyurdi:
— Qopchiqni ol buyoqqa!
Zobit shunchalik bo‘lgani bilan «oqsoqol» askarlarga ish buyurishga xayiqardi. Hozir ham ataylab Sergeyni tanladi. Sergey buyruqnn bajarishga taraddudlanarkan, hadiksirab Abduqodirga qaradi. Abduqodir nima qilsang qilaver, deganday yuzini chetga burdi.
Tankning ostiga kirish noqulay bo‘lganidan Sergey qopchiqni juda qiynalib olib chiqdi. Uni olib kelib, kombatga tutgan edi, u do‘q urdi:
— Och!…
Qopchiqda ikkita amriqocha «jinsi» shim bor edi. Buni ko‘rib, kombatning ko‘zlari chaqnab ketdi.
— Obbo-o chayqovchilarey, hali bu yyerda do‘konimiz ham bor, denglar. — U o‘zining hazilidan yayrab kuldi.
— Uyga obketish uchun olgandik, axir bittadan mumkin-ku! — deya to‘ng‘illadi Abduqodir «jinsi»dan ajralganiga ko‘zi etib tursa ham.
Ko‘pincha zobitlar mana shunaqa kuzatuv nuqtalarida turgan jangchilarning yerto‘la va tanklarigacha titkilashib, ularning asragan narsalarini — aroq, kiyim-kechak, magnitofon va boshqa narsalarini tortib olishardi.
— Sizlarga umuman mumkin emas, — kombat shunday deya Sergeyga o‘girildi. — Ma, mashinaning kabinasiga tashlab qo‘y… Ha, aytganday, — u endi Valeraga qaradi.
— Ertaga ertalab hamma narsa ko‘chishga taxt qilib qo‘yilsin. O‘rinlaringizga boshqa rotaning ekipaji keladi, sizlar qismga qaytasizlar. Tushunarlimi?..
Kombat mashinaga o‘tirdi-yu, jo‘nab ketdi.
— He, onangni!.. — deya Abduqodir alam bilan so‘kindi. So‘kinadi-da, axir hademay uyga ketishi kerak. Uyda kiyarmiz, deb shu ikkita «jinsi»ni arang topishgandi. Endi Akbarga nima deydi?
Ertasiga tushga yaqin qo‘shni rotaning bir ekipaji ularning o‘rniga keldi. Kecha va bugun ham almashtiruvchilar kelgunicha narsalarini yig‘ishtirish bilan ovora bo‘lgan Abduqodiru uning sheriklari kayfiyatida g‘alati bir tushkunlik norozilikka o‘xshash holat paydo bo‘lgandi. Negaki, uch oydan beri harbiy tartib-intizomning ko‘pidan xoli, o‘zlariga xon bo‘lib yashayotgan bu yigitlar uchun kism lageriga qaytib, askarcha rejimga tushish og‘ir tuyulardi. Ertalab erta tur, falon paytda ovqatga bor, chodiringni tozala, e qo‘yingki, trevoga deganlari ham borki, ular har qanday odamning ham joniga tegadi. Ana shularni o‘ylab, bu yigitlarning tumshuqlari osilib ketgandi.
Ular tushdan keyin qism lageriga qaytishdi. Tankni belgilangan joyga qo‘yishib, hamma qatori askarga aylanishdi. O‘sha tartib-intizomlar Abduqodirni norozi qilsa ham do‘sti Akbarali bilan yana birga bo‘lishni o‘ylab xursand ham edi…
Kechki ovqatdan so‘ng ikki-uch ulfat chodirning bir burchagida to‘planishdi. Abduqodiru Akbardan tashqari samarkandlik Jamoliddin va yana Surxondaryodan Rasul degan yigitlar ham bor edi.
— Akbar, o‘ra endi, — dedi Abduqodir tamaki tutatarkan.
Akbar cho‘ntagidan qog‘ozga o‘rog‘liq «chars» chiqardi va yonidagi yigitga uzatib, dedi:
— Jamol usta o‘rashga.
Haqiqatan ham Jamol «chars»ning no‘xatdegini birpasda maydalab, sigaretning tamakisiga aralashtirdi, hatto, lab tegib egilmasin uchun qattiq qog‘ozdan qo‘lbola filtr ham tayyorlab tashladi.
— Qani, kim tutatadi? — so‘radi Jamol ish bitgach, Akbarga o‘girilib.
— Qodirga ber… Ol, tutat, Abduqodir.
Abduqodir gugurtni chaqib, yuzi bujmayib tutun tortarkan, qattiqroq tortib yubordi shekilli, o‘qchib yo‘tala boshladi.
