Uf-ff!.. (nazmiy esse)

Siz azizlarning qarshingizda “uf-f”lamoq odobsizlik ersa-da, uzr ila bosh egib, ushbuni shunday nomladim.

O‘zbekning atoqli shoiri Rauf Parfining 60 yillik to‘yiga ehtirom ila bag‘ishlayman.

MUALLIFDAN

Ushbu doston 2001-yili Rauf Parfining 60 yillik yubileyiga atab yozilgan edi. Ustoz o‘sha payt bu essening qo‘lyozmasini ko‘rgan, lekin uni chop etish nasib qilmagan edi. Mana, oradan 10 yil o‘tib (2013-yili), ustozning 70 yillik to‘yiga atab, mazkur nazmiy esseni Sizning hukmingizga havola etmoqdamiz.

 NAZMIY ESSEDAN KEYIN KELGAN BAG‘ISHLOV

 Darvish kelar ming‘irlab,

Yo Hu! Yo Hu!

Ey, yuragi qing‘irlar,

Yo Hu! Yo Hu!

Boshidagi kulohi,

Yo Hu! Yo Hu!

Tog‘ni yopgan matohi,

Yo Hu! Yo Hu!

 

Yuho-yuho dunyoni

Kashkuliga jolagan.

Xirqasini yopinib,

Tosh bolishni xolagan (xohlagan).

Darvish kelar ming‘irlab,

Ey, yuragi qing‘irlar,

Yo Hu! Yo Hu!

 

Ollohning bir jazbasi

Poshshoni xor aylagay,

Ollohning bir jazbasi

Og‘ochni dor aylagay.

Darvish kelar ming‘irlab,

Yo Hu! Yo Hu!

 

Titroq kelsa olamni

Siqib-siqib qilar suv,

Suvni sizib-sizg‘ilab,

Zardobini ichar u,

Ey, yuragi qing‘irlar,

Yo Hu! Yo Hu!..

 

BIRINCHI BOB

1

 

“Rau-uff!…”, dedi o‘shanda Vatan:

Dalalar qoraydi qaqshab,

Jimgina quridi dengizlar.

 

“Rau-uff!”, dedi va yana Vatan:

Yalang‘och qoldilar daraxtlar

Barglarini shamollar yamlab.

 

“Rau-uff!”, dedi qaydadir Ona:

Sog‘inchlar sanchildi samoga,

Uchdilar sanoqsiz yulduzlar.

 

“Rau-uff!”, dedi va yana Ona:

Dunyoning izlari qoraydi,

Osmonda qora Oy, qora Oy…

 

“Rau-uff!”, dedi tag‘in nimadir:

“Rau-uff!… Rau-uff!..”, dedilar,

Qulog‘i teshildi kunlarning.

 

“Ra-a…” — charchadi zaminu samolar…

“Uf-ff!..”, dedi qartaygan Turkiston,

Bir sokin dovullar turdilar.

 

O‘v, ona Turkiston, shoir Turkiston!

Kel, bir she’r o‘qiylik yurakdan,

Shoirlar tug‘ilsin sher kabi…

 

Uf-f!.. Uf-f!.. Uf-f!..

 

2

 

Uxlar edi jimgina Qoya,

Boshiga oppoq qor yopinib.

Nafas ham olmasdi bechora,

Qo‘rqardi —

Turmasin tog‘lar otilib.

Qo‘rqardi tog‘lar uyg‘onishidan,

Ko‘chkidan qo‘rqardi,

Qo‘rqardi!

Bo‘ronlar kelganda guvillab,

Bo‘g‘zida yumshardi dardi.

Jimgina,

Tomog‘in ho‘llash-chun

Lablarin tishlardi,

Chetidan

Havolar yutardi yutoqib,

Xo‘rsinib qo‘yardi ketidan.

Lablarin tishlardi.

Lablari

Qonardi yorilib-yorilib.

Quyiga o‘rlagan qon-jilg‘a

Jimgina chertardi torini.

Taralar tovushsiz qon-qo‘shiq,

Qip-qizil Qoya-chi — lovullar.

Bir qo‘pchib qo‘yardi

Daf’atan

Dovullar turganda, dovullar…

 

3

 

Qon-jilg‘a kuylagan

Qon-qo‘shiq,

Qon-qo‘shiq

Otilgan qonlardan,

Qoyaning labida yamlangan

Xitobni yashirgin tonglardan!

Tonglari aldoqchi,

Tonglari —

Shahvatdan suzilgan fohisha.

Barchaga jilmayib,

Barchani

Oftobda kuydirar hamisha…

Qon-jilg‘a!..

Qon-qo‘shiq!..

Qip-qizil,

Qip-qizil

Qon Qoya!..

