Yo‘l chetida tebrangan maysa
Otangmidi, onangmidi, ayt?!
Ko‘zlaringga ignalar saysa,
Otangmidi, onangmidi, ayt?!
Ortda mudom yuksalayotgan tog‘,
Mevalari shig‘il-shig‘il bog‘,
Paymonangdek limmo-lim qarog‘,
Otangmidi, onangmidi, ayt?!
Kim biladi sog‘inchlaringni,
Tunlar qo‘msar ovunchlaringni.
Ustunlaring yo sinchlaringmi,
Otangmidi, onangmidi, ayt?!
Siypalaysan uy, devorlarin,
Eritmoq-chun ko‘ngil qorlarin.
Izlaganing endi zorlanib,
Otangmidi, onangmidi, ayt?!
Bahorlari umringning so‘lim,
Hayotingning oylari to‘lin,
Hatto sevib ulgurgan o‘lim
Otangmidi, onangmidi, ayt?!
Xudoyimning juft yolg‘izlari,
Yuragingda qolgan izlari,
Ko‘kragingni tirnoq izladi,
Otangmidi, onangmidi, ayt?!
Buziladi goho tushlaring,
Ko‘rding ham va qo‘lin ushlading.
Dod deysanu uchar xushlaring,
Otangmidi, onangmidi, ayt?!
Tuyquch yeldek yuzlaring silar,
Qulog‘ingda qiqirlar, kular,
Ko‘zingni och, yo‘qsa, kim bilar,
Bolangmidi…
Bolangmidi, ayt?!
Yo otangmi, onangmidi, ayt?!