Yig‘i

Majnun
01.03.2014
Qurb
01.03.2014

yoxud borib-kelayotgan odam haqida muxtasar qissa

 Yig‘lamang!..

 

Muqaddima o‘rnida

Yaratganning odamzodga odam bo‘lish uchun umr bergani rost. Va yana u mehr ham berdi… Odamlarga ulashiladigan va ulardan olinadigan MEHR..

Siz ham buni bilasiz…

Rostdan ham bilarmikinsiz?..

Sizga men ushbuni ilindim, bag‘rimni qo‘shib ilindim!

Siz ham duo qilib turing…

 

 MO‘MIN

1 

U o‘tni kecha ham shu yerdan o‘rgandi. Suv bo‘yida o‘sgan yam-yashil, yumshoqqina o‘tlarni mol-qo‘ylari maza qilib yeyishdi. Bu totli «taom»larni oxo‘riga solayotganida qo‘ylari, hatto, uni o‘z qavmdoshlaridek bilishib, qo‘li¬ni yalab ham qo‘yishdi. Qo‘y deganlari juda pokiza mahluq u har kimlarning qo‘liga ham tilini tekkizavermaydi. Yigit bunaqa narsalarni sezish, o‘ylash yoinki tushunish fazilatidan bebahra ersa-da, o‘z jigarlariday bo‘lib qolgan jonivorlariga yana shu yemishni ravo ko‘rdi. U yo‘ldan ikki-uch gaz pastdagi zovurga qiyalab tushib, aslida ham bukchayib o‘sgan, tag‘in bu ko‘rgilik kamlik qilganday kimlardir bir-ikki shoxlarini egib, suvga tekkizib qo‘ygan tolning majruh shoxiga oyoq qo‘yib, zovurning narigi betiga sakrab o‘tdi. Qo‘lidagi o‘roq va etagini yerga tashlab, etakning ustiga o‘tirdi. Oyog‘idagi oqshayib ketgan kalishini yechib yukoriroqqa irg‘itdi. Shimining cho‘ntagidan nos shishasini chiqarib, shoshilmay qopqog‘ini ochdi. Kaftiga nos soldi, kaftining yonboshini pastki labining ostiga tiradi-da, qiynalibrok nos otdi. Uning harakatlari hali bu yumushning unchalik hadisini olmaganidan dalolat berardi. Ustiga-ustak u nos otiboq lablarini qimtib, cho‘chchaytirib olardi. Og‘ziga darrov so‘lak to‘lib qolganidan mazkur «san’at»ning no‘noq ijrochisi qiyofasini namoyish etardi. U o‘zining bu «iste’dodsizligini» bilganidan birovlar oldida iloji boricha nos chekmaslikka harakat qilar va og‘zida nosi bilan bemalol gaplashib o‘tiraverguvchi «usta san’atkorlar»ga zimdan havasi ham kelardi.

U labini o‘z odaticha qimtib, qo‘llarini tizzalari uzra qovushtirganicha suvga tikildi. Oqayotgani qariyb sezilmayotgan zovur suvining ostidagi quray o‘tlarning shamolda hilpirayotgan ro‘mol singari biltanglashi, suvning ojizgina harakatini bildirib turardi. Mo‘min (darvoqe, bu yigitning ismi shunday) ana shu quray o‘tlarning biriga beixtiyor termilib qoldi. Hozir u bir qarashda xayol surayotgandek tuyulsa-da, aslida hech narsani o‘ylamas, qarshisida ming ko‘yda tebranayotgan kug‘ayning o‘ziga xos raqsidan ma’no ham topmasdi. Uchi siyrak qoshlarini kergancha bir nuqtaga ancha tikilib turaverganidan olayib, kosasidan chiqqunday bo‘lgan ko‘zlari ana o‘sha o‘tga beixtiyor qadalgandi, xolos. Oyoqyalang bo‘lganidan kalishning ichida yuraverib, dimiqqan oyoqlariga zovur zaxining salqini o‘tib, xush yoqar, bundan butun tanasi orom olardi.

