Akaxon yoxud soyalar isyoni

O‘ldir,

Ichingdagi xoinni o‘ldir!..

Shavkat Rahmon

 

1983-yili harbiydan qaytdim-u o‘qishga kirmoq uchun Tomsk shahriga jo‘nadim. Kechki bo‘limga o‘qishga ham kirdim va kunduzi kattakon bir korxonada ishlay boshladim. Yotoqxona berishdi…

Bu shaharda sobiq mahbuslar ko‘p bo‘lar ekan. Mening hamxonalarimdan biri ham anchagina “o‘tirgan” odam bo‘lib chiqdi. O‘sha kishi bir kuni menga:

— Visotskiyni bilasanmi? — deb qoldi.

— Yo‘q, — dedim va rostdanam bu odamni eshitmagandim.

— Zo‘r hofiz, — dedi hamsuhbatim. Shu orada mashinkada chiroyli qilib allanimalar yozilgan bir dasta qog‘ozni menga uzatdi va qo‘shib qo‘ydi: — Zo‘r shoir. O‘qi!..

U paytlar hali o‘rischani yaxshi bilmasdim, lekin she’rlarni tushunib-tushunmay o‘qiyverdim.

“Воры коммунисты!”

Shu kabi satrlarni o‘qiganimda yuragim allanechuk bo‘lib ketardi. Qo‘rqardim shekilli-da. Aslida-ku qo‘rqayotganimni ham anglamasdim-a…

Keyin-keyin Vladimir Visotskiy haqida ko‘p narsalarni o‘rgandim, bildim. Ammo boyagi (qo‘rquvmi) tuyg‘udan qutula olmadim. Ichimda bir nima bordek tuyulaverdi.

U zamonlar o‘tib ketdi. Ushbu esa…

 BAG‘ISHLOV

 

Yozmoqchi emasman

Tog‘lar haqida,

Tog‘lar bo‘lar indamas.

Osmoniga bosh qo‘yib yotsa,

Asrda bir oladi nafas.

Ayon emas alar qismati

Mening jimit boshginam uchun,

Chiqmaganim tog‘lar ko‘p hali,

Yuksaklardan yashayman cho‘chib.

Kuydirmasin chaqmoq boshimni —

Cho‘qqilarga tutash makoni.

Taqdir suzgan suyuk oshimni

Zamin uzra icholsam qani…

Lekin tog‘lar —

Xayol o‘g‘risi,

Goho fikrim to‘zg‘itar yohu.

Asrlarning qismati pinhon,

Tushlarimning bo‘g‘zida og‘u.

Toshlarni siylagan metindek bag‘r,

Yillar matosida yopgan boshini.

Bir tuynuk topolgan mug‘abbat, qahr

Otilar ko‘ksidan

Yorib loshini.

Tog‘lar asrlarning na’rasi misol.

Sharsharalar shovullar mag‘rur.

So‘zlarin toshlarda qayragan lison,

Azim sukunatdan tug‘ilgan g‘urur…

Men yozmayman tog‘lar haqida.

Tishlarimni sindirar toshi.

Sharsharalar bo‘zlaydi, ana.

Xarsanglarni parchalab yoshi…

 

Tundagi suhbat

1

 

Vladimir Semyonovich.

Azizim!

Men o‘ris emasman, bilsangiz.

Aylanmaydi tilim “vich-vich”lariga,

Bilsangiz…

Vladimir Semyon o‘g‘li,

Azizim!

Men o‘ris emasman, tushuning.

Endi sizni “Akaxon” desam,

Unda o‘zim bo‘lurman ini,

Tushuning.

Xo‘sh, Akaxon, qalaysiz endi

XX asr ko‘chalarida?

Boyqushlar uvlasa, qo‘rqmadingizmi

Yulduzlari so‘ngan kechalarida?

Barmoqlar zarbidan

Nolavor gitor,

Devorlarni teshar xirqiroq ovoz.

Ul bandi ko‘ngilning ohlari kabi

Kishanlar joniga

Qasd aylagan, rost.

Surati siyratdan

Rang olgan siymo,

Ko‘nglim iforlari tilda taralgan.

Ruhi behishtlarni kezgan devona,

Umri erkdan yaralgan.