— Ha, onangni-ya!.. — deya nafasini biroz rostlab olgach, yana uch-to‘rt marta tortib, Akbarga uzatdi.
O‘zlari «to‘pponcha» deb nomlashgan «chars» o‘ralgan sigaret o‘rtani aylana boshladi. Abduqodir ikkinchi aylanishni o‘tkazib, qizarib suzilgan ko‘zlarini Akbarga qarata dedi:
— «Jinsi»ni urdirvordim, Akbar!
Akbarali parvosiga ham olmadi. U do‘stining xijolat chekib gapirayotganini sezgandi. Agar indamasa, Abduqodir xafa bo‘lishini o‘lab, sekingina:
— Kimga? — dedi.
— Kombat obqo‘ydi.
— Mayli, xafa bo‘lma, yana topamiz-da.
Abduqodir bir taskinlandi yana aylanib kelgan «to‘pponcha»ni tortarkan:
— Onangni emgurga buyurmasin!.. — deya g‘o‘ldirab qo‘ydi.
Ulfatlar «to‘pponcha»ni «otib» bo‘lishgach, chodirda birinchi vzvod — Abduqodirlarning komandiri katta leytenant Stepanov paydo bo‘ldi. O‘rta bo‘y, oq-sariq yuzida kulgichi bor zobit kiriboq xira chiroq shu’lasida suzib yurgan tutunlarga qaradi.
— Rosa tutatibsizlaru-a? — uning ovozidan «chars» chekuvchilarni topish, jazolash niyati yo‘qligi sezilib turardi. Chunki askarlarning bunaqa «kasali» borligi ko‘pchilik zobitlar uchun ham sir emas edi.
— Bunaqada dushman bosganini ham bilishmaysan-ku, — dedi u hazillashganday, so‘ng u yoq-bu yoqqa alanglab, — Sobirov qani? — deya so‘radi.
Bir chetda o‘tirgan Abduqodir «men shu yerdaman», deya o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
— Tongda eski tanklarni almashtirgani «soyuz»ga jo‘naymiz. Bizdan — Soxibov (Jamol), sen, — u yana bir necha kishining nomini aytdi, — borasizlar. Tayyorgarlik ko‘ringlar…
— Ekipaj bilanmi?
— Yo‘q, faqat o‘zinglar borasizlar. Boshqa vzvodlardan ham uch-to‘rttasi bor.
Abduqodirning hafsalasi pir bo‘ldi.
— Tag‘in ajralisharkanmiz-da, Akbar! — dedi tushkun ohangda.
— Mayli, bir maza qilib o‘ynab kelasan. Hammasidan ham qizlarni ko‘rasan, oshna.
— Shunaqa-yu… Menga qara, og‘ayni, men yo‘g‘imda o‘zingni ehtiyot qilgin. Urushakan deb yugurib ketavermagin, bo‘ptimi! — deya u do‘stiga mehribonchilik qildi.
— Bo‘pti-bo‘pti… Sahar ketsang, yotaylik endi…
Afg‘on yozining tuni ham ancha salqin bo‘ladi, ayniqsa, tongga yaqin kishi tuzukkina sovqotishi mumkin. «Soyuz»ga boruvchilarga boshliq qilib tayinlangan katta leytenant Stepanov uyg‘otgan askarlar tankchilarning qora paxtaliklariga o‘ranib, uyquga to‘ymaganlikdan va Abduqodir kabi kecha yaxshigina «to‘pponcha» otgan yigitlar esa boshlari g‘ovlaganidan gandiraklab tikanli simlar bilan o‘ralgan texnikalarning qo‘nalg‘asiga yo‘l olishdi. Komandir olib ketilishi kerak bo‘lgan eski tanklarni barchaga taqsimlagach, piyodalar rotasidan chiqqan uch-to‘rt askarga ham o‘zlarining «BTR»(jangovar mashina)larini shatakka tayyorlashlarini buyurdi. Xullas, to‘rtta tankka to‘rtta shalog‘i chiqqan «BTR» shataklandi. Jami o‘nta tank bo‘lganidan Abduqodir o‘ziga ortiqcha yuk — shatak tegmaganligiga xursand ham bo‘ldi. Negaki, hali ko‘hna Hirot shahrini kesib o‘tib, uzoqdan-uzoq dovonni oshishlari kerak. Dovonda shataksiz ham sal chalg‘isang, jarga qulashing hech gap emas. Tag‘in ostidagi «tulporlari» uloqdan qaytgan otday bir ahvolda bo‘lsa.
