Yana bahor keldi. O‘rik shoxida
Pushti kapalaklar yordilar pilla.
Yana diydirashib gohi-gohida
Yomg‘irda loylarga belandi kunlar.
Ana, alvon-alvon qizg‘aldoqlarning
Ranglari ko‘rindi qizlar yuzida.
Tunlar uyqularni quvgan ohlarning
Olovlari yondi ular so‘zida.
Yana muhabbatdan entikar yurak,
Yoshlarin unutib qo‘yar kattalar.
Dillarda osmoniy momaguldurak,
Bag‘rni yormoqni ko‘zlab sattalar.
Bahor!.. Bahor!..
Shunchalar go‘zal!
Onajon, men sizni ketdim sog‘inib.
Sizsiz bahorlarim xazondek to‘zar,
Sog‘inchlar yemirib sabrim tog‘ini,
Men sizni sog‘inib ketdim, onajon!..