(Ibodatga)
Bir kun albat jur’atim yig‘ib
Ko‘zlaringga termulgim, jonim,
Dosh berolsa kipriklar agar,
Qarog‘larim ketmasa yonib.
Tikilaman, seni topguncha
O‘tgan chopqir onlarim uchun,
Tikilaman
Qog‘ozga yig‘lab
Mingta bo‘lgan jonlarim uchun.
Tikilaman, ko‘zlaring yoshlab,
Qaro o‘tgan kunlar haqqiga,
Tikilaman,
She’rimni boshlab
Oppoq bo‘lgan tunlar haqqiga…
U kun kelar albatta, jonim,
Jur’at kelgay, bilmam, qachonlar!
Termulaman,
Baqoga toki
Nigohingni ketgum achomlab,
U kun kelar, ishongin jonim!..