O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 60 yilligiga
Ijodkorning baxti o‘z asarlari bilan xalq mehrini qozonishida, Vatani e’tirofiga sazovor bo‘lishidadir. Uning asarlari ikkinchi umrini yashay boshlasa, bu endi yuksak saodat, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Muhammad Yusuf ana shunday maqomlarga tom ma’noda erishgan shoir.
Istiqlol yillarida muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan muhim va hayotbaxsh farmonu qarorlar mamlakatimizning gullab-yashnashida, xalqimiz turmushi farovonligining ortishida, umuman, barcha sohalardagi islohotlarning bardavom bo‘lishida asos bo‘lib, o‘zining tarixiy xizmatini o‘tab kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2013-yil 27-dekabrdagi «O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 60 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi Qarori ham xalqimiz kutgan hujjat bo‘ldi. Undan nainki ijodkorlar, balki barcha yurtdoshlarimiz quvonch hissini tuydi. Bu ijodkorga berilgan yuksak baho, Muhammad Yusuf timsolida butun milliy adabiyotimiz, she’riyatimizga qaratilgan oliy e’tibordir.
Muhammad Yusuf chinakam xalq shoiri edi. U mehnatkash va bag‘rikeng, sodda va saxiy xalqining issiq quchog‘ida o‘sib-ulg‘aydi. Sharqiroq anhorlar suvidan qonib-qonib ichib, gulu chechaklari, yalpizlari kabi tuprog‘ini ham to‘yib-to‘yib hidlab, taniqli shoira aytganidek: «Andijonning qoramag‘iz bolasi»dan haqiqiy millat shoiriga aylandi. Uning she’rlarini o‘qisangiz, bironta yolg‘on, soxta satr topolmaysiz. Shu qadar sodda, samimiy, ohangdor va dilga yaqin yozardi u. Misralari juda tez xotirada muhrlanib qoladi. Go‘yo har birimiz o‘ylab yurgan gaplarni aytayotgandek tuyuladi. Shoir bag‘rini daryo kabi oqizib yozar va o‘quvchi ko‘nglini ham sel-sel qilib yuborardi. Muhammad Yusuf qalbi dardga to‘la edi: u Vatanning, xalqning, go‘zallikning oshig‘i bo‘lib yashab o‘tdi. Ijoddagi chinakam xalqchillik shu emasmi, axir!
Bir yili «Andijonnoma» gazetasida shoir bilan suhbat uyushtirilgandi. Suhbatda muxbirning «Andijonlik yosh shoirlardan kimlarni tilga olgan bo‘lardingiz?» degan savoliga «Andijonda Nabi Jaloliddin degan juda tortinchoq yigit bor. Agar yurtdoshlari qo‘llasa, u katta shoir bo‘ladi», deb javob bergandi. Bu o‘sha paytda mashhurlikning avvalida turgan shoirning e’tirofi edi. Men esa unda o‘z qishlog‘imdagi o‘rta maktabda ishlardim. «Tamom, endi shoir bo‘lolmayman, adabiyotga kirolmayman, qolib ketdim», deya o‘ksinib, iztirobda yurgan paytlarim. Suhbat chiqqan gazetani birov ko‘tarib keldi. Uqigach, ne ahvolga tushganimni o‘zim bilaman. Muhammad Yusuf shu qadar e’tiborli, samimiy edi. Demak, u mening yozganlarimni matbuotda uqib, kuzatib yurgan.
Ilk bor tanishishimiz esa Toshkentda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda kechgan. O‘shanda ulug‘ shoirimiz Shavkat Rahmon nashriyotning bosh muharriri edi. Xonasiga kirsam, o‘sha eski divanda Muhammad aka o‘tiribdi. Ikkalasi bilan so‘rashib, yoniga cho‘kdim. Avvaliga u meni tanimadi. Shavkat aka bo‘lsa hazillashib, «Bu yigitni tanidingizmi?», deya so‘radi. Muhammad Yusuf menga bir qaradi-da, «yo‘q», dedi jilmayib.
— Axir mo‘ylovni faqat anjanliklar qo‘yadi-da (unda Muhammad aka ham mo‘ylov qo‘yardi), — deya kuldi Shavkat Rahmon, — Andijondan — Nabi Jaloliddin!