Shu payt zovurning narigi qirg‘og‘idan bir baqa «shalop» etib suvga kalla urdi. Odatda, zovur suvi juda tiniq bo‘ladi. Shuning uchun suv ostida o‘zi tomonga suzib o‘tayotgan baqani nigohi bilan osongina topdi. Baqa suza-suza kelib, Mo‘minning oyoqlari ostidagi joyda qo‘nim topdi. Yigitning sodda ko‘nglida bolalarcha devona bir qiziqish uyg‘ondi. Og‘zidagi ancha «pishib» qolgan nosni yoniga bir-ikki tuflab qarovdiki, suzag‘on baqa hamon qimir etmay turibdi. Mo‘min engashdi, xayoli o‘g‘risini tutish istagida o‘ng qo‘lini u tomon cho‘zdi. Biroq sergak baqa qo‘l sharpasini sezdiyu, «lip» etib qochdi-da, qirg‘oq yoqalab suza ketdi. Mo‘min qariyb tizzalagan ko‘yi uni quva boshladi. Baqa ham Ollohning bu mo‘min bandasi bilan quvlashmachoq o‘ynashga qasd qilganday hamon qirg‘oqda suzardi. Yigit o‘z mashg‘ulotiga berilib ketganidan ehtiyotkorlikni unutdiyu, o‘ng qo‘lini suvga cho‘zgancha pastroq enkayib yubordi. Shunda muvozanatini yo‘qotib, o‘ng oyog‘i suvga tushib ketdi, beixtiyor epchillik bilan qirg‘oqdagi maysalarga tirmashgan chap qo‘li uning boshqa a’zolarini ho‘l bo‘lishdan saqlab qoldi. U: «vuy bilat!» dediyu, chap qo‘li ko‘magida oyog‘ini suvdan tortib oldi. Siz uning og‘zidan beixtiyor chiqib ketgan gapdan hayron bo‘ldingiz chog‘i. Ha, u biror narsadan hayratlansa yoxud shoshib qolsa, ana o‘sha gapni ixtiyorsiz ravishda aytib yuborardi. Aslida-ku bu gapning ma’nosini, qaysi tilga tegishli eqanini ham bilmasdi. Uningcha, o‘sha sizga erish tuyulgan so‘z, aziz ona tilimizning ko‘p ma’nolarni anglatuvchi aytilishi oson va izoh talab qilmaydigan beminnat mulki edi. Keling, bu narsa uchun uni ham, meni ham koyimay qo‘ya qoling!..

Mo‘min o‘tirib shimining pochasini siqarkan, lablarining cheti ikki tomonga qochdi, ovoz chiqarib kuldi.

— Suvga pishdi-ya, qistalaq! — dedi o‘ziga o‘zi gapirayotganday.

Shimining suvini siqib bo‘lib, kafti bilan qoqib, tekislarkan, chap yonida quruqlikka chiqib olib, bemalol rohatlanayotgan «notanish» baqaga ko‘zi tushdi. Ko‘nglidagi boyagi qiziqish yana junbushga keldiyu, o‘ng qo‘li bilan baqani asta bosdi. Baqa jon talvasasida bir-ikki tipirchiladiyu, uni tutgan qo‘l beozorgina ushlab, siqmayotganidan uzicha katta xavf yo‘q eqanini ilg‘adi shekilli, tipirchilamay qo‘ydi. Mo‘min uni ko‘zlari oldiga yaqinroq olib kelib, tikildi.

— Hm-m, ushlavoldimmi?! — dedi tirjayib.

U baqaning bo‘rtib turgan ko‘zlarini hayrat bilan kuzatdi. Keyin uning diqqatini bandisining qimirlab turgan oppoq bo‘yni o‘ziga tortdi. Ko‘rsatkich barmog‘i bilan baqaning bo‘ynini siladi. Aslida yoshi o‘ttizdan oshgan bu «bolakay» baqani nega tutganini ham bilmasdi. Ko‘ngli shuni tusadi, tamom. Balki kun bo‘yi indamay yuraverish joniga tegib, baqa bilan bo‘lsa-da, «gaplashgisi» kelgandir. Hali gapirmasdan yurish unchalik ham uning joniga tegavermasligiga ko‘p marta amin bo‘lsangiz, ajabmas. Bu yigitning g‘ayritabiiy yoki o‘ta tabiiy odat va qiliqlarini esa faqatgina Yaratgan to‘la tushuna olsa, ne tong!

