Ketmoqdaman

(Ibodatga)

 

Azizam!

Kechir meni, shundoq odamman –

Sig‘may qoldim dunyolariga.

Uning badbo‘y hidlari urdi

Yuragimning hulvolariga.

 

Qadim asli bu jismim, jonim,

Qoyasini qor bosgan tog‘day.

Endi ketgum, egnimda janda,

Xazonlari to‘zg‘igan bog‘day.

 

Sochim o‘sib, kuloh ham bo‘ldi,

Kosmos asrin qalandariman.

“Yo anal Haq!” xitobli zotning

Qonga botgan to‘nin bariman…

 

Shunday azim, shunday qadimman,

Jismu jonim to‘lgan diydadir.

Qadimlikda men ummon bo‘lsam,

Yuragim, bil, Atlantidadir…

 

Hislarimga balogardonman

Balogardon zikridan ungan.

Va tiriklik ismin yozaman

Hayot otlig‘ bir chimdim kunga.

 

Qolgani tun. Vido qolgani.

Men ketar yo‘l endi beado.

Tugamaydi Atlantidaning

Sarhadiga yetmaguncha to!

 

Yo‘lga chiqdim, kechir, azizam!..