Yaqinda Samarqandda bo‘ldim. Mamlakatimizning hamma joyida bo‘lganidek, obodonchilik ishlari bu erda ham avjida. Bugun bu haqda gapirmoqchi emasman.
Uch kishi shaharni aylanib yurib, Registonga bordik. U erda «Sharq taronalari» xalqaro festivaliga tayyorgarlik ishlari ketayotgan ekan, ichkariga kirolmay, tashqarida biroz tomosha qildik. So‘ng mezbonlar yetovida Registon yonidagi yangi barpo etilgan go‘zal xiyobonga o‘tdik: chindan ham xiyobon bag‘oyat bejirim, did bilan qilinibdi. Ikkita ulkan «toshyo‘lbars» xotirjam yotibdi. Shu payt bir ajnabiy ayol bizga murojaat qilib qoldi. Qo‘lida aji-buji yozuvli bir parcha qog‘oz, chamasi, qaernidir izlardi shekilli. U inglizchalab nimalardir dedi. Qani endi birontamiz tushunsak. U o‘rischani bilmas ekan. Ham izza bo‘lamiz, ham hech narsani tushunolmaganimizdan diqqatimiz oshadi. Axir uchalamiz ham tuppa-tuzuk ziyoli odamlarmiz!..
Ayol «Mustaqillik, mustaqillik» deydi-da, yana nimalarnidir gapiradi. Shu payt yonimizdan onasi bilan o‘n yoshlar chamasidagi bola o‘tib qoldi.
— Hey bola, buyoqqa keling! — deb yuboribmiz uchovimiz baravar.
Chindan ham bolakay inglizchani suvday bilarkan, chug‘ur-chug‘ur qilib lahzada ayol izlayotgan «Mustaqillik» degan manzilni tushuntirib berdi. Men esa unga havas ila boqarkanman, Mustaqillik sharofatini dil-dilimdan yana bir bor his qildim.
Bayram arafasida muhtaram Yurtboshimiz Toshkentning bir qator joylarida olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi, o‘zining qimmatli maslahatlarini berdi. Jumladan, yangi vagon quyish zavodida ham bo‘ldi. Bu korxonaning ulug‘vorligi, dunyo miyoqsidagi betakrorligi, iqtisodimizda tutgan salmog‘i haqida gapirib o‘tirmayman. Meni boshqa yana bir narsa ham hayratga soldi: muhtaram Prezidentimiz korxona ishchilari va rahbarlari bilan bu sohani puxta bilgan mutaxassis kabi bemalol gaplasha oldi, hatto ba’zi narsalarni o‘rgatdi ham. Shunda Yurtboshimizning yoshlar haqida takror-takror gapirishlari bejiz emasligini tushundim. Demak, yoshlarning bilimli, dunyoqarashi keng, dunyo xalqlari bilan ularning o‘z tilida gaplasha oladigan bo‘lishini istar ekan. Aslida bu orzularimiz allaqachon o‘z ro‘yobini topib bormoqda.
Yaqinda yo‘lovchi mashinada safarga jo‘nadim. Hamrohlarim uch nafar yosh yigit bo‘ldi. Tamaddi qilmagan edim, ma’lum masofaga etgach, choy-poy ichib olishni taklif qildim. Yigitlar tadbirkor ekan. Biri uta zarur ishi borligini, vaqti yo‘qligini aytib, uzr so‘radi. Men tushundim. Lekin hazillashib:
— Biz mustaqillik uchun kurashib, tiklab, siz yoshlarni shunday yorug‘ kunlarga olib kelib qo‘ysagu, sizlar bir og‘iz gapimizni olmasanglar, — dedim.
Haligi yigit qizardi, xijolat tortdi-da,
— Uzr, aka, beodoblik qildim. Chindan ham sizlar biz uchun katta ishlar qildingiz, — dedi jiddiy va qo‘shib qo‘ydi: — Shopir aka, mashinani to‘xtating, ish qochib ketmaydi!
Mening bo‘g‘zimga yig‘i keldi: shunday gaplarni eshitadigan, ya’ni katta avlodning mehnatlari samimiy e’tirof etiladigan kunlarga ham etdik-a!..
Onam rahmatlini sog‘inib-sog‘inib eslayman. Agar hayot bo‘lganida meni, Vatanimiz va xalqimizni, Yurtboshimizni har kuni duo qilgan hamda shunday yorug‘ kunlarga yetkazganiga shukronalar keltirgan bo‘lardi. Biz esa tilak qilaylik: ilohi, mustaqilligimizga, obod Vatanimizga ko‘z tegmasin, bizni ham keksalikka etkazib, nevara-chevaralarimizni duo qilib yurish nasib etsin!
«Andijonnoma» gazetasining 2013-yil 4-sentabr sonidan olindi.