Yuz yoshli ajdaho ko‘ksiga ne yil

Haqiqat tig‘ini sanchgan pahlavon,

Sizni sog‘indimi o‘zbaki bu dil,

Har holda bormisiz omon.

Akaxon?!

Maqtavordim shekilli picha,

Bilasiz-ku, Sharq bolasiman.

Madhiyalar jomini icha

Sarxush oqqan turk jolasiman.

Rost, havasim keladi sizga,

O‘v, yuragi — hoqoni inson.

Zulmat ega chiqsa kunduzga,

Nur taratgan ko‘ksida Iso.

Men bag‘rimga yulduzlar taqib,

So‘rganimda kal boshdan panoh.

E’tiqodim qonimdan oqib,

Dildan uchar edi-yu Olloh.

(La ilaha illalloh),

Cho‘qinguvchi hofizga boqib,

Imonimdan bo‘lgandim ogoh,

La ilaha illalloh!

Rost, keladi sizga havasim,

O‘ris bo‘lib o‘lolgan oxir.

Men o‘zbekman — millati azim,

Botinidan qochguvchi zohir.

Balki shunda Sharqning asrori,

Bu yuziga o‘xshamas u yuz.

Tildan tomib tursa iqrori,

E’tirozga shaylanar juft ko‘z.

 

2

 

Sochlari oqargan qari Sharq,

Ko‘hna asotirlar vatani.

Ne-ne hikmat urayotir barq,

Har bir xasu toshida ma’ni.

Yaratganning ulug‘ manzili sari

Valiylar nafasi bo‘ladi ko‘prik.

Qancha qalandarlar kezar sarsari,

Qancha so‘fiylarning nolasi tirik.

Qalbini duo-la ohorlab o‘tgan,

Tanovul o‘rniga zikr aytgan makon,

Suymish rafiqiga kitoblar tutgan,

Eng oliy markabi muqaddas Imon —

Bu shunday zamindir.

Akaxon!

Maqtanvordim shekilli picha,

Bilasiz-ku, Sharq bolasiman.

Madhiyalar jomini icha

Sarxush oqqan turk jolasiman.

Fe’li balki sizga ham ayon,

Shoiriman o‘zbaki yurtning.

Siz ham shoir,

Yashagan nolon,

Mana, hikmat,

Qultumlab yuting…

Shoirlar haqida gap ketdi endi,

Bir damgina chertmay turing gitorni.

Shoirlar haqida,

Bo‘rilar emas,

Bir to‘kib olaylik xumorni.

Siz asli ko‘cha bolasi,

Quyushqonsiz “bezori” shoir.

Saroylari shoir ko‘rmagan yurtdan,

Aytganu qo‘ygani ommaga doir.

Aslida siz Sharqni bilmaysiz,

Osilmish dor pastroq, Akaxon.

Bizda avval tan olur tepa,

Busiz shoir ketur benishon.

Tushunmaysiz dedim-ku sizga.

Hozircha shu o‘zi kifoya.

Serjahlsiz,

Sochmangiz qahr,

Yaxshisi, men

So‘zlab beray bitta hikoya.

 

Hikoyat

1

 

Tongda turgan odam,

Kerishgan odam,

Bo‘yinbog‘siz,

Kelishgan odam.

Oyoqlari sudralib asta

Uydan chiqdi

To‘lishgan odam.

U yon boqdi

Ma’nosiz ko‘zlar,

Bu yon boqdi

Ma’nnosiz ko‘zlar.

Bir damgina

Quyida qotib.

Qindan chiqdi

Sadosiz ko‘zlar.

Shoshib osmon sari yuzlandi,

Tomlardan ham nari yuzlandi.

Quyosh turar.

Olam nurafshon,

— Soyam qani?! —

Deya izlandi.

Ana, uyning soyasi mavjud,

Dov-daraxtning ko‘lankasi but,

Lekin uning,

Uning soyasi…

Bor-ku savlat,

Axir bor vujud…

 

2

 

Tongda turgan odam,

Xo‘b ishchan odam,

Bo‘yinbog‘da to‘lishgan odam,

Ishxonaga keldiyu hayhot,

Sovib ketdi

Har ishdan odam.

Borki xodim

Soyasiz, mahzun,

Nafas olar

Uzundan-uzun.

Bir-birovga ilinjli ko‘zlar

Yoshlanib ham qo‘yadi bir zum.

