Urush va tinchlik

Kovakdagi iste’dod (Kemiruvchilar o‘qimasin)
03.06.2015
Tohir Malik: “Neksiya”ni qo‘yning puliga oldim”
11.10.2015

Urush nima? Ehtimol ushbu tamsil uni sharhlab berar: bolaligida qariyb barcha o‘g‘il bolalar cho‘zma (ragatka) o‘ynaydi. Cho‘zmani tosh bilan «o‘qlab», daraxtlar oralab ohista qadam tashlaysiz. Ko‘zlar daraxtlarning shoxlarida — chumchuqni poylaysiz. Nihoyat chiroyligina bir chumchuq ko‘zingizga ilinadi. Uni cho‘zmaning ayrisi orasiga olib, picha mo‘ljallaysiz-da, otasiz. Qush erga qulaydi. Jon talashib, rosa tipirchilaydi. Bu holatga qaragani ancha-muncha odam bardosh qilolmaydi. Chunki u o‘limning ayanchli suratidir.

Urushda esa, odam odamni ovlaydi. Tasavvur qilyapsizmi, qo‘liga qurol olib, o‘ldirish uchun odam odamni ovlaydi. Ha, o‘sha — Olloh saylagan, suygan, o‘zimiz esa, koinot aql-tafakkurining gultoji deya ta’riflagan, qalb va ruhining imkoniyatlari haqida og‘iz to‘ldirib so‘zlaganimiz odam. Urush ko‘rgan bo‘lsam-da, bu narsani hech singdirolmayman va u shuurimda aylanaveradi-aylanaveradi, lekin aslo qabul qilolmayman. O‘q tegib qulagan insonning jon talashib tipirchilashi bo‘lsa, chumchuqnikidan yuz, ming karra ayanchliroq, dahshatliroq.

Urush balosi insoniyatga ibtidodan yo‘ldosh bo‘lib keladi. Uzoqqa bormaylik, hazrati payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vassallamning hadisi shariflarida o‘sha zamonda urush harom qilingan kunlar, oylar haqida gaplar bor. Demak, odamzot shu qadar ko‘p jang qilganki, haq din payg‘ambari ma’lum kun va oylarda uni taqiqlashga majbur bo‘lgan. Qarang, odam bir-birini o‘ldirishga shu qadar o‘ch!

Xo‘sh, insoniyat qachon urushga kiradi? Avvalda mayda-chuyda qabilalar bir burda non, o‘lja yoki umuman o‘zining zo‘rligini isbotlash uchun urushgan bo‘lsalar, millatlar, davlatlar yuzaga kelgach, endi urushlar bosqinchilik tusini oldi. Shunga yarasha qurol-yarog‘lar ham takomillashib bordi. O‘zaro urushlar oylab, yillab, hatto bir necha davlatlar ishtirokida davom etadigan bo‘ldi. Bu urushlar bir davlatning boshqa bir davlat ustidan hukmronlik qilish, boyliklarini talash, erlarini qo‘shib olish, bora-bora olamga ega chiqish niyatlarida amalga oshirilgan. Goho ikki mamlakat hukmdorlarining o‘zaro nizosi (ayol, ot yoki nasab talashib) tufayli ham urush boshlanavergan.

Urushlarning eng dahshatlisi va uzoq cho‘zilgani ikkinchi jahon urushi hisoblanadi. Unda 50 milliondan ortiq odam qurbon bo‘lgan. Fashistlar qilgan vahshiyliklarning ma’lum bo‘layotgan yangi-yangi tafsilotlari hamon insoniyatni dahshatga solmoqda. Odam bolasining shunday yovuzliklarga qodirligi, harchand urinmaylik, risoladagi aqlga sig‘maydi. Fashistlar ayollar, bolalar, qariyalarni turli usullarda tiriklayin yoqqan, ko‘mgan, gaz kameralariga solgan, osgan, otgan. Inson terisidan, bosh chanog‘idan, sochidan turfa buyumlar yasashgan. Laboratoriyalarda tirik odamlar ustida vahshiyona tajribalar o‘tkazishgan va hokazo. Fashistlar davlatida inson bolasini turli usullarda o‘ldirish, qiynoqqa solish bo‘yicha butun bir tizim va ko‘rsatmalar yaratilgan. Bularning barini odam, ha-ha, odam amalga oshirgan.