 

4

 

Bir qush samolarda kezadi,

Tog‘u toshni yelpir qanoti.

Osmonning cheti yo‘q,

Dalalar

Bormoqda ufqning bo‘g‘ziga botib.

Daryolar — dunyoning hasrati,

Oqadi bo‘g‘riqib, hapriqib.

Mavsumi —

Tog‘larning poyida abadiy

Tashvishli dunyoning afsuni.

Qush esa beparvo,

Parvosi

Qon-qo‘shiq kuylagan cho‘ng Qoya,

“Qi-iyag‘q-q!..

Qi-iyag‘q-q!..” — ovozi,

Devoni xitobi topmas nihoya.

Aylanar, aylanar,

Aylanaverar,

To‘zonlar ko‘tarib zaminda.

“Qi-iyag‘q-q!..” —

Qush tilida munojotim bu,

Bo‘zlarmi bir parcha Vatan g‘aminda?

Vatan —

Qush qanotin nasiymi,

Vatan —

Munojotdir beun, benavo.

Aytilmagan qayg‘udir Vatan,

Vatan —

Bo‘g‘izlarni sovutgan havo.

 

 

IKKINCHI BOB

1

 

Rauf Parfi nega o‘lmadi?

Nega o‘lmaydi Rauf Parfi?

Hamon tirik,

Hamon tirik u,

Hamon tirik shu Rauf Parfi…

Taniysizmi o‘zi Rauf Parfini?

Tanimasangiz, aytay,

Qani, o‘tiring,

Chordona quring,

Ha-a, bemalol…

Men sizga aytsam, birodar,

Shunaqa shoir bor sochlari oppoq.

Bo‘yi pastak, novcha,

Xullas, o‘zgarib turar.

Shu shoir,

Ha-ha, shu shoir

Oltmishga kiribdi pismayib olib,

O‘lmabdi!..

Nega o‘lmaydi axir?

U ulug‘ shoir-ku, ulug‘!..

O‘risdan — Pushkin, Lermontov,

O‘zimizdan — Cho‘lpon, Nosirlar,

Aqdan esa — Bayronu Lorka,

Yana qancha-qancha ulug‘lar

Qirchinida qiyrilgan axir!

Nega tirik hamon bu shoir?..

 

2

 

Rauf Parfini o‘ldirish kerak,

O‘ldirish kerak Rauf Parfini…

Yo‘llasakmi erksiz ellarga —

Hur so‘z uchun jon talosh bo‘lgan,

Hokimi mutlaqlar hukmidan titrar

Xalqlarning bag‘riga otsakmi uni?

Yoki jo‘natsakmi ayolu go‘dak

Urushdan dod solgan sho‘rlik yurtlarga.

Unda she’r yozardi bu shoiri zor

Urush haqida.

Ko‘zyoshlar haqida.

Har holda o‘sha yoqlarda

O‘lib ketarmidi

Otilibmi,

Osilibmi,

Chopilibmi,

So‘yilibmi,

Ko‘milibmi,

Ne bo‘lganda ham bir balo bo‘lib.

U esa oltmishga kirsa,

Ozod Vatanda pismayib olib.

O‘zbekiston xalq shoiri

Rauf Parfi…

 

3

 

Rauf Parfi ham bola bo‘lgan,

Go‘dak deyman-da.

Hovlidagi kichkina bog‘ning

O‘rik, olmasiga bog‘langan

Chitta qopli belanchagida

Chalqancha yotardi podshoh bo‘lib.

Ikki-uchdamidi o‘shanda yoshi…

Har holda g‘ujjo-g‘uj barglar oralab

Osmonni topardi bemalol.

Yo‘q,

Uning boshiga tushmadi olma,

Hatto o‘rik ham.

Faqat unda qushlarni ko‘rdi,

Yaproqlarni likobcha qilib

Qo‘shiqlar kuylagan qushlarni.

Ha, ular sayrardi “chug‘ur-chug‘ur”lab

Jimitdek bolaning quloqlariga

Samoviy falsafa durlarin quyib

Qanotli oshiqlar tilida.

Yotaverdi shundayin Rauf

Osmonga termulib,

Qushlarni tinglab.

Keyin ne bo‘ldiyu turdi o‘rnidan.

Qorni bilan sidirilib

Tushib keldi belanchagidan

Va yugurdi o‘choq boshida

G‘imirlagan onasi tomon.

— Oyi, — dedi qichqirib Rauf, —

Men shoir bo‘laman, oyijon!

Ona lolu yoqasin tutar,

Bir qarich bolaning so‘zlaridan

Shoshgancha aqli, qotadi hayron.