Barcha jim,

Olam-jahon jim,

Bir so‘z demas

Botinib hech kim.

Radiolarning chakagi ochiq,

Kerakli gap aytilmas lekin.

Tush bo‘ldimi

Yoki asrmi,

Buzmoq bo‘lib borki qasrni,

Va nihoyat simlar dodladi,

Ochgudayin bu mudhish sirni.

Bo‘yinbog‘lar,

Yaltiroq boshlar.

Burun uzra chimrilgan qoshlar,

Va hokazo kazo-kazolar

Mashvaratga chorlana boshlar…

 

3

 

Tuni bo‘yi xos xonalarda,

Qo‘llar jag‘ va peshonalarda,

“Chora bormi?” degan savolning

Jismi qolmish ostonalarda.

Yulduzlarni urgan shovvozlar,

Devorlarni yiqqan ovozlar,

Bir imosi olamni buzib,

Qayta tikkan insoni xoslar.

Davlat sohiblari, hokimlar,

O‘likka jon bergan hakimlar,

Bir chorasiz qotmish barchasi,

Faqat sukut xonani dimlar.

Undog‘ deydi birov ichida,

Bundog‘ deydi birov ichida.

Chorasi yo‘q, desa ko‘ngillar,

Shundog‘ deydi birov ichida.

Bu savilni chopib bo‘lmasa,

Safga tizib barchasin bir-bir

To‘pga solib otib bo‘lmasa!..

Va nihoyat eng kattakon bosh

G‘o‘ldiradi chaynagandek tosh:

— bu sirimiz chetlar bilmasin,

Muxbirlari qilvorar talosh.

Gazetlarda yoza ko‘rmangiz,

Televizorda lof ham urmangiz.

Davlat siri bo‘lib qolsin bu,

Qaysarlarga yetar turmamiz!..

Hozircha shu, tarqaling sekin,

Biror chora toparmiz lekin…

 

4

 

So‘lim soy bo‘yida

Sollanib turgan,

Otash kelsa,

Suvga bosh urgan,

To‘lin qizning xayoli kabi

Bir go‘zal bog‘

Zo‘r makon qurgan.

Yaproqlari hilola oshiq,

Mevalari Quyoshga ma’shuq,

Yulduzlardan so‘zlarin tizib,

Kuylab turar bahoriy qo‘shiq…

Bu tun unga qo‘ndi sukunat,

Har kechalik quvonchlar qulab.

Jam bo‘lshdi bir-bir soyalar —

Hukumatga aksil hukumat.

Oppoq edi soyalar biram,

Tungi bog‘da nur o‘ynar taram,

Qarolikdan ayru etmoqqa

Parvardigor qilgandek karam.

Soyalar ham mashvarat tuzdi,

Fikrlarning qaymog‘in suzdi,

Va nihoyat bosh bo‘lgan soya

Ayta qoldi yakuniy so‘zni:

— Erk istaymiz biz ham nihoyat,

Yaratgandan bo‘ldi hidoyat.

Odamlardek egilmoqlik bas,

Hurlik bo‘lsin eng oliy oyat.

So‘zimiz so‘z, qaytish yo‘q endi,

Yashamoqqa bizga gal keldi.

 

5

 

Kattakon bosh xos xonasida

Qo‘lin siltab kezar jonsarak.

Yaltiragan peshonasida

Ko‘rinmaydi bir fikr sarak.

Devorlarga urar mushtini —

Chet muxbirlar is olgani rost.

Kelib-kelib unga tushdimi

Bu mushkulga izlamoq xalos?

Xona uzra kezaverdi u,

Bir ofatni sezavredi u,

Ostidagi yer aylandi boz,

O‘z-o‘zini ezaverdi u.

Vaqt aylanib yetdi asrga.

Jon kirmadi ammo qasrga.

Derazadan termulgan Hoqon

Asir edi chorasiz sirga.

Maydon uzra siyrak odam ham,

Qayta eltmish ularni bu g‘am?..

Anov bola,

Kichkintoy bola…

Soyasi bor…

Soyasi bor tan?!.

Ha-ha,

Soyali bola,

O‘zi jimit.

Daroz ko‘lanka.

Hey, kim bor?..

Qanisiz, he-hey!

Tezroq chiqing anov yo‘lakka!

Bolakayni keltiring tezda,

Keltiringiz oyoqni xezlab!..

