Qaysi tomondan qaramaylik, Abdulla Qodiriy o‘zbek adabiyotida va umuman millat tarixida chinakam «hodisa» edi. Aslini olganda, ungacha va uning atrofida ham romanlar yozilgan, hech yo‘q yozishga urinishlar bo‘lgan. Lekin ularning birontasi «O‘tkan kunlar»ning «yaqiniga ham yo‘lolmadi». Hatto ustoz Qodiriyning ikkinchi go‘zal romani «Mehrobdan chayon» ham uning darajasiga ko‘tarilolmadi, uningdek shuhrat topmadi. Haqqi rost, bir necha avlod «O‘tkan kunlar» ruhi bilan ulg‘aydi.
Men Abdulla Qodiriy haqida o‘ylaganimda hamisha Cho‘lpon ham xayolimga kelaveradi. Bu ikki buyuk zot shaxsiyatini, ijodini qiyoslab, o‘zimcha xulosalar chiqaraman. Deylik, Qodiriydagi donishmandlik, go‘zal til, lirizm, biroz quvlik, Cho‘lpondagi millat taqdiriga kuyunish, erksizlikka oshkora isyon, yangilikka tashnalik meni doimo o‘ziga tortib, hayratga solib kelgan. Otabek, Kumush, Yusufbek hoji, O‘zbekoyim, Zaynab, Mirzakarim qutidor, hatto Homid, Zebi, Razzoq so‘fi, Miryoqub, Akbarali mingboshi, Saltanat va boshqa obrazlar xalqimizning hayotiga, taqdiriga qorishib, singib ketgan. Chunki, ular tirik odamlar, tom ma’nodagi bizning millatdoshlarimiz.
Darvoqe, Qodiriy bilan Cho‘lpon umrining dastlabki yillarida ko‘hna Turkiston bag‘rida yashovchi millatlar umum nom bilan turkiylar, deb atalardi. O‘zbek atamasi kam ishlatilardi. (Hatto bizni ma’lum muddat sart ham, deb atashgan.) Har ikki yozuvchimiz esa o‘zbek nomini bayroq qilib, haqiqiy o‘zbek obrazlarini yaratdi, betakror milliy madaniyatimizni tarannum etib, shu bilan birga goho qusurlarimizni, fojialarimizni ham ko‘rsatib berdi.
Yozuvchi «O‘tkan kunlar»da mavzuni «tariximizdagi eng qora kunlar, keyingi xon zamonidan» olgan bo‘lmasin, undagi go‘zal tuyg‘ular, lavhalar bilan birga kurashlar, ziddiyatlar, xiyonat, chaquv, o‘lim, ayriliq qanchalik tasvirlanmasin asarning boshidan to oxirigacha yorug‘ bir nur balqib turadi. «Kecha va kunduz»da esa, ziyoga yo‘g‘rilgan sahifalarida ham jaholat, qabohat, bilimsizlik va fahsh ortidan bino bo‘lgan zulmat, chorasizlik rutubati ko‘ngilga tig‘ kabi botadi. (Shu erda bir gap: «Kecha va kunduz» romanining «Kunduz» qismi yo‘qolganligini va unda sho‘ro davridagi yorug‘ kunlar tasvirlangan bo‘lishi mumkinligini ham aytishadi. Avvalo Cho‘lponday ijodkor o‘zi yashayotgan o‘lim, ochlik, xiyonat, qirg‘in avj olgan tuzumni «kuylashi» mumkin emasdi. Qolaversa, «Kunduz» rostdan ham o‘shal «yorug‘ kunlar» haqida bo‘lsa, yo‘qolmasdi. Menimcha, romanning «Kunduz» qismi qandaydir samoviy, fantastik go‘zal hayot haqida bo‘lgan (bunga adibning quvvai hofizasi qodir edi va o‘sha paytda dunyo adabiyotida bunaqa tajribalar ko‘p edi) yoki yozuvchi asarini «Kecha va bugun», deya nomlab, aynan o‘sha qora kunlarni tasvirlamoqchi bo‘lgan, balki tasvirlagan.) Demak, Cho‘lponning romanida iztirob kuchliroq. Chunki unda Vatanimiz mustamlaka bo‘lgandan keyingi voqealar tasvirlangan.