Ayting-chi, sizningcha, Hitler kim? Albatta inson. Lekin uning vahshiyliklarini sanashga til ojiz. U o‘z qilmishlarini yomonlik, deb o‘ylagan deysizmi? Aslo unday o‘ylamagan. Barcha yovuzliklari uning uchun ezgulik edi. Bir so‘z bilan aytganda, o‘z millatini dunyoda tanho hukmron qilmoqchi bo‘lgan. Keyin-keyin uni savdoyiga, ruhiy xastaga chiqarishdi. Ammo o‘shanda million-million odamlar unga ergashib, olqishladilar-ku!

Qarang-da, birovning yurtiga bostirib kirib, vayron qilgan, xalqini qirgan ham o‘z harakatlarini ezgulik, deb tushungach, Vatanini himoya etish niyatida urushga kirganlarning ishi albatta ezgulik bo‘ladi-da. Biroq urushdan (qanday urush bo‘lmasin) ezgulik qidirish odamzot aqlining noqisligidan, deyish mumkin.

Urushni kimlar boshlaydi-yu, kimlar uning quroli, qurboni bo‘ladi? Albatta, uni hukmron doiralar, siyosatchilar, goho yirik sarmoyadorlar manfaat ilinjida boshlashadi. Ular asosan katta yoshli, ma’lum hayotiy tajribaga ega kishilar bo‘ladilar. Ammo, tarixdan ayonki, har qanday urushning asosiy yuki yoshlar zimmasiga tushadi. Ya’ni qirg‘inbarotga hamisha yoshlar ro‘baro‘ bo‘ladilar. Yigirmaning nari-berisidagi inson uchun umr boqiy va osongina berilganday, hayot qiymatsiz narsaday tuyuladi, nari borsa uning xatti-harakatlari shuni isbotlaydi. Urush, uning nazarida, o‘yinga, ermakka o‘xshaydi, jon esa, qadrsiz bir matohday. Bu holatni men ham o‘z boshimdan o‘tkazganman. Har tarafda otishma bo‘lyapti-yu, pinak ham buzmay yuraverganman, pana-pastqam jinko‘chali qishloqlarda, har bir muyulish yoki devor ortida yaqqol o‘lim xavfi bo‘lishi mumkinligini sezsam-da, dadil kezaverganman. U paytda o‘n to‘qqiz yoshli yigitcha edim. Keyin-keyin yoshim ulg‘aygach angladimki, dadilligim faqatgina dovyuraklikdan emasdi. Ehtimol bir qism qo‘rqmaslik ham bo‘lgandir, biroq asosiy jihati g‘o‘rlikdan, jon, hayotning qadriga etmaslikdan, urushni romantika qabilida qabul qilganimdan edi. Chunki oradan o‘n yillar o‘tib, xizmat taqozosi bilan to‘pponcha otish mashg‘ulotida qatnashganman. Oddiy nishonga tekkizishim kerak edi. Lekin qurolni ushlashim bilan yomon ruhiy holatga tushganman. O‘rgatuvchi buni payqab, darrov to‘pponchani olib qo‘ygan. O‘shanda tushunganman, endi mening shoir yuragim uyg‘ongan, o‘lim tugul qurolni ushlashga ham toqat qilolmas ekan. 

Bundan tashqari, jangga komandirlardan tortib oddiy askarlargacha ko‘pincha ichkilik ichib va hatto narkotik modda iste’mol qilib kiradilar. Qo‘rquvni engish uchun ham shunday qilishadi. Qolaversa shuuri, qalbi tug‘yonda bo‘ladi. Bunday holatda kishi dadil, qo‘rqmas bo‘lishidan tashqari, nima qilayotganini anglamay ham qoladi. Aslida odam urushda yarim mast holatda, karaxtlikda, deymizmi, yuradi, uning shunday siri ham bor. 