Bunaqa safarga bejiz erta tongdan otlanishmasdi, zero afg‘on xalqining hasratlari kabi qat-qat bo‘lib, ulkan qabrlar yanglig‘ do‘mpayib yotgan tog‘ va qirlar oralig‘idan ilon izi singari yuksalgan dovon yo‘lini bosib o‘tish juda mushkul edi. Dovondan so‘ng ham qancha qishlog‘u dashtlarni ortda qoldirib, chegaraga etib boriladi. Ungacha hali yo‘l azobi, qiyaliklarning havfli manzaralaridan tashqari, dushman hujumi-yu qonli otishmalarning bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.
Yo‘l boshida saflangai mashinalar chang-to‘zon ko‘tarib, vahimali gurullaydi. Xira chiroqlarning yorug‘ida u yoqdan-bu yoqqa yugurayotgan Stepanov haydovchilarning safdagi o‘rinlarini belgilaydi, yana nimalarnidir askarlarga baqirib tushuntiradi. Safning boshida piyodalarning praporshchigi o‘tirgan «Ural» mashina, undan keyin komandirning tanki, ohirida esa Abduqodir mingan «po‘lat fil» yo‘lga chiqishdi. Bu tanklarda na ekipaj a’zolari, na snaryadu pulemyot bor edi, hatto, mexaniklar avtomat ham olishmadi. Tag‘in bu mashinalarning juda ko‘p murvatlari yo‘q bo‘lib, nosozliklar bisyor edi. Abduqodir mingan tankning oldingi katta chirog‘i yonmas, so‘nggi — beshinchi tezlikka tushmas ekan. Yaxshi-ki, orqada yuradigan bo‘ldi, har holda oldinda ketayotganlarning chirog‘ini mo‘ljallab borishi mumkin.
Abduqodir hamisha navbatdagi reyd (jang)ga chiqib ketayotganda yohud mana shunaqa safarlar oldidan bismilloni aytib, «Ixlos» surasini uch marotaba qiroat qilib, Xudodan panoh tilardi. Din taqiqlangan vatanlarida e’tiqodiga sodiq qolib, bir necha sura-yu kalimalarni yod oldirgan opovdadasidan ba’zida minnatdor bo‘lar, u kishini eslab, yuragi orziqib ketardi. Hozir ham shlemafon kiyib olganidan qulog‘i tankning shovqinidan boshqa narsani eshitmay (aslida bu eski aravalarda aloqa dastgohlari ham nosoz edi), baland ovoz bilan «qulhuolloh»ni uch marta o‘qib, Ollohdan panoh so‘radi-da, dilida kalima keltira ketdi. Bu ko‘zdan uyquni quvar, kishini sergaklantirardi.
Shunday qilib safar boshlandi…
Tong yorishganda shahar bo‘sag‘asiga etib borishdi. Stepanov jangchilarni to‘plab, shahar ichidan boshlarini chiqarmay — jangovar holatda o‘tishlarini, to‘xtamaslikni, mashinalar oralig‘ini bir xil masofada saqlashni uqtirdi. Shundoq ham jangchilar bunaqa ishlarga «pishib» ketishgandi, lekin nima qilsa ham komandir komandir-da, bu qora ko‘zlarning jonini omon saqlash o‘shaning zimmasida.
Shahar osuda edi. Yo‘l chetida uymalashayotgan bitta- ikkita kishilarni hisobga olmaganda shaharning hayoti hali boshlanmagandi. Abduqodirga esa shahar do‘konlarining ochilgani yaxshi edi. Kecha do‘stlari unga bir necha ming afg‘on puli va yonroqdan kattaroq «chars» topib berishgandi. Pulga ko‘ylaklarmi yoki biror matoh olvolsa, «soyuz»da non ham, «do‘st» ham topish oson bo‘ladi. Afg‘onda «suxoy payok» yeyaverib iyaklari tortilgan bu askarlarning orzusi «jonliroq» ovqatdan totish edi. «Jonliroq» ovqatni bekorga berishmaydi, yana vatandoshlari boyagidek narsalarga o‘ch ekanliklarini ular yaxshi bilishardi, qolaversa, araq-parak deganlariday…
Hirotliklarning osuda tongini vahshat shovqiniga chulg‘ab nihoyat shaharni kesib o‘tishdi. Shahardan chiqishgach, tepalikka o‘rlay boshlashdi. Xuddi mana shu yerdan dovon boshlanardi. Dovonda beshta kuzatuv nuqtasi bo‘lib, har birida bittadan piyodalar vzvodi soqchilik qilardi. Dovondan oshib o‘tayotib mushkul ahvolga tushgan «sho‘raviy»larga tezroq yordamga etib borish uchun ana shunday qilingandi. Qolaversa, kech qolganlar o‘sha nuqtalarda tunab qolishlari ham mumkin. Birinchi kuzatuv nuqtasi shahardan chiqaverishdagi kir ustida bo‘lib, so‘nggi beshinchi nuqta dovonning eng yuqori qismida joylashgan edi. Shatakchilar birinchi nuqtada nonushta qilish uchun to‘xtashdi.
