Tushlarimga kirar ozodlik,
Uyqularim o‘g‘irlaydi erk —
Lov-lov yonayotgan alanga
Chor atrofi zulmat bilan berk…
Bo‘rilar uvlaydi,
Bo‘zlar bo‘rilar
Qaro-qaro tunni yopinib.
Kechani yamlagan tili olovning
Shu jimitdek jur’at qotili.
Quchvolgisi kelar olovni
Yuzlarini yuziga bosib.
Ko‘zlarida o‘t yongan zotlar-
Balki tabiatning xatosi.
Buncha suvrat,
Buncha vajohat,
Tishlarning qatida ezilar dunyo.
Bag‘riga qanchalar yarashur olov,
Undan qochmoq bo‘lib kezinar u, vo!.
Sakra!
Sakrasangchi, ey, ona bo‘ri!
Uvlagan bo‘g‘izlar bo‘lsin mo‘rilar.
Bitta-bitta o‘lgandan ko‘ra,
Yonib ketsin gala bo‘rilar!..