Bir kuni yaqin do‘stlar davrasida o‘tirardik. Ulfatchilik avjida. Ikki kishi urush qatnashchisimiz. Sherigimning kayfi oshib qoldi shekilli, urushda asirga tushgan dushmanni ko‘pchiliklashib nima qilganliklarini gapira ketdi (tafsilotini aytmayman). Qarasam, hozirgina shodon kulib o‘tirgan jo‘ralarimiz jiddiy tortib, gapirguvchiga baqrayib qolishgan. Sherigimni ohista turtdim, parvo qilmadi. Shartta elkasidan tutib, «he-ey!» dedim-da, siltab tashladim. U o‘ziga keldi. Keldi-yu yig‘lab yubordi. Bildimki, do‘stim ichkilik tufayli o‘sha ishlarini qilgandagi holatiga tushgan. Chunki o‘shanda ham mast bo‘lgan-da. Ha, urush inson ruhiyatiga ana shunday ta’sir qiladi.

Demak, jamiki urushlarda asosan yoshlar ishtirok etarkan va urush yoshlikning kushandasi ekan.

Yana bir jihati, urushda odamlar o‘rtasidagi adovat eng yuqori cho‘qqisiga chiqqanidek odamlarni shafqatsiz ham qilib qo‘yadi. Yoki aksincha, kimlardadir mehr-shafqatning oliy ko‘rinishlari namoyon bo‘ladi.

Tag‘in birozgina xotira qo‘shsam aybga buyurmassiz: bir qishloqqa dushman o‘rnashib olgan. U erda tinch aholi ham bor. Agar to‘g‘ri bostirib kirsak ko‘p talofat ko‘ramiz. Ma’quli — avval to‘p va tanklardan o‘qqa tutish kerak. Lekin qishloqda tinch aholi ham bor-ku. Boshliqlarimiz qo‘llariga «karnay»ni olib, o‘ris, pushtun, ingliz tillarida ayollar va bolalarning qishloqdan chiqib, bizning ortimizga o‘tib olishlari mumkinligini aytishdi. Bu biznikilarning urushda hali o‘z qiyofalarini yo‘qotmaganliklaridan darak edi. Shuningdek, qalblarga yoqimli tuyg‘ular solardi.

Nihoyat qishloqdan ikki ayol o‘n besh-yigirma chog‘li kichkintoy bolalarni etaklab chiqib kelishdi. Bola sho‘rliklarning yuz-ko‘zlariga qo‘rquv nuqsi botib qolgan. Ortimizga o‘tkazib yubordik. Bir payt ayollardan biri kelib vzvod komandirimizning (o‘ris) oyog‘i ostiga o‘zini tashladi.

— Nima deyapti bu «babayka»? — so‘radi u mendan yovuz tirjayib.

— Bolalar non, deb yig‘lashyaptiykan. Qishloqdan non obchiqvolay, deyapti, — tushuntirdim men.

Komandir «balki shpiondir», deya ruxsat bermadi. Bizda ham oziq-ovqat tanqis edi. Shuning uchun bolalarga rahmim kelib, komandirni yumshatishga urindim. Axiyri ruxsat berdi-da, menga masxaromuz tirjayib, dedi:

— Qarindoshlaringga rahming keldi-da, a?! — U afg‘onlarning musulmon ekanligiga, rang-ro‘yimiz ham o‘xshashligiga ishora qilgandi. Ayni paytda komandir shafqatsizlikning eng yuqori cho‘qqisida turardi. (Bu voqea «O‘limning rangi» qissasida batafsil bayon qilingan.)