— Shoir neligini bilurmisan, bolam? —

Deya yelkasidan tutar onasi, —

Aqling yetadimi o‘zi bu gapga?

— Shoirlar osmonda uchib yuradi,

Sayrashar daraxtning shoxiga qo‘nib

“Chug‘ur-chug‘ur, chug‘ur-chug‘ur”!..

 

4

 

Nihoyat ulg‘aydi o‘shal jinqarcha,

Tuppa-tuzuk shoir ham bo‘ldi.

Endi uni taniy boshladi

O‘z yurtida, o‘zga yurtlarda…

Qay kun edi

O‘ris shoiri

Yo‘qlab keldi uni tuyqusdan.

Bir-ikkita “oqi”dan “so‘yib”,

Mehmon qildi shoir ham xursand.

So‘ng suhbat qurdilar hayot haqida.

She’riyat haqida.

Millat haqida.

Ko‘proq savol berdi shirakayf mehmon:

— Почему ты много пьешь, Рауф?

— Потому что она горькая.

— Почему тебя зовут Рауфом?

— Потому что у нас когда устает,

Что нибуд надоесть или,

От глубины сердца скажут

“Uf-f!..”

(Как у вас, не знаю.)

Так что этот надземной мир

Пока скажет “Ра”

Учтанет от меня

И выдохнет долгий-долгий “уф-фф”.

От этого и получиться “Рауф-ф”…

— Odnako… Axir!..

O‘zbekchani bilaman-ku men.

(Ha, aytganday, Rauf Parfi bilan

Bir bora so‘zlashgan odam

Kitobdami

Yoki tildami,

O‘zbekchalab so‘zlay boshlaydi

O‘rik shoxidagi qushlarday xuddi.)

— Nega endi sochlaring oppoq

Ey, o‘zbekning darvish shoiri?

— Aslida bu sir,

Lekin aytaman.

Men she’r yozardim qaysi bir kuni,

She’r o‘qirdim Turksiton haqda.

Yig‘lardim ham shekilli, bilmam,

Tafsilotlar esimda qolmas.

O‘shanda

Ovutmoqchi bo‘ldimi xalqim

Yoki ayadimi balo-qazodan,

Boshimni siladi kaftlari bilan.

Olov edi bu kaftlar biram,

Lovullardi bu millat zotan.

Cho‘g‘ tekkanday bo‘lib boshimga

Olib qochdim uni kaftlardan.

Olib qocharkanman, uni tuyqusdan

Urib oldim Quyosh ko‘ksiga.

Boshim kuydi,

Sochlarim kuydi

Va oqardi qordayin oppoq.

Shundanmi,

Dalasi ham oppoq o‘zbekning…

— Ha, aytganday, Rauf…

— Savollarni qo‘y endi, do‘stim,

Yaxshisi, kel, olaylik buni.

Achchiq kesar axir achchiqni!..

 

5

 

Allaqaysi muhtasham binoda

Bir kuni

Allaqaysi jamg‘arma yoki

Qanaqadir nomli uyushma

Uyushtirdi ko‘rgazma. Unga

Yig‘ildilar bir to‘p bekorchi.

Shunda edi Rauf Parfi ham,

Axir u-ku buyuk bekorchi.

Kutishardi kimnidir intiq,

Kelarmidi biron kattakon

Ko‘rgazmani ochib bergani.

Bir payt

Bo‘yinbog‘lar qoldi pitirlab,

Tizildilar eshik og‘zida.

Kirib keldi kattakon

Atrofida shotirlar bilan.

Tanir edi uni shoir ham,

Tanigandek u buni.

Har holda u ham

Doxil edi adabiyotga.

Ko‘rgazma ta’rifin qotirayotgan

Yonidagi amaltalabning

So‘zlariga zo‘raki

Quloq tutgan kattakon

Ko‘rib qoldi Rauf Parfini.

Ohori to‘kilgan ko‘ylakda

Mung‘ayib turgan

Soch-soqoli oppoq shoirni.

— Ie, Rauf aka, bormisiz?

Omonmisiz har qalay, aka?

Silliq edi uning so‘zlari,

Yuzlari,

Sarposi,

Silliq edi Kattakonning o‘zlari.

Bir tamshandi

Yumshoq kaftdan

Oriq barmoqlarin olarkan shoir.

— Hamon pul yo‘q, — dedi u, —

Yuz gramning vasli ham tanqis.

Kattakon negadir chog‘landi,

Paypasladi silliq kastimin

Shakli buzilmagan cho‘ntaklarini.

Afsus, puli yo‘q edi uning,

Pul olib yurmasdi cho‘ntagida ham.

Axir pul na darkor

O‘zi davlat bo‘lgach,

O‘zi hukumat?

