Ko‘zlaringga oy cho‘kkanmidi
Qulog‘ingga aytganda azon?
Tanlaganim nom ko‘kdanmidi –
Bir yorishdi bu ko‘hna qozon.
Cho‘kkan oyning nurin tarayman,
Azim Turon tebranar beshik.
Bobolarning bo‘yin qarayman,
Borayotir ko‘k toqin teshib.
Ummatisan Nabiyullohning,
Ozodlikning quli otang bor.
Nazarlari tushgan Ilohning
Nasib bo‘lmish senga shu diyor.
Temur desa, siltanar zamin,
Kipriklari titrar samoning.
Turkiy yurtning temuriy kamin
Bir zarracha to‘ldirsin joning.
Senga tikkan orzularim cho‘ng,
Tangri o‘zi aylamasin xor!..
O‘, Turkiston, Nabilardan so‘ng
Elka tutgan Temurlaring bor!..