Urushda eng avvalo oddiy xalq — keksalar, ayollar va bolalar aziyat chekadi, tom ma’nodagi xorlikni boshidan o‘tkazadi. Men bu haqda juda ko‘p o‘ylayman. Biron yurtga (ichki urush bo‘lsa, shaharga, qishloqqa) bostirib kirgan g‘anim birinchi navbatda, ayollar bilan bolalarni xo‘rlashga tushadi. Chunki u yo‘l-yo‘lakay juda ko‘p yo‘qotishlarni boshidan kechirgan, endi o‘ch olish payida bo‘ladi. Er kishini otishlari, chopishlari, so‘yishlari mumkin. Bir-ikki daqiqa chidab tursa, savil jondan qutuladi-qoladi. Biroq ayollar va bolalarning xo‘rlanganini ko‘rishdan Xudo asrasin. Hech kim jazo bermasligini his etgan g‘anim kallasiga kelgan noma’qulchilikni qilishi mumkin. Urushning eng dahshatli ko‘rinishlari ham ana shunda namoyon bo‘ladi.

Yaqinda televizorda ikkinchi jahon urushi qatnashchisining xotiralarini eshitib qoldim. Bu Belorussiyada bo‘lgan ekan. Harbiy qo‘shin Minskni qo‘lga kiritgach, ularga o‘rmonlarda fashistlarning dodini bergan partizanlar ham (oddiy fuqarolardan tuzilgan qurolli otryadlarning a’zolari. Shu erda bir gap: «bosmachi» bobolarimiz ham o‘ris-sho‘rolarga qarshi ana shunday kurashishgan) kelib qo‘shilishadi. Endi keyingi manzillar uchun janglar boshlanadi. «Ular (ya’ni partizanlar) bizdan farqli jang qilardilar: qandaydir jon fido, ayovsiz, shafqatsiz edilar, deya eslaydi faxriy. Buning sababini keyinroq tushundim. Fashistlar partizanlarning yaqinlarini otib yoki tiriklayin yoqib tashlagandilar, qishloqlarini vayron qilgandilar. Ularning yuragida nafrat, qasos va yana qasos yashardi xolos». Urush insonni shunday o‘zgartirib yuboradi.

Urush ko‘rgan kishilar bilan bo‘lgan uchrashuvlarda ko‘pincha ulardan «Odam o‘ldirganmisiz?» — deya so‘rashadi. Yuz-ko‘zlaridagi qiziqish alomati mashhur «yulduz»ni uchratgandagi holatga o‘xshaydi. O‘ldirishga shu qadar qiziqishadi. Savoli sho‘rlik urush qatnashchisining yurak-bag‘rini tilkalab tashlashini o‘ylab ham o‘tirishmaydi. U esa qanday javob berishini bilmaydi. Tan olsinmi, rad etsinmi? Axir bu uning butun umrlik azobi-ku!

Urush haqida badiiy asar yozish og‘ir. Biz Tolstoyni, Sholoxovni, Xemingueyni, o‘zimizdan Oybek, Shuhrat, O‘tkir Hoshimov, Qo‘chqor Norqobilni bilamiz. Urushda ishtirok etib, u haqda asar yozish esa, ikki hissa qiyinroq. Chunki mudhish kunlarni yana qayta yashashingga, yashaganda ham oylab, yillab muntazam yashashingga to‘g‘ri keladi. Buning azobini boshidan o‘tkazgan biladi.

Urush haqida ko‘p gapirdim.Aslida muddao tinchlik va uning qadri borasida so‘zlamoq edi. Nazarimda, tutgan yo‘lim to‘g‘ri. Chunki urushning ofatini his etmay turib, tinchlikning mohiyatini anglash mushkul. Dunyo adabiyotida urush va tinchlikni keng miqyosda tasvirlab bergan, talqin va tadqiq etgan yozuvchi hazrati Tolstoy, desak mubolag‘a bo‘lmas. U «Urush va tinchlik» romanining uchinchi jildini shunday boshlaydi:

