Vatanim

Tuprog‘ingda tuproq bo‘ron bo‘lsam degan bolangman,

Oftobingda kuyib-kuyib o‘lsam degan bolangman.

Yetti iqlim havosida ucha-ucha oxiro

Qush misoli senga qo‘nib, gulsan degan bolangman.

 

O‘shal mulki samodagi oydin Oyim o‘zingsan,

Qanotlari yulduzlardan ul Humoyim o‘zingsan.

Timdalayman,tirnoqlarim botib ketgan ko‘ksimda

Goho-goho sanchib qo‘ygan qibla joyim o‘zingsan.

 

Tonglar shabnam bulog‘imu yaproq sochiq bo‘ladi,

Qayon boqsam yashil ma’vo kundek ochiq bo‘ladi.

Bir-bir bosib o‘tarmano, izim behisht,o‘zim hur,

Har qadamda o‘zbek degan nurlar sochiq bo‘ladi.

 

Ajdodimning arshi yuksak,men ham undan to‘kildim,

Ba’zan tuban ketib qolsam,vo nolavor o‘kindim.

Bildim,nurdan yaralganman olam ko‘zi tolguvchi,

Boqib ko‘kning mehvariga yana senga yukindim.

 

Onajonim siynasidan dilga cho‘kkan iforim,

Falaklari qish yopinsa,mangu yashnar bahorim.

Yo Tangrining kiprigidan to‘kilgan yosh bir tomchi,

Yo ninachi qanotida silkinganim,oh,orim.

 

Jimit loshim nelar qilay, o‘zing jismim, o‘zing jon,

Bir yelkamda do‘zax bo‘lsa,bir yelkamda jovidon.

Xush bo‘ylaring suyganlarga,suymaslarga yana xush,

Qarog‘imda yashar Vatan O‘zbekiston — Turkiston!