Mo‘min baqani suvga tashladi-da, ortidan birpas tikilib turdi. Joni omon qolgan jonivor suv ostiga sho‘ng‘ib, zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Mo‘min yana nos otdi-da, o‘rog‘ini olib, o‘t o‘rishga kirishdi.

 

2

 

U o‘tni ko‘p o‘rmasdi. Rostmana ikki quchoq yig‘ardi-da, etagining ikki uchini tugib, ikki tomonini ochiq qoldirardi. Uni orqasiga ortqilar, ortqilaganda ham etak bandining uchrog‘idan ushlab olardiki, natijada, orqasidagi yuk qariyb belidan joy topardi. Etakning bandi o‘ng yelkasi osha o‘tganidan, kutargan yuki tortib, ko‘ylagining yoqasi bo‘ynidan yelkasi tomonga so‘rilib qolar, shundoq ham ozg‘in bo‘yni yanada cho‘zilib, ingichkalashganday ko‘rinardi. U hecham tez yurmasdi, chollarga o‘xshab o‘rtachadan ham sekinroq odimlardi. Qadamlarini go‘yo siltaganday tashlar, har qadam bosganda oyoqlarining uchi bilan o‘zini bir kutarib qo‘yardiki, bundan tovonlari yerdan picha uzilib, kalishni tark etmoqchiday tuyulardi. Yanada ochiqroq aytsaq tuyaga monand qadam tashlardi…

Mo‘min darvozaxonaga qo‘yilgan «Moskvich» mashinasiga tegmaslik uchun uning yonidan yonboshi bilan o‘tib, o‘ngga burildi. Ro‘parada toklari chiroyli qilib taralgan so‘rtok ostidagi so‘rida otasi bilan o‘gay onasi choy ichib o‘tirishardi. Mo‘min ularning oldidan indamay o‘tib, o‘tini hovlining chetrog‘iga to‘kdi-da, yoyib qo‘ydi. U yerdan qaytib ko‘ra dagi suvda qo‘lini yuvishga tutindi.

— O‘tni qaydan o‘rding? — so‘radi otasi u tomonga bo‘ynini cho‘zib qararkan.

— Zovur bo‘yidan, — dedi Mo‘min yuvilgan qo‘lini qo‘ltig‘iga artib.

— Anov o‘zimizni zovurdanmi?

— Yo‘q, Chigituradan, — u nima qilishini bilmaganday, qo‘llari qo‘ltig‘ida serrayib turib qoldi.

— Ke, choy ich, — otasi shunday dediyu, o‘g‘lining fe’li yodiga tushib, indamay choy ho‘pladi.

Mo‘min tuya yurish qilib uyga kirib ketdi.

Ota yuziga fotiha tortib, so‘ridan tusharkan, ayollarga xos o‘tirib, chap tizzasiga chap qo‘lining tirsagini qo‘yib, non kavshayotgan xotiniga dedi:

— Men moshinaga benzin topib kelay, ja xudo urib ketdi-da shuniyam… — U belidagi belborini tuzatgan bo‘lib, uy tomonga ovoz berdi. — Mo‘mintoy!

Birozdan so‘ng eshikda Mo‘min ko‘rindi.

— Xotiniyni opkelasanmi? — so‘radi ota «yo men opkelaymi?» deganday muloyim zarda bilan.

Mo‘min indamay yerga qaradi.

Otasi undan bir gap chiqmasligini bilib:

— Bo‘pti, choyingni ich… — deya ko‘chaga chiqib ketdi. Mo‘min so‘ri tomon kelayotganda o‘gay onasi ham o‘rnidan turdi.

— Menam hamirimni qilay, hali non yopishim kerak. Kelinga yolchimaganingdan keyin qariganda shunaqa bo‘larkan-da, — deya g‘udrana-g‘udrana o‘z yumushiga ketdi.