Kuzatuv nuqtasi tog‘ning boshlanishiga joylashgandi.
Bitta yerto‘la, bitta tog‘ toshlaridan qurilgan qo‘lbola «shtab», ya’ni zobitlar xonasi, bir tomonda ovqat pishiriladigan harbiycha idishlar, ovqatlanishga moslashtirilgan o‘rindikdar ko‘zga tashlanadi. Ikki tomonga atrofi qum to‘ldirilgan qoplar bilan o‘ralgan soqchilar «shiyponchasi» qurilgan. Xuddi shunday shiyponcha tog‘ning teparog‘ida ham ko‘rinadi, bu yuqoridan bo‘ladigan havfning oldini olish uchun bo‘lsa kerak qolaversa, atrof yuqoridan yaxshiroq ko‘rinadi. Bundan tashqari, oltita «BTR» ikkita-ikkitadan turli tomonga qaratib terib qo‘yilgan. Xullas, zobitu askar bo‘lib oltmish chog‘li odam joylashgan bu «xonadon» hayotga to‘la edi.
Jangchilarning ko‘pchiligi endigina uyqudan turishib, yuz-qo‘lini yuvishardi, ba’zilari elkasida avtomat bilan nonushta taraddudida g‘imirlashadi. Zobitlar ko‘rinmas, chamasi, tuni bilan uxlashmaganu tong otgach, xavf-xatardan xoli dam olishardi. Stepanov bilan piyodalar praporshchigi zobitlar xonasiga kirib ketishdi. Ikki-uchtadan bo‘lishib tamaddi qilishga tutinishgan askarlar «suxpay»larini olishib, kiroyi ovqatlarining temir «qasr»larini buzishga tushishdi. (Askarlarga «suxoy payok» qilib bug‘doy, guruchdan tayyorlangan kasha, «tushyonka» va qotirilgan non berilardi.)
Kuzatuv nuqtasidagilarning ham ko‘pchiligi o‘zbeklar edi. O‘zbek o‘z emishidan birovga ilinmasa, qorni to‘yarmidi, nonushta tayyorlayotganlardan bir-ikkitasi yo‘ldagilarni astoydil choyga taklif qilishdi. Mezbonlar baholi qudrat dasturxon tuzab, issiq ovqat va choy qo‘yishdi. Gurung ustida mezbonlar tuni bilan dovonda, ya’ni ulardan yuqoriroqda shovqin-suron, baqir-chaqir bo‘lgani, balki dushman ularni qo‘rqitishga uringani, xullas, ular nimagadir tayyorgarlik ko‘rishganini aytishdi.
— Avtomat ham olmabmiz-a! — dedi zo‘raki jilmayib Abduqodir.
— Qo‘rqmanglar, biz kuzatib qo‘yamiz. Komandirlar ham baribir shunga kelishishsa kerak — deya dalda berdi mezbonlardan biri.
Bu orada Stepanov bilan praporshchik chiqib, askarlar bilan ovqatlanishdi. Davrada bir pas hazil-huzul gaplar bo‘lib, choy ichilgach, ketishga otlanishdi. Boyagi yigitlar aytishganiday zobitlar ikkita «BTR» ekipajini qo‘shib berishga kelishishibdi. Oqibat, safboshi bo‘lgan «Ural»dan keyin bitta «BTR», safning oxirida esa yana bittasi boradigan bo‘ldi. Stepanov o‘z tankini orqa tomonga olib o‘tdi. Jangchilar hushyorlikka chorlangach, og‘ir mashinalar karvoni o‘rnidan jildi.