Chopdi shotir,

Chopdi shopirlar,

Undan himmat kutgan botirlar..

Bani xoslar pastga yugurdi,

Boshlarida cho‘ng xavotirlar…

Yastanvolib oromkursiga

Xo‘rozqandni so‘rar bolakay,

Chinorlardek uning ustida

Erkalaydi barcha paydar-pay.

— Toy bola-ey,

Xah, cho‘chchog‘idan!..

Bidir-bidir so‘zlanar Hoqon:

— Keltiringiz sonsiz chiroqlar,

Jar solingiz endi har tomon!

Soyamiz bor bizning ham, mana,

Qaytimiz kam anov-manovdan?

Televizoru radiolar, so‘zlang,

Ko‘proq tashlang so‘zga qalovdan.

Har davlatdan chorlanar muxbir,

Suratchilar bilmaydi tinim.

Gazetlarga saqich topildi,

Rizq topildi, shukur, bir ilim.

Har tarafdan qo‘yilgan chiroq

Sonsiz soya qilar havola.

Yastanvolib oromkursiga

Xo‘rozqandin yalaydi bola.

Texnikalar buzildi, biroq

Maddohlarning sinmadi jag‘i.

Sindi qalam, qalamtaroshlar,

Yozaverdi muxbirlar tag‘in.

Nim tabassum Hoqon labida,

Har kech elni tabriklar tinmay.

Yastanvolib oromkursiga

Xo‘rozqandin yalar bolakay.

 

6

 

Tahlikali tarqaldi xabar —

Kzlankalar kelarmish bosib.

Bosh maydonda bo‘y cho‘zdi xatar

Qo‘llariga qo‘ng‘iroq osib.

Asr bilan shomning o‘rtasi,

Kun-kechaning uchrashuv payti.

To‘da-to‘da sarg‘imtir akslar

Kelardilar xitoblar aytib…

A’yonlarga amr etdi Hoqon:

— Panjaralab to‘sing tegrani.

Qaytib chiqib ketmasin bir jon.

Mirshablarning qo‘ying merganin!

Va soyali bolani olib

Arsh ustiga qo‘ydilar, hay-hay.

Yastanvolib oromkursiga

Xo‘rozqandni yalar bolakay.

Endi Hoqon ko‘kragin kerib

Soyalarga tikildi kibor.

Qo‘l ko‘tarib —

Bir amr berib,

Bunda jimlik ayladi qaror.

— Ne istaysiz, aziz fuqaro?

Tark etdingiz nechun bizlarni?

Yashardingiz odamlar aro,

Ket demadi birov sizlarni.

Yaxshilikka javob shu bo‘lsa,

Muddaoni ayting-da, qo‘ying.

Yurtimizda baxt-iqbol kulsa,

Kimga kerak bunaqa o‘yin?

Bir qalqidi soyalar shu payt,

Har xitoblar falakka uchdi.

Yuraklar qafasdagi sayd

Misol o‘lib ehtiros quchdi.

— Erk istaymiz endi bizlar, bas,

Egilmoqqa qolmadi toqat.

Qismatimiz bo‘ldi-ku qafas,

Ko‘rganimiz xushomad faqat.

Istamaymiz odamlar misol

Har kimsaga etmoqni ta’zim.

Agar bo‘lsa jonimizni ol!..

Hoqon qoshi chimrildi badtar,

Qo‘l siltadi g‘azabnok biram:

— O‘zingizga keltirib xatar

Bahslashmangiz, akslar muhtaram.

Bizsiz yashay olmaydi agar

Desangizlar, yanglishasiz, rost.

Bizda ham bor soyali odam,

U mushkuldan etguvsi xalos.

Shunday deya Hoqon bolani

Chor atrofga qildi namoyish.

— Ana, soya turar sollanib,

Soyamizda topib oroyish.

Bola pastga tikilib qoldi,

Ko‘zi kezdi soyalar ichra.

Qay soyada nigohi to‘xtab.

Faromushdek termuldi picha.

— Aya!.. — dedi pichirlab bola

Va hayqirdi soyasi turib.

— Buyog‘daman, ayajon! — deya

Tusha ketdi pastga yugurib.

Namoyishga chiqqanlar aro

Bir soya ham talpindi unga,

— Men o‘layin!..

