Qovurg‘amning ostidagi
Alvon bulog‘imsan, Vatan,
Etmish ikki tomirimda jon –
Boshdin oyog‘im – san, Vatan.
Tanim bo‘lgay chamanzorlar,
Ketib ko‘ngildan ozorlar,
Navolardan hushu behush
So‘rgan so‘rog‘imsan, Vatan.
Navolarda havolandim,
Havolarda sabolandim,
Shirin-shirin bo‘ylar bergan
Mangu uchmog‘imsan, Vatan.
Samolarda ko‘zim qotsa,
Tomog‘imda so‘zim qotsa,
Xudo vasli – me’rojlarga
Eltar Burog‘imsan, Vatan.
Etti falak poyingdadir,
Jumla jonzot qoyimdadir,
Farishtalar majlis tuzgan
Bog‘im – quchog‘imsan, Vatan.
Fidolarga fido joning,
Fidolardan bor marjoning,
Yov ko‘ksiga meney paykon,
O‘zing sadog‘imsan, Vatan.
Seni sevmoq saodatdir,
Sevging tuymoq farog‘atdir,
O‘lar bo‘lsam jismim yopgan
Farhu tufrog‘imsan, Vatan.
Dil topingan joyi sensan,
Vatanlarning Oyi sensan,
Men parvona, meney oshiq,
So‘nmas chirog‘imsan, Vatan!..
Men senu sen Nabidursan,
Bir buyuk she’r kabidursan,
Navosozim, ham asragan,
Ko‘zim – qarog‘imsan, Vatan!