Ilon iziga o‘xshagan beton yo‘l asta sudrala boshladi. O‘ng tomon tik tog‘, aniqrog‘i, to‘rt-besh gaz pichoqda kesilganday tikka bo‘lib, uyog‘i qiyalab ketgan azim tog‘lar. Har bir toshning shakllari, o‘ydim-chuquri bu qadim yurtning ko‘z yoshlaridan, yurak qonlaridan hosil bo‘lganday mag‘pyp, ammo munglig‘ ko‘rinadi. Bu sovuq mag‘rurligu munglilik jabrdiyda zaminni toptayotgan, aldangan askarlarning yuragiga qo‘rquv, g‘ulg‘ula soladi. go‘yo har bir qoya ularning ustiga qulagudek qovoq uyadi. Chap tomon jar, u ba’zida tik kelsa, ba’zan qiyaroq. Qiyaliklarda sarg‘aygan o‘t-o‘lanlar dardlari kun sayin ortib borayotgan afg‘on xalqining hasratlarini so‘zlayotgandek. Bu hasratlar ana shu qadamlari noxolis yigitlarni yutib, ko‘mib yuboradiganday. Zero, o‘sha hasratlarning domiga tushgan insonning sog‘-omon qolishi ham gumon edi. Ha, bu zamin azali mana shunday mag‘pyp va engilmas bo‘lgan. Uni oyoqosti qilmoqchi bo‘lganlarni tog‘lari qulamas devor yanglig‘ ulug‘vor ko‘krakday to‘sib, jarlari jahannam singari o‘z komiga tortgan.
Karvonda borayotganlarning xayoliga bu gaplar kelmasa-da, yuraklarini qo‘rquv kemirayotgani aniq edi, ular ulkan «qovoq»larning tepasiga hadiksirab qarab borishardi. Besh chaqirimcha yurishgach, qo‘qqisdan otilgan minomyot o‘qi guvillab jarning og‘ziga kelib tushdi. Dushman mo‘ljalni xato olgandi chog‘i. So‘ng ketma-ket turli miltiqlardan yakka-yakka o‘q otila boshladi. Karvon o‘zini qoya ostiga olib, to‘xtab qoldi, chunki «Ural»dagilarga talafot etgandi. Bu orada «BTR»dagilar zambaraklarini yuqoriga qaratib o‘t ochishdi, avtomati borlar ham tepaga qarab o‘q yog‘dira boshlashdi. Ammo dushman ko‘rinmas, otgan o‘qlarining vizillaganigina eshitilardi, xolos.
Otishmaning boshlanishidayok «Ural»ning haydovchisi shikastlangandi, o‘lganning ustiga tepgandek praporshchik kabinaga qo‘ygan bir quti avtomat o‘qiga dushman o‘qi tegib portlagandi. Praporshchik kabinadan o‘zini olib qochishga ulgurgan, haydovchi esa yo‘l chetida bazo‘r tipirchilar, titilib ketgan kiyim-boshi alanga ichida qolgan edi. Mashina yo‘lga ko‘ndalang turib qolgani uchun orqadagilar o‘tolmas, ketma-ket yorilayotgan o‘qlardan hayiqqan askarlarning birortasi haydovchiga yordam berolmasdi. Otishma uzoqqa cho‘zilmadi, lekin tog‘larning aks-sadosi ila hammayoq vahimaga chulg‘andi. Ular shunaqa — tuyqusdai hujum qilishardi-da, tuyqusdan g‘oyib bo‘lishardi.
Jangchilar otishma tugasa ham anchagacha qoya ostidan chiqishmadi. Dushmanning ketganiga ishonch hosil qilishgach, birin-ketin «Ural» tomon yugurishdi. Kuyib, qop-qorayib ketgan haydovchi allaqachon «tinchib» qolgandi. Uning kiyimlari-yu tanasi tutab, qo‘lansa hid taratardi. Askarlarning ba’zilari o‘qchib, o‘zlarini chetga olishdi. Ko‘z yoshlarini tiyolmaganlar ham bo‘ldi.
— Ketish kerak! — deya baqirdi ko‘zlari yoshga to‘lgan Stepanov. — Jasadni mashinaga ortinglar… Hamma mashinalarga!..
Praporshchik bilan Abduqodir va yana bir askar haydovchining jasadini adyolga o‘rab, «Ural»ning aravasiga ortishdi. Mashinaga praporshchik o‘tirib, o‘ng yo‘lga to‘g‘rilagach, karvon o‘rnidan jildi. Endi jangchilarning ko‘nglini qo‘rquvdan ham ko‘ra ayanch, achinish va o‘ksik bir tuyg‘u egallagandi. Ular yoshsiz, ovozsiz, barchasi o‘zlaricha yig‘lashardi, yuraklari yig‘lardi. Jangchilar bunaqa voqeaga birinchi bor ro‘para kelishmagan bo‘lsalar-da, har bir yangi yo‘qotish, o‘lim ularni ana shunday larzaga solardi. Illo, hali ular yosh — yigirmaga ham to‘lmagan edilar…