Suyuk hamda buyuklar Cho‘lpon va Bulgakovga bag‘ishlanadi.
1
Lovullab keladi nimadir,
Qasirlab keladi bir balo,
Teshilar,
Yonadir,
Sinadir,
To‘kilar dunyo.
Yana kim biladi?..
Biladir!..
Bir chimdim umrga ishongan
Xayollar bag‘rini tiladir.
Tegolmay qayrilgan nishonga
Yoylar biladir.
Tinmayin qilgan u tavallo –
Yo nafs,
Yo la’in!
Tavbasini kutgan Jalolo
Kun sayin…
Tillo osmon qasirlar endi,
Lovullar jannat zamin.
Ayo!
Yo nafas keldi,
Totadur ta’min,
Bilmayin.
Yig‘layin,
Xars-xars siynasi,
Umr bo‘g‘izdagi mushtdek tosh.
Yo nafss-s…
Yo Olloh! –
Birovning sasi,
Qiblaga qiyshayar bosh…
2
Yigirmanchi asr!..
Ojiz odamzot,
So‘qir bashar
O‘ylab topgan
Savdoyi sana.
Qovjiragan kipriklarida
Lapanglaydi qo‘rquv,
Tebranar, ana!
Yana…
Tangrining yuziga oyog‘in
Bigiz qilolgan dahriy.
Yana…
Ollohni sog‘inib,
Mehr deyolgan qahrin.
Yigirmanchi asr!
Qit’alarda tug‘ilgan dahshat,
Elatlarda yastangan orom.
Qit’alarda tug‘ilgan orom,
Elatlarga sochilgan dahshat.
Ana.
Samoga qayrilib,
Izlaydi o‘zini,
Yigirmanchi asr
O‘zdan ayrilib.
Yigirmanchi asr!
Ko‘zing teshilsin,
Agar bo‘lsa o‘sha ko‘zlaring.
Ko‘zlaring yo‘q,
Yo‘q edi sening,
Yigirmanchi asr
So‘qir ajdaho!..
3
Quyosh ufqda bo‘zarib borardi,
Bo‘zarib-bo‘zarib
Borardi dunyo.
Saroy devorlari qontalash,
Saroy devorlari tortadi uvvo,
Jimgina,
Mahzungina
Va gina.
Sonsiz kallalarning ko‘z kosasida
Sharaqlab kuladi ilonlar,
Ridoli kimsaning
Xos xassasida
Xalqali to‘lg‘onar arqonlar.
Va qonlar,
Tillarga yaloqdir,
Yamlanur huzurbaxsh zabonlar,
Zamonlar kelmishdir
Zamonlar…
* * *
Pilat!
Ha, o‘sha Pilat,
Keng quloch xochga termulib,
Tangri qulochini o‘lchaydi
Po‘latdan mix yo‘nib.
Prokuratur –
Buyuk ko‘r,
Yigirmanchi asr sahnida
Ko‘r asrga jo‘r.
Va aso tutgan qo‘l
Yarqiragan qoracho‘g‘larni
Paypaslab-paypaslab,
O‘yib olaverar tig‘lar-la…
Va ko‘r,
Ko‘zi ochiqlar
Ochiq ketaverar baqoga…
4
Osiyo!
To‘lg‘onib-to‘lg‘onib,
Eshilib-eshilib
Yotgan sarhadlar.
Chuvalashib ketgan aql,
Mudrayotgan qahr
Va qasos –
Osiyo!..
Osiyoni belanchak qilib,
Bo‘zlayotgan chiston,
Javobsiz chiston
Volidai kabir
Turkiston.
Shimoldan oqib,
Yig‘lagan,
Shamolga boqib,
Yig‘lagan,
Asli isyonning onasi,
Sharqning bolasi
Turkiston!
“Shimol sovuq” – dedilar,
Quyoshini bermoqchi bo‘ldi.
“Shimol och!” –
Oshini berdi
Va boshini berdi,
Boshini yedi uning
Shimoliston…
5
Ey, ko‘ngil!
