“Odamlar bir-birlarini ayasalargina, dunyo omon qoladi”

Adabiyot — muqobil dunyo. Adib o‘sha sirli xilqat musavviri. Bu olamda qalamkashlikdan-da ko‘ra huzurbaxsh kasb yo‘q. Ne tongki, uning huzuri baayni ijod zahmatiga singib ketgan.

Taniqli yozuvchi, xassos shoir, jo‘shqin publitsist Nabi Jaloliddin nafosatu nazokat ila ana shu mo‘jizakor olam suvratini chizayotgan iste’dod sohibidir. Uning lirikasida ikki g‘oya bir-biri bilan uyg‘unlashib, yagona maqsadga xizmat qiladi. Ya’ni betakror qishloq hayoti, soddadil, donishmand xalq va insonga xos bo‘lgan tiniq tuyg‘ular ifodalanadi. Bu shunchaki hissiyot mahsuli emas, bu ohanglar zamirida oddiy kishining Vatanga nisbatan tiyiqsiz muhabbati zuhurlanadi.

Yozuvchining qissalarida an’anaviy uslub – voqea fikrni emas, balki fikr, dard, kechinmalar voqeani o‘ziga bo‘ysundirishi bilan o‘ziga xoslik, ajib uyg‘oqlik, maftunkorlik kashf etadi.

Uning “O‘limning rangi”, “Kovak”, “Yig‘i”, “Bolalar” kabi qissalarida hayotiy ikir-chikirlardan katta falsafiy mantiq chiqariladi, o‘quvchini tafakkur sarhadlariga etaklaydi, mushohadaga chorlaydi.

Bizningcha, “Xayyom” romani nafaqat adibning, ayni choqda o‘zbek milliy adabiyotining ham mustaqillik yillaridagi jiddiy muvaffaqiyatidir, desak, yanglishmaymiz. “Sharq yulduzi” jurnalining keyingi sonida chop etilayotgan “Qurb” romani esa adabiy jamoatchilikda katta hayajon uyg‘otsa, ajab emas.

Bugun Nabi Jaloliddin avji kamolot davrida. Biz adibdan istiqlol farzandlarining ezgu niyatlari, izlanishlari, ajdodlar an’analariga sodiqligi tarannum etilgan ajoyib asarlar kutishga haqlimiz.

— Nabijon, keling, suhbatimizni shunday boshlaylik: mana, siz nazmu nasrda bab-baravar ijod qilasiz, ta’bir joiz bo‘lsa, har ikki jarayonning ham hadisini olgansiz. Bu sizda qanday kechadi va u sizga qanday “imtiyozlar” beradi?

— Nazm-u nasrni men quyidagicha ta’riflayman: nazm – bu birinchi muhabbatga o‘xshaydi. Qalbingni tuyqus ishg‘ol etadiyu larzaga soladi, betakror tuyg‘ularga, ehtiroslarga oshno etadi. Keyin esa bir umr har eslaganingda bag‘ring hapriqib, xo‘rsinib-xo‘rsinib, entikib-entikib yuraverasan.

Nasr esa go‘yoki turmush o‘rtog‘ingdek. Unga alohida e’tibor, uzoq yillik sabr, sadoqat lozim. Aks holda oila barbod bo‘lishi mumkin. Axir nasrda oylab, yillab chidam bilan ter to‘kishga to‘g‘ri keladi-da.

She’rsiz yasholmayman. Roman yoki qissalarimni yozish jarayonida ham birdan she’r “to‘lg‘og‘i” tutib qoladi. SHunda agar qog‘ozga to‘kilmasam, bag‘rimga “jabr” bo‘ladi. Beradigan “imtiyozi” esa, ulug‘ ustozim, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov e’tirof etganidek, “oz so‘zda ko‘p ma’nolarni anglata olishda” qo‘l keladi. Men nasrning siqiq so‘zlaguvchi shoiri, nazmda esa oz so‘zi ulkan ma’nolarni ortqilagan faylasuf bo‘lsam deyman.

— Sizga qaysi biri yaqinroq?

— Har ikkisi ham. Nasr “og‘ir karvon”, u yozuvchini sabr-bardoshga, uzluksiz og‘ir mehnatga o‘rgatadi (shu erda bir gap: bizning fe’limizda tezlik bor deguvchilar bitta roman, hech yo‘q, bitta hikoya yozib ko‘rsinlar. Ana shunda bardoshimiz chegarasini anglasalar, ajab emas). She’r esa har kuni zarur bo‘lgan nafas mashqi, so‘z gulzoridagi tonggi sayrdek. She’rni nafasdek, nafas olayotgandek yozishni orzulayman.

— Sharqning buyuk faylasufi, shoiri Umar Xayyom haqidagi romaningiz bosilib chiqdi. U haqda poytaxtda ham, o‘zimizda ham iliq gaplar aytilyapti. Bu oson ish emas, albatta. Ayting-chi, butun dunyo tan olgan shunday alloma haqida asar yozishga qanday jur’at etdingiz?