Men baxti qaro!..

Bolam, shukur, yetdim shu kunga!

Ayol-soya, jimit ko‘lanka

Bir-birovin qoldilar quchib.

Ikki taraf — ikki aksil kuch

Bir qalqidi osoyish ko‘chib.

Yutgani bo‘ldimi sukunat

Yo alammi, bilmadi Hokim.

Talvasada qo‘llarin siltab,

— Qaro qilgum kuningni tokim!

Mirshablar!

Askarlar!

Hukmim shu —

Olov purkang bu battollarga.

Talab qilmoq haq bo‘lsa ishi,

Chek qo‘yingiz xom xayollarga.

Yondiringlar, qarosi o‘chsin,

Bo‘la qolsin kul ko‘lankalar.

Yurtimizdan isyonlar uchsin,

Ibrat bo‘lsin shul ko‘lankalar!..

Har tarafdan yog‘ildi olov,

Imon yutgan odamlar purkar.

Abas qoldi qondoshlik, ayov,

Olam qotdi ko‘r, soqov va kar.

Shu payt arshda g‘oz turgan Hoqon

Dod solgancha yona boshladi.

Dodlar dodga ulandi chunon,

Olov jonga qona boshladi.

Yondi a’yon, shotirlari ham,

Yondi farrosh, shopirlari ham.

Yonaverdi mirshab, askarlar,

Yondi o‘tmish, xotirlari ham.

Soyalar-chi,

Olov ichida

Hayratlarda tortdilar uvvo.

Soyalarning qoracho‘g‘ida

Yonib-yonib borardi dunyo.

Bu tilsimga kim berar javob,

Aql-shuur kulday to‘zigan…

Soyalarga qasd qilgan odam

O‘t qo‘yardi o‘zi o‘ziga!..

 

Kundagi suhbat

1

 

Bas, Akaxon,

Hikoyam ado.

Ensangizni qotirdimmi boz?

Rostin aytdim,

Guvohdir Xudo,

Guvoh bo‘lsin, mayli, oq qog‘oz.

Men bilaman —

Siz erk farzandi,

Qoningizda oqadi hurlik.

Jismingizni etsa ham bandi,

She’rlaringiz ko‘rmaydi xo‘rlik.

Siz aslida hurlikning quli,

O‘zga kishan etolmas asir.

Ozod so‘zdir umringiz guli,

Kuylasangiz lahzadir asr.

Sizga havas qilaman, rosti,

Bor ovozda kelur kuylagum.

Makonimdir hadiklar osti,

Yuksaklarga kelur bo‘ylagum.

Go‘zallarga g‘ulg‘ula solib,

Uzoq o‘tli so‘zlamoq qani?

O, Don Juan!

Hamisha g‘olib,

Ishq yo‘lida yosuman kabi.

Devonavor sevmoqlik uchun

Hur muhabbat bo‘lmog‘i tayin,

Asir qolgay ayollar cho‘chib,

Ishq mayini sipqorgandayin.

Shundayin ishq,

Shunday muhabbat

O‘ldirsa ham roziman, biroq

Qul ko‘ngilning domida faqat

Yashayverar zanjirlangan oh…

Hasratlandim shekilli picha,

Bilasiz-ku, Sharq bolasiman.

Alamlar-la eshilib kecha,

Kunduz kuygan paymonasiman.

G‘adir-budir bo‘lsa ham lekin

Har holda bor gapimni aytdim,

So‘zladimu tagdorroq, sekin,

O‘zimniki ammo har baytim.

 

2

 

Chig‘iriqlar ko‘rgansiz siz ham,

Goh qo‘shiqda,

Goho she’r uchun.

Muharrir-la ko‘rgansiz baham

Gohida hur so‘zlarning kuchin.

Muharrirlar ko‘p olam aro,

Barchasiga guvoh yer usti.

Doim mening yo‘limni ammo

Ichimdagi muharrir to‘sdi.

Goho qo‘rquv, hadik domida

Ko‘lankamning o‘lchadim bo‘yin.

U kichrayib bordi gohida

Ahvolimga qilgandek o‘yin.

Qaylargadir yo‘qoldi ba’zan,

Ming qo‘rquvga ming biri bo‘lib.

Ko‘ngil ojiz aytganda azon

Yig‘layverdim tirilib-o‘lib.

