Bir tong sabolarga qo‘shilib ketdim,
Sening xayolingga esh bo‘lib ketdim,
Kipriklar silkindi sog‘inchdan, jonim.
Bag‘rimga ziyolar quyildi biram,
Olam yorug‘-yorug‘ tuyuldi biram,
Qaroqqa nomginang o‘yildi biram,
Kipriklar silkindi sog‘inchdan, jonim.
Sog‘inch nadur, derlar, achchiq yoshimmi?
Ko‘klarga bo‘ylagan jimit boshimmi?
Ko‘yingda titrabon erir loshimmi?
Yo ufqda uyg‘onar hov Kuyoshimmi?
Kipriklar savoldek sanchildi, jonim!
Bu ishq qachon keldi, anglamadim, rost,
Boshimga tuproqlar sochgandami boz,
Yohud ilk muhabbat bo‘lganda hamroz,
Va yo orzularla etganda parvoz,
Dilda ko‘kardimi eng buyuk bu roz?
Kipriklar savoldek sanchildi, jonim!
Bobolar ko‘ziga surgan to‘tiyo,
Shahidlar qoniga qo‘shilgan daryo,
Xalqim qadogidan taralgan ziyo,
Peshona teridan yaralgan ziyo,
Imonga eshginam, o‘, buyuk hayo,
Olloh nazaridan yashnagan ma’vo,
Kipriklar kuyadir taftingdan, jonim!
O‘zingga suyandim, senga yukinib,
Ba’zida quvonib, ba’zan o‘kinib,
Orzuga o‘radim qalbim ko‘kini,
Ba’zida yashnadim, ba’zan to‘kilib,
Qismatning yozilmish oliy hukmini,
O‘zingda o‘qidim, shukr har kuni,
Ko‘tarmoqni istab Vatan yukini,
Kipriklar kuyadir kaftingda, jonim!
Seni jonim dedim, jon na ko‘yingda,
Million jon tirilar shirin bo‘yingdan,
Dunyo navolari zabun kuyingdan,
Shoirlar arzir so‘z izlar o‘yingda,
Mehrlar aylanar har bir uyingda,
Buyuk bir halovat kezar qo‘yningda,
Ko‘zmunchoqlar taqay ulug‘ bo‘yingga,
Belbog‘ni qamishdan bog‘lay to‘yingda,
Kiprigim supurgi qilayin, jonim!
Yulduzlarni terib solay dasturxon,
Oymoma o‘sha kun tursiney mezbon,
Azim yuzlaringni silay-da giryon,
Bir jonim o‘rniga olay ming bir jon,
Mening parvozimga boqsinlar hayron,
Jumlai ilg‘anmas, jumlai jahon,
Gullardek ochilsin tomrimdagi qon,
Bari senga bo‘lsin olamdagi shon,
Qo‘llasin Ollohim, qo‘llasin Qur’on,
Baxtingni kiprikla silayin, jonim!
Bir sog‘inch bag‘ringda eng shirin xayol,
Sog‘inchkim – dilimga solmaydi malol,
Sen sochi yashilim, sen yuzlari ol –
Ko‘ksimga sir solgan eng ulkan savol,
Mudom bag‘ringdaman, kel, bag‘ringga ol,
Mudom bag‘rimdasan, kel, bag‘rimda qol,
Yurakka samoviy tuyg‘ularing sol
Va shoir bolangdek xayollarga tol.
Bil, boshim ko‘ksingda, tilim esa lol,
Azizim, sog‘inchlar undirgan visol,
Kiprigim nurlaring tarasin, jonim,
Vatanlar ichra sen sarasi, jonim!..