«1811-yilning oxiriga kelib, G‘arbiy Ovro‘po qo‘shinlarini astoydil qurollantirish va tayyorgarligini oshirish boshlandi hamda 1812 yilda bu qo‘shin — millionlab odamlar (armiyani boquvchi va eltuvchilarni hisoblaganda) G‘arbdan Sharqqa — Rusiya sarhadlari sari odimladilar, zero 1811-yildan Rusiya kuchlari ham huddi shunday harakat qilgandi. 12-iyunda G‘arbiy Ovro‘po qo‘shinlari Rusiya chegaralarini buzib kirdi va urush boshlandi, ya’ni inson aqlu tafakkuriga va umuman butun insoniyat tabiatiga zid hodisa ro‘y berdi. Millionlab odamlar bir-birlariga qarshi behisob vahshiyliklar, yolg‘on, xiyonat, o‘g‘rilik, soxtalik, qaroqchilik, yong‘in va qotilliklarni sodir etardilarki, jumlai olam qozilari asrlar osha bundayin jinoyatlarni jam etolmaydilar va ayni damda ularni amalga oshirgan kishilar qilmishlarini jinoyat, deb ham bilmasdilar. (Muallif tarjimasi)».

Bu erda buyuk yozuvchining «…urush boshlandi, ya’ni inson aqlu tafakkuriga va butun insoniyat tabiatiga zid hodisa ro‘y berdi» — degan fikriga endi qo‘shilish qiyin, zero urush, o‘lim odamzot fe’lidagi, tabiatidagi xos va turg‘un jihatga aylanib bo‘lgan. Millionlab odamlarning bir-birlariga ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan vahshiyliklar qilishlari esa, urushning asl qiyofasidir. Umuman Tolstoy odamlar tinchlik davrida qanday tashvishlar, o‘y-xayollar bilan yashashlari-yu urushda o‘zlarini qanday tutishlarini mohirona chizib beradi va ularni ko‘proq urush tarbiyalashini isbotlaydi.

Qadimgi odamlar savodsiz, yovvoyiroq bo‘lishgan va hatto ular uchun bir-birlarini o‘ldirish oddiy ehtiyojdek tuyulgan, deyishgacha boramiz. Ha, hozirgi insoniyat aqlli, o‘qimishli, taraqqiyotning eng oliy maqomlarida fikrlaydi, yulduzni benarvon uradi, ya’ni koinotni ham zabt etmoqda. Lekin urushdan, o‘ldirishdan tiyilgani yo‘q. Aksincha, o‘zaro nizo, janglarning o‘ldirishning turfa usullarini o‘ylab topmoqda. Endi urushlar ham «maydalashgandek», shaxsiylashgandek. Uzoq yillardan beri o‘ylab kelgan fikrim bu kun o‘z isbotini topgandek. Men urush odamzotning ermagiga, shunchaki tomoshasiga aylanib qolishidan qo‘rqaman. Qo‘rqqanimcha bor ekan: bugun inson nafaqat biron g‘oya uchun, balki o‘zini ko‘rsatgisi kelib qolsa ham odam o‘ldirmoqda. Shunchaki ermak uchun, kiprik ham qoqmay amalga oshirmoqda bu ishni. O‘zicha har xil guruhlar va hatto davlatlar tuzib, «bilgan qo‘shig‘ini aytmoqda». Eng yomoni va dahshatlisi, urushni, odam o‘ldirishni oqlashgacha borib etmoqda. Yo‘q, urushni, tirik jonga qasd qilishni hech qachon hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

Mana, bir necha yildirki, Ukrainadek yirik, yanaki Ovro‘poga mansub davlat notinch. Chetki dushmanlarining qo‘li borligi aniq. Biroq sho‘rlik xalqni bu ko‘yga solganlar eng avvalo noshud rahbarlar, baqiroq siyosatchilardir. Butun bir mamlakat uchga bo‘linib olib, bir xalq, bir millat bir-birining go‘shtini emoqda. Bu ham urushning inson ruhiyatiga ta’sirining, aqlu tafakkurini ko‘r qilib qo‘yishining isbotidir. Achinarlisi, minglab odamlar o‘ldi. Endi jang qilayotgan kishilarning yuz-ko‘ziga bir boqing: na bir iztirob, zahmat bor, tirjayib turishibdi. Ko‘pchiligi ichkilik ichgan. Ustiga ustak, o‘z xalqiga qarshi qurol ko‘tarayotganliklarini o‘ylab ham qo‘yishmaydi. Axir ularning ota-bobolari dunyoni fashizm balosidan qutqarishning avvalida turishgan-ku! Nahotki mana shu odamlar o‘sha insonlarning zurriyodi bo‘lsa?!