Men tunlari qilgan tavallo

Eritdimi soyamni yoki

Tor kelganda ko‘zimga dunyo

Qaytdi dilga chiroqlar yoqib.

Men yashadim o‘tmishim bilan,

O‘zga tilda aytdim baxtimni.

Men yashayman kechmishim bilan,

O‘zga tilda aytib ahdimni.

Buyukligim so‘zlab ulug‘lar,

Men gohida bo‘yimga boqdim.

Yalovlandi kechagi tug‘lar,

Hayratlanib kipriklar qoqdim…

Bugun bilan keldi yashagim,

So‘zlay dedim men o‘z tilimda.

Qo‘rqa-pisa qadam tashladim,

Soyam qochib ketdi yo‘limdan.

Bir xitob istadim —

Yirtar bo‘g‘izni,

Bir osmon istadim xayoldek harir.

Yopgan kabi kimdir kunduzni,

Yo‘lim to‘sdi ichki muharrir…

 

3

 

Siz o‘rissiz, janob Akaxon,

Ozgina gap —

Picha minnatdan.

Yuz ellik yil Vatanimni siz

So‘rib yotgan o‘sha millatdan.

Biroz qo‘pol bo‘lsa kechiring,

Qo‘rquv — sizdan meros asorat.

Hur ovozlar olganda yiring,

Xotirani ayladi g‘orat.

Maqsad boshqa,

Gap bunda emas,

Gap shundaki,

Siz solgan g‘ulu

Bu kun endi bir bizga emas,

Chor atrofga sochadi og‘u.

Bilaman,

Siz uyalmoqdasiz

Sho‘rish solgan kechagi kundan.

Uyalishni bilgan ko‘ngilning

Azoblari kuchli hukmdan.

Biz-ku yashab yurarmiz bir nav,

Oz bo‘lsa-da oshimiz tayin.

Toatimiz sabrlar tug‘ib,

Birdan oldin,

Birovdan keyin.

Musulmonmiz,

Tiriklik — ne’mat,

Har yerlarga ilmaymiz bayroq.

Bu kunimiz bir navdir lekin

Yurakdagi niyatimiz oq…

Urib qo‘ydi ichda bir nima,

Har narsani aytmay men ketay.

Ichimdagi muharrir yana

Gapiraver degandek atay.

Bo‘ldi, yetar,

O‘zim haqimda.

Chor atrofda qon ichar urush,

Hov nusxalar gohi chaqinda

Goh-gohida berar ko‘rinish.

Bizga tanish nusxalar o‘sha —

Yuz ellik yil bo‘lgan qadrdon.

Ko‘p qo‘shnilar soyasiz, ana,

Ming adovat kavlar qabrdan.

Kimnikidir qo‘ldagi qilich,

Kimlarniki olovtil qurol?

Kimlar deydi — ich, qonini ich?

Kimlar deydi — ol, jonini ol?!

Farqlamaydi soyasiz zotlar

Beshikdagi bolani choldan.

Hukm o‘qir qadrdon yotlar,

Og‘ularni tayyorlab boldan.

Yurt boshida xomonlar tirik,

O‘lim qo‘ygan Islom (din) otini.

Boshlarida maqsadlar yirik,

Poylab yotar zoti zotini.

Bu qanday hol?

G‘ovlaydi boshim,

Soyam o‘pib o‘yga tolaman.

Ulg‘aygandek tuyular yoshim,

Fikran qartang bo‘lib qolaman.

Oshirvordim shekilli picha,

Bilasiz-ku, Sharq bolasiman.

Kechalari o‘z oshim icha,

Kunduz qo‘shnim paymonasiman.

Sizga havas qilaman hanuz,

Zildek gaplar — mehrim nishoni.

Aytgan bo‘lsam agar bitta so‘z,

Sizga aytdim bu kun, ishoning!..

 

DUO

 

Yo‘qol,

Boshim g‘ovlatgan xayol,

Bir damgina ola qolay tin.

Yuragimni tilguvchi malol,

Qilichingni kutayotir qin.

Taqdirimga ketdi-ku botib

Tilginamga yopishgan xo‘rlik.

Qani, umrim tonglari otib,

Yuragimda ko‘z ochsin hurlik,

Yashayversin ichdagi hurlik!..

 

T A M O M

 

1996-yil, fevral, Andijon