— Xayyom hazratlari haqida yozishga uzoq tayyorgarlik ko‘rdim, uzoq vaqt material yig‘dim. Hal qiluvchi fursat kelishini kutdim. Romanda aytilganidek, inson umrida shunday bir lahza bo‘ladiki, uni payqay olgan kishi mangulikni his etadi. Ana o‘sha hal qiluvchi on inson umrining mohiyatini tashkil qiladi. Bu mashq-romanimni “Katta she’r” deb atagim keladi. Uni shu qadar ehtiros, ilg‘om va zavq bilan yozganman. Jur’atga kelsak, bilmadim, Allohdan bo‘lsa kerak-da. Har holda fe’limdagi dangallik asqotdi shekilli. Yozib bo‘lib, matbuotda e’lon qilingandan keyingi “vahima”ni esa o‘zim bilaman.

— Asarlaringizda, ayniqsa, hikoyalaringizda vatanparvarlik tuyg‘usi ustun, balqib turadi. Bunga qanday erishasiz va siz uchun Vatan o‘zi nima?

— Avvalo, shuni aytmoqchimanki, biz keyingi paytda Vatan haqida ko‘p gapirib, uni siyqalashtirib yuborgandekmiz. Endi Vatan haqida ozu soz gapirishni o‘rganishimiz kerak. “Bayroq”, “Vatan”, “Tuproq”, “Mustaqillik”, “Do‘ppi” kabi hikoyalarim ana shu istak yo‘lidagi urinishlarim mahsulidir.

Men hamon o‘zimning Jonobod atalmish qishlog‘imda yashayman. Uyimning chor-atrofi suv-anhor, daraxtlar. Mana shu suvlardan icha-icha, daraxtlarning totli ifori ufurgan havolardan simira-simira, biroz shoir, biroz yozuvchi bo‘ldim. Ularda ota-onamning tafti, izlari bor. Biroz sodda, biroz mug‘ombir, qishloqigina hamqishloqlarimda rahmatli ota-onamning istarasi, mehri mujassam. Shu mening Vatanim! Men O‘zbekistondan va hatto qishlog‘imdan tashqarida yasholmasligimni aniq bilaman. Ishonasizmi-yo‘qmi, bir narsani yozmoqchi bo‘lsam, uzoq o‘ylab yuraman va u maromiga etib, bo‘g‘zimga yig‘i tiqilgandagina yozishga o‘tiraman.

— Farzandlaringizga qanday tarbiya berasiz?

— Alohida usulim yo‘q. Umuman tarbiya berish degan tushunchaning o‘zi, nazarimda, mavhumroq, yuzakiroqdek tuyuladi. Meni qattiqqo‘l ota, deyishadi. Bo‘lsa bordir. Ammo ichimda hamisha erib-erib turaman. Uch o‘g‘limga doimo, eng avvalo, haqiqiy erkak bo‘linglar, deyman. Erkaklik, otalik – bu oliy unvon. Uni oqlash va u bilan faxrlanish kerak. Iymonni asrash, Vatanni sevish haqida ham ko‘p gapiraman.

Bilasizmi, bix tarixiy burilishlar, shakllanishlar davrida yashadik, yashamoqdamiz. Bunday davrlarda buyuk shaxslarning dunyoga kelishi tarixdan ayon. Bu keyinroq oydinlashadi. Keling, gapim balandparvozlashib ketmasin. Lekin biz baribir baxtli odamlarmiz. Chunki Vatanimiz mustaqilligini ko‘rdik, uning mustahkamlanishida ishtirok etmoqdamiz. Farzadlarim ham shuni anglasa, deyman.

— Jurnalistika hayotingizda qanday o‘rin tutadi?

— Jurnalistlik mening kasbim, tirikchiligim manbai – bu birinchidan. Asosiysi esa hozirgidek buyuk o‘zgarishlar, bunyodkorliklar davrida u juda asqotadi. Publitsistika so‘zni o‘z vaqtida aytishning tezkor vositasi, ta’bir joiz bo‘lsa, zamon bilan hamnafas yashashdir. Jurnalistik faoliyatim bugungi ulug‘ ishlarga qo‘shayotgan kamtarona ulushim bo‘lsa, ajabmas.

— Nabijon, mana 50 yosh ostonasida turibsiz. Xayolingizdan nimalar kechmoqda?

— Umr bir nafaslik ekanini anglab bormoqdaman. Umr bo‘yi nimalarnidir yozib-chizdim, ammo hozir hech narsa qilolmagandekman. Bu dunyoga kelishu ketishdan ma’ni ne?

Biz bir-birimizni ayamaydigan bo‘lib ketyapmiz? Odamlar bir-birlarini ayasalargina, dunyo omon qoladi – bu aniq!

Yana hozir onajonimni juda-juda ko‘rgim kelyapti. O‘tib ketgan aziz ustozlarni sog‘inyapman…

 

Suhbatdosh: Abdumutal Abdullaev

 

“Andijonnoma” gazetasi, 2012-yil 2-may sonidan olindi.