Siyosatchilar-ku sotilgan yoki hokimiyat vasvasasiga yo‘liqqan bo‘lishlari mumkin. Ammo Ukrainaning taniqli shoiru yozuvchilari, san’atkorlari, sportchilari, umuman ziyolilari qani va ular qayoqqa qarashmoqda?! Nahotki o‘z Vataniga, xalqiga achinishmasa?! «O‘rmonga o‘t ketsa, ho‘lu quruq baravar yonadi», deganlarining dalili emasmi bu! Demak, har bir xalqning ilg‘orlari uyg‘oq va sergak turmasalar, hozirgi murakkab davrda, Vatani boshiga qora kunlar tushib qolishi hech gap emas ekan.

Prezident Islom Karimovning mustaqillikning dastlabki yillarida aytgan bir gapi hamon qalbimni nurga yo‘g‘iradi: «Men har qanday siyosiy kurashlarni, ta’bir joiz bo‘lsa, siyosiy nayranglarni bir go‘dakning bir tomchi ko‘z yoshiga alishmayman», degandi o‘shanda Yurtboshimiz. Bu oqilona va tahsinga loyiq so‘zlar. Chunki har qanday ezgu va buyuk ishning asosida tinchlik yotadi. O‘zbekiston ana o‘sha go‘zal g‘oya atrofida birlashdi va o‘z maqsad-muddaolariga etmoqda.

Bugun inson zotining ong-tafakkuri rivojlanib, osmonlarga chiqib ketayotganligidan, taraqqiyot mislsiz darajaga etayotganligidan lof-qof uramiz. Lekin bu tanganing bir tomoni. Agar odamzotning chindan ham oliy mavjudodligi, bugungi taraqqiyoti rost bo‘lganda edi, olam ahli peshvolari kallani bir joyga qo‘yib, jamiki qirg‘inbarot qurollardan voz kechgan va o‘zaro munosabatlarni kelishuvlar asosida yo‘lga qo‘yishga erishgan bo‘lar edilar. Afsuski, bu hali-beri shirin orzuligicha qolaversa kerak.

Agar menga qolsa, bir tajriba o‘tkazardim: yigirma chog‘li jismonan sog‘lom o‘g‘il va qiz bolalarni ajratib olardim. Ular ota-onalari bag‘rida yashab, alohida maktabda o‘qishardi. Ularga internetning yovuz va ahmoqona imkoniyatlaridan foydalanishga, jangari filьmlarni ko‘rishga ruxsat etilmasdi. Telefondan ham zarur ehtiyoj uchun foydalanishar, axborotlarni ham junbushga keltirmaydiganlarini ko‘rishardi. Asosan kitob o‘qishardi, go‘zal manzarali joylarda sayr etishardi. Ular va atrofdagilar sokin va ohista gapirishar, chiroyli suhbatlar qurishardi. Bu o‘n sakkiz yoshga to‘lgunlaricha davom etardi. Bunday bolalardan daho shaxslar chiqishi shubhasiz. Ular kapalaklar parvozidan zavqlanadilar, quyoshga kulib boqadilar, gulu chechaklar hididan sarmast bo‘ladilar va hokazo. Ular tinchlik odamlari bo‘ladilar. Ammo hozirgi dunyo bilan qovushsalar, darrov har tomonlama shikast eyishlari aniq. Demak, butun insoniyat tinchlik odamlariga aylanishi kerak.

Ona O‘zbekistonimizda ana shu buyuk orzuning ayrim jihatlari namoyon bo‘lmoqdaki, buning shukrini keltirib, rivoji uchun hissa qo‘shaylik. Tinchlikning qadriga etish uchun albatta urushni ko‘rish shart emas. Endi bu ifodadan ham voz kechishimiz kerak. 

Tinchlik nima? Endi mana bu tamsilga quloq tuting: bahor keldi. Qaldirg‘och nega kelmayapti? Nega ayvonimizga in solmayapti yoki uydagi bulturgi uyasiga kirmayapti? Qaldirg‘och kelarmikin o‘zi?..