Qodiriy millat madaniyatini, turmush tarzini «mana shunday» go‘zal holatda saqlab qolishga undayotgandek tuyulsa, Cho‘lpon xalq ko‘p yo‘qotishlar qilganini, agar shunday ketaversa, bu yo‘lning oxiri tubsiz choh ekanligini aytayotgandek, ogohlantirayotgandek bo‘ladi. «O‘tkan kunlar» hayotga xayol tabassum va mug‘ombirona boqadi, «Kecha va kunduz» esa, ko‘zida yosh bilan nigoh tashlaydi. Nima bo‘lganda ham bu ikki etuk asar bir-birini to‘ldiradi va millatimiz tarixini o‘rganishda ishonchli manba bo‘lib xizmat qiladi. SHuningdek, menga har ikki romanda ham halol, iddaosiz ijtimoiy «yuk» borligi yoqadi. (Bu ayniqsa, hozirgi «tajriba romanlar»ga juda zarurdek, nazarimda.) Xullas, har ikki betakror yozuvchi ham o‘zining millat tarixidagi muhim missiyasi(vazifasi)ni bajara oldi – bu har kimga ham nasib etavermaydi.
Yosh shoiralardan biri «kitobni ko‘proq o‘qing», desam, qaysi kitoblarni o‘qishini so‘radi.
– «O‘tkan kunlar»dan boshlang, – dedim.
– Vuy-y, o‘sha eski kitoblarniyam o‘qiymanmi? – deya chiyilladi u.
Avvalo, uning «O‘tkan kunlar» degan roman borligini va u «eskiligini» bilganiga ham shukr. CHunki bundan battarroq bo‘lishi ham mumkin edi.
Xo‘sh, buni aytishdan muddao nima? Muddao shuki, yillar o‘tishi bilan har qanday til o‘zgaradi, yangi so‘zlar va atamalarni o‘zlashtirib, ayrim so‘zlarni «unutadi». Jumladan, o‘zbek tili ham. Demak, xuddi Navoiy va Bobur asarlari lug‘atlari tuzilganidek, Qodiriy va Cho‘lponning asarlariga oid lug‘atlar yaratish vaqti ham yaqinlashmoqda.
Qodiriy biz qalamkashlarning ustozimiz, ma’naviy pirimiz, zero, u kishi haqida nojo‘yaroq gap aytishga andisha qilamiz. Ammo shaxsan men ul zot yozgan asarlar oz ekanligidan afsuslanaman. To‘g‘ri, davr, sharoit og‘ir bo‘lgan, tazyiqlar horitgandir. Biroq ko‘proq yozish kerak edi. O‘rislarning mashhur yozuvchisi Mixail Bulgakov ham Qodiriy bilan bir davrda yashagan va deyarli bir xil umr ko‘rgan. Lekin Bulgakov yaratgan asarlarning salmog‘i va rang-barangligi lol qiladi kishini. Nega endi Bulgakovni eslayapman? Boisi, «O‘tkan kunlar» va «Kecha va kunduz»ni har qancha o‘qimay, «Usta va Margarita» hamda «It yurak» (Aslida «Sho‘rlik yurak» yoki «Sho‘ring qurg‘ur yurak», deya tarjima qilinishi lozim)ni o‘qigandagichalik huzur va hayratga oshno bo‘lmaganman. Demak, o‘zbek romanchiligi «O‘tkan kunlar»ni «cho‘qqi» qilib, bir joyda depsinib qolmasligi kerak. Keyingi yillarda yaxshigina romanlar yaratilayotganiga qaramay, o‘zbek adabiyotining «Buyuk romani» hali oldinda.