Onam kelar

(Mana bir oydirki, ko‘chamizdan boshida bir tugun o‘t ko‘tarib kelayotgan, terga botgan onam ko‘zimdan ketmaydi.)

Kelar onam,

Qora Oy onam,

Kuyib ketgan Quyosh suqlanib.

Bag‘rimdagi sanchiq joy — onam,

Zahmat uchun tuqqan tuqqani.

 

Yo‘l onam-a,

Qora loy onam,

Loylanganim olam yoshidan.

Barmoqlari o‘rik shoxi ham

Kumush soylar oqar boshidan.

 

Onam kelar,

Bechiroy onam,

Xunukkinam — olamga charog‘.

Tortilganim tarang yoy — onam,

Olov ko‘zim, men cho‘kkan qarog‘.

 

Onam kelar,

Har kuni kelar,

O‘tlar yorib mozorlarini,

Chor tarafni yashilga belar,

Sochib dunyo ozorlarini.

 

Yashil ekan alamning rangi,

Buncha yashil sog‘inch degani!

Bahor kelar bir oydan beri

Yashil ko‘zlarimga to‘lgani…

 

Onam kelar,

Qora Oy onam,

Men intizor, ko‘zim — tilanchi!

Bag‘rimdagi yashil joy — onam,

Kelar ikki dunyoni yanchib!..