 

XOTIRA

 

Kampirlar o‘choqdagi chovgunday — gap shaqirlagani-shaqirlagan. Shaqirlash esa uning ichida suvi qolmagunicha davom etaveradi, illo qimirlagan jon borki, ichi to‘la suv, salgina harakatdan dudi osmonga o‘rlaydi. Shu yoshigacha biror marta tug‘magan, ammo Yaratganning inoyati tufayli o‘gay bo‘lsa-da, ona degan nomga yetishgan bu ayolning ham o‘zicha dasturxon qilgulik dardi bor. Aksariyat qishloq kampirlari injiqlikdanmi, ko‘rpasi ham, o‘rdasi ham shu uyi ko‘rinib, to‘rt tomoni qiblaga aylanganidan ichlari torayib siqilganliklaridanmi yoxud Ollohning o‘zigagina ayon boshqa sabablari bormi, negadir o‘z ko‘rgiliklariga boshqalarni aybsitadigan bo‘lib qolishadi. Ular hech qachon o‘zlarini gunohkor bilishmaydi va buni tushuntiraman, deb siz ham behuda ovora bo‘lmang. Ular sizga va umuman barcha narsalarga o‘zlarining ko‘rpa qovishlaridek munosabatda bo‘lishadi, ya’ni u yoqdan ham, bu yoqdan ham igna sanchishaveradi. Balki bu soddalikdandir, fikr torligidandir va ehtimol miyaning faqat bir xil narsalarnigina o‘ylash bilan band bo‘lganidandir…

Ota-onasidan Buvinsa deya nom olib, buvilik nasib etmagan o‘gay ona palaxmon toshidek xo‘pam u yoq-bu yoqqa dumaladi — bir necha marta erga tegdi. Birinchi eri ota kasbini tutib, miroblik qilardi. O‘ziyam suvdekkina muloyim odam edi. U bilan uch yil yostiq talashishdi. Farzand bo‘lavermagach, to‘rtinchi yili ajralishdi. Erining ajragisi yo‘q edi. Buvinsaning onasi qo‘ymadi: «Turmushidan suv o‘tgandan bola bo‘lmaydi», — deb turib oldi. Xullas, farzandsizlikda muloyimgina kuyovni aybsitishdi.

Ikkinchi eri mirobning butunlay aksi edi, yag‘rindor, ovozidan uyning shifti titraydigan dag‘al odam edi. Buvinsa bu erini xotinlarga xos mehr bilan chinakamiga yaxshi ko‘rar, kalishiga patak bo‘lishga tayyor edi. Lekin bola tug‘avermagach, uchinchi yili mehrining egasi uni taloq qildi. Ho‘ng-ho‘ng yig‘lab, uyiga ketdi. Shu-shu bo‘ldiyu, uyida uzoq o‘tirib qoldi, tengi chiqavermadi. Bir tomoni yosh umri xazon bo‘layotganidan, bir yog‘i chaqaloqning lablarini tusab, ko‘kraqlarining uchi g‘imirlaganidan ich-etini yeb borardi.

Axiyri mana shu uch yetimi bilan tul qolgan hozirgi eridan sovchilar keldi. Taqdir nasib ekan, o‘rab-chirmab olib kelishdi. Mana o‘ttiz yil bo‘lay debdiki, shu xonadonning egasi, o‘gay bolalarning enasi bo‘lib o‘tiribdi. Ba’zilar tumso ayollar mehrsiz bo‘ladi, deyishadi. Bo‘lsa bordir. Ammo Buvinsa hola unchalik emas, birozgina ichi torligini aytmaganda, binoyidek ona. Erining bolalarini yalab-yulqab katta qildi, to‘ng‘ich o‘g‘lini uyladi, qizini chiqardi, qaynonalikning ham obi-tobini kelishtirdi. Baxtiga qarshi o‘zi tug‘madi, tunlari qilgan ohu nolalari Ollohga yetib bormadimi, tumsoligicha qolaverdi. Keyinchalik taqdirga tan berdi, o‘gay bolalarining tashvishlari bilan andarmon bo‘lib, o‘z dardini unutdi.