Kattakon imladi-da yonidagiga,

Jo‘nab qoldi xayr-xo‘sh nasiya.

“Yonidagi” shoirni eltdi

Turfa rangli bufetga sari

Va shipshigach bufetchiga rov,

Kattakonga ergashdi yana.

Yuz gramm araqni quyib bufetchi

So‘rar ekan shoirga, dedi:

— Ne bor sizday alkash odamga

Kattakonlar yurgan bu yerda?!

— Ko‘chalar ham to‘la kattakon,

Qayda yuray,

Ne qilay axir?! —

Dedi shoir xijolat tortib.

So‘ng

Men ham xalq shoiriman.

Demoqchi bo‘ldi,

Lekin uyaldi,

Yo‘q edi guvohnomasi.

Ko‘tardi-da yuz grammni shahd,

Tamshanib-tamshanib qo‘ydi ketidan.

 

6

 

Bir kuni shoirning uyiga

G‘alati shoir keldi.

Qo‘llari to‘la surat

Igna bilan chizilgan.

Yuzi qoramtir-zahil,

Ytaladi muttasil.

She’rlari sodda, lekin

Ehtiros to‘la ekan.

O‘rischa aytilganda.

She’rlar edi “blatnoy”,

Devona yuraklarga

Yoqib tushar misli moy.

Shoir so‘rar shoirdan:

— Qalay uyoqda hayot?

Falon-falon shoirlar

Topmoqda nedan najot?

Chekdi narigi shoir.

Ichdi berigi shoir,

Umidning kallasida

Chiroq yondi haytovur.

— Axir xayol — parizod.

Uni sevar odamzot.

Qul deb qo‘ygach Yaratgan

Kim ham yashardi ozod?

Birov bunda, kim unda.

Yorug‘ ham qaro kunda

Oppoq qog‘oz topolsang.

Tolening bori shu-da.

Tun yarim bo‘lgan payti

Ikkisi o‘zga qaytdi.

Rauf Parfi hov barcha

Shoirga salom aytdi.

Olgach to‘yib xo‘rsinib,

Tark etdilar kursini.

 

7

 

Shoirning xosxonasi.

Ya’ni qabul joyi bor.

“Navoiy-30”ning shundoq yonida

Yalang‘och qahvaxona

Kelganda qadrdonlar

Bo‘lar unga boshpana.

Men ham keldim bir kuni

Ustozni yo‘qlab.

Bilmayman, ushbu suhbat

O‘shanda bo‘lganmidi.

Yoki xayollarimda

Rost kabi unganmidi.

O‘rtada bitta “shisha”.

Ketdik suhbatga tusha:

— Nega ko‘p ichasiz, aka?

— Chekaman yana tag‘in.

— Nega oppoq sochingiz?

— Boshqa rang yarashmaydi.

— Shoir bo‘ldingiz nechun?

— Daraxtda sayramoq-chun

Yursam osmonda uchib.

— Shoirlarni jinni deydilar?

— Ha-a… Undaylar ham bor. —

Aqlsizlar so‘zi bu.

Lekin

Jinni kim o‘zi,

Ya’ni jinli deyman-da?

O‘zga olam bilan so‘zlashadi u.

Demakki, emasdir bizning kemada.

Aybmi shu?

Shoirlar ham ehtimol

Doxildirlar o‘zga olamga.

Balki xilqatdirlar farishta misol…

Oshirvordimmi?..

Ne tong,

Banda banda ekan-da.

— O‘zbekiston xalq shoirisiz?

— Znachogim yo‘qdir lekin.

— Ozodlik nimadir?

— Ozodlik?.. Savollarning kamligi.

Yana tag‘in… Bilmadim…

— Yig‘lab ham turasizmi?

— Vatanimni o‘ylasam.

— Armoningiz ham bordir?

— Vatan.

— Orzuingiz?

— Vatan.

— Quvonchingiz?

— Vatan.

— Andug‘ingiz?

— Vatan.

— Yana-chi?

— Hammasi Vatan.

— Uf-ff!

Uf tortib yubordim daf’atan

Va uyaldim qilmishimdan tez.

Ustoz jilmaydi.

Uf tortardi axir bu maskan,

Yo‘llar,

Avtolar,

Uf tortardi bu shahri azim,

Uyog‘i tog‘lar,

Bog‘lar,

Daryolar,

Va hokazo kazo-kazolar.

Tortar edi olam uf

Tishlari ortidan.

Go‘yoki

Og‘ziga solingandek qulf.

Uf-ff!..

 

8

 

Rauf Parfi nega o‘lmadi?

Oltmishga kiribdi pismayib olib…

 

2001-yil, mart-avgust