“Kishanlar birla do‘stlashding” ,
Sukunat birla eshlashding
Va jimlik bog‘ida ochilgan
Mutelik birla xeshlashding.
Zamin o‘lding,
Axir osmonsan,
Cho‘pon ermas,
Axir Cho‘lponsan,
Olam aro birgina sonsan,
Turkistonsan,
“Kishan kiyma, bo‘yin egma,
Ki sen ham hur tug‘ulg‘onsan”!..
6
Och qulning kunlari kabi qora
Turkiston jim,
U potos bog‘layotgan yara.
Bu yerda tik boqmas
Birov-birovga,
Birovning rangi oq,
Birovniki qora,
Ko‘zlar uyaladi
Nomutanosiblikdan,
Tupurgisi kelar
Biri biriga.
Isyonning beshigi
Isyonsiz qolmish,
Shayton kamlik qilar
Qahr qo‘zg‘ashga.
Shayton – Voland
Yomonlik deb
Yaxshilik ulashgan la’in…
7
Ko‘zlariga deraza tutgan
Tanho shoir
Xotinlar saltanatida
Bir isyon izlaydi
Millatga doir.
Shimolni sog‘inib,
G‘arbni sog‘inib,
Yashayverdi turk yozari.
Kutaverdi u
Volandni,
Turkiston uzra
Talvasa qo‘zg‘aguvchi,
Volandni…
Cho‘lpon –
Turkiston.
Ko‘hna Fir’avnning
Tobuti ichra
G‘oyibdan topilgan
Ey, tilla tanga –
Turkiston.
Tillo tobutda
Toj kiyib yotgan
Ko‘zlari ilono‘ra,
Chayon uya,
Ulug‘ kitoblarda
Maqtalgan o‘lik –
Turkiston,
Senga baxt sog‘inar Cho‘lpon!
8
Ey, sen
Osmonning bolasi,
Turkiston bolasi,
Kechani yaratib,
Kunduzni yashirgan
Sharqning nolasi.
Bu yerda kunduzlar tug‘ar,
Mayda-mayda,
Bo‘lak-bo‘lak kunduzlaringni
Ichib yotar
Birov-birovlar.
Endi xoch emas,
Yarim oy misol
Poyingda egilgan
Pilatvachchalar
Sening yerlik emasligingni
Qaytadan kashf etar
Mingboshi xayoli bilan.
Ey, Oyga mixlangan
Osmon bolasi,
Senga uchmoq sog‘inar
Turkiston!
9
Moskovda bir farrosh yashardi,
O‘n ikki yil farroshlik qilgan.
U kun bo‘yi ko‘cha supurib,
Gul tutardi kunbo‘yi
Suygan yoriga
Kuni bilan topgan puliga.
Margarita edi yorining ismi.
Margarita!
Sochlari qora,
Qanotli jodugar,
Farroshning xayollariga
Sochayotgan zar
Jodugar…
* * *
Usta (farrosh)ning kissasida
Chaqa yo‘q,
Gul sotib olavergan bariga.
Uning-chun sariq chaqa
Gul,
Supurilayotgan yer,
Dunyo –
Sariq chaqa.
Sharqni sog‘inadi u,
Qop-qora sochlarga
O‘ralgan Sharqni.
Chuvalashib ketgan Aqlni,
Eshilib-eshilib yotgan Aqlni
Sog‘inadi u.
Moskov daryosining bo‘yida
Yutoqib tutunlar so‘rgandek,
Xasta yuragining chuqurlarida,
Xorg‘in miyasining qavatlarida
Sharqni sog‘inar,
Sog‘inib yaratar
Kambag‘al donish…
10
Sharqning peshonasida oyi bor,
G‘arbning boshida shohi.
G‘arbning bir buyuk hoyi bor,
Sharqning bo‘g‘zida ohi.
Hoyi oyiga oshiq,
Shoxi oxiga o‘qlov.
Bu buyuk ishq,
Yovuz ishq,
Mudom tugamagan ov…
11
Cho‘lponni bilmasdi
Mixail bobo,
Usta bobo bilmasdi
Abdulhamidni.
