Turkiston armoni

Pomir tog‘lariga tutash Tiyonshon,

Qoraqum cho‘llari, qozoq dashtlari.

Bir yon Farg‘ona-yu bir yon Zarafshon-

Turkiston armoni,

Turon ashklari.

Bobolardan meros oltin tojligim-

O‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojigim.

 

 Ajdodlar qonidan ungan cho‘ng daraxt,

Ko‘klarni ko‘targan novda-shoxlari.

Olam hayrat ichra qolgandi karaxt

She’rla el boshqarsa podishohlari.

Birlashmoqdan qo‘rqib, tarqoq turganim –

Tojik, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkmanim!

 

Navoiy hayqirdi deya «oh, Turon!»,

Elga uchdi so‘zi Abay boboning.

Rudakiy qon yutdi, Mahtumquli qon,

Tushdek kechdi umri Dodho momoning.

Egilmagan boshim, bukilmas tizim-

Turkman, tojik, o‘zbek, qozoq, qirg‘izim!

 

Bukilmagan tizim, vale sochqinim,

Temur bayrog‘ini olmagan, hayhot!

Titilgan bir tanim, o‘zdan qochqinim,

Buyuk saltanatni aylagan barbod.

G‘animi o‘ziga qo‘ygan tuzog‘im –

Qirg‘iz, turkman, tojik, o‘zbek, qozog‘im!

 

Shiddati qani, hey, ona Bo‘rining,

Besh barmoq birlashsa musht bo‘lar axir!

Tuprog‘i ko‘pchidi ajdod go‘rining,

Birliksiz buyuklik tush bo‘lar axir!

Tuproqdek soddamu turkiy so‘zdegim –

Qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik, o‘zbegim!

 

Ona Turkistonim, ona Turkiston,

Sarhadlaring tiklay kipriklarimda.

Shavkating armondir!..

Oh, nechun armon

-Qolgan asrlarning ko‘priklarida?!

Asli bir millatim, nasli oliyim –

Turkim, turonligim, Turkistoniyim!..