– Bolaligingizda qaysi sport turiga qiziqqansiz va shug‘ullangansiz?
– Fe’limga yaqinmidi, bilmadim, boksni yaxshi ko‘rardim. Maktab-internatimizda boks to‘garagi bo‘lardi. O‘zi tasviriy san’at o‘qituvchisi (boksdan qandaydir malakasi bo‘lsa kerak-da) bo‘lgan Odiljon aka Akbarov to‘garakni boshqarardi. Boks qo‘lqopimiz yo‘q edi. Men yig‘lab-siqtab yurib (balki etimligimiz uchunmi) opamga (pochchamga) bir juft (ya’ni ikki kishilik) qo‘lqop oldirganman. O‘shanda to‘garakni o‘tardik. (Endi hozirgi sharoitlarni bir ko‘z oldingizga keltiring: boks bilan shug‘ullanayotgan yoshlarning qo‘lqopi yo‘q, desa hamma kuladi.) Ehimol hozirgi sharoitlar bo‘lsa, men ham jahon chempioni bo‘larmidim…
– Keyinchalik – navqiron paytimda tinimsiz yugurardim (10 km.gacha), “рукопашный бой” – “qo‘l jangi san’ati” (biz uni karate derdik) bilan shug‘ullanganman. Har holda tuzukkina qaddi-qomatim, “muskullarim” bor edi. Rosti, mening yolg‘iz muntazam shug‘ullanishimga qishloqda ko‘pchilik havas qilgan. Paxtazorlar o‘rtasidan o‘tgan anhor bo‘yida yugurardim, mashq qilardim.
– Oilangizda sportchilar bormi?
– Professional sportchilar yo‘q, lekin uch o‘g‘lim ham bolaligidan sportga qiziqqan va baholi qudrat shug‘ullangan. Hozir ham o‘rtancha va kenja o‘g‘lim uyda “qo‘l jangi san’ati” va toshlar bilan muntazam mashq qilishadi.
– Hozirgi kunda ham sport bilan hamnafasmisiz?
– Ochig‘i, yo‘q. Ammo televizorda boks, “qo‘l jangi san’ati”, og‘ir atletika bo‘yicha musobaqalarni ko‘p tomosha qilaman. Shug‘ullanishga avvalgi bardosh qayoqda yoki vaqt deganday. Biroq ko‘pchilik “tengqurlaringizdan yosh ko‘rinasiz”, deyishadi – bu sportga oldingi oshnoligimdan bo‘lsa ajabmas.
– Sport va adabiyot uyg‘unligi haqida?
– Avvalo sog‘lom fikrlay olishda. “Sog‘ tanda – sog‘lom aql”, deydilar-ku! Qolaversa, sport odamni mardlikka, yengilmaslikka o‘rgatadi. Shu ma’noda sport bilan shug‘ullangan yozuvchi yoki shoirning yozganlari ham “erkakcha” bo‘ladi. Har holda barcha nisbatlarni to‘g‘ri saqlay biladi. Yana nima dey?.. O‘ziyam ja-a chiroyli gapirib yubordim-da…
– Sport – bu…
– …mardlik, sog‘lik, jasorat, maftunkorlik, sabot-matonat, agar bilim va savodxonlik bilan uyg‘unlashsa, faylasuflik, o‘z ishi va orzusida fidolik. Yana…menimcha, yuqoridagilarga erishgan odam hayotga tashna bo‘ladi va hammaga shuni sog‘inadi.
“News-Arena” gazetasining 2014-yil 13-mart sonidan olindi.