Otam daryo edi,
Kattakon daryo,
Mening tushlarimda ayqirib oqqan.
Bu yolg‘iz daryoga suyangan dunyo
O‘tli ko‘zlarimga oqarib boqqan.
O‘, daryo otam-a, izingiz qayda,
Tushlardin ham ayro o‘zingiz qayda?
Otam chinor edi,
Kattakon chinor,
Yaproqlar o‘rnida mevalar bitgan.
So‘lim soyalari umrimga xumor,
Quyoshdan oltinrang ipaklar tutgan.
O‘, chinor otam-a, izingiz qayda,
Tog‘lardan viqorli o‘zingiz qayda?
Agar sanayversam
Buyuklik timsol.
Yo‘q, faqat o‘ziga o‘xshagan otam.
Bir hovli qoshiga darvoza inson,
Bir o‘g‘il suyansa, suyamish Vatan.
O‘, yetti yoshimga armon otam-a,
Makoni yermi yo Osmon otam-a?!.