Shimolu janubning ko‘ksida
Yonayotgan ikki olov ham
Xabarsiz edilar
Biri biridan.
Volandni tanigan Mixail
Sharqni sog‘ingan,
Volandni sog‘ingan Cho‘lpon
G‘arbning oshig‘i.
Ikki sog‘inch daraxti uzra
Yuz ochgan g‘uncha –
Margarita,
Suyuk jodugar,
Buyuk jodugar!
12
O‘n ikki yil kuygan junun,
“Yo Haq!” deya suygan junun,
Bilarmidi Turkiston aro
Ulug‘ yarog‘ otilgan kunin?!
Moskovda
Chekka bir kulbada,
Toshkanda
Chekka bir o‘rada
Jonini topshirgan,
Shonini topgan
Ikki buyuk so‘z,
Bir juft sog‘inch –
Mixail,
Cho‘lpon.
Xochni qulochlagan,
Oyni quchoqlagan,
Biri
Insu jinslar aro
Cho‘qinib kezgan,
Biri
Fahsh, alast aro
O‘kinib kezgan,
Kecha-yu kunduzni
Bir sog‘inchga alishgan
Inson
Va Inson –
Mixail,
Cho‘lpon…
13
Xalqa-xalqa ko‘z yoshlarda
Suzib yurgan qora kema,
Daryo-daryo qonlar uzra
Jismu joni pora kema.
O‘lmagan dunyoning umriga
Nuqta bo‘lmoq istagan,
Qop-qora,
Qop-qora
Dunyo jamoliga nisbatan,
Yigirmanchi asr
Cho‘ng kafan.
Bashar daftarida
Qora chiziq,
Qizil chiziq –
Yigirmanchi asr
O‘lgan,
O‘lmagan
Murdalarga liq…
Hademay tong otar,
Endi tong otar,
Ufqdan to‘kilar
Oq-oppoq xayol.
To‘lishgan yuzini ko‘rsatolmayin
Iymanib boqar
Yigirma birinchi asr –
Tug‘magan ayol…
14
Guvillab boradi,
Sirli guvillab,
“XX asr” raqamli poyiz,
Elib borar temir izidan
Bekatsiz otash arava.
Bulutdek o‘rindiqlarda
Chiptali zotlar
Yastanib-yastanib,
Kekirib-kekirib,
Bo‘ynida kapalak bo‘yinbog‘larin
Yashnatib-yashnatib,
Elib borar arava bilan…
Yashindek poyizning,
Sovutdek poyizning,
Tobutdek poyizning
Burchak-burchaklarida
Yashiringisi kelar chiptasizlarning.
Tobuti – umid,
Qabrlari armon,
O‘lmagan o‘liklar ichida,
O‘lgan tiriklar ichida
Zulumotda miltirab
Jon talashar jon!
15
Chiptasizlar manglayida yoziq
“XX asr” raqamli poyiz,
Poyida aqldan ozib,
Cho‘zilib boradi temir iz.
Baroq qoshlar,
Qalin mo‘ylovlar,
Silliq boshlar,
Dumbul o‘ylovlar,
Tilni yamlovlar,
Ko‘kraklarga osilgan
Vijdonlar,
O‘pqon jig‘ildonlar
Soyasi,
Jarangi,
Shovqini ostida
Ovozlari yotar chiptasizlarning.
Chiptasiz –
Cho‘lpon, Bulgakov…
Juda ham ko‘p.
Ko‘p erur ular,
Sanoqlari sig‘mas og‘izga.
Barchalari o‘z burchagida
Paypaslaydi kissalarini,
Hamon paypaslaydi
Nelarnidir shivirlab
O‘shal Yolg‘izga!..
* * *
Yigirmanchi asr!
Ojiz odamzot,
So‘qir bashar
O‘ylab topgan
Savdoyi sana.
Sen uzoq cho‘zilding,
Juda ham uzoq,
Temir izlardan-da
Uzoqdan-uzoq!..
1995-yil, fevral