Vatan, gardlaringga jonimni tikdim,
Ulug‘ fidolarga keldi o‘xshagim.
Umrim lahzasiga ezgulik ekdim
Va ular poyiga mehrim to‘shadim.
Kokillari yashil, erka malagim.
Jonimdan maysalar unar, qaragin!
Moziylar qatida davronlaring bor,
Davronlaring surgan sultonlaring bor,
Ham qonlar yutganing zamonlaring bor,
Endi moviy-moviy osmonlaring bor.
Hurlik, tinchlik deya joni halagim,
Bag‘rimda bir qo‘shiq kular, qaragin!
Bu kun xayoldayin shiddating uchqur,
Oppoq orzularing o‘zingdayin hur.
Men jimit hujayrang – panoh bo‘lib yur
Va olam ichra sen o‘z olaming qur,
Ko‘ksi balandginam – osmon-falagim,
Boshimga Oy qalpoq bo‘lar, qaragin!
Istiqlol kelinday turar sollanib,
Uning bo‘sasidan yuzing ollanib.
Bog‘laring, tog‘laring tili bollanib,
Shonu shavkatingni ayturlar yonib.
Temuriy sultonday yovqur bilagim,
Jonimdan maysalar unar, qaragin!..