Muhammad aka sal bo‘lsa-da begonasiramay, men bilan quchoqlashib ko‘risharkan, «bilaman, taniyman», deb qo‘ydi. Shundan so‘ng iliq munosabatlarimiz boshlandi.
Ochig‘ini aytish kerak, Muhammad Yusuf Vatanni, istiqlolimizni baland pardalarda kuyladi. Uning yuksak ehtiros bilan bitilgan Vatan, mustaqillik, xalq, haqidagi she’rlari qancha yoshlarni shoir, qancha hofizlarni hofiz qilganini-ku qo‘ya turing, navosozlar timsoli bulbulni ham lol etgani aniq. U Vatanni ana shunday kuylab yashadi.
Uning tug‘ma shoir ekanligiga ko‘p bor amin bo‘lganim ham rost. Bir gal, biz — ikki yosh shoir ustozning uyida u bilan gaplashib o‘tirgandik. Bir payt ilhom kelib qoldi shekilli, «qog‘oz ruchka ol», dedi. U tamaki tutatib, xonada u yoq-bu yoqqa yurib, goho qo‘llari titrab, she’r aytar, biz yozib borardik. Qizig‘i, masalan, avvalo she’rning to‘rtinchi catrini aytsa, keyin birinchi satrini aytar, so‘ng oltinchi yoki o‘ninchi misrasiga o‘tib ketardi. Odatda, biz bilgan she’rlar bir boshdan yozilardi. U esa… Xullas, ana shunday «sakrashlar» bilan Vatan haqidagi misralari — sadafday she’r yaraldi. Biz esa shoirning xotirasidan, chin shoirligidan hayratda o‘tirardik.
Muhammad Yusuf mahalliychilikni yomon ko‘rardi. «Men o‘zbekistonlikman, o‘zbekman denglar», derdi yoshlarga. To‘g‘ri, bu vatanparvarlikning oliy nuqtasi, yuqori pog‘onasi. Lekin kishi o‘z qishlog‘i yoki viloyati bilan samimiy faxrlansa, buning hech qanday aybi yo‘q,. Shu ma’noda, shoir o‘z qishlog‘ini, umuman, Andijonni jud yaxshi ko‘rardi, ular bilan faxrlanardi.
Muhtaram Yurtboshimizning mazkur Qarori biz andijonliklar uchun ikki karra qadrliroq bo‘lganidek, zimmamizga ulkan mas’uliyat ham yuklaydi. O‘ylaymizki, yozuvchilar va jurnalistlar uyushmalari, barcha ta’lim idoralari, «Kamolot» YIH, «Mahalla», «Nuroniy» jamg‘armalarining viloyat bo‘limlarida viloyatimiz hokimligi boshchiligida qaror ijrosi bo‘yicha keng qamrovli rejalar, dasturlar amalga oshiriladi. Shoirning 60 yillik yubileyi yurtimizda bayramona ruhda, xalqimizning bevosita ishtirokida yuksak saviyada o‘tishiga shubha yo‘q.
Muhammad Yusuf juda qisqa umr ko‘rdi. Ammo o‘z xalqi qalbidan abadiy joy oldi. Bir safar uning o‘ta xalqchil shoirligiga ishora qilib, «Siz o‘zbekningYeseninisiz», desam, ataylabmi, qovoq uyganday bo‘ldi. Keyin uni ruhlantirgim kelib, «Yesenin o‘risning Muhammad Yusufi” degandim, bolalarday quvonib ketdi. Aslida bu unga berilgan haqqoniy baho edi.
Topgan o‘limini qarang: O‘zbekistonning u chekkasida minbarda she’r uqiyotib, olamdan o‘tdi va Vatanning bu chekkasiga — Andijonga olib kelinib, dafn etildi. Bu ham Allohning nimagadir ishorasi emasmi, sizningcha? Ha, Muhammad Yusuf o‘z she’riyati bilan butun O‘zbekistonni, xalqimiz qalbini tom ma’noda zabt eta oldi.
«Milliy tiklanish» gazetasining 2014-yil 29-yanvar sonidan olindi.