Ko‘nglim bilan yasholmadim, nima qilay?
Ko‘ngil berdim ko‘ngil bilmas odamlarga.
Onajonim, sinovgami yoki atay
Yolg‘iz tashlab ketdingiz-a shu damlarga!
Ko‘nglim bilan yasholmadim, nima qilay?
Faqat sizni sog‘inmoqqa yetdi kuchim.
Onajonim, yuragimni qilayin nay,
Qonim bilan chalay nafas olmoq uchun.
Ko‘nglim bilan yasholmadim, nima qilay?
So‘ngaklarim zirqiratdi dunyo degan.
Onajonim, ota-ona yo bildirmay
Dunyo berib, ketib qolgan dunyo ekan.
Onajonim, mana shu men – lim-lim ko‘z yosh,
Shoirsan, deb qo‘llarimga tutdilar may.
Toshlarini qumlar etib toldi bardosh,
Ko‘nglim bilan yasholmadim,nima qilay?
Onajonim, tiz cho‘kib, yer timdalayman,
Diydor deya piyolada jonim tutay.
Sog‘inchimda dunyolarga o‘t qalayman,
Ko‘nglim bilan yasholmadim, nima qilay?
Men siz bilan yasholmadim, nima qilay?!..